MARYAM SURASIMaryam - Imron qizi, Iso payg'ambarning onasi. Surada Maryamdan Iso (a. s.)ning otasiz tug'ilishlari, beshikda gapirganlari va boshqa mo''jizalari haqida oyatlar bo'lgani uchun u Maryam surasi deb atalgan. Surada payg'ambarlardan Zakariyo, Yahyo, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub, Muso, Horun, Idris, Nuh (a. s.)lar haqida ham oyatlar mavjud. Qolgan oyatlarda tavhid, imon, aqida, jannat, do'zax, oxirat, Allohning fazli, rahmati va mag'firati kabi ilohiy tushunchalar o'z ifodasini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod.
2. (Ey, Muhammad! Bu) Rabbingiz O'z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir.
3. Qachonki, u Parvardigoriga xufyona duo qilib,
4. degan edi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, mening suyaklarim mo'rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey, Rabbim, men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo'lgan emasman.
5. Meni ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug'mas bo'lib qolgan. Endi Sen O'z dargohingdan menga bir do'st (farzand) ber.
6. U menga va (bobom) Ya'qub xonadoniga merosxo'r bo'lsin va undan barchani rozi qilgin".
7. (Alloh aytdi): "Ey, Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo'lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz".
8. (Zakariyo) dedi: "Ey, Rabbim! Xotinim tug'mas bo'lib qolgan, o'zim esa keksalikni notavon holatiga yetib qolgan bo'lsam, menga farzand qayoqdan bo'lsin?"
9. (Alloh) aytdi: "Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men seni ilgari hech narsa bo'lmagan paytingda (ham) yaratgan edim-ku!"
10. "Ey, Rabbim! Men uchun (kampirim homilali bo'lganiga) biror belgi qilsang", - dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: "Senga belgi shuki, sog' bo'la turib, uch kecha (va kunduz)gacha odamlarga gapirmaysan".
11. Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohga) tasbeh aytishni ishora qildi. Izoh: Zakariyo vahiy bilan bildiki, tug'mas xotini homilador bo'lar ekan. Buning alomati esa payg'ambarning tili Tavrot o'qish, tasbeh aytishdan boshqasiga aylanmay qolar ekan. Shunday bo'ldi ham. Odamlar bilan faqat imo-ishora orqali gaplashib turdilar. Yahyo (a. s.) tug'ildilar. Unga Haq taolo go'daklik chog'idayoq vahiy yuborib, ilmu hikmat sohibiga aylantirdi.