Abduttavvob Yusuf. Muhammad alayhissalom hayotlaridan o’n qissa  ( 58444 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B



Laylo  10 Noyabr 2007, 20:33:01

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Bu kitob o‘zi haqida sizlarga so‘zlab beradi

Men kitobman va bundan juda xursandman. Va mavjud narsalardan, eng muhimi, qimmatbaho narsalardan bo‘lganim uchun gururlanaman. Mening varaqlarim mol-dunyo va pul varaqlaridan mo‘‘tabar, qadrli. Buning sababi shuki, Alloh taolo insonlarni hidoyatga boshlamoqchi bo‘lganida ularga kitob nozil qildi... Muqaddas kitobni... Tavrot ham kitob, Injil ham kitob va Qur’oni karim ham-Kitob.

Va albatta men Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi kitobman. Nabiy va rasullarning ko‘zi bo‘lgan Alloh u zotni barcha kishilarni hidoyatga, haq yo‘lga, yaxshilikka, muhabbatga boshlovchi, jamiki insonlarga tinchlik-omonlik tilovchi qilib yubordi.

Men ziyrak, yosh, pok, Allohning suyuklilari va Rasuli akramning suyumlilari bo‘lmish bolajonlar uchun yaralgan kitobman.

O'zimni zukko o‘quvchilarimga bagishlab, varaqlarim orasidagi hikoyalarimni ularga taqdim etaman. Hayvonlar va ashyolarning tilidan hikoya qilingan bo‘lsam ham, bular haqiqiy voqeiy hikoyalardir. Ularning hammasi bo‘lib o‘tgan va barchasi haqiqatdir. Aziz bolajonlar, hikoyalarni hayvonlar va narsalar tilidan eshitishni xush ko‘rishingizni yaxshi bilganim uchun ham shu yo‘lni tanladim.
Bu kitobda rivoyat qilingan voqealarning hammasi R\ur’oni karimda va hadisi shariflar jamlangan mo‘‘tabar manbalarda zikr etilgan. Ularning ba’zilari suyukli paygambarimiz Muhammadning (sollalohu alayhi vasallam) hayotlari yozilgan kitoblarda keltirilgan. Bunday kitoblar juda ham ko‘p. Inshaalloh, ulgayib, solih va mo‘min kishilar bo‘lib yetishganingizda bu kitoblarni qayta-qayta o‘qiysizlar.
So‘zimning nihoyasida bir gapni izhor qilib qo‘ysam: «Meni o‘qib chiqib, jinday tafakkur qilsangiz, paygambarimiz Muhammadni (sollallohu alayhi vasallam) chin dildan sevib qolasiz, u zotning so‘zlariga amal qilasiz, xulqlariga, harakatlariga ergashasiz, degan umidim bor. Assalomu alaykum, va rohmatullohi va barokatuh!»

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:33:37

1-qissa

Abraxaning fili bizlarga Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) tug‘ilishlari haqida hikoya qiladi.

Mening uzun xartumim bor. Lekin, aziz bolajonlar, men na o‘rmondagi fillardan, na siz hayvonot bog‘ida tomosha qilgan fillardan emasman. Men uzoq yashadim va Islom tarixida juda shuhrat qozondim. Mening haqimdagi g‘aroyib hamda ibratli hikoyani sizlar ham bilishingizni xohlayman.

Bu hikoyaning ibtidosi Habashistondan boshlanadi. Men ham boshqa fillar qatori o‘rmonda yashardim. Kunlardan bir kun meni habashiylar tutib olishdi baquvvatligimdan foydalanib jangchi fil qilib qo‘yishdi. Jangchilar bilan yashash uchun safarbar qilindim. Insonlar mening haybatimdan juda qo‘rqishar edi. Oyoq tovushlarimni eshitganda qo‘rquvdan titrashar edi. Chunki qadamim yetgan joy xarobaga aylanar edi. Va men habash ahliga Yamanni bosib olishda xizmat qildim. Yaman hokimi Abraxa meni juda ulug‘ladi va o‘ziga xos binolar qurilishida tosh va yog‘ochlarni ko‘tarishda foydalandi.

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:33:51

O’sha davrda Abraxa Makkada mavjud bo‘lgan Baytulloh Allohning uyidan ham katta binoni qurayotgan edi. U tiklanayotgan bino Baytullohdan ham ulug‘roq bo‘lishini insonlar uni ziyorat qilishini xohlardi. Bino bitgach, Abraxa o‘zining oltindan qurilgan katta ibodatxonasiga odamlar kelib haj qilishlarini kutdi. Lekin odamlar Abraxaning ibodatxonasiga kelmay Makkani ziyorat qilishda davom etaverdilar.

Bu ishdan g‘azablangan Abraxa Makkadagi ka’bani buzishga qaror qildi. Bu bilan kishilar o‘zi qurgan ibodatxonadan boshqasini topolmay, shu yerga kelishga majbur bo‘lishadi, deb o‘yladi. Va Abraxa yovuz niyatini amalga oshirish, Makkada urush qilish, maqsadida katta qo‘shin yig‘di.

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:34:13

Abraxa askarlari qatorida meni ham jangga tayyorladi. U ustimga minib Ka’baga kirib borish niyatida edi. U yerga yetib borganimda baquvvat jussam bilan Ka’bani vayron qilishimni istardi. Chunki avvalgi janglarda ko‘plab dushmanlarining uylarini vayron qilib, Abraxaga shuhrat keltirgan edim. Men Makkaga borib Ka’bani buzishga rozi bo‘lmasligim mumkin edi, ammo noiloj edim. Ular bilan Makkaga safar qilishga majbur bo‘ldim.

Abraxaning askarlari atrofimni o‘rab, yo‘lda Makka hamda uning aholisi haqida gaplashib ketishdi. Ka’ba va u bilan bog‘liq hikoyalarni aytishardi.   Askarlarning   hikoyalaridan   bildimki,   Tabarruk   Ka’ba bunyodkorining ismi payg‘ambar Ibrohim alayhissalom bo‘lib, bu ishda o‘g‘illari Ismoil alayhissalom ham ishtirok etgan ekanlar. Yana shuni bildimki, Ibrohim alayhissalom mo‘‘jizalar sohibi ekanlar. Ya’ni, u kishining butparast qavmi va o‘sha davr podshohlaridan biri Namrud alayhilla’na tomonidan olovga otilganlarida Allohning amri bilan biror joylari ham o‘tda kuymagan ekan. Yana shuni bildimki, bu Ka’ba muqaddas, Ollohning uyi ekan. Baytulloh esa omonlik uyi bo‘lib, unga kirgan kishiga hech qanday xavf-xatar, ziyon-zahmat yetmas ekan. Yana shuni bildimki, u yer kabutarlar maydoni ekan. Ularni hech kim ovlamas va ozor yetkazmas ekan. U joy hidoyatga boshlaydigan, omonlik joyi ekan. U yerni insonlar sevib tavof qiladilar ardoqlaydilar va u yerdan panoh topadilar. Askarlardan yana shuni bildimki, Makka ahli mening borayotganimni eshitib ham xavfga tushmabdi. Chunki ular men haqimda yaxshi taassurotda ekanlar.

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:34:33

Makkaga kirib borishimizga bir kecha qolganida ya’ni shaharga urush ochilishi arafasida, ro‘paramizda bizga qarshilik qiladigan askarlarni ham yoki biron-bir to‘siqni ko‘rmadik. Yo‘l ochiq edi. Makkani asraydigan Allohdan o‘zga panoh yo‘q edi. Askarlarning hammasi menga ajablanib qarashar, ba’zilari menga xitoban «olg‘a bos qahramon», «yur, ey fil», deya nido qilishardi. Biz Makkaga shoshilib ketayotganimizda Abdulmuttalib, ya’ni Makkaning hokimi haqida rivoyat eshitdik. Bu rivoyat bizni chuqur o‘yga solib qo‘ydi. Hammani titroq bosdi.

Xabarlarga qaraganda, Abdulmuttalib Abraxa o‘z qo‘shinlari bilan hamda meni boshlab Ka’bani buzishga kelayotganligimizni haqida eshitganlarida qo‘rqmabdilar. Balki, «bu uyni asraydigan, ya’ni himoya qiladigan egasi, butun dunyoni yaratgan Hojasi bor», deb Allohning zotiga nisbat beribdilar.

Abdulmuttalib aytgan bu so‘z meni xavfga solib qo‘ydi. Men shunday katta fil edimki, qaysi shahardan o‘tmay, na joy egasi, na biron uy omon qolmasdi. Shunday kuch, mahorat sohibi bo‘lsam-da, bu so‘zdan cho‘chidim. Yurishga madorim qolmadi. Bu qo‘rquvni faqat o‘zimda emas, balki boshqa jangchi fillaru askarlarning qalbida ham o‘tib turganini sezdim. Chunki hammalari oldinga yurishga qo‘rqishar edi.

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:34:49

Shu zahoti joyimda qotib qoldim, oyoqlarim xuddi yerga yopishib qolgandek edi. Makka tomonga biron qadam ham bosa olmadim. Abraha va uning askarlari sarosimaga tushishdi. Men ilgari qaysi tomonga boshlashsa ham yurar edim. Ammo Makka tomonga yo‘naltirishganda meni qimirlatib bo‘lmay qoldi. Meni urishdi, xartumimdan tortishdi, o‘t bilan kuydirishdi, shunda ham joyimdan jilmadim. Makkani, Ka’bani buzishga bormadim. Abraxa esa Makkani, Ka’bani va uning aholisini yo‘qotmaguncha qaytishni istamas edi.

To‘satdan g‘aroyib bir hodisa ro‘y berdi. Osmonda qushlar galasi ko‘rindi, ulardan boshqa biron-bir narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Go‘yo butun dunyo zulmatga chulg‘angandi. Bu tushimmi-o‘ngimmi, ajrata olmay qoldim. Askarlarning «Bu Abobil qushlari, sijjil toshlarini otishyapti», degan ovozlarini eshitdim. (sijjil-qattiq tosh). Ustimizga mayda toshlar yog‘ila boshladi. Bu toshlardan biri katta fillardan bittasining ustiga tushdi. Va u fil yerga behol yiqildi. Boshqasi katta tuyalarning biriga tegib u ham qumga cho‘nib qoldi. Toshlar hattoki eng baquvvat odamlar ustiga tushsa, ular til tortmay jon taslim qilishardi. Menday, mashhur va qudratli fil atrofimda bo‘layotgan voqealarni ko‘rib titrar edim. Hayotimda juda ko‘p dahshatli hodisalarning guvohi bo‘lganman, ammo hozir ro‘y berayotgan hodisa meni hayratda qoldirardi. Cho‘kkalab qolayotganimni sezdim.

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:35:02

Shu payt uzoqda osmon va yerning orasida bir nur ko‘rdim. Bu nur Makkadan taralib turardi. Va qurayshliklarning hokimi Abdulmuttalibni ko‘rdim. U odamlarning bir-birini tabriklashayotganiga qarab turar edi. Chunki Abrahaning jangchilari halokatga uchragandi. Ular Makkaga kirishga yoki Ka’bani buzishga qodir bo‘lisholmadi. Abdulmuttalib esa tushida ko‘rgan voqeani atrofdagilarga so‘zlab berardi. Tushida go‘yo uning orqasida katta bir zanjir bor ekan. Uning bir uchi osmonda, bir uchi yerda ekan. Bir ozdan so‘ng bu zanjir daraxtga aylanibdi. Uning bir bargida nur bor ekan va hamma unga ergashib borayotganmish.

Eshitganlar Abdulmuttalibning tushini ta’bir qilib, aytdilarki, uning farzandi Abdulloh o‘g‘illik bo‘ladi. Va bu farzandga Sharqu G’arbdagi insonlar ergashib, uning ta’limotidan hidoyat topadilar. Bu ajoyib voqea bilan Abdulmuttalibni muborakbod qilishib: «Uning ismini nima deb qo‘yasan?» deb so‘rashdi.

«Tug‘ilajak farzandga yeru osmondagi mavjudotlarning maqtoviga musharraf bo‘lsin, deb Muhammad ismini berurmiz», dedi u. (Muhammadning ma’nosi «maqtalgan» degani).

Qayd etilgan


Laylo  10 Noyabr 2007, 20:35:25

Menday, mashhur filning hikoyasi Muhammadning (alayhissalom) tavalludi bashorati bilan tugaydi, Abraxa va uning askarlari halokatga uchrab yakson bo‘ldi. Makka ham, Ka’ba ham omon qoldi. Va dunyoning oxirigacha ular aziz va boqiy bo‘ladi. U tomonga Muhammadning (alayhissalom) ummatlari kuniga besh marotaba yuzlanib sajda qiladilar. Bu Alloh uchun o‘qiladigan namozdir. Bu narsani hidoyatga boshlovchi payg‘ambar alayhissalom ularga yetkazdilar. Durudu salovotlarning afzali u zotga.

Qayd etilgan


Laylo  11 Noyabr 2007, 07:15:46

2-qissa

Halimaning eshagi bizlarga
Rasulullohning (sollallohu
alayhi vasallam) emizilishlari haqida hikoya
qilib beradi.

Aziz bolajonlar! O’zim haqimda hikoya qilib beray. Men Halimaning eshagiman. Bir necha yillardan buyon sahroda xo‘jayinim Halima Saidaning uyida xizmat qilar edim. Halima onalarning o‘rniga yosh go‘daklarni emizar edi. U paytlarda sun’iy sutlar bo‘lmas edi. Arablarning odatlaridan biri shu ediki, bolalari sog‘lom o‘ssin deb ularni saxroliklarga emizdirishga berishar edi. Xalima va uning oilasi juda kambag‘al yashardi. Ular turadigan joyda yog‘ingarchilik kam bo‘lganidan ekin va ko‘katlarda baraka yo‘q edi. Men kuchsiz, juda zaif edim.

Bir kuni Halima meni yo‘lga hozirladi. O’tloqqa, tog‘ning orqasiga olib ketishyapti, deb o‘ylab juda xursand bo‘ldim. Lekin Halima yig‘loqi bolasi bilan ustimga mindi, yana eri ham mingashib oldi. Biz sahro yoqalab yo‘lga tushdik. Kun juda issiq edi. Men inqillab, azob bilan yo‘rg‘alardim. Haqiqatdan juda behol edim. Yurishga qodir emasdim, bola ham yig‘idan tinmas edi. Halima bolani emizmoqchi bo‘lib siynasini tutdi, lekin bir tomchi ham sut chiqmadi. Shu payt eri Halimaga qarab: «qanday qilib emizishga bola olmoqchisan vaholanki, o‘z bolangga ham sut yetkaza olmayapsan?», dedi.

Qayd etilgan