Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 612701 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 63 B


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:14:06



21. Parvardigorlari ularga O'z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne'matlari doimiy (bo'lmish) jannat (bog')lari to'g'risida xushxabar berur.   

22. (Ular) o'sha joylarda mangu qolurlar. Albatta, Allohning huzuridagina ulkan mukofot(lar) bordir.

23. Ey, imon keltirganlar! Agar imondan kufrni yaxshiroq ko'rsalar, ota-onalaringiz va aka-ukalaringizni (ham) do'st tutmangiz! Sizlardan kimki ularni do'st tutsa, bas, ana o'shalar zolimlardir.   

24. Ayting (ey, Muhammad): "Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo'lishidan qo'rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz, sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo'lidagi jiddu jahd qilishdan (ko'ra) suyukliroq bo'lsa, (unda) to Alloh o'z amri (azobi)ni keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay."


Izoh: Bu oyati karima Makkadan Madinaga hijrat qilishdan bosh tortgan musulmonlarga tahdid sifatida nozil bo'lgan. Zero o'sha paytda Makkada qolish go'yoki, Islomdan qaytish, musulmonlar safini kamaytirish, mushriklar sonini esa ko'paytirishdek hisoblangan. 

25. Alloh sizlarni ko'p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g'olib etdi. O'shanda (son jihatdan) ko'pligingiz sizlarni mag'rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o'zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So'ngra ortingizga chekindingiz. 

Izoh: Hunayn Makka tevaragidagi vodiy bo'lib, Havozin Qabilasi boshligi Molik 20 ming kishilik lashkar bilan musulmonlar ustiga bostirib kirganda, shu erda harbiy to'qnashuv ro'y bergan. Suraning 25-28-oyatlarida shu xususida bayonot berilgan.

26. So'ngra Alloh Rasuliga va mo'minlarga O'zining taskini (xotirjamligi)ni nozil etdi hamda sizlar oldin ko'rmagan lashkarlar (farishtalar)ni tushirdi va kofir bo'lganlarni azobladi. Bu kofirlarning jazosidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:17:46



27. So'ngra, o'sha (jang)dan keyin Alloh (O'zi) xohlaganlarning tavbasini qabul etadi. Alloh kechirimli va rahmlidir.

28. Ey, imon keltirganlar! Albatta, mushriklar najas (nopok)dirlar*. Shu yillaridan keyin (ular) Masjidi Harom (Ka'ba)ga yaqinlashmasinlar! Agar (sizlar) faqirlikdan qo'rqsangiz, Alloh xohlasa, O'z fazli bilan sizlarni boyitajak. Albatta, Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir.


Izoh(a): Bu yerdagi nopoklikni ma'naviy jihatdan izohlanadigan bo'lsa, mushriklar qalbidagi shirk bamisoli najasdirkim, u tavhidga ziddir. Uni moddiy jihatdan izohlansa, shirk va kufr ahli aksari hollarda nopok yurishlari nazarda tutilgan bo'ladi. Masalan, janobatdan g'usl qilmaslik, shar'an halol va harom sanalgan narsalarning farqiga bormaslik kabi. Hijratning to'qqizinchi yilidan boshlab ularga Ka'ba va uning haramiga kirish ta'qiqlandi. Izon(b): Ba'zi musulmonlar Ka'ba atrofiga mushrik tujjorlari kelmaydigan bo'lsa, kundalik ehtiyoj mollariga tanqislik hosil bo'lishidan xavotirga tushganlarida mazkur oyat nozil qilindi.

29. Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi - to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bermagunlaricha - jang qilingiz!   

30. Yahudiylar: "Uzayr - Allohning o'g'li", - dedilar, nasroniylar: "(Iso) Masih - Allohning o'g'li", - dedilar. Bu ularning og'izlaridagi (botil) gaplaridir. (Bu gaplari) xuddi avvalgi kofir bo'lganlarning gapiga o'xshaydi. Alloh ursin ularni! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar?!   

31. (Ular) Allohni qo'yib, o'zlarining donishmandlari va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni rabb (iloh) qilib oldilar. Vaholanki, Yolg'iz Allohgagina ibodat qilishga buyurilgan edilar. Undan o'zga iloh yo'q! (Ularning) keltirgan shirklaridan U pokdir.   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:25:12



32. (Ular) Allohning nuri (dini)ni og'izlari (inkorlari va shirklari) bilan o'chirmoqchi (yo'q qilmoqchi) bo'ladilar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasalar-da, O'z nurini kamoliga yetkazmasdan qo'ymagay.

33.  U Rasulini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir.   

34. Ey, imon keltirganlar! (Nasroniy) din peshvolari va rohiblarning ko'pchiligi odamlarning mollarini nohaqlik bilan yeydilar va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sadilar. Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob "xushxabari"ni bering!   

35. (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o'tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: "Bu o'zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!" (deyiladi).   

36. Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi - Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) harom qilingan oylardir*. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda jang qilib o'zlaringizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!*


Izoh(a): Urush harom qilingan to'rt oy - Zil-qa'da, Zil-hijja, Muharram va Rajab oylaridir. Izoh(b): Ushbu oyat dalolat qiladiki, Islomda mushriklar bilan jang qilish, balki umuman urushishga faqat zarurat taqozosi bilan ruxsat etiladi va shunda ham taqvoni qo'ldan bermaslik va tajobuzkorlikka o'tmaslikka buyuriladi.

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:31:18



37. Albatta, (hurmatli oylarni) kechiktirish ortiqcha kofirlikdir. U bilan kofir bo'lganlarni chalg'itilur. (Ular) uni bir yil halolga, bir yil haromga chiqarib, Alloh harom qilgan (oylar) adadiga (o'zlaricha) moslab oladilar. Shu tarzda Alloh harom qilgan narsani "halollab" oladilar. Ularga (bu) yomon ishlari ziynatli (tuyuladigan) qilib qo'yildi. Alloh kofirlar qavmini hidoyatga boshlamagay.

38. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida (yovga qarshi) qo'zg'alingiz, deyilsa, yerga og'irligingizni solasiz (chiqmay o'tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo'lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir!   

39. Agar (yovga qarshi) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblab, o'rningizga sizdan boshqa qavmni keltirur. Sizlar (esa) Unga biror narsada zarar yetkaza olmaysiz. Alloh har narsaga qodirdir.


Izoh: Tabuk voqeasiga doir oyatlar. 
  Suraning mazkur va boshqa qator oyatlarida shu voqea tavsiloti beriladi. Tabuk-Madina bilan Shom o'rtasidagi bir voha.

  Hijratning to'qqizinchi yili Vizantiya harbiy qo'shini musulmonlar ustiga bostirib kelayotgani haqida ovoza Rasul(a.s.)ga etib kelgach, ko'p sonli qo'shin to'plab, din va yurt mudofaasi uchun mazkur bodiyga etib keladilar. Lekin Vizantiyaning hech qanday bosqinchilik niyati yo'qligi ma'lum bo'lgach, to'qnashuvsiz qaytib keladilar. Bu voqea asnosida musulmonlar orasidagi tilidagina imon keltirgan ko'plab munofiqlarning sirlari fosh bo'ladi. 


40. Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovilari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: "Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!" - degan edi*. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko'rmagan lashkarlar (farishtalar) bilan uni quvvatladi hamda kofir bo'lganlar so'zini tuban qildi. Allohning so'zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir.

Izoh: Ushbu oyatda g'or qissasiga ishorat qilinmoqda. Ya'ni Makka mushriklari musulmonlarga qanchalik tazyiq o'tkazmasinlar, ular dindan qaytmadilar. Bundan g'azablanib, oxiri Muhammad (a.s.) jonlariga qasd qilishga qaror qiladilar. Ul zotga Alloh tomonidan Madinaga hijrat qilib ketishga izn bo'ldi. Abu Bakr Siddiq ikkovlari yo'lga chiqqanlarida, ularning iziga tushgan mushriklardan saqlanish uchun Makka chekkasidagi Savr tog'idagi bir g'orga kirib yashirinadilar. Dushman izquvarlari g'or og'zigacha izlab keladilar. Lekin Allohning marhamati bilan g'or og'zi o'rgimchak to'rlari bilan o'ralib qoladi. Buni ko'rib ular orqaga qaytib ketadilar. Abu Bakr Siddiq g'or og'ziga kelib qolgan dushmanlar Rasulullohga ozor yetkazishadi, deb qattiq tashvishlanib, hayajonlanadilar. Shunda Rasul (a.s.) tasalli berib, mazkur oyatdagi so'zlarni aytganlar.   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:39:56



41. Yengil va og'ir holatda (ham yovga qarshi) qo'zg'alingiz va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilingiz! Agar bilsangiz, ana shu (ish)ingiz sizlar uchun yaxshidir.

42. Agar (Sizning chaqirig'ingiz) yaqindagi buyum yoki o'rtacha (masofadagi oddiy) safar bo'lganda edi, (ular) Sizga ergashgan bo'lur edilar. Lekin ularga masofa uzoqlik qildi. Albatta, ular o'zlarini halok qilib (charchatib): "Qodir bo'lganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Alloh esa ularning (g'irt) yolg'onchi ekanliklarini bilur.

43. Alloh Sizni afv etdi. (Lekin) Sizga rostgo'ylar aniqlanib, yolg'onchilarni bilmaguningizgacha, nega ularga (jangdan qolishga) ruxsat berdingiz?   

44. Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar mollari va jonlari bilan jihod qilishdan (qolish uchun) Sizdan ruxsat so'ramaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) bilur.   

45. Balki, Sizdan Allohga va oxirat kuniga imon keltirmaydigan va dillari shak-shubhali bo'lganlargina (jangdan qolish uchun) ruxsat so'raydilar. Ular o'z shubhalarida ikkilanib yuraveradilar.

46. Agar (ular) chiqishni istaganlarida, uning uchun tayyorgarlik ko'rib qo'ygan bo'lur edilar. Lekin Alloh (ularning) qo'zg'alishlarini yoqtirmaydi, ularni susaytirib qo'ydi va ularga: "O'tiruvchilar* bilan birga o'tiraveringiz!" - deyildi.


Izoh: Ya'ni jangga chiqmaganlar qatorida o'tiraveringiz, deyiladi. Bu gapni kim aytgani to'g'risida bahslar bor. Ba'zi tafsirda ular bir-biriga, boshqasida, Rasul (a.s.) achchiqlanib, yoki ularga shayton vasvasa bilan aytgan, deyiladi.   

47. Agar ular sizlarning ichingizda (jangga) chiqqanlarida ham, sizlarga faqat buzg'unchilikni ziyoda qilib, oralaringizga (rahna) solib, sizlarni fitnaga duchor qilgan bo'lur edilar. Sizlarning ichingizda esa, ularga quloq soladigan (ishonuvchi)lar bor. Alloh zolimlarni biluvchidir.

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:48:30



48. (Ular) oldin ham fitna qo'zg'atmoqchi bo'lgan va ular yoqtirmagan hollarida to haq (g'alaba) kelib, Allohning amri (dini) g'olib bo'lguncha ham ishlaringizni (makr-hiyla, ig'vo bilan) ostin-ustun qilgan edilar.

49. Ular ichida: "Menga izn bering, meni fitnaga qo'ymang!" - deydiganlar ham bor. (Ular jangdan qolish bilan) fitnaga tushdilar-ku! Albatta, jahannam kofirlarni (o'ziga) qamrab oluvchidir.

50. Agar Sizga biror yaxshilik (g'alaba yoki o'lja) yetishsa, (bu) ularga yoqmaydi. Agar Sizga biror musibat yetishsa: "Ishning oldini olibmiz", - deb xursand hollarida yuz o'girib ketadilar.   

51. Ayting: "Bizga Allohning yozib qo'yganidan o'zga narsa yetmaydi. U xojamizdir. Allohga esa, faqat mo'minlar tavakkul etsinlar!"   

52. Ayting: "Sizlar biz uchun ikki xayrli ishdan biri (bo'lishi)ni kutmoqdasiz. Biz ham sizlar uchun Allohning O'z huzuridan yoki bizning qo'limiz bilan sizlarga (yetadigan) biror azobni kutmoqdamiz. Bas, kutaveringiz! Biz ham sizlar bilan birga kutuvchilardirmiz".

53. Ayting: "Xoh ixtiyoriy, xoh majburiy holda nafaqa (sadaqa) qilingiz, (baribir) sizlardan sira qabul qilinmagay. Zero, sizlar fosiqlar qavmi bo'lgansizlar".

54. Nafaqa (sadaqa)larining qabul qilinishidan to'sgan narsa bu - ularning Allohga, Rasuliga kufr keltirganlari, namozga faqat sust holda kelishlari va nafaqa (sadaqa)ni faqat yoqtirmagan hollarida berishlaridir.

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 09:58:33



55. Bas, Sizni ularning mol-mulklari ham, farzandlari ham taajjublantirmasin! Zero, Alloh o'shalar sababli dunyo hayotida ularni azoblashni* va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda qilur.

Izoh: Boylik va serfarzandlik tashvishlari eslatilmoqda. Zero, boylik va farzandlar doim ham jonga rohat bo'lavermaydi, ba'zida rohatidan ko'ra zahmati oshib ketish hollari ham kuzatiladi.   

56. Ular: "Sizlardanmiz", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Vaholanki, ular sizlardan emaslar. Balki, ular qo'rqadigan qavmdirlar.

Izoh: Yuzaki bo'lsa ham imon keltirib, musulmonlar qatorida yurmasak, molu jonlarimizdan ajralib qolishimiz mumkin, deb qo'rqishlari nazarda tutiladi.   

57. Agar ular boshpana yo g'orlar yoki kiradigan joy topsalar, o'sha yerga shitob ketgan bo'lur edilar.   

58. Ular ichida sadaqalar xususida Sizga ta'na qiladiganlar ham bor. Ularga u (sadaqa)lardan berilsa, rozi bo'ladilar. Bordiyu ularga ulardan berilmasa, unda ular birdan achchiqlanadilar.   

59.  Agar ular Alloh va Rasuli ularga ato etgan narsaga rozi bo'lib: "Bizga Alloh kifoya. Bizga, albatta, Alloh o'z fazlidan ato etur va Rasuli ham. Biz Alloh (roziligi)gagina rag'bat qiluvchilarmiz", - desalar edi (o'zlariga yaxshi bo'lur edi).

60. Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchilar, (haq to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli (zot)dir.


Izoh: Bu ko'rsatilgan kishilarga zakot, xiroj, fitr va ushr kabi sadaqotlar berilishi kerak. Ulardan "dillari oshno qilinuvchilar" mansux etilgan. Ya'ni, Islom avvalida zakot va vojib sadaqalarni kofirlarga ham berilar edi, bu bilan ularning dillarini Islomga moyil qilish maqsad qilinar edi. Keyinroq Islom rivoj topgandan keyin Abu Bakr (r.a.) xalifaligi davrida sahobalar ijmosi bilan uning hukmi bekor qilingan.   

61. Ular ichida Payg'ambarga aziyat yetkazadigan va "U quloq" (eshitganiga ishonaveradigan)dir deydiganlar ham bor. Ayting: "(U) yaxshilik qulog'i, Allohga imon keltiruvchi, mo'minlarga ishonuvchi va sizlardan imon keltirganlaringiz uchun rahmat (manbai)dir. Allohning Rasuliga aziyat yetkazadiganlar - ular uchun alamli azob (bor)dir".   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 10:06:31



62. Ular (munofiqlar) sizlarni qoniqtirish uchun (Payg'ambarga aziyat yetkazmadik, deb) qasam ichadilar. Agar mo'min bo'lsalar, (bilib qo'ysinlarki) qoniqtirishlariga Alloh va Rasuli loyiqroqdir.

63. Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo'lishini bilmaganmidilar?! Bu ulkan sharmsorlik-ku!   

64. Munofiqlar o'zlari haqida dillaridagi narsa (munofiqlik)ni fosh qiladigan sura nozil qilinishidan qo'rqib turadilar. Ayting: "Masxara qilaveringiz, Alloh siz qo'rqayotgan (o'sha) narsani (yuzaga) chiqaruvchidir".

65. Qasamki, agar ulardan (nega masxara qilasiz, deb) so'rasangiz, albatta, ular: "Biz faqat (bahsga) cho'mib, hazillashyapmiz", - deyishadi. Ayting: "Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingizmi?!"   

66. Uzr aytmangiz! Imoningizdan keyin (yana) kufrga ketgansiz. Agar sizlardan bir toifani (tavba qilgach) afv etsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo'lganlari sababli azoblaymiz.   

67. Munofiq erkaklar bilan munofiq ayollar bir-birlaridandirlar*. (Ular odamlarni) yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan qaytaradilar va qo'llarini (xayr-ehsondan) yumadilar. Allohni unutishgach, (U) ham ularni "unutadi". Munofiqlar, albatta, fosiqdirlar.


Izoh: O'sha davrda munofiqlarning umumiy soni uch yuz kishi bo'lib, ulardan bir yuz yetmishtasi ayollardan edi.

68. Munofiqlar, munofiqalar va kofirlarga Alloh (ular) abadiy qoladigan jahannam olovini va'da qildi. Ularga u kifoyadir. Ularni Alloh la'natladi. Ular uchun yana doimiy azob bordir.   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 10:09:52



69. (Sizlar, ey, munofiqlar!) Xuddi sizlardan oldingi (munofiq)larga o'xshaysizlar. (Ular) sizlardan quvvatliroq, mol-mulklari va farzandlari ko'proq edi, nasibalaridan bahramand bo'ldilar. Sizlardan oldingilar nasibalaridan bahramand bo'lganlari kabi Sizlar ham (o'z) nasibalaringizdan bahramand bo'ldingiz va (ular) sho'ng'igan narsa (zalolat)ga (sizlar ham) sho'ng'idingiz. Ana o'shalarning (dunyoda qilgan savobli) amallari behuda ketdi. Ziyon ko'ruvchilar ham ana o'shalardir.   

70. Ularga o'zlaridan oldingilar - Nuh, Od, Samud qavmlari, Ibrohim qavmi, Madyan (shahri) aholisi (Shuayb qavmi) hamda ostin-ustun bo'lgan shaharlar (Lut qavmi)ning xabarlari (yetib) kelmabdimi?! Ularga (o'z) payg'ambarlari hujjatlar (mo''jizalar)ni keltirgan edilar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, balki o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar.   

71. Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni mukammal ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir.   

72. Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bog')laridagi pok maskanlarni va'da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) kattaroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir.   

Qayd etilgan


Muslimа  25 Dekabr 2007, 10:15:18



73.  Ey, Payg'ambar! Kofirlar va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga nisbatan (Siz ham) dag'allik qiling! Ularning joylari jahannamdir. Naqadar mudhish qismat bu!

Izoh: Makka va Madinadagi kufr va nifoq ahli Rosul (a.s.) va musulmonlarga ozor berish, dag'al muomala qilish, masxaralashda haddan oshganlaridan keyin ularning muqobiliga shunday munosabat bilan javob qaytarishga buyurildi. 

74. (Yomon so'z) aytmadik, deb qasam ichadilar. Vaholanki, kufr so'zini aytganlar va islomlaridan keyin (yana) kufrga qaytganlar hamda yetolmagan narsalariga* qasd qilganlar. Alloh va (Uning) Rasuli ularni (Payg'ambar va sahobalarini) fazli (o'ljalar) bilan boyitib qo'ygani uchungina (munofiqlar) ularni yoqtirmadilar. Bas, agar tavba qilsalar, o'zlari uchun yaxshi. Bordi-yu bosh tortsalar, Alloh ularni ham bu dunyo, ham oxiratda alamli azob bilan azoblagay. Yer (yuzi)da ularga na bir do'st va na yordam beruvchi bor.

Izoh: Yetolmagan narsalari - Muhammad (a.s.)ni qatl etishlari edi.

75. Ular orasida: "Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo'lurmiz", - deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor.   

76. Alloh ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o'girib ketdilar.   

77. Allohga bergan va'dalariga xilof qilganlari va yolg'onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo'lishini qismat qilib qo'ydi.

78. Allohning ular yashirgan va shivirlaganlarini ham bilishini va Allohning g'ayb narsalarni ham allomasi ekanligini bilmaganmidilar?!   

79. Mo'minlardan ixtiyoriy iona qiluvchilarini va zo'rg'a topib-tutuvchilarni masxaralaydiganlarni Alloh "masxara" qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir.

Qayd etilgan