Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069149 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 63 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 08:02:15



111. Har bir jon (egasi) faqat o'zi uchun tortishadigan va har bir jon (egasi) qilgan amalining (mukofotini) zulm qilinmagan holda to'la oladigan Kunni (eslang).

112. Alloh bir shaharni (ya'ni, Makkani) misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu mo'l kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning ne'matiga noshukrlik qilgach, Alloh unga (aholisiga) bu "hunarlari" sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni totdirib qo'ydi.

113. Darhaqiqat, ularga o'zlaridan (chiqqan) bir payg'ambar kelganida, uni yolg'onchiga chiqarishgach, zolim bo'lgan hollarida ularni azob tutdi.

114. Bas, (ey, mo'minlar,) Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yenglar hamda, agar Allohga ibodat etuvchi bo'lsangizlar, Uning ne'matlariga shukr qilinglar!

115. U sizlarga o'limtikni, qonni, cho'chqa go'shtini va Allohdan o'zgaga atalib so'yilgan narsalarnigina harom qildi. Bas, kimki zulm qilmagan va haddan oshmagan holda zaruratga uchrasa (mazkur narsalardan o'lmagudek miqdorda yesa), bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

116. Alloh nomidan yolg'on to'qib, tillaringizga kelgan yolg'onni gapirib: "Bu halol, bu harom" deyavermanglar! Chunki, Alloh sha'niga yolg'on to'qiydigan kimsalar sira najot topmaslar.

117. (Unday kimsalar uchun dunyoda) ozgina rohat (bo'lur). (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.

118. (Ey, Muhammad,) yahudiy bo'lgan kimsalarga ilgari (An'om surasida) Sizga Biz so'zlab bergan narsalarni harom qildik. Biz ularga zulm qilmadik, balki ular o'zlariga (o'zlari) zulm qiluvchi bo'ldilar.


Izoh: Yana An'om surasi 119, 138, 146, 147, 148, 151-oyatlariga qaralsin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 08:09:43



119. So'ngra (bilingki), albatta, Rabbingiz, bilmagan holda gunoh qilib qo'yib, keyin tavba qilgan va o'zlarini tuzatgan kishilar uchun, shubhasiz, o'sha (tavbalari)dan so'ng Rabbingiz kechirimli va rahmlidir.

120. Albatta, Ibrohim Allohga itoat qiluvchi, haq yo'ldan chalg'imagan bir ummat (imom) edi. Mushriklardan emas edi.

121. (Allohning) ne'matlariga shukr qiluvchi edi. (Alloh) uni (payg'ambarlikka) tanlab, To'g'ri yo'lga hidoyat etdi.

122. Unga bu dunyoda ezgulik ato etdik. Albatta, u oxiratda ham solihlardandir.

123. So'ngra, (Ey, Muhammad,) Sizga haq yo'ldan chalg'imagan Ibrohimning diniga ergashing, u mushriklardan emas edi, deb vahiy yubordik.

124. "Shanba" (u kunni ulug'lash) faqatgina u kun haqida ixtilof qilgan kimsalarning (Isroil avlodining) zimmasiga (farz) qilingan edi. Albatta, Rabbingiz qiyomat kuni ularning o'rtasida o'zlari ixtilof qilib o'tgan narsalar to'g'risida hukm qilur.


Izoh: Ya'ni ularning shanba bilan juma kuni to'g'risidagi nizolarni Alloh taolo qiyomat kuni hal etur.

125. (Ey, Muhammad,) Rabbingizning yo'li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o'zi Uning yo'lidan chalg'igan kimsalarni yaxshi biluvchi va U hidoyat topganlarni ham biluvchiroqdir.

126. (Ey, imon keltirganlar,) agar intiqom olmoqchi bo'lsangizlar, u holda faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz! Agar (intiqom olmay) sabr qilsangizlar, albatta, bu sabr qiluvchi kishilar uchun yaxshiroqdir.

127. (Ey, Muhammad!) Sabr qiling. Sabr qilishingiz esa faqat Alloh (yordami) bilangina mumkindir. Ularga (ya'ni, mushriklarning qilmishlari sababli) g'amgin bo'lmang! Ularning makr qilishlaridan siqilmang ham!

128.  Zotan, Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:30:52

O’N BESHINCHI JUZ’
*************************



AL-ISRO SURASI

Isro - tunda sayr qildirish. Bu Islom tarixida mashhur hodisa bo'lib, Muhammad (a. s.) ning hijratdan bir yil oldin Makkadagi Masjidi Harom (Ka'ba)dan Qudsi sharifdagi Masjidi Aqsoga bir zumda sayr qilib yetib borishlari bilan izohlanadi. Surada Isroil avlodi haqida ham muhim tarixiy ma'lumotlar beriladi. Shuning uchun uni Bani Isroil surasi deb ham ataladi. Tavhid, imon, e'tiqod, ibodat, solih amallar, ota-onani rozi qilish kabi fazilatlarga targ'ib bilan bir qatorda shirk, kufr, ma'siyat, zulm kabi yomon sifatlardan xoli bo'lishga da'vat etuvchi oyatlar suradan joy olgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (O'z) bandasi (Muhammad)ga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul-Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo'ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir.

Izoh: Isro bilan me'rojning bir-biridan farqlash lozim. Isro - bu Muhammad (a. s.) ning Makkadan Qudsga - Aqso masjidiga borishlari. Me'roj Aqsodan osmonga ko'tarilib samoviy sayr qilib qaytganliklaridir. Shu me'roj kechasida musulmonlar zimmasiga besh vaqt namoz o'qish farz qilingan. Isro va me'roj kechasi har yili hijriy taqvim bo'yicha rajab oyining 27-kechasi diniy bayram sifatida nishonlanadi.

2. (Biz) Musoga Kitob (Tavrot)ni ato etdik va uni Isroil avlodi uchun hidoyat qilib (dedik): "Mendan o'zgani vakil qilib olmanglar!"

3. "(Ey,) Biz (g'arq bo'lishdan qutqarib,) Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari! Albatta, u ko'p shukr qiluvchi banda edi".

4. Shuningdek, Biz Isroil avlodiga Kitobda: "Sizlar, albatta, (Shomdek) zaminda ikki marta buzg'unchilik qilursizlar va katta tug'yonga ketursizlar", - deb xabar berdik.

5. Bas, qachonki, u (buzg'unchilik)lardan avvalgisining belgilangan vaqti kelganida, sizlarning ustingizga (jazolash uchun) kuch-quvvatga ega bo'lgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlima-hovli kezdilar. (Bu va'da) ado etiluvchi va'da edi.


Izoh: Ular Shom zaminida mazkur ikki buzg'unchilikdan birinchisiga qo'lurib, Armiyo payg'ambarni hibs, Zakariyoni qatl qilganlaridan keyin Allohning irodasi bilan ularni ustiga Bobil hukmdori mashhur mushrik Buxtinassirning qo'shinlari bostirib keladi va yurtni vayron qilib, Tavrotni kuydirib, 70000 nafar xalqini qirib tashlaydi. Boshqa rivoyatlarda Buxtinassir o'rniga Jolut yoki Naynavo hukmdori Sanjorib edi, deyiladi.

6. So'ngra (tavba qilganlaringizdan keyin) ularning (Bobil hukmdorining) ustidan g'alabani sizlarga qaytardik va sizlarga mol-dunyo va farzandlar bilan madad berib, adadingizni ko'paytirdik.

7. Agar (shundan keyin) ezgu ish qilsangizlar - o'zlaringizga ezgulik qilgan bo'lursizlar. Agar yovuzlik qilsangizlar ham o'zlaringiz uchundir. Bas, qachon keyingi (buzg'unchilikning) belgilangan vaqti kelganida, (ular yana) yuzlaringizni shuvut qilishlari, oldingi safar kirganlari kabi Masjid (Baytul-Maqdis)ga kirib, (uni toptashlari) uchun hamda o'zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (dushmanlaringizni yana ustingizga yuborurmiz).

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:32:31



8. (Agar tavba qilsangizlar), shoyad Rabbingiz sizlarga rahm qilsa. Agar (yana buzg'unchilikka) qaytsangizlar, biz ham (halok etishga) qayturmiz. Kofirlar uchun esa jahannamni zindon qilib qo'yganmiz.

9. Albatta, bu Qur'on eng to'g'ri yo'lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga katta mukofot borligi (haqida) bashorat berur.

10. Shuningdek, oxiratga ishonmaydiganlar uchun alamli azob tayyorlab qo'yganimizni(ng) ham ("bashorati"ni berur).

11. Inson (Allohdan) yaxshilik so'rab duo qilgani kabi (goho siqilgan paytlarida) yomonlik tilab ham duo qilur. Inson (mana shunday) shoshqaloqdir.

12. Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko'rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo'ydik. Kechaning belgisini o'chirdik. Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog'ini va hisobini bilishlaringiz uchun yorug'lik qilib qo'ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo'yganmiz.

13. Biz har bir insonning amalini bo'yniga kilib qo'ygandirmiz. Qiyomat kunida unga ochiq holda uchratadigan kitobni (Nomai a'molini) chiqarib berurmiz.

14. (Unga aytilur): "Kitobingni o'qi! Bugun o'z shaxsing o'zingga qarshi yetarli hisobchidir".

15. Kim hidoyat yo'liga yursa, bas, o'zi uchun yurar. Kim (hidoyat) yo'lidan chalg'isa, u ham o'z ziyoniga chalg'ir. Hech bir (yuk) ko'taruvchi (gunohkor shaxs) o'zga jonning yukini (gunohini) ko'tarmas. To payg'ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo'lmadik.

16. Biror shaharni halok qilishni istasak, undagi maishat ahlini (itoat etishga) buyuramiz va ular itoatsizlik qilishgach, u shahar (aholisi) ustiga (azob haqidagi) so'z muqarrar bo'lur. Bas, biz uni vayronaga aylantirurmiz.

17. Nuh (qavmi)dan keyin ham qancha avlodlarni halok qildik. Rabbingiz o'z bandalarining gunohlaridan yetarli xabardor va ko'ruvchidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:33:14



18. Kimki naqd (dunyo)ni istasa, Biz (shu dunyoda) O'zimiz istagan kimsalarga xohlaganimizcha naqd qilib berurmiz. So'ngra (oxiratda) jahannamni xor va zor bo'lgan holida toblanadigan joy qilib berurmiz.

19. Kimki oxiratni istasa va mo'minlik holida (o'z) sa'yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarni sa'ylari (Alloh nazdida) manzurdir.

20. (Ey, Muhammad,) barchaga - mana bu (mo'min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Rabbingizning ne'matidan ato eturmiz. Rabbingizning ne'mati (hech kimdan) man qilinmas.

21. (Bu dunyoda) ularning birlaridan birlarini (rizq va martabada) qanday ustun qilganimizni ko'ring! Shak yo'qki, oxirat darajalari kattaroq va afzalroqdir.

22. Allohga yana biror "iloh"ni qo'sha ko'rmang! Aks holda qoralanuvchi va mahrum bo'lib qolursiz!

23. Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Ey, inson, agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga "uf" demagin va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt!

24. Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik aanotini past tut va (duoda): "Ey, Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin", - deb ayt!

25. (Ey, insonlar,) Rabbingiz dillaringizdagi narsa (sir)laringizni yaxshi biluvchidir. Agar sizlar solih bo'lsangizlar, albatta, U tavba qiluvchilarni mag'firat etuvchidir.

26. Qarindoshga, miskin va yo'lovchiga (xayr ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'ymang!

27. Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o'ta noshukr edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:37:18



28. Agar siz Rabbingiz (tomoni)dan bo'ladigan marhamatdan umidvor holingizda ulardan (qarindosh, miskin va yo'lovchilardan) yuz o'giradigan (yordam bermaydigan) bo'lsangiz, u holda ularga yumshoq so'z ayting!

29. (Baxillik qilib) qo'lingizni bo'yningizga bog'lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda qolursiz.

30. Shubhasiz, Rabbingiz O'zi xohlagan kishilarning rizqini keng ham, tang ham qilur. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko'rib turuvchi zotdir.

31. (Ey, insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo'rqib o'ldirmangizlar - ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o'ldirish, shubhasiz, katta xatodir.

32. Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki u buzuqlik va yomon yo'ldir.

33. Alloh taqiqlagan jonni o'ldirmangiz, magar haq (shar'iy sabab) bilangina mumkin. Kimki zulman (ya'ni, nohaq) o'ldirilsa, Biz uning egasi (vorisi) uchun (qasos olishga) saltanat (huquq) berdik. Bas, u (qotilni) o'ldirishda haddan oshmasin! Zero, u yordam beriluvchi shaxsdir.


Izoh: Qasosda qotilni o'ldiriladi, lekin shu oliy jazoni adolatli ijro etish talab qilinadi. Masalan, botil qolib, boshqa shaxsni o'ldirmaslik, bir qotil evaziga bittadan ortiq kishini o'ldirmaslik yoki jazo asnosida jazolanuvchiga g'ayri insoniy qiynovlar bermaslik shart qilinadi.

34. Yetimning moliga, to u voyaga yetgunicha, yaqinlashmanglar, illo chiroyli yo'sinda bo'lsa mayli. Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd (Qiyomat kuni) so'raladigan ishdir.

35. (Savdo-sotiqda) o'lchagan vaqtlaringizda o'lchovni to'lato'kis qilinglar va to'g'ri tarozida tortinglar! Mana shu yaxshi va chiroyli yechim (hukm)dir.

36. (Ey, inson), o'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dil — bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur).

37. Yer yuzida kibrlanib yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog'larga yeta olmaysan.

38. Bularning barchasi Rabbingiz nazdida makruh bo'lgan gunoh(lar)dir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:37:49



39. (Ey, Muhammad), bu (oyatlar) Rabbingizning Sizga vahiy qilgan hikmatlaridan (ba'zilari)dir. Allohga boshqa biror "iloh"ni nisbat bermang! Aks holda malomatlangan va (Alloh rahmatidan) mahrum bo'lgan holda jahannamga tashlanursiz.

40. (Ey, mushriklar), Rabbingiz sizlarni o'g'illar bilan mumtoz etib, (O'ziga) farishtalarni qiz qilib olibdimi?! Darhaqiqat, sizlar og'ir so'zni so'zlamoqdasiz!

41. Albatta, bu Qur'onda ularning eslatma olishlari uchun (turli masal va hikmatlarni) bayon qildik. (Lekin bu eslatmalar) ularni yanada (haqdan) yiroqlashtirmoqda.

42. Ayting: "Agar ular aytganlaridek Alloh bilan birga (boshqa) ilohlar ham bo'lsa edi, u holda ular Arsh sohibi (Alloh) sari yo'l izlagan bo'lur edilar".


Izoh: Ya'ni Allohga yaqin do'st bo'lib, undan madad olish niyatida, uni izlagan bo'lur edilar.

43. Ular aytgan narsadan U pok va nihoyat darajada yuksakdir.

44. Yetti osmon, Yer va ulardagi bor jonzot Unga tasbeh aytur. Mavjud bo'lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur. Lekin sizlar ularning tasbehlarini anglamaysizlar. Darhaqiqat, U halim va kechirimli zotdir.

45. (Ey, Muhammad,) Ciz Qur'on qiroat qilganingizda, Biz Siz bilan oxiratga ishonmaydiganlar o'rtasiga yopiq parda tortib qo'yurmiz.

46. Shuningdek, (Qur'onni) anglay olmasinlar deb ularning dillarida to'siqlar va quloqlarida og'irlik (karlik) paydo qilurmiz. Qachonki, Siz Qur'onda yolg'iz Rabbingizni zikr qilsangiz, (mushriklar) orqalariga burilib keturlar.

47. Biz ularning Sizga (qiroatingizga) quloq tutayotgan paytlarida nima sababdan quloq tutayotganlarini va zolimlar o'zaro shivirlashib, (mo'minlarga): "Aniqki, sehrlangan va aqldan ozgan kishiga ergashmoqdasizlar", -deyayotganlarini juda yaxshi bilurmiz.

48. (Ey, Muhammad,) ular Sizning haqingizda (sehrlangan, majnun, shoir deb) qanday misol keltirganlarini, bas, adashib, so'ng yo'lni topa olmayotganlarini ko'ring!

49. Ular: "Suyak va (chirik) murdalarga aylanib ketgach, haqiqatan ham yangitdan yaralib, tirilurmizmi?!" - deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:38:46



50. Ayting: "Xoh tosh yo temir bo'linglar.

51. Yoki ko'ngillaringizda (tirilishi) qiyin bo'lgan boshqa biror maxluq bo'linglar, (bari bir Alloh sizlarni tiriltirur)". Hali ular: "Bizlarni kim qayta tiriltira olur?" - deydilar. "Sizlarni ilk bor yaratgan zot" deb ayting! Hali ular boshlarini chayqab: "U (kun) qachon bo'lur?" deb (so'raydilar). "Shoyadki yaqin bo'lsa" deb ayting!

52. "U sizlarni chorlaydigan kunda Unga hamd (aytish) bilan javob berursizlar va o'zlaringizning (dunyoda) oz (muddat)gina turganlaringizni o'ylab qolursizlar".

53. Bandalarimga aytingki, ular (o'zaro) go'zal (so'zlardan) so'zlasinlar. Zero, shayton ularning o'rtalarida buzg'unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga aniq dushmandir.

54. (Ey, insonlar,) Rabbingiz sizlarni yaxshi biluvchidir. Xohlasa sizlarga rahm qilur, xohlasa - sizlarga azob berur. (Ey, Muhammad, Biz) Sizni (odamlar) ustidan muakkal qilib yuborgan emasmiz.


Izoh: Ya'ni Sizni faqat ilohiy vahiy asosida Islom ta'limotini ummatingizga yetkazib qo'yish uchun yuborganmiz.

55. Rabbingiz osmonlar va Yerdagi bor jonzotni yaxshi biluvchidir. Haqiqatan, (Biz) ba'zi payg'ambarlarni ba'zilaridan afzal qildik va Dovudga Zaburni berdik.

56. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Uni (Allohni) qo'yib (iloh) deb gumon qilgan (ma'buda)laringizga iltijo etinglarchi, ular sizlardan biror zararni arita olarmikinlar va (uni) burib yubora olarmikinlar?!"

57. Ular (iloh deb) iltijo qilayotganlarning o'zlari ham Parvardigorga qaysi biridir yaqinroq bo'lishga yo'l izlaydilar. Uning rahmatidan umid qilurlar, azobidan esa qo'rqurlar. Darhaqiqat, Rabbingizning azobi qo'rqinchlidir.

58. (Yer yuzida) biror qishloq (shahar ahli) yo'qki, Biz ularni qiyomat kuni (kelishi)dan ilgari halok qiluvchi bo'lmasak yoki ularni qattiq azob bilan azoblovchi bo'lmasak. Bu hukm Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) bitilgandir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:39:43



59. (Ey, Muhammad, mushriklar so'ragan) mo''jizalarni yuborishdan Bizni faqat avvalgi (ummat)lar u (mo''jiza)larni yolg'onga chiqarganlarigina man etdi. Samud qabilasiga ochiq (mo''jiza sifatida) tuyani ato etganimizda, unga zulm etdilar. Biz mo''jizalarni faqat (odamlarni halokatdan) qo'rqitish uchungina yuborurmiz.

60. Eslang, (ey, Muhammad,) Sizga Rabbingiz (barcha) odamlarni (o'rab) ihota qilib olgandir, degan edik. Biz Sizga ko'rsatgan tushni va Qur'onda la'natlangan (Zaqqum nomli) daraxtni odamlar uchun faqat sinov qildik. Biz (mushriklarni shu kabi xabarlar bilan) qo'rqiturmiz, ammo bu ularning tug'yonlarini yanada kuchaytiradi, xolos.


Izoh: Bu oyatdagi Tush tafsiri turlicha bayon etilgan. Hanafiy mufassirlar Badr jangidan oldin ko'rgan tushlari deb izohlab, unda musulmonlar g'alabasi haqida bashorat berilgan edi, deydilar. Boshqa mazhablarga doir mufassirlar esa, bu tushdan maqsad me'roj voqealari, deb talqin etadilar. Shu ikki xil tafsirga binoan me'rojning uyg'oq holda yoki tushda kechganligi haqida ikki xil aqida paydo bo'lgan. Tushni me'roj deyilsa, Payg'ambarimiz (a. s.) jismonan emas, ruhan me'rojga chiqqan bo'ladilar. Tushni Badr jangidagi g'alaba deb olinsa, Rasululloh jismonan isro va me'rojda bo'lganlar, degan aqida kelib chiqadi. Biz - hanafiylar shu oxirgi, ya'ni, jismonan chiqqanliklarini tasdiqlaymiz. Makka mushriklariga Badr g'alabasi hamda Zaqqum daraxti to'g'risida gapirganlarida, ular Rasulullohni masxara qilganlar. Badr g'alabasiga ham ishonmaganlar, do'zax olovi ichida daraxt o'sishini ham inkor etganlar.

61. Eslang, (Biz) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (kibrlanib): "Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilamanmi?" - dedi.

62. U (yana shunday) dedi: "Menga xabar bergin-chi, mana shu kimsani mendan ko'ra mukarram qildingmi? Qasamki, agar meni Qiyomat kunigacha (tirik) qoldirsang, albatta, men uning zurriyotini qirib yuborurman (ya'ni, halokat yo'llariga burib yuborurman), faqat ozchiliklarigina (haq yo'lda) qolurlar".

63. (Alloh) aytdi: "Bor, (senga Qiyomatgacha muhlat berdim). Bas, ulardan kimki senga ergashsa, u holda, shubhasiz, jahannam sizlarga to'liq jazo bo'lur!

64. Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing (vasvasang) bilan qo'zg'at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, boyliklari va farzandlarida ularga sherik bo'l (ularni haromdan orttirishga unda), ularga (yolg'on) va'da ber!". Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov narsalarnigina va'da qilur.

65. "Mening (mustahkam, solih) bandalarim ustidan esa sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) bo'lmas! Parvardigoring yetarli vakolat egasidir".

66. (Ey, insonlar,) Rabbingiz Uning fazlidan (rizq) izlashlaringiz uchun sizlarga dengizda kemalarni yurgizib qo'ygan zotdir. Darhaqiqat, U sizlarga rahmlidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:41:02



67. Dengizda sizlarga biror musibat yetsa, sizlar iltijo qiladigan (ma'buda)lar g'oyib bo'lur, faqat Undan boshqa. Sizlarga najot berib quruqlikka chiqarib qo'ygach esa (Undan) yuz o'girursiz. Darhaqiqat, inson noshukrdir.

68. Sizlarni (U) quruqlik tomonidan (yerga) yuttirib yuborishi yoxud ustingizdan tosh yog'dirishi, so'ngra o'zlaringiz uchun biror vakil (saqlovchi) topolmay qolish (xavfi)dan xotirjammisizlar?!

69. Yoki U sizlarni yana (dengizga) qaytarib, ustingizga qattiq shamol yuborishidan, bas, kofir bo'lganlaringiz sababli g'arq qilishidan, so'ngra sizlarga Bizdan o'ch olib beruvchi topa olmay qolishdan ham xotirjammisizlar?!

70. Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik.

71. Biz barcha odamlarni o'z kitoblari (nomai a'moli) bilan chaqiradigan kun (Qiyomat)ni (eslangiz!) Bas, kimgaki kitobi o'ng qo'lidan berilsa, aynan o'shalar o'zlariga qilchalik zulm qilinmagan holda, kitoblarini o'qirlar.


Izoh: Nomai a'mol - ishlar bitigi. Ya'ni, yorug' dunyoda qilgan yaxshi - yomon ishlar farishtalar qo'li bilan bitib yurilgan ish daftari yoki kitobi. U faqat qiyomat kuni o'z egasiga beriladi.

72. Kimki, bu (dunyo)da ko'r (gumroh) ekan, bas, u oxiratda ham ko'r va butunlay yo'ldan ozuvchidir.

73. (Ey, Muhammad, mushriklar) Sizni Bizning sha'nimizga, (vahiydan) o'zga narsalarni to'qib chiqarishingiz uchun - Biz Sizga vahiy qilgan oyatlardan burib yuborishlariga oz qoldi. Xuddi o'shanda Sizni "do'st" qilib olmoqchi bo'ldilar.

74. Agar (Biz) Sizni (haq yo'lda) sobitqadam qilmaganimizda, ularga biroz moyil bo'lishingizga oz qolgan edi.

75. U holda, albatta, Biz Sizga dunyo (azobi)ni ham, oxirat (azobi)ni ham ikki hissa qilib tottirgan bo'lur edik, so'ngra Biz sari o'zingizga biror madadkor topa olmagan bo'lur edingiz.

Qayd etilgan