Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 611904 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 63 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:48:59



27. So'ngra qiyomat kunida (Alloh) ularni yana rasvo qilur va aytur: "Sizlar yonlarini olib tortishib yurgan Mening "sherik"larim qayerda qolishdi?!" (Shunda) ilm berilgan (payg'ambar va ulamo)lar derlar: "Darhaqiqat, bugun rasvolik va noxushlik kofirlargadir".

28. Ularni o'zlariga zulm qilgan hollarida farishtalar vafot etdirurlar. Shunda ular sulhga kelishib: "Bizlar biror yomonlik qilgan emasmiz" (derlar). Yo'q! Shaksiz, Alloh qilgan ishlaringizni biluvchidir.

29. Endi o'zlaringiz mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiringiz! Mutakabbirlarning joylari naqadar yomon!

30. Taqvoli bo'lganlarga: "Rabbingiz (O'z payg'ambariga) nimani nozil qildi?" - deyilganida, ular: "Yaxshilikni", - derlar. Bu dunyoda chiroyli ish qilganlar uchun chiroyli mukofot bo'lur. Lekin, shubha yo'qki, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyorlari naqadar yaxshi!

31. Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlar.

32. Ular (shirk va gunohdan) pok bo'lgan hollarida, farishtalar vafot etdira turib: "Sizlarga salom! Qilib o'tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz", - derlar.

33. (Kofirlar esa) faqat o'zlariga (o'lim) farishtalari kelishini yoki Rabbingizning amri (azobi) kelishini kutarlar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham mana shunday qilgan edilar. Ularga Alloh zulm qilgani yo'q, balki ular o'zlariga zulm qiluvchi edilar.

34. Bas, qilgan yomonliklari o'zlariga yetdi va masxara qilgan narsalari o'zlarini tutdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:49:57



35. Mushrik bo'lganlar: "Agar Alloh xohlaganida, biz (ham), ota-bobolarimiz (ham) Undan o'zga biror narsaga sig'inmagan va Uning (hukmisiz) biror narsani harom qilmagan bo'lur edik", - deydilar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham shunday qilgan edilar. Payg'ambarlar zimmasida faqat (Allohning vahiysini odamlarga) ochiq yetkazishlik (vazifasi) bordir.

36. Darvoqe, Biz har bir ummatga: "Allohga ibodat qilinglar va shaytondan yiroqlashinglar", (degan vahiy bilan) payg'ambar yuborganmiz. Shunda ular orasida Alloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo'ldan ozishligi qat'iy bo'lganlar ham bo'lgan. Bas, Yer yuzida sayr qilib, (payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar!

37. (Ey, Muhammad,) agar Siz u (mushrik)larning hidoyat topishlariga qiziquvchan bo'lsangiz (bilingki), Alloh o'zi adashtiradigan kimsalarni sira hidoyat qilmas va ularga madad beruvchilar ham bo'lmas.

38. Ular zo'r berib: "Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmaydi", - deb Alloh nomiga qasam ichdilar. Yo'q! (Albatta, tiriltirur!) Bu - Uning haqqoniy va'dasidir. Lekin, odamlarning aksariyati bilmaydilar.

39. Ularga o'zlari ixtilof qilayotgan narsalarini ajrim qilib berish uchun, hamda kofir bo'lganlar o'zlarining yolg'onchi ekanliklarini bilishlari uchun ham (qayta tiriltirur).

40. Biz biror narsani iroda qilsak, unga aytadigan so'zimiz: "Bo'l!" - deyishdir. Bas, (o'sha narsa) bo'lur.

41. Zulm qilinganlaridan so'ng, Alloh yo'lida hijrat qilganlarni, albatta, bu dunyoda ham go'zal (maqomlar)ga joylashtirurmiz. Oxirat mukofoti esa, yanada kattaroqdir. Qani, endi (buni odamlar) bilsalar edi!

42. Ular sabr qilgan va Parvardigorlarigagina tavakkul etganlardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:50:09



43. (Ey, Muhammad,) Sizdan oldin ham faqat (Siz kabi) kishilarnigina (payg'ambar qilib) yuborib, ularga vahiy nozil etib turganmiz. Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan (ya'ni, Tavrot va Injilni biladiganlardan) so'rangizlar!

44. (Biz payg'ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ahkomlar)ni bayon qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur'onni) nozil qildik.

45. Yomonliklar makrini qilganlar o'zlarini yer yutishidan yoki sezmagan taraflaridan azob kelib qolishidan xotirjammilar?!

46. Yoki (safarda) aylanib yurganlarida ularni (ofat) tutgach, (hech kimni) ojiz qoldira olmasliklaridan (qo'rqmaydilarmi)?!

47. Yoki (qilmishlari oqibatidan) qo'rqib yurgan paytlarida, ularni (biror ofat) ushlab qolishidan (qo'rqmaydilarmi?!) Darhaqiqat, (yana ham) Rabbingiz mehribon va rahmlidir.

48. Axir, ular Alloh yaratgan barcha narsalarning soyalari o'ngu so'llariga, Allohga bo'yin sunib sajda qilgan holda egilayotganini ko'rmadilarmi?!

49. Osmonlar va Yerdagi barcha narsa - jonivorlar va farishtalar ham kibr qilmagan hollarida faqat Allohga sajda qilurlar.

50. Ular (farishtalar) ustilaridagi (kuzatib turgan) Parvardigorlaridan qo'rqurlar va faqat o'zlariga buyurilgan ishlarnigina qilurlar.            (49-50-oyat. Sajda oyati.)

51. Alloh: "Ikki xudoni iloh qilib olmanglar! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo'rqingiz!" - dedi.

52. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo'lishi) vojibdir. Allohdan o'zgasidan qo'rqasizlarmi?!

53. Sizlarda qaysi bir ne'mat bo'lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolborasizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:50:18



54. So'ngra, (U) sizlardan (o'sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to'da (chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar.

55. Bu ularga berganlarimizga noshukrchiliklaridir. Bas, (ey, mushriklar,) "foydalanib" qolinglar. Yaqinda, (qiyomat kunida haqiqatni) bilursizlar.

56. Ular Biz rizq qilib bergan narsalardan o'zlari bilmaydigan narsa (butlari) uchun nasiba ajraturlar. (Ey, mushriklar), Allohga qasamki, albatta, sizlar o'zlaringiz to'qib olgan narsa (butlaringiz) to'g'risida, albatta, so'ralursizlar.

57. Ular "Farishtalar Allohning qizlari" deyishib, da'vo qilishadi, U (bunday bo'htondan) pokdir. O'zlariga esa ko'ngillari xushlaydigan narsani (ya'ni, o'g'illarni) nisbat berishadi.


Izoh: Ya'ni farishtalar Allohning qizlari deb, ikki jinsning a'losini o'zlariga, zaifini Allohga nisbat berishadi. Vaholanki, o'zlariga qiz farzand bo'lishini xohlashmaydi. Bu ularning dunyoqarashlariga binoan mantiqiy bahsdir. Aslida esa Allohning nazdida erkak bilan ayolning sharafi barobardir.

58. Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketar.

59. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to'g'risida o'y surib), o'ziga xushxabar berilgan narsaning "yomon"ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo'lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir.

60. Oxiratga imon keltirmaydiganlarda yomon masal bordir. Allohda esa eng oliy masal (sifat) bordir. U qudrat va hikmat egasidir.

61. Agar Alloh odamlarni zulmlari sababli ushlaydigan (jazolaydigan) bo'lsa, unda (Yer yuzida) biror jonivorni (tirik) qo'ymagan bo'lur edi. Lekin, ularni ma'lum muddatgacha qo'yib berur. O'sha muddatlari yetib kelganida esa, uni biror soat ketga ham sura olmaydilar, oldinga ham.

62. Ular o'zlari yomon ko'radigan narsa (qiz bolalar)ni Allohga tirkab, yana tillari o'zlariga chiroyli mukofot (jannat) bo'lishi haqida yolg'on so'zlaydi. Shubha yo'qki, ular do'zax ahllaridir va albatta, ular (do'zaxga) birinchilar (qatorida tashlanuvchilar)dir.

63. (Ey, Muhammad), Alloh (nomim)ga qasamki, darhaqiqat, Biz Sizdan oldingi ummatlarga ham payg'ambarlar yuborganimizda, shayton ularga o'zlarining (razil) ishlarini chiroyli qilib ko'rsatgan edi. U bugun (bu dunyoda) ularning "do'sti"dir. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.

64. Biz Sizga imon keltiradigan qavm uchun hidoyat va rahmat bo'lmish Kitob (Qur'on)ni ularga o'zlari ixtilof etayotgan narsalarini aniq qilib berishingiz uchungina nozil qildik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:52:17



65. Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli "o'lik" yerni "tiriltirdi". Albatta, bunda (nasihatga) quloq tutadigan qavm uchun alomat bordir.

66. Darvoqe, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham ibrat bordir; sizlarni ularning qorinlaridagi najosat va qon oralaridan chiquvchi, (lekin) ichuvchilar uchun ishtahali toza sut bilan sug'orurmiz.

67. Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa aroq va go'zal (halol) rizq olursizlar. Albatta, bunda ham anglaydigan qavm uchun alomat bordir.


Izoh: Bu oyat nozil qilingan paytda hanuz aroq shar'an man etilmagan edi.

68. (Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (bo'yruq) qildi: "Tog'larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan narsalarga in quringiz.

69. So'ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo'ygan yo'llardan yuringiz!" Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir.

70. Sizlarni Alloh yaratdi. So'ngra vafot etdiradi ham. Sizlarning orangizda eng tuban umr ko'rishga (keksayib, zaif holatga) qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh bilimli va qudratlidir.
                   

Izoh: Islomda oyat va hadis matnidan olingan "arzalul-umr" degan ibora bor. Ya'ni, eng tuban umr, qarib qartaygan yosh. Shu necha yoshdan boshlanadi, degan masalada turli tafsirlar bor: birida 60 dan desa, boshqasida 75 dan, yana bir rivoyatda 80 dan, boshqasida 90 dan keyin boshlanadi, deyiladi.

71. Alloh ba'zilaringizdan ba'zilaringizni rizqda yuqori qilib qo'ydi. Bas, bu (rizqda) yuqori qilinganlar o'zlarining rizqlarini qo'l ostidagi (qul)lariga bermaydilarki, barchalari (rizqda) barobar bo'lib olsalar. Bas, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!

72. Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!
             

Izoh: O'zlaringizdan, ya'ni, inson jinsidan. Bu oyatda ishorat borki, juftlarimizning jinlardan yoki farishtalardan bo'lmay, o'z jinsimiz - odamzotdan bo'lishi ham ulug' ne'mat ekan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:56:38



73. Allohni qo'yib, ular uchun osmonlar va yerdan biror narsani rizq qilib bermaydigan va bera olmaydigan (but)larga sig'inadilarmi?!

74. Bas, Allohga (zarbul) masal to'qimanglar! Albatta, Alloh bilur, sizlar bilmaysizlar.

75. Alloh shunday bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan qaram qul bilan Biz o'z tarafimizdan yaxshigina rizq berib, o'sha rizqdan yashirin va oshkora ehson qilayotgan (hur) kishi barobar bo'ladimi? Hamd Allohga (xos)dir. Lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.


Izoh: Ya'ni harakatsiz, jonsiz but-sanamlar bilan butun koinot yaratuvchisi Alloh teng bo'lurmi?!

76. Alloh yana ikki kishi haqida misol keltirur: ulardan biri hech narsaga kuchi yetmaydigan soqovdir. U egasiga (ortiqcha) yuk bo'lib (xojasi) uni qayerga yuborsa, biror yaxshilik (foyda) keltirmaydi. O'sha kimsa bilan o'zi To'g'ri yo'lda bo'lgani holda, (o'zgalarni ham) adolatga buyuradigan kishi barobar bo'lurmi?!

Izoh: Bu misolda ham but-sanamlar bilan Alloh taolo teng emasligi ta'kidlanmoqda.

77. Osmonlar va Yerning g'ayb (ilm)i Allohga xosdir. Qiyomat ishi (qoyim bo'lishi) ko'zni ochib-yumish yoki undan ham yaqinroqdir. Darhaqiqat, Alloh hamma narsaga qodirdir.

78. Alloh sizlarni onalaringiz qorinlaridan biror narsani bilmaydigan holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, ko'zlar va dillarni berdi.

79. Osmon fazosida (uchishga) bo'yin sundirilgan qushlarga boqmaydilarmi?! Ularni faqat Alloh tutib turibdi-ku! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun alomatlar bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:57:39



80. Alloh sizlar uchun uylaringizni oromgoh qildi va sizlar uchun chorva hayvonlarining terilaridan ko'chadigan kuningizda va qo'nadigan kuningizda yengil ko'tarib keta oladigan ovullar (bunyod) etdi hamda (qo'ylarning) junlaridan, (tuyalarning) yunglaridan va (echkilarning) tivitlaridan ma'lum bir vaqtga qadar foydalaniladigan jihoz va matohlar (yaratdi).

81. Alloh sizlar uchun o'zi yaratgan narsalardan soya joylar (bunyod) etdi va sizlar uchun tog'lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq (va sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (turli) xavfdan saqlaydigan sovutlar yaratdi. (Imon keltirib) musulmon bo'lursizlar, deb sizlarga o'z ne'matini U mana shunday komil qilib berur.

82. (Ey, Muhammad,) agar ular (Sizdan) yuz o'girsalar, u holda Sizning zimmangizda faqat (haqiqatni) ravshan qilib yetkazish bor, xolos.

83. (Ular) Allohning ne'matini taniydilar, keyin esa uni inkor etadilar. Ularning aksariyati kofirlardir.

84. Har bir ummatdan Biz bir guvohni (o'sha ummatning payg'ambarini) keltirib qo'yadigan kunni eslang! So'ngra kofir bo'lganlarga (uzr aytish uchun) izn berilmas hamda ulardan (Allohni) rozi qilish ham talab qilinmas.

85. Zulm qilganlar azobni ko'rganlarida (ya'ni, qiyomatda) ulardan (u azob) yengillatilmas va ularga muhlat ham berilmas.

86. (O'sha kuni) mushrik bo'lgan kimsalar o'zlarining keltirgan shirklarini ko'rgan vaqtlarida: "Ey, Rabbimiz! Anavilar Bizlar Seni qo'yib, sig'ingan ilohlarimiz", - deganlarida, (butlar bunga javoban): "Sizlar, haqiqatan, yolg'onchidirsizlar", - deb gap qoturlar.

87. Ular u Kunda Allohga (o'zlarini) taslim qilurlar va o'zlari to'qib olgan ("iloh")lari esa ulardan g'oyib bo'lur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:58:24



88. Kufrda bo'lgan va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarga buzg'unchilik qilganlari sababli azob ustiga azobni ziyoda qilurmiz.

89. Har bir ummat ichidan o'zlari uchun o'zlaridan bir guvohni (ya'ni, payg'ambarni) keltiradigan kunimizni eslang! Sizni esa (Ey, Muhammad), ana ular (o'z ummatingiz)ga guvoh qilib keltirurmiz. Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo'lgan Kitob (Qur'on)ni nozil qildik.

90. Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur. (U) eslatma olursizlar, deb sizlarga nasihat qilur.

91. Ahdlashganingizda, Allohga bergan ahdingizga vafo qilingiz! Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni (Alloh nomi bilan) mustahkam qilganingizdan keyin buzmangiz! Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur.

92. Sizlar bir jamoa boshqa bir jamoadan (son yo boylik jihatidan) ortiqroq bo'lgani uchun qasamlaringizni (buzib) uni aldov vositasi qilishingiz bilan xuddi o'zi to'qigan narsasini puxta bo'lganidan so'ng parchalab buzib tashlagan ayolga o'xshab qolmangiz! Albatta, Alloh bu bilan sizlarni sinab ko'rar va albatta, qiyomat kunida sizlarga ixtilof qilib yurgan narsalaringizni bayon (ajrim) qilib berur.

93. Agar Alloh xohlaganida, albatta, sizlarni bir ummat qilgan bo'lur edi. Lekin, U, o'zi xohlagan kimsalarni yo'ldan ozdirur va o'zi hohlagan kishilarni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilur. Albatta, qilib o'tgan amallaringizdan so'ralursizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:59:21



94. Qasamlaringizni o'zaro aldov vositasi qilib olmangiz! Aks holda (Islom yo'lida) mahkam o'rnashgan oyoq toyib ketur va Alloh yo'lidan to'sganingiz sababli yomonlik (balo va musibatlar)ni totib qolursizlar hamda (oxiratda) sizlar uchun ulkan azob bordir.

95. Allohning ahdini ozgina qiymatga sotib yubormangiz! Agar bilsangizlar, albatta, Alloh dargohidagi narsa (ajr-savob) sizlar uchun (dunyo matohlaridan) yaxshiroqdir.

96. Sizlarning huzurlaringizdagi narsa(lar) tugab ketur. Alloh dargohidagi narsa(lar) esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroylilari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.

97. Erkakmi yo ayolmi - kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga pok hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroyligi barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.

98. Qachonki, Qur'on o'qisangiz, albatta, quvg'in etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so'rangiz!

99. Albatta, imon keltirgan va faqat Parvardigorlariga tavakkul qiladiganlar ustidan u (shayton) uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir.

100. Uning hukmronligi faqat uni do'st tutib, Unga shirk keltiruvchilar ustidandir.

101. Qachonki, (Biz) bir oyat o'rniga boshqa bir oyatni almashtirsak, - holbuki, Alloh o'zi nozil qiladigan oyatlarni yaxshi biluvchidir - ular (payg'ambarga): "Haqiqatan, sen o'zing to'qib oluvchisan", - deydilar! Yo'q! Ularning ko'plari (buning hikmatini) bilmaydilar!

102. (Ey, Muhammad! Ularga) uni (ya'ni, Qur'onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo'lgan holida barhaq nozil qilganini ayting!.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 08:00:59



103. Aniqki, (Biz) ularning: "Unga (Muhammadga Qur'onni) biror odam o'rgatmoqda", - deyayotganlarini bilurmiz. (Lekin) ular ishora qilayotgan kimsaning tili ajamiy (arabiy emas), bu (Qur'on) esa aniq arabiydir.

Izoh: Payg'ambarimiz (a.s.) bir ajam, ya'ni arab bo'lmagan kishiga uning tilida Islomdan ta'lim berayotganini ko'rgan mushriklar "Muhammad Qur'onni balki shu odamdan o'rganib, bizga o'qib berayotgandir", - degan tuhmatni qilishganda, Alloh taolo "Sizlar aytayotgan odam ajam bo'lsa, Qur'on tili xolis arabiy bo'lsa, qanday qilib ajam Payg'ambarga bu kabi mo''jiza Qur'ondan ta'lim bera oladi?!" - deb raddiya bildirishmoqda.

104. Albatta, Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlarni Alloh hidoyat qilmas. Ular uchun alamli azob bordir.

105. Yolg'on so'zlarni faqat Alloh oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qurlar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir.

106. Kim Allohga imon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo'lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi imon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko'ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g'azab va ulkan azob bordir!


Izoh: Bu oyatlar imon yo'lida zahmat chekkan Ammor ibn G'sir to'g'risida nozil qilingan. Uni Islom dinidan qaytarish maqsadida qattiq qiynaganlar va Hubal ismli butga imon keltirsang qo'yib yuboramiz deganda, jonini saqlab qolish uchun ularning talabini bajargan. So'ng Rasul (a.s.) huzurlariga yig'lab borib: "Endi mening imonim nima bo'ldi?" - deb so'ganida, janob: "Agar dilingni imon bilan mustahkam qilib turib faqat tiling bilangina aytgan bo'lsang zarari yo'q", - deb marhamat qilganlar.

107. Bu (azob-uqubatlar)ga sabab ularning dunyo hayotini oxiratdan afzal bilishlari va Allohning kofirlar qavmini hidoyat qilmasligidir.

108. Ana o'shalar dillarini, quloqlarini va ko'zlarini Alloh muhrlab qo'ygan kishilardir va ana o'shalar g'ofillardir.

109. Shak yo'qki, oxiratda ziyon ko'ruvchilar ham o'shalardir.

110. So'ngra, albatta, Rabbingiz, fitnalarga duchor bo'lganlaridan keyin (Makkadan Madinaga) hijrat qilgan, so'ng (Alloh yo'lida) jihod qilib, (mashaqqatlarga) sabr qilgan zotlar uchun, albatta, Rabbingiz shulardan keyin (ularni) mag'firat qiluvchi va rahm etuvchidir.


Izoh: Jihod so'zining izohi uchun Niso surasi, 95-oyat va tavba surasi, 88-oyat izohlariga qaralsin.

Qayd etilgan