15.2. Undov so’zlar haqida ma’lumot.
His-hayajon, tuyg’uni, haydash-chaqirishni bildiradigan so’zlar turkumi undov deyiladi: eh, uh, o, e, uf, voy, ura, ofarin, salom, xayr, obbo, ey, ehhe, iye, o’h, o’hho’, hm, be, tuf, hah, hoy, eh, iyi. Bu so’zlar mustaqil so’zlarga ham yordamchi so’zlarga ham kirmaydigan ayrim so’z turkumidir.
Undovlar yakka holda, juft holda yoki takrorlanib qo’llanishi mumkin: ah, voy, oh-voh, dod-voy, bay-bay.
Juft va takrorlangan undovlar chiziqcha bilan yoziladi.
Undovlar ma’no jihatidan ikki turli bo’ladi:
1.His-hayajon undovlari quyidagui ma’nolarni ifodalaydi: 1) shafqat, mehribonlik: iye, o, voy, voy-ey, eh;
2) sevinch, xursandchilik, zavqlanish: ho, o’h-ho’, ehe;
3) qoyil qolish, rohatlanish: hay-hay, oh-oh;
4) mamnuniyat, faxrlanish, mag’rurlanish, xayrixohlik: e-ha, eh, ha-ya, o’; 5) undash, ogohlantirish, tasdiq: ha.
His-hayajon undovlari odatda gap bo’lagi vazifasida qo’llanmaydi, ular kirish so’z vazifasini bajaradi. Undovlar yozuvda gap bo’laklaridan vergul bilan ajratuiladi. Agar undov kuchli bo’lsa, his-hayajon bilan aytilsa, undov belgisi qo’yiladi: Eh! Havo naqadar sof va musaffo!
Undovlarning asosiy qismi yasama emas, lekin mustaqil so’zlardan undovlarga ko’chgan so’zlar ham mavjud: Kel, bir bahslashaylik! Bu gapdagi kel so’zi fe’l emas, balki undovdir.
His-hayajon undovlari, odatda, gap bo’lagi vazifasini bajarmaydi. Ular yo kirish so’z, yoki so’z-gap bo’lib kelishi mumkin: Iye, men kimni ko’ryapman? — Dod! - ichkaridan dodlagan ovoz eshitildi.
2. Haydash — chaqirish undovlari ikki xil bo’ladi: 1) odamlarga qaratilgan undovlar: a) kishilarning diqqatini tortish uchun qo’llanadigan: hey, allo, ey;
b) ta’kid, buyurish uchun qo’llanadigan: ma, tss, jim, marsh;
2) hayvonlarga yoki boshqa jonivorlarga qaratilgan undovlar:a) hayvon va jonivorlarni chaqirish uchun qo’llanadigan: kisht, bah-bah, qurey-qurey;
b) hayvon va parrandalarni biror harakatdan to’xtatish uchun qo’llanadigan: ishsh, xo’k, tak;
v) Hayvon va parrandalarni biror ishni bajarishga undash uchun ishlatiladi: pisht, drr, xix, hov-hov, cho’k, tek, hayt, chu.