Alisher Navoiyning hayoti va uning asarlari  ( 143161 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:14:38

Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U Hirotda tug‘ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazgan. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan. She’r zavqi va iste’dodi erta uyg‘ongan. Bolalikdayoq Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir iste’dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e’tirofini qozongan.

Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan yiroqroqda yashagan.

Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469) mansabiga, vazirlik (1472) va Astrobod hokimligi (1487)ga tayinlanadi. 1480—1500 yillar mobaynida oʻz mablagʻlari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yoʻlovchilar toʻxtab oʻtish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.

Alisher Navoiy tarjimai holi oʻz davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.

Oʻzbek olimlari O. Sharafiddinov, V.Mahmud, Oybek, Ya. Gʻulomov, I.Sulton. A.Zohidov, V.Abdullaev, A.Qayumov, S.Gʻanieva v.b. Navoiyning hayot yoʻli haqida asarlar yaratishgan.


[tahrir] Lirik merosi
Navoiy ijodi ixlosmandlari uning sheʼrlarini yigʻib, «Ilk devon» (1464-65) tuzgan edilar, soʻngra «Badoyiul-bidoya» («Go`zallikning boshlanishi»), «Navodirun-nihoya» («Nodirliklar nihoyasi») nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq «Xazoyinul-maoniy» nomli toʻrt devon (1491—1498)ga jamlangan. Navoiy sheʼriyatining mavzular doirasi keng, janrlar koʻlami (16) xilma-xil. Gʻazallari «oshiqona, orifona, rindona» (Shayxzoda) sifatlar bilan oʻrganiladi. Gʻazallarida insoniy muhabbat, ilohiy ishq bilan uygʻun holda ulugʻlanib, «majoz - haqiqat ko`prigi» aqidasiga amal qilingan. Alisher Navoiy sheʼriyatidagi zohiriy maʼno yangiliklari bilan birga botiniy sifatlarni ham oʻrgangandagina ularni idrok etishga erishish mumkin.

«Nazmul-javohir» (1485) Hazrat Alining «Nasrul-laoliy» asarining turkiy nazmga solingani boʻlib, 266 ruboiydan iborat bu asarda axloqiy-taʼlimiy qarashlar oʻz aksini topgan.

OʻR FA ShIda (3-fond) Navoiyga mansub 24 asarning 254 qoʻlyozmasi saqlanadi, undan koʻpchiligi devonlarning nusxalari. Navoiy devonlari prof. H.Sulaymon tomonidan yigʻilib, tasnif etilgan. «Ilk devon» Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin kutubxonasida (inv.564) saqlanadi. «Navodirun-nihoya» OʻR FA ShI (inv.1995) dagi nusxalari nihoyatda nodir boʻlib, ular Navoiy davrida Hirotda Sulton Ali Mashhadiy (1487), Abdujamil kotib (1487-88) tomonidan koʻchirilgan.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:15:04

Xamsa
Alisher Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi «Xamsa» asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq «Xamsa» yaratdi va turkiy tilda shunday koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi.

«Xamsa» tarkibiga «Hayratul-abror», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sabʼai sayyor», «Saddi Iskandariy» kabi dostonlar kiradi.

«Hayratul-abror»da hamd, munojot, naʼt, hayrat boblaridan keyin shoirning Yaratganga, borliqqa, tabiatga, insonga boʻlgan falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, maʼrifiy, axloqiy va estetik munosabati aks ettirilgan. Podshoh bilan ulusning insonlik nuqtai nazaridan ayirmasiz, farqsizligini, podshohning hunar, axloq, adl, insof, mantiq, taqvo yoʻlida ulusdan oʻta olmaganini anglatish bilan oʻzining adolatli shoh haqidagi qarashlarini anglatadi.

«Farhod va Shirin»da qahramonlar sevgi sarguzashtlari orqali insonning tarix va kelajak oldidagi vazifasini belgilaydi, insonlik faqat muhabbatda emas, balki oʻsha sharafli nomning himoyasi orqali ekanini uqdiradi. Sharq tarixidagi Xusrav va Shirin voqeasini badiiy jihatdan qayta ishlab, Farhod orqali oʻzining komil inson haqidagi qarashlarini ifoda qilgan. Navoiy dostoni orqali Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy anʼanalari yangilangan boʻlsa, undan keyin bu syujet turk mumtoz adabiyotining oʻzak muammolarini hal etishda asosiy oʻrin tutdi va bu yoʻnalishda Ahmad rizvon, Jaliliy, Harimiy, Bafqiy, Urfi Sheroziy, Lamiiy, Nizoriy v.b. dostonlari yaratildi.

«Layli va Majnun» dostonida arab ertaklari orqali maʼlum syujet oʻzining tugal shaklini topdi, unda ishq falsafasi betakror uslubda ifoda qilindi. Keyinroq yaratilajak Fuzuliy, Andalib, Sayqaliy dostonlari uchun maʼnaviy zamin boʻldi. «Xamsa» tarkibidagi «Sabʼai sayyor» va «Saddi Iskandariy»da shohlik bilan bogʻliq masalalarni birinchi oʻringa olib chiqdi. Bu dostonlar xamsanavislik anʼanasida oʻzining ijtimoiy-siyosiy xarakteri va originalligi bilan ajralib turadi. «Xamsa»ga ustoz Abdurahmon Jomiy (1414—1492) yuqori baho berdi.

OʻR FA ShI qoʻlyozmalar fondida 15-20 asrlarda koʻchirilgan 166 qoʻlyozma saqlanadi. Ulardan 84 tasida beshlikning hamma dostonlari berilgan.

«Xamsa» haqida xorijiy olimlar A.Vamberi, J.Malokolin, F.Richard, L.Vari, Y.Ekman, E.Partele; rus tadqiqotchilari I.Krachkovskiy, V.Bartold, E.Bertels, Konrad, B.Jirmunskiy, A.Yakubovskiy, A.Semyonov; turk olimlari F.Koʻprulu, A.S.Levend, K. Eraslon; ozar olimlari H. Arasli, G. Aliev; oʻzbek olimlari Fitrat, I.Sulton, V.Zohidov, A.Qayumov, T.Jalolov, S.Nazrullaeva, A.Abdugʻafurov, M.Hakimov, S.Hasanov v.b. ishlari maʼlum.

OʻzMUda «Xamsa»ni tadqiq etish borasida B.Qosimov, B.Akrom, H.Boltaboev, A.Erkinov, D.Farmonova tadqiqot ishlari olib bormoqdalar

Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:15:23

Tasavvufiy asarlari
Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan boʻlsa-da, maxsus «Lisonut-tayr» dostoni(1499)da, «Nasoyimul-muhabbat» manqabasi]]"(1495-96)da, «Tarixi anbiyo va hukamo»(1485-8), «Arbain», «Munojot» singari asarlarida aks etgan.

«Lisonut-tayr»da borliq va ilohiyot haqaidagi qarashlarini, inson, tabiat va hayot haqidagi fikrlarini qushlar tili va sarguzashtlari orqali bayon qilgan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Navoiy asarlarini diniy va soʻfiylik jihatidan oʻrganish kengaydi, ular ob’ektiv va ilmiy bahosini olmoqda. «Arbain», «Munojot» kabi asarlari chop etildi. Jomiyning «Nafahotul-uns min hazarotil-quds» tazkirasini tarjima qilib va toʻldirib, soʻz yuritilgan 618ta shayxlar sonini 770 taga yetkazdi.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:15:49

Nasriy asarlari
Navoiy merosining salmoqli qismi nasriy asarlardan iborat. Ular ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy yoʻnalishdadir.

«Mahbubul-qulub»(1500-01) Navoiyning soʻnggi yirik asari boʻlib, unda ulugʻ mutafakkir adibning hayoti davomidagi kuzatishlari, toʻplagan boy tajribasi oʻz yuqori darajasida aksini topgan. Uch qismdan iborat bu asarda «Soriun-nosning af'ol va ahvolining kayfiyati» (1), axloqiy muammolar (2), «mutafarriqa favoyid va amsol surati» (3) masalalari ifodalangan.

«Xamsatul-mutahayyirin»(«Besh hayrat»,1494) asarida ustozi va doʻsti Abdurahmon Jomiy, uning hayoti lavhalari, tariqati, yozishmalari, asarlari haqida hayratomuz hikoyalar keltiriladi.

«Holoti Sayyid Hasan Ardasher» (1488-89), «Holoti Rahlavon Muhammad»(1493) asarlari manoqib-holot yoʻnalishida boʻlib, ularda shoirga ustozlik qilgan buyuk shaxslar hayoti, faoliyati yoritilgan.

«Munshaot» (1498-99) Navoiyning maktublari toʻplami (jami 88 ta xat) boʻlib, ular sogʻinchlik xatlari, navroʻz tabriklari, taʼziyanomalar, siyosiy oʻgitlar, sulhnomalar va boshqa yoʻnalishlardadir. Ular Husayn Boyqaro, Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bitilgan.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:16:07

Ilmiy-filologik merosi
«Majolisun-nafois» (1490-91; 1497-98) tazkirasi turk tilidagi yozilgan dastlabki tazkira boʻlib, unda shoir sakkiz majlis doirasida 459 shoir va adib haqida maʼlumot bergan. Birinchi va ikkinchi majlisda tazkira tartib berilganda hayot boʻlmagan shoirlar, uchinchi majlisda shoirning zamondoshlari, toʻrtinchi majlisda beshinchi majlisda Xuroson, oltinchisida Movaraunnahr, Kichik Osiyo va Eron, yettinchi va sakkizinchi majlislarda temuriylar sulolasiga mansub ijodkor shoh va shahzodalar haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Asar Fahriy Hirotiy(1521-22), Muhammad Qazviniy(1522-23), Shoh Ali Abdulali (1598) tomonidan uch marta fors tiliga tarjima qilingan.

Navoiy «Muhokamatul-lug`atayn» asarini oʻz zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususitlari bilan qiyoslashga bagʻishladi. Jonli xalq tilida qoʻllanilgan koʻplab soʻzlarni asarga kiritib, adabiy tilda qoʻllanilishiga sababchi boʻldi. Oʻzigacha ishlatilgan soʻzlarni yangi maʼno qatlamlarini ochdi. Oʻzbek tili grammatikasini Mahmud Koshgʻariydan soʻng ilmiy asosga soldi. Oʻzbek tilining badiiy va estetik imkoniyatlari kengayishiga sababchi boʻldi. Fors va turk tillarida yaratilgan eng yirik va eʼtiborli asarlarga murojaat qildi, shoir va olimlarni til istiqloli uchun kurashga chorladi.

Aruz nazariyasiga bagʻishlangan «Mezonul-avzon»(1492) asarida arab va fors aruzi qoidalarini turkiy tilda aniq va ravon tushuntirdi. Turk yozma va ogʻzaki sheʼriyati namunalarining vazn xususiyatlarini oʻrgandi. Turkiy aruz tabiatini yoritish bilan birga turk sheʼriyati murakkab aruz tizimini boyitganini anglatdi. Bahrlar va doiralar haqidagi tasavvurni kengaytirdi. Toʻqqizta yangi vazn va sheʼriy shaklni aniqladi. Turklik tarixida ilk bor milliy vazn haqidagi qarashlarni ilgari surdi.

Navoiyning ilmiy-filologik merosini muntazam tadqiq qilish 20 asrning 20-yillaridan yoʻlga qoʻyildi. Bu yoʻnalishda Fitrat, Oybek, A.Saʼdiy, O.Sharafiddinov, A.Hayitmetov, I.Sulton, H.Qudratullaev kabi adabiyotshunos va A.K.Borovkov, O.Usmonov, A.Rustamov kabi tilshunos olimlarning ishlari eʼtiborli.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:16:27

Tarix va iqtisodga oid asarlari
«Tarixi muluki Ajam» («Ajam shohlari tarixi»,1488) qisqa tarix boʻlib, Eron shohlari xronikasi bayon qilingan «Tarixi Tabariy», «Shohnoma» asarlarini mantiqan toʻldiradi, ulardagi faktlarni izchil ilmiy tizimga soladi. Afsonaviy shoh Kayumarsdan sosoniylarning soʻnggi vakili Yazdi Shahriyorgacha boʻlgan shohlar tarixini, mifologik talqinini beradi.

«Tarixi anbiyo va hukamo» («Payg`ambarlar va hakimlar tarixi», 1485—1498) asarining birinchi boʻlimida «Qissasul-anbiyo»lar anʼanalarini davom ettirib, Odam alayhis-salomdan Nuh, Iso, Muso, Yaʼqub, Sulaymon, Yusuf, Dovud kabi paygʻambarlar tarixiga oid qissalar keltiradi. Navoiy Luqmoni hakimga ham anbiyolar qatoridan joy beradi. Asarning «Hukamo zikrida» deb nomlangan ikkinchi boʻlimida insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan donishmand hakimlar Fishogʻurs, Jomosp, Buqrot, Suqrot, Aflotun, Arastu, Bolinos, Jolinus, Batlimus, Buzurgmehr haqida ibratli hikoyalar keltiradi, ularning donishmandligi, ilmiy kashfiyotlari siri qisqa satrlarda talqin qilinadi.

«Vaqfiya» (1481) asarida vaqf yerlari, mulklari, ularning miqdori, ulardan foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritdi. Navoiy oʻz ixtiyoridagi mablagʻlar hisobiga qurilgan xayriya muassasalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtdi. Asar Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini oʻrganish uchun ham muhim hujjatli manbadir.

Tarix va iqtisodiy yoʻnalishdagi asarlari N.Veselovskiy, Yakubovskiy, Ya.Gʻulomov, V.Zohidov, B.Ahmedov kabi olimlar tomonidan oʻrganilgan.

 
Navoiy Muborak dastxatArab va fors tillaridagi asarlari. Alisher Navoiy fors tilida yozgan sheʼrlari asosida «Devoni Foniy» tuzilgan boʻlib, uning muqaddimasida «Sittai zaruriya» («Olti zarurat») va «Fusuli arbaa» («To`rt fasl») forsiy qasidalari majmualari berilgan. «Sittai zaruriya» toʻplamidagi qasidalar «Ruhul-quds» («Muqaddas ruh»), «Aynul-hayot» («Hayot chashmasi»), «Tuhfatul-afkor» («Fikrlar tuhfasi»), «Qutul-qulub» («Qalbdar g`izosi»), «Minhojun-najot» («Qutilish yo`li»), «Nasimul-xuld» («Jannat nasimi») kabi nomlar bilan ataladi. Ular Xoqoniy, Dehlaviy, Salmon Sovajiy, Abdurahmon Jomiy asarlari ruhida, ularga falsafiy-mantiqiy javob tarzida yozilgan. «Fusuli arbaa»da Sulton Husayn Boyqaro madhidan soʻng «Bahor», «Saraton», «Xazon» («Kuz») va «Day» («Qish») vasfidan iborat. Muammo janri qoidalariga bagʻishlangan «Mufradot» (1485) fors tilidagi ilmiy asarida mumtoz sheʼriyatdagi bu janrni nazariy jihatdan asosladi. Muammo va uni ifodalangan janrlar ruboiy, qitʼa, tuyuq, ayrim hollarda gʻazal munosabatini anglatdi. Muammolarni yechish usullarini oʻrgatish barobarida 121 ta misol keltirdi. Navoiyning arab tilida «Sab'atul-abhur» («Yetti dengiz») nomli diniy-tasavvufiy ruhda lugʻat xarakteridagi asar yozgani maʼlum. Biroq bu asar nashr etilib, yetarli darajada oʻrganilmagan. Alisher Navoiyning fors tilidagi merosi Fitrat, H.Sulaymon, N.Mallaev, Sh.Shomuhamedov, R.Vohidov, Boltaeva tomonidan oʻrganilgan. Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat maʼnaviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam oʻrin oldi. Mustaqil Oʻzbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, Oʻzbekiston Davlat mukofoti, OʻRFA Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, Oʻzbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-maʼrifiy muassasalar, jamoa xoʻjaliklari ulugʻ shoir nomi bilan ataladi.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:16:57

Nashr qilingan asarlari
Alisher Navoiy. Asarlar. 1-4 jildlar, -T.: 1963—1968;
Alisher Navoiy. Xazoyinul-maoniy. -T.: 1959-60;
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 1-6 jildlar. -T.: 1987—1992;
Alisher Navoiy. Asarlar. 6-10 jildlar, -T.: 1963—1968.
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 7-12 jildlar, Toshkent, 1991—1996;
Alisher Navoiy. Xamsa (Nashrga tayyorl. R.Shamsiev). -T.: 1960;
Alisher Navoiy. Farhod va Shirin (nashrga tayyorl., nasriy bayon muallifi Gʻafur Gʻulom). — T.: 1956;
Alisher Navoiy. Hayratul-abror. Ilmiy-tanqidiy tekst (nashr. P.Shamsiev). -T.: 1970;
Alisher Navoiy. Lisonut-tayr (nasriy bayon muallifi: Sh.Sharirov). — T.: 1984;
Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. — T.: 1991;
Alisher Navoiy. Nasoyimul-muhabbat. MAT. 17-jild. -T.: Fan, 2001;
Alisher Navoiy. Munojot (nashrga tayyorl. S.Gʻanieva). — T.: Sharq, 1991;
Alisher Navoiy. Mahbubul-qulub. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.;1967;
Alisher Navoiy. Xamsatul-mutahayyirin. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
Alisher Navoiy. Holoti Sayyid Hasan Ardasher. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
Alisher Navoiy. Holoti Pahlavon Muhammad. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
Alisher Navoiy. Munshaot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.:1967
Alisher Navoiy. Majolisun-nafois. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.12. -T.: 1966;
Alisher Navoiy. Muhokamatul-lugʻatayn. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
Alisher Navoiy. Mezonul-avzon. Asarlar. Oʻn besh tomlik T.14. — T.:1967;
Alisher Navoiy. Tarixi muluki Ajam. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
Alisher Navoiy. Tarixi anbiyo va hukamo. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15. — T.:1968;
Alisher Navoiy. Vaqfiya. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. -T.: 1967;
Alisher Navoiy. Devoni Foniy. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.5. 1-2 kitob. — T.:1966;
Alisher Navoiy. Mufradot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15.- T.:1968;

Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:17:33

Alisher Navoiy
(1441 yil,9-fevral — 1501 yil, 3-yanvar)

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning oʻgli Shohruh Mirzo shohligi davrida Hirotda tugʻildi. Zamondoshlari uning haqida koʻpincha «Nizomiddin Mir Alisher» deb yozadilar. 'Nizomiddin"-din--diyonat nizomi degani boʻlib, donishmand mansab egalariga beriladigan sifat, «mir» — amir demakdir. Uning otasi Gʻiyosiddin Muhammad (uni Gʻiyosiddin Kichkina ham der edilar) temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan edi. Onasi amirzoda Shayh Abusaid Changning qizi boʻlgan, ismi maʼlum emas. Alisherning bobosi Temurning oʻgʻli Umarshayx bilan emikdosh (koʻkaldosh) boʻlgan ekan.

Buyuk shoir oʻz asarlarida oʻz asarlarida bu qutlugʻ dargohga yaqinligidan iftixor etishini bayon qiladi. Shuningdek, uning tarjimai holiga oid ayrim lavhalar asarlarida uchraydi. Bu tabarruk zot toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlarni esa uning zamondoshlari oʻz kitoblarida beradilar.

Alisher saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda oʻsdi. Kichiklik chogʻidan sheʼr va musiqaga ishqi tushdi. Olimu fozillar davrasida boʻldi. Uch-toʻrt yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning bir sheʼrini yod aytib, mehmonlarni hayratga soldi. Bir yildan soʻng uni maktabga berdilar. U boʻlajak sulton Husayn Bayqaro bilan birga oʻqidi. Uning zehni va iqtidori haqidagi gaplar esa el orasida tarqalib bordi.

1447-yilda Shohruh Mirzo vafot etib, temuriy shahzodalar oʻrtasida taxt uchun kurash boshlanadi. Hirot notinch boʻlib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa yoʻl oladi. Yoʻlda, Taft shahrida Alisher zamonasining mashhur tarixchisi, «Zafarnoma»ning muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashdi.

Alisher xonadoni 1541-yilda Hirotga qaytadi. Tarixchi Xondamir bu bilan bogʻliq shunday bir hikoyani keltiradi: Karvon Yazd choʻli bilan Hirotga borarkan, tungi yurishlardan birida ot-ulov ustida hammani uyqu bosadi. Alisher mingan ot, ittifoqo, yoʻldan chiqib, boʻlajak shoir egardan tushib qoladi, uyqu zoʻrlik qilib, uygʻonmaydi. Horigan ot ham egasi yonidan ketmay, toʻxtab qoladi.

Alisher tong otib, quyosh qiziganda uygʻonadi. Qarasa, poyonsiz sahro, atrofida hech kim yoʻq. Yolgʻiz otigina yovshan ildizlarini chimtib turibdi. Oʻn yoshli bola oʻzini qoʻlga oladi. Otini minib, zehn bilan yoʻlni topib ilgari yuradi. Kun qizib, chanqoqlik boshlanadi. Shu payt uzoqdan bir narsa qorayib koʻrinadi. U suv toʻla mesh ekan, Ollohga shukuronalar aytib, Alisher yoʻlini davom ettiradi. Uning ota-onasi manzilga yetgach, oʻgʻilllarini yoʻqligini biladilar va mulozimni shoshilinch orqaga qaytaradilar. Mulozim koʻp yurmay, Alisherga duch keladi. Alisherni, goʻyo u qayta tugʻilganday, quvonch bilan kutib oladilar.

1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga oʻtiradi, notinchliklar bosiladi. Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa oʻqishini davom ettiradi. Maktab yosh Alisherni sheʼriyat, adabiyot olamiga olib kirdi. Boʻlajag shoir Saʼdiy Sheroziyning «Guliston». «Boʻston», asarlarini, Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr»(«Qush mantigʻi»)ni soʻngsiz ishtiyoq bilan oʻqidi. Ayniqsa, qushlar tilidan keltirilgan hikoyatlar va ularning chuqur mazmuni Alisherning oʻy-xayolini tamom egallab oldi: Bir kuni qushlar jam boʻlibdi. Har xil: toʻti, qumri, tovus, bulbul va hokazo. Oʻrtaga hudhud (sassiqpopishak) chiqibdi. Boshidagi tojini selkillatib, oʻzini taʼrifu tavsif etibdi. Soʻng u hammani olam podshosi Semrugʻni izlashga undabdi. Qushlar uni surishtira boshlabdilar. «Zotini, sifatini, sifatini ayt, bizga nishon ber!» — deyishibdi ular. Hudhud hikoya boshlabdi: Smurgʻ bir kecha dunyoni aylanib, uchib yurar edi. Nogoh yoʻli Chin shahri ustidan tushdi. Bir silkingan edi, mamlakat nurga gʻaeq boʻldi. Patidan biri tushib qolgan ekan. Ogoh boʻlganlar aqlu shuurini yoʻqotdilar. Chin mulki esa hashamat(ulugʻvorlikka) chulgʻandi. Qushlar zavqu shavq bilan yoʻlga tushadilar. Buroq bu zavq-shavq uzoq davom etmaydi. Qushlar eʼtiroz bildirib, uzr aytib, oʻzlarini chetga ola boshlaydi. Hudhud har biriga javob aytadi. Semrugʻga yetishish baxti oldida bu dunyoning tashvishlari hechligini isbot etuvchi biror hikoya keltiradi. Hudhudning gaplari, hikoyalari qushlarga yangi bir kuch bagʻishlaydi. Ular hudhudni boshliq qilib, yoʻlga tushadilar. Hudhud buy oʻlning ishq yoʻli ekanligi, unga kirgan odam Shayx Sanʼon singari oʻzligidan kechishi lozimligini aytadi. Yana bir-biridan jozibali hikoyalar: Nihoyat, qushlar yeti vodiyni bosib oʻtadilar va oʻzlarining Semurgʻ ekanligini anglab yetadilar.

«Mantiq ut-tayr» xayoli Alisherga bir umr hamroh boʻldi. Umrining soʻngida esa «Lison ut-tayr»(«Qush tili») nomi bilan kitob yozdi. Boʻlajag shoir yana Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy asarlarini sevib oʻqir edi.

1453-yilda Alisherning otasi Gʻiyosiddin Mauhammad vafot etadi. Alisher Abulqosim Bobur hizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, soʻng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh doʻst — Husayn va Alisher yana birga boʻldilar. Bir munosabat bilan u 50 ming bayt, 100 ming misra sheʼr yod olganini aytdi. Sheʼr shunchaki nutq oʻstirish emas, maʼrifat, taffakur mashqi ham edi. Navoiy 15 yoshlarida oʻz sheʼrlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tordi. Xondamirning yozishicha, sheʼrlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher oʻz davrining dongdor shoiri Mavlono Lutfiy xizmatiga boradi. Mavlono undan sheʼr oʻqishni iltimos qiladi. Alisher oʻzining: Orazin yopgʻoch, koʻzimdin sochilur har lahza yosh, Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh. matlaʼi bilan boshlanadigan gʻazalini oʻqiydi. Sheʼrdan hayratga tushgan keksa shoir bunday deydi: «Valloh, agar muyassar boʻlsa edi, oʻzumning forsiy va turkey tillarda aytgan oʻn-oʻn ikki ming baytimni shu gʻazalga almashtirardim va buni oʻzimning katta yutugʻim deb hisoblar edim». Bu turkiy (oʻzbek) sheʼriyatiga juda katta isteʼdod kirib kelayotganidan nishona edi.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:17:56

Alisher Navoiyning yigitlik yillari
1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etdi. Hokimyat tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Bayqaro taxt uchun kurashga shoʻngʻib ketdi. Navoiy esa Mashhad madrasalarida oʻqishni davom ettirdi. Doʻstlar orttirdi. Keksa shoir Kamol Turbatiyni shu yerda uchratdi. Turbatlik bu shoir Alisher bilan bir bayt muhokamasi ustida tanishib qoldi.Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxda uni noxushliklar kutadi. Abusaid Mirzo u bilan taxt talashayotgan Husayn Bayqaroni yaqin kishilarini taʼqib va tayziq ostiga olgan, jumladan, togʻalari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylarni oldinma-keyin qatl ettirgan edi. Ular isteʼdodli shoirlar edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashashab turgani boshpana ham qolmagandi. U shaharda uzoq qola olmadi. Holbuki, yosh shoirning ijodi barq urgan payti edi. Abdurahmon Jomiyadek zamonasining alloma adibi bilan yaqindan tanishib, saboqlar olgani, mehr qozongan edi. Navoiy — «Mahmud Nuran» deb eʼzozlagan bu mashhur shoir va olim oʻzini siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Saʼdiddin Koshgʻariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shyx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib, oʻsha yerda yashar edi.

Navoiyning Sayyid Hasan Ardasherga yozgan sheʼriy maktubi bor. U «Masnaviy» nomi bilan «Xazoyin ul-maoniy»ning birinchi devoniga kiritilgan. Mutaxasisslar uni Navoiyning Hirotdan Samarqandga joʻnash oldidan yozgan maktubi deb hisoblaydilar. Chamasi, shoir safar oldida Ardasher bilan xayrlashmoqchi boʻlgan, lekin uni topmagan. Soʻng ushbu maktubni yozib qoldirgan. Maktub Alisherning safar oldidagi kechinmalari va oʻz otasidek yaqin koʻrgan Sayyid Hasan Ardasherning sifatlarini taʼrif etish bilan boshlanadi. Vatan va doʻstlarni tashlab ketish ogʻir. Xayrlashmay ketish undan ham ogʻir. U ulugʻ doʻstiga ketishi sabablarini tushuntirmoqchi. Xat shu munosabat bilan yozilgan. Inson soʻz bilan ulugʻdir, «falak jismining joni»-soʻz, ayqisa «nazm» (sheʼr), deydi shoir. Va oʻzida sheʼr yozishga juda katta kuch-qudrat sezayotganini aytadi. Shunday qudratki, agar Firdavsiy oʻz «Shohnoma»sini 30 yilda yozgan boʻlsa, u oʻshanday asarni 30 oyda yoza oladi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan «Xamsa»si uning oldida 2-3 yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt esa notinch, odamlarda vafo yoʻq. Insoniylik qolmagan zulm avjida. Hatto tasali beruvchi kishi ham yoʻq. Ketaman, desang etagindan tutadigan umr yoʻldoshing, ketsang, ayriliqdan eziladigan doʻsting boʻlmasa.

Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Uning bu shaharga kelishi sababini turlicha talqin qiladilar. Xondamir, oʻqish uchun keldi, deydi. Toʻgʻri u Samarqandda din huquqshunosi va faylasuf Fazulloh Abullays qoʻlida oʻqidi. Zahiriddin Bobur uni Abusaid surgun qildi deydi. Bunda ham asos bor. Abusaidning Alisherga munosabati yomon edi. Shoir Samarqandda dastlab moddiy qiyinchilik ichida yashaydi. Keyinroq unga shahar hokimi Ahmad Hojibek ragʻbat va hoiylik koʻrsatadi. Nihoyat, Samarqand oʻz goʻzalligi bilan ham Navoiyni maftun etadi. Shoi uni «firdavsmonand»(jannatmisol) deb ataydi va unga hech qachon «gardi fano» oʻltirmasligini — zavolikka yuz tutmasligini istaydi. Navoiy shu yillari shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. 1465—1466-yillarda uning muxlislari sheʼrlarini toʻplab, «devon» tuzadilar. Bu kitob bugun «Ilk devon» nomi bilan mashhurdir. 1468-yil oxrida Eronni eggalash uchun boʻlgan jangda Abusaid halok boʻladi. Husayn Bayqaro 1469-yilning boshida Hiroti qoʻlga oladi va Samarqandga xat yoʻllab, Navoiyni oʻz yoniga chaqiradi. Husayn Bayqaro uni davlat ishlariga jalb etadi. Muhrdor qilib tayinlaydi.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  07 Noyabr 2007, 10:18:27

Davlat va jamoat arbobi
Alisher Navoiy 1469—1472-yillarda muhrdor, 1472—1476-yillarda vazir boʻlib ishlaydi. 1487—1488-yillarda Astrobodga hokimlik qildi. Husayn Bayqaro uni oʻziga gʻoyat yaqin tutar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va buni nihoyatda qadrlar edi. Toʻgʻri, Bayqaro va Navoiy oʻrtasiga uchinchi kishi aralashgan, sovuqchilik tushgan paytlar ham boʻldi. Lekin oʻz davrining ikki atoqli arbobi hamkorligi juda koʻp sinovlardan muvaffaqiyat bilan oʻtib, avlodlarga oʻrnak boʻldi. Husayn Bayqaro saltanatining daslabki yillarida juda notinch kechdi. Xondamirning yozishicha, u taxtga chiqqan yilning oʻzida Abusaid Mirzoning oʻgʻli Yodgor Muhammad taxt daʼvosi bilan qoʻzgʻaldi. Husayn Bayqaro unga qarshi qoʻshin tortadi va gʻalaba qozonadi.

1470-yilning bahorida Yodgor Mirzo Astrobodda yana bosh koʻtaradi. Husayn Bayqaro Navoiyni yoniga olib, qoʻshin bilan yana yoʻlga tushadi. Xuddi shu payt Hirotda qoʻzgʻolon boʻlganligi xabari keladi. Husayn Bayqaro Navoiyni unga katta vakolatlar berib poytaxtga qaytaradi. Navoiy shaharda adolatni tiklab, xalqni tinchlantiradi. Shunday toʻqnashuvlarning birida Yodgor Mirzoning qoʻli baland kelib, poytaxdagi ayrim kishilar unga qoʻshiladilar. Mojarolarni tinchlantirish maqsadida uylangani Abusaidning qizi Robiya Sultonbegim eriga hiyonat qilib, u safariga ketganida poytaxtda inisi Yodgor Mirzo nomiga xutba oʻqitadi. Yurt bir muddat Yodgor Mirzo qoʻliga oʻtadi. Bu hol Husayn Bayqaroga qattiq taʼsir etadi. Tushkunlikka tushadi. Navoiy shunday paytda uning yonida turadi, tassali beradi. Oʻsha 1470-yilning oʻzida payt poylab, Navoiyning maslahati bilan Murgʻob daryosi boʻylaridan juda qisqa muddatda Hirotga yetib keladi va BogʻI Zogʻonda maishatdan charchab uxlab yotgan Yodgor Mirzoni qoʻlga oladi. Shundan keyingina Xurosonda maʼlum muddat tinchlik, osoyishtalik qaror topadi. Alisher ijod kishisi edi. U tabiatan buyuruqvozlikdan va hukmfarmonlikdan yiroq, tafakkur hamda taxayyulga moyil, gʻoyat noziktaʼb bir kishi edi. Mansab-lavozimlar har qancha yuksak boʻlmasin uning uchun zil-zambil yuk boʻlib, Husayn Bayqaroga boʻlgan ixlos va muhabbatigina uni isteʼfo berishdan saqlab turar edi. Shunga qaramasdan, u sadoqat bilan xizmat qildi. `Donishmadnligi, tadbirkorligi bilan koʻplab gʻalayonu qon toʻkishlarni oldini oldi, urushlarni yarashga aylantirdi.

Uning bu fazilati, ayniqsa, 1972—1476-yillardagi vazirlik faoliyatida yaqqol namoyon boʻldi. Husayn Bayqaro hokimyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatida tayanib ish koʻrdi. Uni, qarshiligiga qaramasdan, yuqori martabalarga tayinladi, 1472-yilda esa «amir»(vazir)likka qoʻydi. Buyuk shoir «amiri kabir» (ulugʻ amir), «amirul muqarrab» (podshoga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf boʻldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat gullab, yashnagan davr boʻldi. Ulugʻ amir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqardi, eski ariqlarni tozallatirdi, yangi kanallar qazdirdi. Eski binolarni taʼmir qildirib, yangilarini qurdirdi. Qanchadan-qancha madrasalar, xonahoqlar soldirdi.

Qayd etilgan