Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 600191 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:05:08



31. Qachonki, elchilarimiz (farishtalar) Ibrohimga (farzand ko'rishi haqidagi) xushxabarni keltirishgach, aytdilar: "Albatta, bizlar mana shu qishloq ahlini halok qiluvchidirmiz. Chunki, uning aholisi zolimdirlar!"

32. (Ibrohim): "Axir, u yerda Lut bor-ku?" - dedi. Ular aytdlar: "Bizlar u joyda kim borligini biluvchiroqdirmiz. Albatta, bizlar uni (Lutni) va ahlini qutqarurmiz. Illo, uning xotini qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".

33. Qachonki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ular tufayli yuragi siqildi. Ular dedilar: "Qo'rqma va g'am chekma! Albatta, bizlar senga va ahlingga najot beruvchilardirmiz. Magar xotining qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".

34. Biz fosiq (itoatsiz) bo'lganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob (tosh) yog’diruvchidirmiz.

35. Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirgandirmiz.

36. Madyan (qavmi)ga o'z birodarlari Shuaybni (payg'ambar qildik). Bas, u aytdi: "Ey, qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor bo'lingiz hamda Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilib yurmangiz!"

37. Ular (Shuaybni) yolg'onchiga chiqarishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylandilar.

38. Od va Samud (qabilalarini ham halok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (xarobalardan) ko'rinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (haq) yo'ldan to'sdi. Holbuki, ular aql-idrokli kishilar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:05:38



39. Qorun, Fir'avn va Homonni ham (halok qildik). Muso ularga (payg'ambar ekaniga) hujjatlarni keltirganida, ular yer (yuzi)da kibrhavo qildilar va (lekin) o'zib ketuvchi bo'lmadilar.

40. Biz (ularning) har birini o'z gunohi bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yog’dirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yerga yuttirganlar va ular orasida Biz (suvga) g'arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga jabr qiluvchi bo'ldilar.

41. Allohdan o'zgalarni do'st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o'rgimchakka o'xshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, o'rgimchak inidir, agar bilsalar!

42. Albatta, Alloh ularning Uni qo'yib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir!

43. Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.

44. Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. Albatta, bunda mo'minlar uchun alomat bordir!

45. (Ey, Muhammad,) Sizga Kitob (Qur'on) dan vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni mukammal ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytarur! Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug'dir! Alloh qilayotgan ishlaringizni bilib turur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:06:26

YIGIRMA BIRINCHI JUZ’
*************************



46. (Ey, mo'minlar,) sizlar Kitob ahli bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustastnodirlar. Shuningdek, aytinglar: "Bizlar o'zimizga nozil qilingan (Qur'on)ga ham, sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham imon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz va sizlarning ilohingiz bir (Iloh)dir va bizlar Ungagina bo'yin sunuvchimiz".

47. (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Bas, Biz Kitob (Tavrot va Injil) ato etgan zotlar unga (Qur'onga) imon keltirurlar. Ana ular (Makka ahli orasi)da ham unga imon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlargina inkor qilurlar.

48. Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va o'z qo'lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg'unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo'lur edilar.


Izoh: Ya'ni, ular: "Muhammad yozuvchi bo'lgani uchun Qur'onni o'zi yozib chiqayotgandir", - deb shubha qilishlari mumkin edi.

49. Yo'q, u (Qur'on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir! Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilurlar.

50. Ular (kofirlar): "Unga (Muhammadga) ham Parvardigori tomonidan mo''jizalar tushganida edi", - dedilar. Ayting: "Mo''jizalar Allohning huzuridadir. Men esa faqat aniq ogohlantiruvchiman, xolos".

51. Axir ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat va eslatma bordir!

52. Ayting: "Alloh men bilan sizlarning o'rtangizda yetarli guvohdir. U osmonlar va Yerdagi bor narsani bilur. Botil narsaga (butlarga) imon keltirib, Allohga kofir bo'lganlar - ana o'shalar ziyon ko'ruvchilarning o'zidirlar!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:07:13



53. Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Agar belgilangan muddat (qiyomat kuni) bo'lmasa edi, albatta, ularga (darhol) azob kelgan bo'lur edi. (Kelganda ham), albatta, ular sezmagan hollarida to'satdan kelur.

54. Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Albatta, jahannam kofirlarni qamrab oluvchidir!

55. U kunda azob ularning ustilaridan ham, oyoqlarining ostidan ham o'rab olur va (Alloh) aytur: "Qilgan ishlaringizning jazosini totinglar!"

56. Ey, imon keltirgan bandalarim, albatta, Mening yerim kengdir. Bas, Mengagina ibodat qilingizlar!

57. Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir! So'ngra Bizga qaytarilursizlar.

58. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan anhorlar oqib turadigan ko'shklarga joylashtirurmiz. Ular u yerda mangu qolurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!

59. Ular sabr qilgan va yolg'iz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan zotlardir.

60. O'z rizqini ko'tara (topa) olmaydigan qanchalab jonzotlar bor. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizq berur. U eshituvchi va biluvchidir!

61. Qasamki, agar siz ulardan: "Osmonlar va Yerni yaratgan, quyosh va oyni (toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?" - deb so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", - derlar. Bas, (shunday ekan), qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

62. Alloh bandalaridan o'zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O'zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir!

63. Qasamki, agar siz ulardan: "Osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirilgan" zot kim?" - deb so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", derlar. Siz (ularga): "Allohga hamd!", -deb ayting! Yo'q, ularning aksariyati aql yurgizmaydilar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:12:16



64. Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o'yin kulgidir! Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir.

65. Qachonki, ular kemaga minsalar (g'arq bo'lishdan qo'rqib,) Allohga chin ixlos bilan iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh ularni quruqlikka chiqarib,) najot bergach, banogoh ular (Allohga yana) shirk keltirurlar.

66. Biz ularga ato etgan ne'matlarga noshukr bo'laversinlar va (shu dunyodagi hayotdan) "foydalanib" qolsinlar. Hali yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar!

67. Ular o'zlarining atroflaridagi odamlar qirg'inga uchrab turgan bir paytda, Biz (Makkani) osoyishta haram qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Nahotki, ular botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'mati (Islom)ni inkor etsalar?!

68. Alloh sha'niga yolg'on to'qigan yoki Haq (Qur'on) kelgan chog'da uni yolg'onga yo'ygan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Kofirlar uchun jahannamda joy bor emasmi?!

69. Bizning (yo'limiz)da jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O'z yo'llarimizga hidoyat qilurmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!


RUM SURASI


Surada VII asrning eng yirik davlatlari - Rum bilan Fors o'rtasida boshlangan jangda Rumning mag'lubiyatga uchragani, lekin yaqin kelajakda u g'alabaga erishishi to'g'risida xabar beriladi. Darhaqiqat, yetti yildan so'ng rumliklar forslar ustidan g'alaba qozonib, Qur'onning ilohiy mo'jizaligi yanada ravshanlashadi. Suraning boshqa oyatlarida yana ilohiy da'vat va ibratli qissalar davom ettiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Rum mag'lub bo'ldi

3. juda yaqin yerda. (Lekin) ular (ya'ni, rumliklar) bu mag'lubiyatlaridan so'ng, albatta, g'alaba qilurlar

4. bir necha yil ichida. Oldin ham, keyin ham ish Allohnikidir. O'sha kunda mo'minlar shodlanurlar.

5. Alloh madad bergani sababli. (U) xohlagan kishiga madad berur. U qudratli va rahmlidir!


Izoh: Forslarning rumliklar ustidan qozongan g'alabasi Makka mushriklarini shodlantirdi. Zero, Rumliklar nasroniy dinida bo'lib, ilohiy kitob Injilga amal qilar edilar. Musulmonlar ham ilohiy kitob - Qur'onga amal qilar edilar. Makka mushriklari musulmonlar ustidan kulib, ilohiy kitobga amal qiluvchilar bizga o'xshagan kitobsiz majusiylardan yengildilar, deb turganlarida mazkur xushxabar nozil qilindi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:30:26



6. (Bu) Allohning va'dasidir! Alloh O'z va'dasiga xilof qilmas. Lekin, ko'p odamlar bilmaslar.

7. Ular oxiratdan g'ofil (bexabar) bo'lgan hollarida faqat dunyo hayotining zohirinigina bilurlar.

8. Axir, ular o'zlaricha Alloh osmonlar va Yerni hamda ular orasidagi bor narsani faqat haq (hikmat) va belgilangan muddat bilan yaratganini tafakkur qilib ko'rmadilarmi?! Darhaqiqat, odamlarning aksariyati (qayta tirilib) Parvardigorlariga ro'baro' bo'lishni inkor qiluvchidirlar!

9. Axir, ular yer yuzida sayr etishib, o'zlaridan avvalgi payg'ambarlarni inkor qilib, imonsiz (ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! O'shalar bulardan (Makka kofirlaridan) ko'ra quvvatliroq bo'lgan va (o'z) yerlarini bular obod qilganidan ko'ra ko'proq ishlov berib, obod qilgan edilar-ku! Ularga ham o'z payg'ambarlari hujjatlar keltirganlar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar.

10. So'ngra (oxiratda) Allohning oyatlarini yolg'on deyish va ularning ustidan kulish bilan yomonlik qilgan kimsalarning oqibati yanada yomonroq bo'lur.

11. Alloh yaratishni boshlar, so'ngra uni (bu yaratishni qiyomatda) takrorlar. So'ngra (hisobkitob uchun) Unga qaytarilursizlar!

12. Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda jinoyatchilar noumid bo'lurlar.

13. (U kunda) ular uchun but-sanamlari (tomoni)dan oqlovchilar bo'lmas va ular but-sanamlarini inkor eturlar.

14. Qiyomat qoyim bo'ladigan kun - ana o'sha kunda (mo'minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar.

15. Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlargina ravza (jannat)da shodlanurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:31:00



16. Ammo kufr yo'lini tutgan va oyatlarimizni hamda oxirat muloqotini inkor etgan kimsalar - ana o'shalar (mangu) azobga hozir qilinurlar.

17. Bas, tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham Allohga tasbeh aytingiz!

18. Osmonlar va Yerdagi (bor) hamd Unikidir. Oqshomda ham, peshin paytiga kirishlaringizda ham (tasbeh aytingiz)!

19. (Alloh) o'likdan tirikni chiqarur, tirikdan o'likni chiqarur va yerni "o'lganidan" keyin (bahorda qayta) "tiriltirur". Sizlar ham (qiyomat kunida qabrlaringizdan) shu tarzda chiqarilursizlar.

20. Uning alomatlaridan (biri) - U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so'ngra sizlar basharga aylanib, (yer yuziga) tarqalishlaringizdir.

21. Uning alomatlaridan (yana biri) - sizlar taskin topishlaringiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratishi va o'rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.

22. Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir.

23. Uning belgilaridan (yana biri) - kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringizdir. Albatta, bunda eshitadigan qavm uchun alomatlar bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:31:50



24. Uning belgilaridan (yana biri) - sizlarga (momaqaldiroqdan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatishi va osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirishidir". Albatta, bunda aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir.

25. Uning belgilaridan (yana biri) - osmon va Yer Uning amri bilan (fazoda muallaq) turishidir. So'ngra (qiyomatda) U sizlarni (yotgan) yerlaringizdan bir bor chaqirishi bilan barchangiz birdan chiqursizlar.

26. Osmonlar va Yerdagi (bor) jonzotlar Unikidir. Hammasi Unga bo'yin sunur!

27. U ilk bor O'zi yaratib, so'ngra (qiyomat kuni) O'zi yana qayta yaratadigan zotdir. U zotga (bu) juda osondir. Osmonlar va Yerdagi eng oliy masal (yaratishdagi oliy namunalik) Unikidir. U qudratli va hikmatlidir.

28. (Alloh) sizlarga o'zlaringizdan bir misol keltirur: sizlar uchun qo'llaringiz egallagan (qul)laringizdan Biz sizlarga rizq qilib bergan mol-mulkka sherik bo'lib oluvchilar bormiki, sizlar unda barobar bo'lsangiz, holbuki, ulardan go'yo o'zlaringizdan qo'rqqanday qo'rqursizlar! Aql yurgizadigan qavm uchun oyatlarni mana shunday keng bayon qilurmiz!


Izoh: Ya'ni qo'l ostingizdagi qullaringiz sizlardagi boyliklarga va boshqa barcha imkoniyatlaringizga sherik bo'lib, ularga sizlardek ega bo'lib olishlarini xohlamaganingizdek, Alloh taolo ham o'z bandalarining ilohiyatda Unga sherik bo'lishlarini xohlamas. Ya'ni, shirk keltirishni U zinhor qabul etmas.

29. Yo'q, zolim kimsalar biror bilim (hujjat)siz havoyi nafslariga ergashdilar. Bas, Alloh yo'ldan ozdirgan kimsani kim hidoyat qila olur?! Ular uchun (oxiratda) yordam beruvchilar ham bo'lmas!

30. Bas, (ey, Muhammad,) yuzingiz (o'zingiz)ni doimo to'g'ri bo'lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o'sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o'zgartirish yo'q. Eng to'g'ri din shudir! Lekin ko'p odamlar bilmaslar.

31. Unga o'zingizni topshirgan hollaringizda (dinini mahkam tutinglar) va Undan qo'rqinglar hamda namozni mukammal ado etinglar, mushriklardan bo'lmanglar!

32. Ular (mushriklar) dinlarini bo'lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa o'z nazdilaridagi narsa bilan shoddirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:35:04



33. Qachonki, (dinsiz) odamlarga biror ziyon yetsa, Parvardigorlariga qaytib, unga iltijo qilurlar, so'ngra qachonki, (Alloh) ularga O'z tomonidan marhamatni tottirib qo'ysa, bexos ulardan bir guruhi Parvardigorlariga shirk keltira boshlaydilar.

34. Ular Biz ato etgan ne'matlarga noshukrlik qilaversinlar! Bas, (ey, mushriklar,) foydalanib qolinglar! Bas, yaqinda (haqiqatni) bilib olursizlar!

35. Yoki Biz ularga (osmondan) ularning shirk keltirishlarini (to'g'ri deb) so'zlaydigan biror hujjat nozil qildikmi?!

36. Qachonki, Biz odamlarga biror marhamat tottirsak ular bundan shodlanadilar. Agar o'z qilmishlari sababli ularga biror yomonlik (musibat) yetsa, birdaniga ular noumid bo'la boshlaydilar.

37. Allohning xohlagan kishilar rizqini farovon qilishi va (boshqalar rizqini) tang qilishini ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiruvchi qavm uchun alomatlar bordir!

38. Bas, qarindosh haqqini ado eting! Miskin va musofir haqqini ham. Ana shu Allohning "yuzi"ni istaydiganlar uchun yaxshidir! Aynan o'shalar iqbollidirlar!

39. Odamlarning mol-mulki ko'paysin deb sizlar bergan ribo (foiz)laringiz, Alloh nazdida (hech narsani) ko'paytirmaydi! Allohning "yuzi"ni maqsad qilib bergan zakotingiz esa, bas, aynan o'shalar ko'paytiruvchilardir!


Izoh: Ya'ni berilgan zakot boylikni kamaytirish o'rniga unga baraka kiritadi.

40. Alloh - sizlarni yaratgan, so'ngra sizlarni rizqlantirgan, so'ngra vafot ettiradigan, so'ngra (qiyomatda) tiriltiradigan zotdir! (Keltirayotgan) shirklaringiz ichida shu (mazkur)lardan birortasini qila oladigani bormi?! Alloh ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir!

41. Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg'unchilik paydo bo'ldi. Bu ularning (o'z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:35:49



42. Ayting: "Yerda sayr qilinglar, bas, oldingilar oqibati ne bo'lganini ko'ringlar! Ularning aksariyati mushriklar edi.

43. Alloh (tomoni)dan qaytarilishi bo'lmaydigan Kun kelmay turib, to'g'ri din (Islom)ga yuzingizni to'g'rilang! O'sha kunda (odamlar turli xillarga) bo'linurlar.

44. Kimki kofir bo'lgan bo'lsa, bas, kufri o'ziga! Kimki solih (amal) qilgan bo'lsa, bas, o'zlari uchun oldini olgan bo'ladilar.

45. (Bu) imon keltirib, solih (amal)larni qilganlarni O'z fazlidan mukofatlashi uchundir. U kofirlarni suymas.

46. Uning belgilaridan biri (yomg'ir ёg'ishidan) xushxabar beruvchi, Uning rahmati (yomg'iri)dan sizlarni bahramand etishi uchun, Uning amri bilan kemalar suzishi uchun, Uning fazli (rizqi)dan istashlaring va shukr qilishlaringiz uchun shamollarni yuborishidir.

47. Sizdan oldin ham payg'ambarlarni o'z qavmlariga yuborganmiz. Bas, (elchilarimiz) ularga hujjatlarni keltirganlar. Jinoyatchilardan esa intiqom (o'ch) olganmiz. Bizning zimmamizda mo'minlarga madad berish haqqi bordir.

48. Alloh shunday zotki, (U) shamollarni yuborib, bulutlarni qo'zg'aydi, bas, uni osmonda xohlaganicha yoyadi va uni bo'lak-bo'lak qilgach, uni orasidan yomg'ir chiqishini ko'rasiz. Bas, qachonki uni (yomg'irni) O'z bandalaridan xohlagan kishisiga yetkazganda, ular birdan shodlanib keturlar,

49. garchi oldin ularga (yomg'ir) yog'may turganda ular noumid bo'lsalar ham.

50. Allohning rahmati (yomg'iri) asoratlariga boqing - yerni "o'lgani"dan keyin qanday qilib uni "tiriltiradi"! Albatta, U (Alloh) o'liklarni tiriltiruvchi va U har narsaga qodirdir.

Qayd etilgan