Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 622674 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 63 B


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:02:26



19. Ayting: "Guvohlik bo'yicha qaysi narsa kattaroq?" (Yana o'zingiz) ayting: "Alloh. (U) men bilan sizlarning o'rtamizda guvohdir. Sizlarni va (da'vatim) yetib borganlarni ogohlantirish uchun menga ushbu Qur'on vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan ham, Alloh bilan birga boshqa ilohlar (ham) bor, deb guvohlik berasizmi?" Ayting: "(Men) guvohlik bermayman". Ayting: "Darhaqiqat, U yagona ilohdir. Men esa, sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman".

20. Biz Kitob bergan (yahudiy va nasroniy)lar uni (Muhammadni) o'z o'g'illarini tanigandek taniydilar. O'zlariga ziyon qilganlargina (unga) imon keltirmaydilar.

21. Alloh (sha'ni)ga yolg'on to'qigan yoki Uning oyatlarini yolg'onga yo'yuvchi kimsadan kim ham zolimroq ekan? Albatta, zolimlar tole topmaslar.

22. Ularning hammasini yig'ib, keyin shirk keltirganlarga Biz: "(Alloh deb) hisoblab yurgan sheriklaring qani?" - deydigan Kunni (eslang!)

23. So'ngra ularning fitnasi ("uzri") faqat: "Rabbimiz - Allohga qasamki, (biz) mushrik bo'lmaganmiz!" - deyishlari bo'lur.

24. O'zlari nomidan yolg'on gapirishlarini va to'qib yurgan (soxta ma'bud)larning ulardan yo'qolib ketganini ko'ring!

25. Ular ichida (Qur'on o'qiganingizda) Sizga quloq soladiganlari ham bor. Uni fahmlamasliklari uchun qalblariga parda, quloqlariga og'irlik (paydo) qildik. Har (turli) mo''jizani ko'rsalar (ham) unga ishonmaydilar. Hattoki, Siz bilan bahslashgani huzuringizga kelganlarida, kufrga ketganlar: "Bu avvalgilardan qolgan afsonalardan boshqa narsa emas", - deydilar.

26. Ular undan (Islomdan) qaytaradilar va undan (o'zlari ham) uzoqlashadilar. Sezmagan hollarida faqat o'zlarinigina halok qiladilar.

27.  Do'zax uzra to'xtatib qo'yilganda, "Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg'onga chiqarmay, mo'minlardan bo'lsak", - deganlarini ko'rganingizda edi!



Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:09:32



28. Yo'q! Ularga oldindan yashirib yurgan (sir)lari fosh bo'lib qoldi. Bordiyu (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o'sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo'lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg'onchilardir!

29. Yana: "Shu dunyo hayotidan boshqa hech narsa yo'q. Biz (qayta) tiriltiriluvchi emasmiz", - degan bo'lur edilar.

30. Parvardigorlari huzuriga turg'izib qo'yilganlarida (Alloh): "Shu (qayta tirilish) haq emas ekanmi?" - deganida, (ular): "Rabbimiz haqqi, yo'q! (haq ekan!)" - deganlarini, (Alloh): "Kufrda bo'lganingiz sababli shu azobni totingizlar!" - deyishini ko'rsangiz edi!

31. Daf'atan qiyomat kelib qolganda, gunohlarini orqalariga ortgan hollarida: "YO hasrato, unda (yorug' dunyoda) qosirlik qilgan ekanmiz", - deb aytadigan paytlariga qadar Allohga yo'liqishni yolg'onga chiqarganlar ziyon ko'radilar. Qarang, qanday yomon narsani orqalaydilar!

32. Bu dunyo hayoti faqat behuda o'yin-kulgidir. Taqvolilar uchun esa oxirat diyori yaxshidir. Aql yuritmaysizlarmi?!

33. Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar.

34. Sizdan oldingi payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar. To ularga Bizning yordamimiz kelgunga qadar yolg'onchiga chiqarilganlariga va berilgan aziyatlarga sabr qildilar. Allohning so'zlari (va'dalari)ni o'zgartiruvchi  (kuch) yo'qdir. Sizga payg'ambarlar xabaridan (qisman) keldi.

35. Agar ularning e'tirozlari Sizga og'ir botayotgan bo'lsa, Yerga teshik yoki osmonga narvon izlab (bo'lsa ham) ularga biror mo''jiza keltira olsangiz (edi). Agar Alloh istaganda edi, ularni hidoyat uzra jam qilgan bo'lur edi. Bas, (buning hikmatini bilmaydigan) johillardan bo'lmang!


Izoh: Ularning imondan yuz o'gi rishlari Payg'ambar (a.s.)ga og'ir botganda, nima qilishlarini bilmay qolar edilar. Oyatdagi ibora o'zbekchadagi "yer qattiq, osmon uzoq" iborasiga o'xshab ketadi. Ikkinchi ma'nosi - mo''jiza sifatida yerni teshish yoki osmonga ko'tarilish bilan ularni lol qoldirib, hidoyat yo'liga kiritmoqchi bo'lishlaridir.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:13:54



36. Albatta, eshitadiganlar (da'vatingizni) qabul qilurlar. O'liklarni esa, Alloh tiriltirur. So'ngra Uning huzuriga qaytarilurlar.

Izoh: O'liklar - kofirlar. Ya'ni ular bu dunyoda eshitmaslar. Ularni Alloh taolo tiriltirgan kuni (oxiratda) eshitishga majbur bo'lurlar.

37. Aytdilar: "Unga Rabbidan biror mo''jiza tushirilsa edi". Ayting: "Albatta, Alloh mo''jiza tushirishga qodirdir. Lekin, ularning aksariyati (buning oqibatini) bilmaydilar".

38. Yerdagi biror jonivor va biror ikki qanoti bilan uchadigan parranda yo'qki, (ular ham) sizlar kabi ummatlar bo'lmasalar. Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz. So'ngra (hamma ummatlar) Parvardigorlari (huzuri)ga jamlanurlar.

39. Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar zulmatlar ichidagi kar va soqovdirlar. Alloh xohlagan kishini adashtirur va xohlagan kishini to'g'ri yo'l uzra (sobit) qilur.

40. Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, o'yladingizmi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki sizlarga qiyomat kelsa, Allohdan o'zgaga iltijo qilgan bo'larmidingiz?"

41. Yo'q! Uning o'zigagina iltijo qilgan bo'lardingiz. U esa, xohlasa, so'ragan narsangiz (balo)ni daf etar edi. (Bunday holatda) keltirib yurgan shirklaringni unutasizlar.

42. Sizdan oldingi ummatlarga ham (payg'ambarlar) yuborganmiz. Keyin zora (tavba-)tazarru qilsalar deb, ularni balo va ofatlarga duchor qilganmiz.


Izoh: Ya'ni ularni qahatchilik, ochlik, kasallik, o'lim, faqirlik kabi musibatlar bilan sinaganmiz.

43. Ularga Bizning balomiz kelganda, (tavba-)tazarru qilsalar bo'lmasmidi?! Lekin, dillari qotdi va shayton ularga qilib yurgan ishlarini ziynatli qilib ko'rsatdi.

44. (Ular) eslatilgan narsa (sinovlar)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo'ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo'lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, ular (endi) noumiddirlar.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:18:00



45. Zulm qilganlar qavmining dumi qirqildi, alhamdu lillohi Rabbil-olamin!

46. Ayting: "(O'ylab) ko'rdingizmi, bordiyu Alloh quloq va ko'zlaringizni olib qo'ysa va dillaringizni muhrlab qo'ysa, Allohdan boshqa uni (qayta joyiga) keltiradigan iloh kim ekan?" Oyatlarni qanday tasarruf qilayotganimizga, so'ngra ularning yuz o'girib ketishlariga (bir) boqing!

47. Ayting: "O'zlaringni (bir o'ylab) ko'rdilaringmi - agar Allohning azobi birdaniga yoki oshkora kelsa, zolimlar qavmidan boshqasi halok qilinarmidi?!"

48. Biz elchi (payg'ambar)larni faqat (odamlarga) xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchilar sifatida yuborurmiz. Kimki imon keltirib, (xatolarini) tuzatsa, u (kabi)larga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar.

49. Oyatlarimizni yolg'onga chiqaruvchilarga esa, buzg'unchilik qilganlari sababli azob yetar.

50.  Ayting: "Sizlarga, huzurimda Allohning xazinalari bor ham demayman va g'aybni ham bilmayman. Shuningdek, sizlarga: "Men farishtaman" ham demayman. Men faqat, menga vahiy qilingan narsalargagina ergashaman". Ayting: "Ko'r bilan ko'ruvchi teng bo'ladimi? Fikr yuritmaysizlarmi?"

51. Ular uchun Allohdan boshqa do'st ham, oqlovchi ham bo'lmagan holda Parvardigorlari huzuriga jam bo'lishlaridan qo'rqadiganlarni u (vahiy) bilan ogohlantiring, zora taqvoli bo'lsalar!

52. Ertayu kech (doimo) Parvardigorlarining "yuzi"ni istab, Unga duo (ibodat) qilayotganlarni (huzuringizdan) haydamang! Siz ularning (ishlari) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emassiz. Ular (ham) Sizning (ishlaringiz) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emaslar. Ularni haydab, zolimlardan bo'lib qolmang!


Izoh: Ulardan murod bu yerda Bilol, Suhayb, Ammor, Xabbob kabi holati nochor, zaif musulmonlardir. Makka zodagonlari Muhammad (a.s.)dan ularni huzuringdan haydab yuborsang, biz sen bilan gaplashamiz, yoningda past martabali qullar o'tirishidan biz or qilamiz der edilar.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:21:28



53. "Bizlarning ichimizdan (kelib-kelib) Alloh o'shalarga ne'mat ato etibdimi?!" - deyishlari uchun ularning ba'zilarini ba'zilari bilan ana shunday imtihon qildik. Shukr qiluvchilar (kim ekani)ni Alloh biluvchiroq emasmi?!

54. Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: "Sizlarga salom (salomatlik)! Rabbingiz rahmat (qilish)ni O'ziga yozdi: sizlardan kimki johillikda yomonlik (gunoh ish) qilgan bo'lib, so'ngra o'sha (gunohi)dan keyin tavba qilib, (o'zini) isloh etsa, bas, albatta, U kechirimli va rahmlidir".

55. Ana shunday (uslubda) oyatlarimizni batafsil (bayon) qilurmiz va gunohkorlar yo'li oydinlashishi uchun ham (bayon qilurmiz).

56. Ayting: "Men Allohni qo'yib, sizlar sig'inayotgan (ma'buda)larga ibodat qilishligimdan qaytarilganman". Ayting: "Sizlarning xohishlaringizga ergashmayman. Zero, unda men adashgan bo'lib, hidoyat topganlardan bo'lmay qolurman".

57. Ayting: "Men Rabbimdan (kelmish) hujjat uzradirman. Sizlar (esa) uni yolg'onga chiqardingiz. Sizlar qistayotgan (azob) mening huzurim (ixtiyorim)da emas*. Hukm Allohdan o'zganiki emas. (U) haq (narsa)ni bayon qilur. U ajrim etuvchilarning yaxshisidir".


Izoh: Ular qistab so'rayotgan narsalari: "Agar haq payg'ambar bo'lsang, Rabbingdan so'ra ustimizga osmondan tosh yog'dirsin!" - degan talablaridir.

58. Ayting: "Agar sizlar qistayotgan narsa mening huzurimda bo'lganda edi, men bilan sizlar o'rtamizdagi ish (allaqachon) hal bo'lgan bo'lur edi. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir".

59.  G'ayb (yashirin ishlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:28:51



60. U tunda sizlarni "vafot ettiradigan" (uxlatib ruhingiz ixtiyorini oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan zotdir. So'ngra belgilangan muhlat ado etilishi uchun unda (kunduzi) sizlarni (yana) "tiriltirur" (o'yg'otur). Keyin Unga qaytishlik (bor). So'ngra sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur.

61. U bandalari ustidan (barcha ishda) g'olibdir. Ustingizga (savob va gunohlaringizni bitib) saqlovchi (farishtalar)ni yuboradi*. Birortalaringizga o'lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o'z vaqtida) vafot ettirurlar*.


Izoh: Saqlovchi farishtalar "kiroman kotibin" deb atalmish maloikalardir. Izoh(a): Elchi farishtalar esa, jon oluvchi maloikalardir. Ularni "malakul-mavt" deyiladi. Jon oluvchi farishtalar haqida yana "Noziot" surasidan o'qing.

62. So'ngra (ular) haqiqiy egalari - Alloh (huzuri)ga qaytarilurlar. Hukm esa Unikidir. U hisoblovchilarning tezkoridir.

63. Ayting: "Quruqlik va dengiz zulmat (dahshat va falokat)laridan - Unga oshkora yolvorib va xufyona: "Agar bizga shu (xatar)dan najot bersa, qasamki, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lar edik", - deb duo qilganlaringda, kim sizlarni qutqaradi?"

64. Ayting: "Sizlarni ulardan Alloh qutqaradi. So'ngra sizlar (esa yana) shirk keltiraverasizlar".

65. Ayting: "U sizlarga tepangizdan yoki oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoxud sizlarni (turli) firqalarga aylantirib, ba'zingizga ba'zilar zararini totdirishga (ham) qudrati yetadigan zotdir". Ko'ring, anglab yetsinlar deb oyatlarni qanday (atroflicha) bayon qilamiz.

66. Qavmingiz uni (Qur'onni yoki azobni) yolg'onga chiqardi. Holbuki, u haq edi. Ayting: "Men sizlarga muakkal (soqchi) emasman.

67. Har bir xabarning qaror topadigan o'rni (va vaqti) bor. Tez fursatda bilursizlar".

68. Oyatlarimizga (nisbatan mensimaslikka) kirishayotganlarni ko'rsangiz, to boshqa gapga ko'chmagunlarigacha, ulardan yuz o'giring! Agarda shayton yodingizdan chiqarsa, (bu) eslatmadan keyin zolimlar qavmi bilan o'tirmangiz!

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 15:32:56



69. Taqvo qiluvchilar zimmasida u (zolimlar qavmi nomi)dan hech qanday hisobot (berish) yo'q. Lekin (shu kabilardan) saqlanishlari uchun (bu) eslatmadir.

70. Dinlarini o'yin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qo'yganlarni (parvo qilmay) qo'yavering! Har bir jon (o'z) qilmishi sababli halok bo'lishi, Allohdan boshqa hech bir do'st va oqlovchi bo'lmasligi, bor badalni bersa ham undan olinmasligini u (Qur'on) orqali eslating! (O'z) qilmishlari sababli azoblanadiganlar ana o'shalardir. Ular uchun kufrda bo'lganlari tufayli qaynoq suvdan iborat ichimlik va alamli azob (bordir).

71. Ayting: "Allohni qo'yib, bizga foyda ham, zarar ham yetkazmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat yo'liga solgandan keyin (yana) ortimizga qaytarilamizmi?! (Unda) xuddi jinlar og'dirib ketgach, yerda hayronlikda yurganda o'rtoqlari: "Bizga kel!" - deb chaqirgan kimsaga o'xshab qolamiz-ku! Ayting: "Allohning hidoyatigina (haqiqiy) hidoyatdir. (Biz esa) butun olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganmiz".

72. (Bizga yana): "Namozni mukammal ado etingiz va Undan qo'rqingiz! U esa, huzuriga sizlar jam bo'ladigan zotdir" (deb buyurilgan).

73. U osmonlar va Yerni hikmat bilan yaratgan zotdir. "Bo'l!" - degan kuni (istagani) bo'ladi. Uning so'zi haqdir. Sur chalinadigan kuni (ham) hukmronlik faqat Unikidir. Yashirin va oshkora (narsalarni) biluvchidir. U hakim va xabardor zotdir.


Izoh: Sur - o'zbekchada surnay. Isrofil (a.s.)ga qiyomat kuni uni ikki bor chalishga amr bo'ladi. Birinchisida Yer yuzasidagi barcha tirik jon o'ladi. Ikkinchisida avvalinu oxirin hamma o'tganlar tiriladi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Noyabr 2007, 13:04:01



74. Ibrohim otasi Ozarga: "Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko'rayapman", - deganini eslang!

75. Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulku saltanati (ajoyibotlari)ni ko'rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo'lishi uchun (shunday qildik).

76. Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. (U) botib ketganda esa: "Botib ketuvchilarni yoqtirmayman", - dedi.

77. Chiqayotgan oyni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. Botib ketganda esa: "Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo'lib qolurman", - dedi.

78. Chiqayotgan quyoshni ko'rib: "Mana shu - rabbim. Shu kattaroq-ku!" - dedi.  Botib ketganda esa: "Ey, qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezordirman.     


Izoh: Ibrohim (a.s.) ulug' payg'ambarlardan bo'lib turib nechun quyosh, oy, yulduzlarni rabbim dedi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javobiga mufassirlar aytmishlarki, Xalilulloh bu so'zlarni chin dillari bilan e'tiqodan aytganlari yo'q, balki ularga sig'inadigan mushriklarni masxara qilib, "shu ham parvardigor bo'ldimi, botib ketishini qaranglar"- demoqchi bo'lganlar.

79. Men to'g'ri yo'lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni ixtiro etgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman", - dedi.

80. Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: "Men bilan Alloh haqida bahslashasizlarmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo'llagan bo'lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo'rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o'sha bo'lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko'rmaysizlarmi?

81. Sizlar keltirgan shirkdan qanday ham qo'rqayinki, sizlarga biror hujjat qilib tushirmagan narsani Allohga shirk keltirishdan qo'rqmayotgan bo'lsalaring?!" (Bu) ikki guruhning qaysinisi (qo'rqmay) xotirjam bo'lishlikka haqliroqdir? Biladigan bo'lsangiz (ayting!)

Qayd etilgan


Muslimа  23 Noyabr 2007, 13:07:50



82. Imon keltirgan va imonlarini zulm (shirk) bilan qorishtirmaganlar - aynan o'shalarga xavfsizlik (bordir) va ular to'g'ri yo'l topganlardir.

83. Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir. Xohlagan kishimizni darajalarga ko'tarurmiz. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir.

84. Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya'qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo'lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo'llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo'lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz.

85. Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni (ham hidoyatga yo'lladik). Hammasi solihlardandir.

86. Ismoil, al-Yasa', Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo'lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik.

87. Shuningdek, ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va aka-ukalaridan (ba'zilarini ham afzal qildik). Ularni tanlab olib, To'g'ri yo'lga ravona qildik.

88. Allohning hidoyati shudir. U bilan xohlagan bandalarini yo'lga soladi. Agar mushrik bo'lganlarida qilgan (savobli) amallari yo'qqa chiqqan bo'lur edi.

89. Ana o'shalar Biz Kitob, hukm (Hikmat) va payg'ambarlik bergan zotlardir. Agar ularni ana ular (Makka mushriklari) inkor etsalar, ularni inkor etmaydigan qavmni ularga vakil qilib qo'yganmiz.


Izoh: Ya'ni payg'ambarni vakil qilib qo'yishimiz mumkin. Ikkinchi tafsiri - barcha mo'min-musulmonlarga, uchinchi tafsiri - arab bo'lmagan xalqlarga, to'rtinchi tafsiri - farishtalarga vakolat berurmiz, so'ngra ular o'z ishlarini qilurlar.

90. Aynan o'shalar Alloh hidoyatiga musharraf bo'lgan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling! Ayting: "Sizlardan uning (payg'ambarlik xizmati) uchun haq so'ramayman. U faqat olamlar uchun eslatmadir".

Qayd etilgan


Muslimа  23 Noyabr 2007, 13:14:54



91. Allohni qadriga loyiq qadrlamadilar, dedilarki: "Alloh bashar (zoti)ga hech narsa nozil qilgan emas"*. Ayting: "Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olib (bir qismini) oshkora, ko'pini esa maxfiy tutgan va (unda) o'zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)larni bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?" (Yana o'zingiz:) "Alloh (nozil qilgan edi)", - deb ayting! So'ngra ularni o'z ravishlariga qo'yib bering - o'ynab (adashib) yuraversinlar.

Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishi sabablaridan biri, tafsirlarda aytilishicha, Muhammad (a.s.)ning huzuriga Molik ibn as-Sayf degan bir yahudiy dinining peshvosi kelib, ahmoqona bahs boshlaydi. Rasul (a.s.): "Tavrotda Alloh taolo semiz ulamoni yoqtirmaydi, deyilmaganmi?" - deb so'raydilar. U: "(Ha, shunday) deyilgan", - deb javob beradi. Rasul (a.s.): "Unda sen nechun buncha semizsan?" - deganlarida, u darg'azab bo'lib: "Alloh hech bir insonga (shu jumladan Musoga ham) ilohiy kitob (Tavrot) tushirgan emas", - deb hatto o'z diniga ham shakkoklik qilgan ekan.

92. Bu (Qur'on) bir muborak, o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummulquro* (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga imon keltiradiganlar unga (ham) imon keltiradilar va ular namozlarini muhofaza qiladilar (davomatli o'qiydilar).

Izoh: "Ummulquro" - shaharlar onasi.

93. Alloh sha'niga yolg'on to'qigan, hech narsa vahiy qilinmagan bo'lsa-da, "Menga vahiy qilindi", - degan, shuningdek, "Alloh nozil etgan kabi (men ham oyatlarni) nozil qilaman", - degan kimsalardan kim ham zolimroqdir? Bu zolimlarni o'lim iskanjasida (qolganlarida) farishtalar qo'llarini (ularga) cho'zib: "Jonlaringni chiqaringlar! Bugun Alloh sha'niga nohaq (noloyiq sifatlar)ni gapirganingiz va Uning oyatlariga (amal qilishdan) kibrlanganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanasizlar", - deb turgan holatlarini (bir) ko'rsangiz edi!

94. Alloh qiyomat kuni aytur: "Huzurimizga sizlarni birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, shunday yolg'iz-yolg'iz keldingiz. Sizlarga (mulk qilib) bergan (boylik)larni ortingizda qoldirdingiz. Oralaringizda (Allohga) sherik deb gumon qilib yurgan shafoatchi (oqlovchi)laringizni sizlar bilan birga ko'rmayapmiz. Orangiz uzilib qolibdi. (Oqlaydi deb) o'ylab yurgan (but)laringiz (esa) sizlardan g'oyib bo'libdi".

Qayd etilgan