19.5. Ajratilgan izoh bo’lakli gap.
O’zidan oldingi bo’lakni izohlagan bo’lak ajratilgan izoh bo’lak deyiladi: Men ishni mana shundan, ya’ni tushuntirishdan boshladim.
Ajratilgan bo’laklarning uyushiq bo’laklardan farqi shundaki, ular bir tushunchaning ikkita nomidir, ya’ni bir shaxs yoki bir narsa ikki marta nomlanadi, uyushiq bo’laklar esa bir necha shaxs yoki narsani ifodalaydi.
Gap bo’laklarining ajratilishida gapda so’z tartibining o’zgarishi, gap bo’laklarining kengayishi, bir bo’lakning o’zidan oldingi bo’lakni izohlashi bir bo’lakni boshqalardan ajratib bo’rttirib ko’rsatish zaruriyati kabilar sabab bo’lishi mumkin, Ko’chada borar, g’amgin va o’ychan. Ukasi, ko’zlari chqnagan, unga g’azab bilan qaradi. Oldinda, muyulishda, bir qora ko’rindi. U har kuni, quyosh tikka kelganda, shaharga tushadi.
Quyidagi gap bo’laklari ajratiladi:
1.Ajratilgan izoh to’ldiruvchi o’zidan oldingi to’ldiruvchini izohlab keladi: Oyimni, ya’ni Savriniso Madumarovani, ishga olishdi.
To’ldiruvchi tashqari, boshqa, o’rniga, bilan, birga kabi so’zli birikmalar bilan ifodalanganda ham ajratiladi: Mendan tashqari, u ham bor.
2.Ajratilgan izoh aniqlovchi o’z navbatida quyidagi turlarga bo’linadi:
1)Ajratilgan izoh qaratqich aniqlovchi o’zidan oldingi qaratqich aniqlovchini izohlaydi: Bir necha kishilarning, ayol va erkaklarning qorasi ko’rindi.
2)Ajratilgan sifatlovchi-aniqlovchi aifatlanmishdan keyin kelib uni izohlaydi: G’ulomov, yalang bosh, tollar tagida aylanib yuradi.
3)Ajratilgan izohlovchi kishilik olmoshlari, ot va otlashgan so’zlar bilan ifodalanib, o’zidan oldin kelgan bo’lakni izohlaydi: Biz, yoshlar, buni esdan chiqarmasligimiz kerak.
3.Ajratilgan izoh hol gapda o’zidan oldingi holni izohlab keladi. Quyidagi hol turlari ajratiladi:
1)O’rin: Uning qo’lidan ushlab ichkariga, mehmonxonaga, boshldi.
2)Payt: Anjuman bugun, soat beshda, boshlanadi.
3)Ravish (vaziyat): Qo’llar ishlar tez — mo’jizakor.
4)Maqsad: Shaharga borish uchun, ya’ni o’g’limni ko’rish uchun, ulov qidirdim.
5)Miqdor-daraja: Bugun sizni yana, ikkinchi marta kechirishdi.
Ko’pincha ravishdosh va sifatdosh bilan ifodalangan hollar ham kengaygan holda ajratilishi mumkin (bular ayrim darsliklarda ravishdosh o’ram va sifatdosh o’ram deb ataladi): O’zidan o’zi hadiksirab, atrofga olazarak boqadi. Otasi, ikki qo’ltig’ida narsa ko’targan holda, yo’lga tushdi.
Ba’zan kesim ham ajratilishi mumkin:
1)Fe’l-kesim: Men unga yordamlashdim — supurdim, tozaladim.
2)Ot-kesim: U shoir — inson ruhining bilimdoni.