16.5. Gapning ifoda maqsadiga ko’ra turlari.
Darak gap orqali biror narsa haqida ma’lum qilinadi, xabar beriladi, uning oxiriga nuqta qo’yiladi: Navoiy ruboiylaridan yodladim.
Darak gaplar darak-xabar, orzu-umid, ishonch, ta’kid, g’urur, maslahat, tashviq, sevinch, taajjub, gumon, achinish, tashvish, g’azab, norozilik, kinoya kabi mazmun turlarini ifodalaydi.
So’roq gap orqali so’zlovchi o’zi bayon qilgan fikrga suhbatdoshining fikr bildirishiga undaydi, tasdiqlash yoki inkor qilishga undaydi: Ibrohimovamisiz? Ha. Charchamadingizmi? Yo’q. Yozuvda so’roq gapning oxiriga so’roq belgisi qo’yiladi. Bu gaplar ko’proq dialogik nutqda uchraydi.
So’roq gaplar so’roq olmoshlari, so’roq yuklamalari yoki so’roq ohangi bilan hosil bo’ladi: kim? Nima? Qanday?qancha? necha?qaysi? (so’roq olmoshlar), -mi, -chi, -a, -ya (so’roq yuklamalari). Quyidagi misolda so’roq ohangi qatnashgan: Soat ikki bo’ldi. Ikki bo’ldi?
So’roq gaplar
ikki guruhga bo’linadi:
Sof so’roq gaplar javob talab qiladigan gaplardir: Siz ertaga kelasizmi?
Ritorik so’roq gaplar so’roq gaplarning javob talab qilmaydigan turi bo'’ib, javobi o’z ichida yashiringan bo’ladi: Men uning to’satdan kelib qolishini qaydan bilay? Ritorik so’roq gaplar yashirin tasdiq, yashirin inkor, taajjub, tashvish, g’amxo’rlik, g’azab, gumon, kuchli hayajon ma’nolarini ifodalashi mumkin: Bu Vatanda nimalar yo’q (tasdiq). O’zingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga? (inkor) Bu nimasi?! (taajjub) Meni tashlab ketmaysanmi? (tashvish) Maqsad nima, maqsad? (g’azab) Paxtalar ham yaxshi ochilmagandir? (gumon) Tokaygacha ezilamiz, ota? (kuchli hayajon)
Buyruq gaplarda suhbatdoshni nimadir qilishga undash maqsad qilib qo’yiladi. Bunday gaplarda iltimos, buyruq, taklif, maslahat, hayratlanish, tashvish, gumon, hayajon, g’azab, yalinish tarzida bo’lishi mumkin: Avval o’yla, keyin so’yla (maslahat). Dadil harakat qil!(buyruq) Ashuladan yana bo’lsin (iltimos). Qani hamma odamlar sizday bo’lsa (orzu) Nahotki, bu siz bo’lsangiz!(hayratlanish) sovqotib qolma, issiqroq yot (g’amxo’rlik). Kunning tig’ida nima qilasan, bu yerga kelib, salqinda o’tirsangchi! (tashviq). Qo’rqqan bo’lsa kerak! (gumon) Xatdan o’chir o’g’limni hozir! (g’azab, do’q) Yozuvda buyruq gaplarning oxiriga ko’pincha undov belgisi, ohangiga qarab esa nuqta ham qo’yilishi mumkin.