Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069339 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 63 B


Muslimа  15 Noyabr 2007, 14:38:28



127. Eslang: Ibrohim (o'z o'g'li) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan!

128. Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan.

129. Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan".

130. Ibrohimning dinidan faqat o'zini qadrlamaydigan (pastkash) kishilargina yuz o'giradilar. Dunyoda Biz uni (payg'mbarlikka) tanlab oldik va u oxiratda (ham), albatta, solih (banda)lardan bo'lur.

131. Eslang, Rabbi unga: "Bo'yin sun!" - deganida, u: "(Barcha) olamlarning Rabbiga bo'yin sundim", - degan.

132. Ibrohim o'z o'g'illariga, shuningdek, (nabirasi) Ya'qub ham shu dinni vasiyat qilib dedilar: "O'g'illarim, albatta, Alloh sizlar uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmonlik holingizdagina dunyodan o'tingiz!"

Izoh:  Ibrohim (a.s.) o'g'illari nechta bo'lganligi haqida turli rivoyatlar bor. Ba'zilar ikkita - Ismoil va Ishoq desalar, ayrim olimlar to'rtta - yana Madyan va Madoin degan farzandlari ham bo'lgan, deydilar. Boshqa manbalarda 8 yoki 14 nafar o'g'illari bo'lgan, deyiladi.   
  Ya'qub (a.s.)ning o'g'illari 12 nafar: Rubin, Sham'un, Loviy, Yahudo, Yashnuxun, Zabulun, Zavobiy, Naftuniy, Kudo, Avshiz, Binyomin, Yusuf. Manbalarda bu nomlar boshqacha ham berilgan (Xozin, Qoziy va Abul-Lays tafsirlariga qaralsin).


133. (Ey, Isroil avlodi!) Yoki Ya'qubga o'lim kelganda, o'g'illariga: "Mendan keyin nimaga sig'inasizlar?" - deganida, ular: "Sening ilohing va bobolaring - Ibrohim, Ismoil va Ishoq ilohi bo'lmish yagona Allohga sig'inamiz va bizlar faqat Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz", - deb javob berganlariga guvoh bo'lganmisizlar?

134. Ular o'tib ketgan ummat(lar)dir. Ularning a'mollari o'zlariga va sizlarning a'mollaringiz o'zlaringizga. Sizlar ularning qilgan ishlari uchun javob bermaysiz.

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 14:46:24



135. (Yahudiylar va nasroniylar): "Yahudiy yoki nasroniy bo'ling, shunda hidoyat topasiz", - dedilar. Siz (ey, Muhammad,) ayting: "Aslo yo'q, biz to'g'ri yo'ldan toyilmagan, mushriklardan bo'lmagan Ibrohim diniga ergashamiz".

136. Aytingiz (ey, mo'minlar): "Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Kitob)ga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Musoga, Isoga va (barcha) payg'mbarlarga Parvardigorlaridan berilgan narsalarga imon keltirdik (ishondik). Biz ular o'rtasidan birortasini (payg'mbar emas deb) ajratib qo'ymaymiz va Unga (Allohga) bo'yin sunuvchilarmiz".

137. Agar ular (ahli kitoblar) sizlar imon keltirgan narsalarga imon keltirsalar, to'g'ri yo'lni topgan bo'ladilar. Bordiyu yuz o'girsalar, u holda, demak, sizlarga nisbatan adovatlari bordir. Sizni ulardan (himoya etishga) Allohning o'zi kifoya qilur. U eshituvchi va donodir.

138. Allohning "bo'yog'i"ga (diniga kiringiz!) Allohnikidan yaxshiroq "bo'yoq" (din) bormi?! Biz Ungagina sig'inuvchilarmiz.

Izoh: Nasroniylar (xristianlar) yangi tug'ilgan farzandni maxsus sariq suvga botirib oladilar va bu marosimni "ma'mudiya" - "cho'qintirish" (kreheniye) deb ataydilar. Ularning e'tiqodi ko'ra cho'miltirishdan keyin bola haqiqiy nasroniy sanaladi. Bu oyatdagi bo'yoq o'sha odatga muqobil ravishda din yoki imon ma'nosida kelgan.   
  Rivoyatlarga qaraganda, Usmon (r.a.) o'z mushafining shu oyatlar bitilgan sahifasini o'qib turganlarida, qilich tig'i bilan shahid bo'lganlar. Toshkentda saqlanayotgan Usmon mushafining 37-38-oyatlari yozilgan betidagi qon dog'lari qo'lyozmaning asl ekanligidan dalolat beradi. Bunga kelajakdagi ilmiy tadqiqotlar natijasi aniqlik kiritishi mumkin.


139. Ayting (ey, Muhammad): "Bizning ham, sizning ham Rabbingiz bo'lmish Alloh haqida biz bilan tortishasizmi?! Bizning a'mollarimiz - bizga, sizning a'mollaringiz - sizga. Biz faqat Ungagina ixlos qiluvchilarmiz".

140. Yoki sizlar (Isroil avlodi): "Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi (hammasi) yahudiy yoki nasroniy bo'lgan" deysizmi? Ayting (ey, Muhammad): "(Ularning dinlarini) sizlar biluvchiroqmi yoki Allohmi? Guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.

141. Ular o'tib ketgan ummatdir. Ularning qilgan a'mollari (ishlari) o'zlariga, sizlarning qilgan a'mollaringiz o'zingizgadir. Sizlar ularning qilmishlari uchun javob bermaysizlar.


Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 14:51:06

IKKINCHI JUZ'
***************************



142. Odamlarning nodonlari: "Ular (musulmonlar) ilgari yuzlangan qiblalaridan voz kechishlariga bois nima ekan?" deyishadi. Ayting: "Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. U o'zi xohlagan kishilarni to'g'ri yo'lga boshlaydi".

Izoh: Musulmonlarning qiblasi hijratgacha Baytul-Maqdis edi. Qibla Makka shahridagi Ka'ba tomonga o'zgargandan keyin yahudiylar, mushriklar va munofiqlar ta'na toshini otdilar. Buning javobiga Alloh taolo hamma tomon O'zining qo'lida, qiblani o'zgartirgan bo'lsa, bu Uning ishi deb bilish zarurligini bayon qilmoqda.

143. Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo'lishingiz va Payg'mbarning sizlarga guvoh bo'lishi uchun o'rta ummat qilib qo'ydik. Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'mbarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik). Albatta, bu (o'z qiblasini o'zgartirish) Alloh hidoyat etgan kishilardan o'zgalar uchun og'ir ishdir. Alloh imonlaringizni (Baytul-Maqdisga qarab o'qigan oldingi namozlaringiz ajrini) zoye ketkizmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.

Izoh: O'rta ummat - ummatlarning yaxshisi demakdir. Zero, "Har bir narsada o'rta hollik yaxshidir" degan hikmatli so'zga hech kim e'tiroz bildirgan emas. Yana bir ma'nosi - qiblalaringni Yer kurrasining o'rta qismida qilganimdek, o'zlaringni ham o'rtahol ummat qildim. Ya'ni, yahudiylardek Maryamni zinokorga ham chiqarmaydigan, nasroniylardek Isoni Allohning o'g'li deb ilohiylashtirmaydigan o'rta, adolat maqomida bo'lursizlar. Yana boshqacha ta'villar ham bor. Boshqa odamlarga, ya'ni ummatlarga guvoh bo'lishingiz, degan oyatning ta'vili shukim, qiyomat kuni boshqa payg'mbarlarning ummatlari o'z payg'mbarlarini tan olmasdan: "Bizga Allohni tanitmagan, buyruqlarini yetkazmagan", - deb da'vo qilar ekanlar. Shunda Alloh taolo Muhammad (a.s.) ummatidan so'raganda: "Biz guvohlik berurmizki, o'tgan hamma payg'mbarlar Allohning buyruqlarini o'z ummatlariga mukammal yetkazganlar", - der ekanlar. "Sizlar buni qayerdan bilursizlar?" - deyilganda, ular: "Bizga Payg'mbarimiz Muhammad (a.s.) Qur'on orqali yetkazganlar" - deb Rasulullohni guvoh qilib ko'rsatar ekanlar. Oyat mazmuni shu ta'vilni taqozo etadi.

Izoh(a): Alloh taoloning qiblani o'zgartirishi sabablaridan biri - chin mo'minlarni sinash ekanligi bayon qilinmoqda. Zero, shu voqeadan keyin ko'p munofiqlar asl qiyofalarini ko'rsatib, dindan qaytib ketdilar. Payg'mbarga ergashib, uning yuzlangan qiblasiga hech ikkilanmay o'girilganlarning chin musulmon ekanligi ayon bo'ldi. Qiblani qayta tikladik, deb izoh berilishining boisi, Payg'mbarimiz Muhammad (a.s.) Makkada dastlab Ka'baga qarab namoz o'qir edilar. Madinaga hijrat qilgan birinchi kunlarida Baytul-Maqdis tomoniga qarab o'qishga buyurildilar. Bundan yahudiylar mamnun bo'lib yurdilar. So'ngra qibla yana Ka'baga ko'chirildi. Bu Allohning irodasi bilan bo'lgach, haqiqiy mo'minlar e'tirof etdilar, munofiqlar esa fosh qilindilar.


144. Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo'ylab o'girib turishingizni ko'rayapmiz. (Xotirjam bo'ling,) Sizni o'zingiz rozi bo'ladigan qibla (Ka'ba)ga (yuz) o'girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring! (Ey, mo'minlar, sizlar ham) qayerda bo'lsangizlar, yuzlaringizni o'sha tarafga buringiz! Ahli kitoblar bu - Parvardigorlaridan (kelgan) haqiqat (ilohiy farmon) ekanini yaxshi biladilar. Alloh ularning qilmishlaridan g'ofil emasdir.

145. Qasamki, agar Siz ahli kitoblarga har qanday hujjat keltirsangiz ham, ular qiblangizga ergashmaydilar. Siz ham ularning qiblalariga ergashuvchi emassiz. Ular (yahudiylar va nasroniylar) bir-birlarining qiblalariga tobe emaslar. Bordiyu, Sizga kelgan ilm (vahiy)dan keyin ham ularning xohishlariga ergashib ketsangiz, u holda, albatta, Siz zolimlardandirsiz.

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 14:55:35



146. Biz kitob bergan o'sha (zolim) kimsalar uni (Muhammadni) xuddi o'z farzandlarini tanigandek taniydilar va ulardan bir guruhi bila turib, (kitoblaridagi) haqiqatni sir tutadilar.

147. Haqiqat bu - Rabbingizdan (bo'lganidir). Bas, (Siz) shubhalanuvchilardan bo'lmang!

148. Har bir (dindor) uchun o'zi yuzlanadigan tarafi (qiblasi) bor. Bas, xayrli ishlarda o'zib ketingiz! Qayerda bo'lmangiz, Alloh hammangizni (mahshargohga) keltiradi. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.

149. Qaysi joydan (safarga) chiqsangiz ham, (namozda) yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba tomon)ga o'giring! Ushbu (buyruq) Parvardigoringiz tomonidan (aytilgan) haqiqatdir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.

150. Qaysi joydan (yo'lga) chiqsangiz, yuzingizni (namozda) Masjidi Harom tomonga o'giring! (Ey, mo'minlar) qayerda bo'lsangizlar, yuzlaringizni o'sha (Ka'ba) tomonga o'giringizlar! Toki g'arazli odamlarda sizlarga qarshi hujjat bo'lmasin. Magar, ular ichida zolimlari (ham) borki, sizlar ulardan qo'rqmangiz, balki Mendan qo'rqingiz. Bu sizlarga ne'matlarimni (yanada) mukammal qilib berishim va hidoyat yo'lini topib olishlaring uchundir.

151. Shuningdek, sizlarga o'zingizdan bo'lmish bir payg'ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o'qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni ta'lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi.

152. Bas, Meni yod etingiz, Men ham sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!

153. Ey, imon keltirganlar! sabr va namoz (o'qish) bilan (Mendan) yordam so'rangizlar! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.   

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 15:00:48



154. Alloh yo'lida qatl etiladigan (shahid)lar haqida: "(Ular) o'likdirlar", - demangiz! Yo'q, (ular) tirikdirlar, lekin sizlar (buni) sezmaysizlar.

155. Sizlarni biroz xavf, ochlik bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!

156. Ularga musibat yetganda: "Albatta, biz Allohning mulkimiz va albatta, biz Uning sari qaytuvchilarmiz", - deydilar.

157. Aynan o'shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag'firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir.

158. Albatta, Safo va Marva (tepaliklari) Allohning shiorlaridandir.* Bas, kim haj yoki umra qilganida u ikkisini tavof etsa, unga gunoh yo'qdir. O'z ixtiyori bilan biror xayrli ish (nafl haj yoki umra) qilsa, albatta, Alloh shukrni qabul etuvchi va dono zotdir.

Izoh: Safo bilan Marva tepaliklari qadimdan tavof qilinar edi. Lekin bu tavof johiliyat aqidasiga muvofiq ravishda shirk aralash ado qilinar edi. Islom dini bo'yicha musulmonlar haj paytida bu ikki tepalik o'rtasida yurib sa'y qilishga buyurilganda, ular gunohkor bo'lib qolmasmikanmiz, deb, ikkilanib turganlarida, shu oyat nozil bo'lib, Islom shariati bo'yicha sa'y qilish joriy qilindi.

159. Biz nozil qilgan oyatlar va hidoyatdan iborat narsalarni (Muhammadning haq payg'ambar ekanini) odamlarga Kitob (Tavrot)da aniq qilib berganimizdan keyin (uni) sir tutganlarni, shubhasiz, Alloh la'natlagay va ularni la'natlovchilar (farishtalar va mo'minlar) ham la'natlagaylar.

160. Illo, qaysilari tavba qilib, xatolarini tuzatib, (haqiqatni) bayon qilsalar, ularning tavbalarini qabul eturman. Men - tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirman.

161. Kufrda bo'lib, kofirlik holida o'lib ketganlarga barchaning - Allohning, farishtalar va odamlarning la'natlari bo'lgay.

162. U yerda (do'zaxda) abadiy qolurlar, azoblari yengillashtirilmas va (jazo ham) kechiktirilmas

163. Ilohingiz yagona ilohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) mehribon va rahmlidir

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 15:04:21



164. Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli "o'lik" yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo'yishida, shamollarni (turli tomonga) yo'naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi itoatli bulutda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning qudratiga dalillar) bordir.

165. Odamlar orasida shunday kimsalar borki, ular Allohdan o'zga (soxta ma'buda)larni Unga teng bilib, Allohni sevgandek ularni sevadilar. Imon keltirganlarning Allohga bo'lgan muhabbatlari esa (ularnikidan) kuchliroqdir. Zolimlar (qiyomatda) azobni ko'rganlarida butun kuch-qudrat Allohga xos ekanini va Allohning azobi (o'ta) qattiqligini bilsalar edi!   

166. (Qiyomat kuni) azobni ko'rib peshvolar o'z ergashuvchilaridan tonadilar va (ularni birlashtirib turuvchi) aloqalar uziladi.

167.  Ergashganlar: "Qani edi bir bor (dunyoga) qaytish mumkin bo'lsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak",- deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilmishlarini o'zlariga hasrat qilib ko'rsatadi. Ular do'zaxdan chiquvchi emaslar.   

168.  Ey, odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izlaridan ergashmanglar! Albatta, u sizlarning aniq dushmaningizdir.

169. U sizlarni faqatgina yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha'niga bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi.   

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 15:09:03



170. Ularga (mushriklarga): "Alloh nozil etgan (oyatlar)ga ergashinglar!" - deyilsa, ular: "Yo'q, biz ota-bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, o'shanga ergashamiz", - deydilar. Ota-bobolari garchi hech narsaga aqllari yetmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lsalar-chi?!   

171. (Haqiqatan ham) kufr yo'lidagi kimsalar (vahiydan ta'sirlanmaslikda) xuddi hayvonlarga qichqirayotgan kishining ovozidan va hayqirig'idan o'zga narsani eshitmayotgani kabidir. (Ular) kar, soqov va ko'rdirlarki, (gapni) anglamaydilar.

Izoh: Hayvonlarga har qancha gapirilsa ham faqat ovozdan boshqa narsani anglamaganlari kabi betavfiq kishilar ham foydali gaplarni tinglab, anglash o'rniga nochorlikdan eshitib qo'ya qoladilar. 

172. Ey, imon keltirganlar, Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar va Unga shukr qilingizlar!

173. U sizlarga o'limtik, qon, cho'chqa go'shti va Allohdan o'zgaga atab so'yilgan narsalarni (qat'iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovuzkor bo'lmasdan, zaruratan (tanglik yuzasidan) iste'mol qilsa, uning gunohi yo'qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir.

Izoh: Harom qilingan narsalarni zarurat taqozosi bilan jonni saqlab qolgudek miqdorda iste'mol qilishga shariat ruxsat beradi.

174. Alloh nozil qilgan Kitob (Tavrot)dagi narsani (Muhammad vasfini) sir tutadigan va uni ozgina bahoga sotadiganlar, albatta, o'z qorinlariga olov yegan bo'lurlar. Alloh qiyomat kunida ular bilan so'zlashmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ularga alamli azob (berilur).

175. Hidoyat o'rniga zalolatni, mag'firat o'rniga azobni sotib olgan kimsalar ana o'shalardir. Bas, do'zax (azobi)ga buncha ham "toqatli" bo'lmasalar!

Izoh: Bu ibora ularga istehzo shaklida aytilmoqda. Zero, do'zax azobiga toqat qila oladigan jonzot bo'lishi mumkin emas. Zalolat bilan azobni ixtiyor etganlar oxirat azobini o'ylab qo'ysinlar, deb tanbeh berilmoqda.   

176. Bu (jazo) - Alloh Kitob (Tavrot)ni haqiqatan nozil qilgani va bu Kitob xususida ixtilof qiluvchilar (haqiqatdan) juda ham uzoqda bo'lganlari uchundir.

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:10:29



177. Yuzlaringizni Mashriq va Mag'rib tomonlariga burib, (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshi kishilardir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o'shalar taqvodordirlar.

178. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga o'ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi: ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan. Birodari tomonidan avf etilsa (xun to'lashga rozi bo'linsa), u holda yaxshilik bilan bo'yin sunish va xunini yaxshilab to'lash (zarurdir). Bu (hukm) Rabbingiz tomonidan yengillik va marhamatdir. Bas, kimki shundan keyin ham haddidan oshsa, unga alamli azob (berilur).

Izoh: Ya'ni shu yengillik va ilohiy marhamatlardan keyin ham, qotildan, boshqalardan o'ch olsa yoki xun olgandan keyin ham qasos olsa, oxirat azobiga mahkumdir.

179. Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey, aql egalari! (Bu bilan) shoyad (jinoyatlardan) saqlansangizlar.

Izoh: Qasos shariat ko'rsatmalariga muvofiq ravishda ijro etilsa, ko'pchilikning qoni nohaq to'kilishdan saqlanib qolishi nazarda tutilmoqda. Zero, qasos adolatga asoslanadi. Aks holda, bir inson qoni evaziga ikki tomondan ham begunoh odamlar qurbon bo'lib ketishi mumkin.

180. Qaysi biringizga o'lim hozir bo'lsa (yaqinlashsa) va (o'zidan keyin) biror yaxshilik (boylik) qoldirayotgan bo'lsa, ota-ona va qarindoshlariga ma'lum miqdorda vasiyat qilishlik bitildi (farz qilindi). Bu taqvoli kishilar zimmasidagi burchdir.

Izoh: Bu oyatdagi vasiyat qilishning farzligi meros oyati nozil bo'lgach, bekor qilingan.

181. Kimki uni (vasiyatni) eshitganidan keyin o'zgartirsa, gunohi faqat o'zgartirganlarga bo'lur. Albatta, Alloh eshituvchi va dono zotdir.


Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:17:44



182. Ammo, kimki vasiyat qiluvchi tomonidan biror xatolik yoki gunoh sodir bo'lishidan qo'rqib, (vasiyatni o'zgartirib bo'lsa ham) oralarini isloh qilib qo'ysa, unga gunoh yo'q. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

183. Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo'lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi,

184. sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir.

Izoh: Sanoqli kunlar - bu Ramazon oyi kunlaridir. Sanoqli so'zi oz miqdorga, sanoqsiz so'zi esa ko'pga nisbatan ishlatiladi. Ramazonning 30 kuni qolgan o'n bir oyga nisbatan ozligi uchun sanoqli kunlar deb ifoda etilgan.         Izoh (a): Ro'za tutish yoki tutmasdan fidyasini to'lash ixtiyoriy bo'lgan. Lekin bu hukm ham keyinroq boshqa oyat nozil bo'lishi bilan bekor qilingan. Ya'ni, Ramazon oyida hozir bo'lgan uzrsiz kishiga ro'za tutish farzi aynga aylangan. Uzrli holatlar bundan mustasno.

185. Ramazon oyi - odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlar) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu - hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishlaringiz va shukr qilishlaringiz uchundir.

Izoh: Ajrim etuvchi deganda, haqiqat bilan soxtalik, yaxshilik bilan yomonlik, savob bilan gunoh o'rtasidagi farqni belgilab beruvchi deb tushunish kerak.

186. Sizdan (ey, Muhammad), bandalarim Mening haqqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar. 

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:21:41



187. Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni qabul qilib, sizlarni avf etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringizlar. Shuningdek, tonggacha, ya'ni, oq ipni qora ipdan ajratsa bo'ladigan vaqtgacha yeb-ichaveringlar. So'ng, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingizlar! Masjidlarda e'tikofda bo'lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo'shilmangizlar! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz. Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o'z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi.

Izoh:  Bu oyat nozil bo'lgunga qadar Ramazon oyida, hatto kechalari ham er-xotinning jinsiy aloqa qilishlari man etilgan edi.                                    Izoh (a): Masjidda e'tikof niyati bilan o'tirgan ro'zadorga bir necha ishlar man etiladi. Jumladan hojat taqozo qilmaganda tashqariga chiqish, savdogarlik qilish (molni keltirmasdan savdo qilishi mumkin), sukut saqlash, behuda gapirish, jinsiy aloqa qilish kabilar. Ayol kishi o'z uyida e'tikof o'tirishi mumkin. E'tikofning eng oz muddati bir kundir.

188. Mol(-mulk)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'l bilan yeyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola qilmangiz.

Izoh: Hadisi sharifda ham aytilgan: "Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da'vo bilan kelib turasizlar. So'zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o'zgalar haqini o'zlashtirib olsangiz, bilib qo'yingki, o'sha narsa do'zaxning bir cho'g'idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin". (al-Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

189. Sizdan (ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so'raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o'lchovlaridir", -deb ayting. Uylarga orqa tomondan kirishingiz yaxshilik emas, balki yaxshilik — kishining taqvosi (bilan o'lchanur). Uylarga eshiklaridan kiringiz va Allohdan qo'rqingiz! Shoyad (shunda) tole topsangizlar.

Izoh: Ular oylarning mohiyati, shakl va shamoili, sifatlari haqida so'rab, Rasululloh ilmini sinamoqchi bo'ldilar. Lekin Alloh taolo ularga oylarning vazifa va foydalari to'g'risida xabar berishni buyurdi. Darhaqiqat, shariat ahkomlarida ko'pincha shakl-shamoil emas, balki maqsad va g'oyaga e'tibor berish tavsiya etiladi. Masalan, nima uchun bir kecha va kunduzda aynan besh vaqt namoz o'qish farz qilindi, deb so'rash o'rniga namoz o'qishdan hosil bo'ladigan natija va savoblar haqida bilim olishga intilish o'rinliroqdir. "Nega aynan Ramazon oyida ro'za tutiladi? Nega zakot qirqdan bir miqdorda beriladi?" kabi savol beruvchilar, odatda, o'zlari bilgan ilmiga amal qilmaydigan ixlossiz kishilar bo'ladi.

190. Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi.

Izoh: Islom dinida adolat mezoniga hatto yov bilan jang qilish jarayonida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslikka buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir.

Qayd etilgan