Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 586812 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:49:19



16. (Ey, Muhammad,) ayting: "Agar sizlar o'lishdan yo o'ldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga sira foyda bermas, demak, sizlar hayotdan juda oz foydalanursizlar".

17. Ayting: "Agar Alloh sizlarga yomonlikni iroda etsa, sizlarni kim undan asray olur yoki U sizlarga marhamatni iroda qilsa (kim uni to'sa olur)?!" Ular o'zlariga Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham topa olmaslar.

18. Alloh sizlarning orangizdagi (jihodga) to'sqinlik qiladigan va o'z do'stlariga: "Biz tomonga o'tinglar", - deydigan kimsalarni aniq bilur. Ular jangga kamdan-kam kelurlar.

19. (Bu) sizlarga nisbatan baxilliklaridir. Bas, qachonki, (yov tomonidan) xavf kelsa, siz ularni o'lim o'rab behush bo'lgan kimsa kabi ko'zlari o'ynab, siz tomonga qarayotganlarini ko'rasiz. Bas, qachonki, xavf ketsa, ular yaxshilik (o'ljalar) ustida ochko'zlik qilib, sizlarni o'tkir tillar bilan ranjiturlar. Ular imon keltirmaganlar, bas, (shu sababli) Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi. Bu Allohga osondir.

20. Ular (munofiqlar) u firqalarni (yovni) ketmagan deb o'ylaydilar va agar u firqalar (qaytib) kelib qolsalar, ko'chmanchi badaviylar orasida bo'lib, sizlardan xabar so'rab turishni istaydilar. Agarda ular sizlarning orangizda bo'lganlarida ham kamdan-kam jang qilgan bo'lur edilar.


Izoh: Ya'ni munofiqlarning qo'rqoqliklari fosh qilinmoqda. Mazkur oyatlarda hijratning 5-yili kechgan Xandaq jangi to'g'risida so'z yuritiladi. Makka va Madina mushriklaridan iborat turli firqalar Madinaga musulmonlar ustiga bostirib kirmoqchi bo'lganida, Salmoni Forisiy nomli sahobiy maslahati bilan Madina tevaragiga xandaq kovlangani va yov qo'shinlari unga qulab halok bo'lgani to'g'risida Islom tarixida keng ma'lumotlar mavjud.
 
21. (Ey, imon keltirganlar,) sizlar uchun - Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir.

22. Mo'minlar firqalarni (yovni) ko'rgan vaqtlarida: "Bu Alloh va payg'ambari bizlarga va'da qilgan narsadir (imtihondir). Alloh va payg'ambarining so'zi rostdir", - dedilar va (bu) ularning imon va itoatlarini yanada ziyoda qildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:51:09



23. Mo'minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir. Bas, ulardan o'z ahdiga vafo qilgani (shahid bo'lgani) va ulardan (shahid bo'lishni) kutayotgani bordir. Ular (ahdu paymonlarini) o'zgartirganlari yo'q.

24. Alloh (ahdiga) sodiq kishilarni sadoqatlari sababli mukofotlash uchun, munofiqlarni esa, agar xohlasa, azobga giriftor etish yoki tavbalarini qabul qilish uchun (mazkur sinovni o'tkazdi). Alloh mag'firatli va mehribon zotdir.

25. Alloh kofirlarni darg'azab hollarida qaytardi. Ular biror yaxshilik (foyda)ga erishmadilar. Alloh mo'minlarga jang to'g'risida kifoya qildi (mo'minlarni jangsiz g'olib qildi). Alloh kuchli va qudratli zotdir.

26. U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni (Alloh) o'z qal'alaridan tushirdi va dillariga qo'rquv soldi. (Ulardan) bir guruhni o'ldirursizlar, bir guruhni asir olursizlar.

27. Sizlarni ularning yerlariga, maskanlariga, mol-mulklariga va oyoqlaringiz yetmagan yerlariga voris qildi. Alloh har narsaga qodir zotdir.

28. Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga ayting: "Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo'lsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (o'sha narsalar bilan) bahramand qilay va yaxshilab kuzatay (taloq qilay).

29. Agar Allohni, Uning payg'ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo'lsangizlar, u holda Alloh sizlarning orangizdagi chiroyli amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot (jannat)ni tayyorlab qo'ygandir".

30. Ey, Payg'ambar ayollari, sizlardan kim aniq fahsh ishini qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar ziyoda qilinur. Bu Allohga osondir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:52:01

YIGIRMA IKKINCHI JUZ’
*************************



31. Sizlardan kim Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va ezgu amal qilsa, Biz uning mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun farovon rizq (jannat)ni tayorlab qo'ygandirmiz.

32. Ey, Payg'ambar ayollari, agar taqvodor bo'lsangizlar, (o'zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsizlar. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so'z qilmanglarki, aks holda qalbida buzuqlik bo'lgan kimsa ta'ma qilib qolur. Yaxshi (to'g'ri) so'zni so'zlangizlar!

33. O'z uylaringizda qaror topinglar, (ko'chaga chiqqanlaringizda esa) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangizlar! Namozni mukammal ado etinglar, zakotni beringlar hamda Alloh va Uning payg'ambariga itoat etinglar! Ey, (Payg'ambarning) xonadon ahli, Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos.

34. Uylaringizda Allohning tilovat qilinadigan oyatlari va hikmat (ya'ni, payg'ambar hadislari)ni zikr qilinglar! Albatta, Alloh lutfli va ogoh zotdir.

35. Albatta, muslim va muslimalar, mo'min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu'li (kamtar) erkaklar va tavozu'li ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi erkaklar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr qiluvchi ayollar - ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofot (ya'ni, jannat)ni tayyorlab qo'ygandir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:52:55



36. Alloh va Uning payg'ambarlari bir ishni hukm qilganda - hech bir mo’min va mo’minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo'lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi.

37. (Ey, Muhammad,) eslang, Allohning va Sizning in'omingizga erishgan (Zayd ibn Horisa)ga: "Juftingni o'zingga saqlagin (taloq qilishga shoshmagin), Allohdan qo'rqqin", - deb, Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo'rqishga haqliroq bo'lgan holingizda, Siz odamlardan (ta'nalaridan) qo'rqqan edingiz. Bas, qachonki, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo’minlarga asrandi bolalari o'z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida tanglik bo'lmasligi uchun (shunday) qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir.

38. Allohning payg'ambarga farz (halol) qilgan narsada unga tanglik bo'lmas. (Bu) ilgari o'tgan (payg'ambarlar) haqidagi Allohning yo'lidir. Allohning ishi o'lchovli taqdirdir.

39. Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo'rqadigan va Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning O’zi yetarli hisobdondir.

40. Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.


Izoh: Bu yerda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni "Payg'ambarlarning muhri" deb atagan. Zero, har bir muhim yozma ish so'ngida muhr bosilgani kabi Payg'ambarimiz ham oxirgi payg'ambar bo'lganlari va endilikda to qiyomatgacha boshqa payg'ambar kelmasligi aniq bo'lgani uchun payg'ambarlar kitobiga muhr bosilgandek bo'ldi.

41. Ey, imon keltirganlar, Allohni ko'p zikr qilinglar

42. va erta-yu kech Unga tasbeh aytinglar!

43. U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko'rsatadigan zotdir. Uning farishtalari ham (sizlarga mag'firat tilaydilar). U mo’minlarga mehribondir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:54:42



44. Unga (Allohga) ro'baro' bo'ladigan kundagi ularga (Allohning) istiqbol so'zi salomdir. Ular uchun ulug' mukofot (jannat) tayyorlab qo'ygandir.

Izoh: Ya'ni, Alloh mo’min bandalariga jannatda "Assalomu alaykum" deb salom bilan kutib olajak, inshoallohu taolo.

45. Ey, Payg'ambar, darhaqiqat, Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh bo'luvchi, (jannat xaqida) xushxabar beruvchi va (do'zax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik.

46. Allohning izni bilan Unga (diniga) da'vat qiluvchi va (yo'l ko'rsatuvchi) nurli chiroq qilib ham.

47. Alloh tomonidan berilajak katta fazl (jannat) haqida mo’minlarga xushxabar bering!

48. Kofirlar va munofiqlarga bo'yin sunmang va ularning aziyatlariga parvo qilmang hamda Allohga tavakkul qiling! Allohning O’zi yetarli vakil (homiy)dir.

49. Ey, mo’minlar, qachonki, sizlar mo’minalarni nikohlaringizga olsangizlar-u, so'ngra ularga "tegish"dan ilgari ularni taloq qilsangizlar, u holda sizlar uchun ularning zimmasida sanaydigan idda yo'qdir. Bas, sizlar ularni (ozgina) bahramand etib, chiroyli kuzatish bilan kuzatinglar!

50. Ey, Payg'ambar, albatta, Biz Sizga mahrlarini bergan juftlaringizni, Alloh Sizga o'lja qilib bergan qo'l ostingizdagi cho'rilaringizni, Siz bilan birga hijrat qilgan amakingizning qizlarini va ammalaringizning qizlarini, tog'angizning qizlarini va xolalaringizning qizlarini yana (har qanday) mo’mina ayolni - agar u o'zini payg'ambarga tortiq etsayu, payg'ambar uni (mahrsiz) o'z niqohiga olishni istasa, (mazkur ayollarni Siz uchun) halol qildik. (Mahrsiz uylanish barcha) mo’minlar uchun emas, xolis siz uchundir. Biz (mo’minlarga) juftlari va qo'l ostilaridagi cho'rilari haqida farz qilgan hukmlarimizni esa aniq bildik. Bu Sizga tanglik bo'lmasligi uchundir. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:55:22



51. Siz ulardan o'zingiz xohlagan ayolni qoldirib, o'zingiz xohlagan ayolni o'zingizga hamxona qilursiz. O’zingiz chetlatgan ayollaringizdan birortasini (hamxonalikka) istasangiz, Sizga hech qanday gunoh bo'lmas. Bu ularning ko'zlari quvonishiga, g'amgin bo'lmasliklariga va Siz ularga ato etgan narsaga barchalari rozi bo'lishlariga yaqinroq (yo'l)dir. Alloh sizlarning dillaringizdagi narsani (ham) bilur. Alloh bilimdon va halimdir.

52. (Ey, Muhammad,) Siz uchun bundan so'ng ayollar (ya'ni, uylanishingiz) halol bo'lmas. Garchi (boshqa xotinlarning husni Sizni qiziqtirsa ham ularni (o'z ayollaringizga) almashtirish ham (halol bo'lmas). Illo, Siz ega bo'lgan cho'rilar (haloldir). Alloh barcha narsa ustidan kuzatib turuvchi zotdir.

53. Ey, imon keltirganlar, Payg'ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina kiringlar. (O’shanda ham) unga erishishga ko'z tutib turmangizlar, balki chaqirilganingizda kiringiz va taomdan so'ng gapga berilib ketmay, tarqalingiz! Zero, bu Payg'ambarga ozor berur, u esa sizlardan iymanar. Alloh haq (gap)dan tortinmas. Qachonki, sizlar ulardan (payg'ambar ayollaridan) biror narsa so'rasangizlar, parda ortidan so'rangizlar! Mana shu sizlarning dillaringiz va ularning dillariga nisbatan ham tozaroq (ish)dir. Sizlar uchun Allohning payg'ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz hech mumkin emasdir. Chunki, bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir.

54. Agar sizlar biror narsani oshkor qilsangizlar yoki yashirsangizlar ham, albatta, Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:57:11



55. (Payg'ambar ayollari) o'z otalariga, o'g'illariga, og'a-inilariga, og'a-inilarining o'g'illariga, opa-singillarining o'g'illariga, (mo'mina) ayollarga va qo'l ostilaridagi cho'rilarga (hijobsiz ko'rinishlarida) ularga gunoh yo'qdir. (Ey, payg'ambar ayollari), Allohdan qo'rqingizlar! Albatta, Alloh barcha narsaga guvohdir.

56. Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg'ambarga salavot ayturlar. Ey mo’minlar, (sizlar ham) unga salavot va salom aytinglar!

57. Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga ozor beradigan kimsalarni Alloh dunyoda ham, oxiratda ham la'natlar va ular uchun xor qiluvchi azobni tayyorlab qo'ygandir.

58. Mo'min va mo'minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo'hton va aniq gunohni o'zlariga olibdilar.

59. Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga, qizlaringizga va mo'minlarning xotinlariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini tashlab olsinlar! Mana shu ularning (kim ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (uslubdir). Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.

60. Qasamki, agar munofiqlar, dillarida buzuqlik bo'lgan kimsalar va Madinada mish-mish tarqatib yuruvchilar (o'z qilmishlaridan) tiyilmasalar, albatta, Biz Sizni ularga qarshi qo'zg'aturmiz, so'ngra ular (Madinada) ozchilikdan boshqasi Siz bilan yonma-yon tura olmay qolurlar,

61. la'natga duchor bo'lgan hollarida. (U paytda) ular qayerda topilsalar, ushlanurlar va qirib tashlanurlar.

62. (Bu) ilgari o'tgan zotlar xususidagi Allohning yo'lidir. Allohning yo'lini esa sira o'zgartirilgan topmassiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:58:21



63. Odamlar Sizdan qiyomat (qachon bo'lishi) haqida so'raydilar. "U haqdagi ma'lumot faqat Allohning huzuridadir", - deb ayting. Qayerdan bilursiz, ehtimol, qiyomat yaqinda bo'lar.

64. Albatta, Alloh kofirlarni la'natladi va ular uchun do'zaxni tayyorlab qo'ydi.

65. (Ular) na biror do'st va na biror yordamchi topmagan hollarida u joyda mangu qolurlar.

66. Yuzlari olovda aylantiriladigan kunda, ular: "Koshki edi, Allohga itoat etganimizda, payg'ambarga itoat etganimizda", - derlar.

67. Yana ular: "Parvardigoro, darhaqiqat, bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga bo'yin sundik, bas, ular bizlarni (to'g'ri) yo'ldan ozdirdilar.

68. Parvardigoro, ularga azobni ikki hissa qilib bergin va ularni katta la'nat bilan la'natlagin", - deydilar.

69. Ey, mo'minlar, sizlar Musoga ozor bergan kimsalar kabi bo'lmangizlar! Bas, Alloh (Musoni) ular aytgan narsa (ayblar)dan oqladi. U Alloh nazdida obro'li kishi edi.

70. Ey, mo’minlar, Allohdan qo'rqinglar va to'g'ri so'zlanglar!

71. (Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi.

72. Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog'larga taklif etdik, ular uni ko'tarishdan bosh tortdilar va undan qo'rqdilar. Inson esa uni o'z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o'ziga) zulm qiluvchi va nodondir.

73. Alloh munofiq va munofiqalarni, mushrik va mushrikalarni jazolash uchun hamda mo’min va mo'minalarning tavbalarini qabul qilish uchun (bu omonatni yukladi). Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:59:22



SABA' SURASI   

Saba' - Yaman diyoridagi qadimiy shahar nomi. Unda Bilqis ismli malika hukmronlik qilgani va Sulaymon (a. s.) bilan o'rtalarida kechgan mojarolar to'g'risida Naml surasida bayon qilingan edi. Bu surada mazkur Saba' qabilasining noshukurliklari sababli noz-ne'matlardan mahrum bo'lganlari to'g'risida oyatlar kelgani uchun unga shu nom berilgan. Surada Dovud va Sulaymon (a. s.) qissalari, haq bilan botilning o'zaro kurashi, ezgulikka berilajak ajru savoblar, yovuzlikka atalgan uqubat va jazolar to'g'risida ham batafsil ma'lumotlar berilgan. Ayniqsa, jin, dev, parilar ham inson kabi g'aybiy sirlarni mukammal bilmasligi haqida ibratli voqealar ushbu surada o'z aksini topgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir.

2. U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir.

3. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir".

4. Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir.

5. Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir.

6. (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:00:48



7. Kofir bo'lgan kimsalar derlar: "Sizlarga (chirib) titilib bo'lak-bo'lak bo'lib ketgan vaqtingizda, albatta, sizlar yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko'rsataylikmi?

8. U Alloh sha'niga yolg'on to'qidimi yoki unda jinnilik bormi?" - dedilar. Yo'q, (balki) oxiratga ishonmaydiganlar azobda va (hidoyatdan) uzoq zalolatdadirlar.

9. Axir, ular oldilaridagi va ortlaridagi (atroflaridagi) narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki ustilariga osmondan parchalar tushirurmiz. Albatta, bunda har bir (Allohga) qaytuvchi banda uchun dalolat bordir.

10. Biz Dovudga (ulug') fazl (martaba) ato etdik: "Ey, tog'lar va qushlar! (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!" Va uning uchun temirni (xamirdek) muloyim qilib qo'ydik.


Izoh: Demak, Dovud (a. s.)ga Alloh taolo payg'ambarlikdan tashqari yana xush ovoz va temirchilik ne'matlarini ato etganki, Zabur kitobini tilovat qilganlarida qush-tuyurlar ham maftun bo'lib, unga jo'r bo'lar, atrofdagi tog'u toshlar ham aks sado berib tilovatga qo'shilishar, tasbehni birga aytishar ekan. Ikkinchi ne'mat-temirchilikda ham mislsiz imtiyozli bo'lganlaridan qo'llaridagi temir xamirdek erib, undan xohlagan asbobni yasay olar ekanlar.

11. (Va unga dedik): "Sovutlar yasagin va (ularni) yasashda me'yorni bilgin! (Ey, Dovud oilasi), yaxshi amal qilinglar! Zero, Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman".

12. Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'yin sundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni bilan uning qo'l ostida ishlaydigan (jin)larni (bo'ysundirib qo'ygandirmiz). Ulardan kim Bizning amrimizdan chetlasa, Biz unga o't azobidan tottirib qo'yurmiz.

13. Ular (Sulaymonga misdan u) xohlagan narsalarni - mehroblar (ibodatxonalar), timsollar (haykallar, suratlar), hovuzlar kabi (katta) laganlar va (o'choqlarga) o'rnashuvchi qozonlarni yasab berurlar. "(Ey), Dovud oilasi, (bu ne'matlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilinglar! Bandalarim orasida shukr qiluvchisi ozdir".

14. Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar.


Izoh: Sulaymon (a. s.)ga Alloh taolo insu jin, parrandayu darrandalar ustidan podshohlik qilish ne'matini ato etgan bo'lib, bir mis buloq ham u kishiga musaxxar etib bo'yinsundirib qo'yilgan ekan. Payg'ambar itoatidagi jinlar o'sha buloqdan mis eritmasini olib, Sulaymon (a. s.) aytgan buyum va shakllarni yasar ekanlar. Mazkur oyatda jinlarning g'aybiy sirlardan hamisha ogoh bo'lavermasliklari isbotlangan. Zero, agar ular g'aybni bilganlarida Sulaymon (a. s.)ning asoga suyangan holda vafot etganidan voqif bo'lar va majburiy qilayotgan og'ir ishlarini to'xtatgan bo'lur edilar. Vaholanki, ular payg'ambar asosini qurt yeb, yerga qulab tushganlaridan keyingina xabar topdilar. Shunday qilib, Sulaymon (a. s.) o'lib, devlar mehnatdan qutilgan ekanlar.

Qayd etilgan