Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 647358 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 63 B


Muslimа  19 Noyabr 2007, 10:22:17



78. Ular (Ahli kitoblar)ning yana bir guruhi sizlar Kitobdan (Tavrotdan) bo'lmagan narsani Kitobdan deb o'ylashlaringiz uchun Kitobni tillarini burab (o'zgartirib) o'qiydilar hamda uni "Alloh huzuridan" deydilar. Aslida esa u - Alloh huzuridan emas. Ular bila turib, Alloh nomidan yolg'on so'zlaydilar.

79. Hech bir insonga Alloh Kitob, Hikmat va payg'ambarlik berganidan keyin uning odamlarga: "Allohni qo'yib, menga banda bo'linglar!" - deyishi mumkin emas, balki ularga "Kitobdan ta'lim beradigan va o'zingiz ham o'rganadigan rabboniy (Parvardigorga sig'inuvchi) kishilardan bo'lingiz!" (deyishi joizdir.)   

80. (O'sha payg'ambar) sizlarga farishtalar va payg'ambarlarni ma'bud qilib olishingizni ham buyurmaydi. Axir, musulmon bo'lganingizdan keyin sizlarga kufrga qaytishingizni buyurarmidi?!   

81. Eslang (ey, ahli kitoblar,) Alloh (payg'ambarlardan) ahd olgan: "Men sizlarga Kitob va Hikmat bergan bo'lsam, sizlardagi (Kitob)ni tasdiq etuvchi bir payg'ambar (Muhammad) kelganda, albatta, unga imon keltirasiz va yordam berasiz!" (Alloh): "Tan oldingizmi va mazkur ahdnomani shu shart bilan qabul qilasizmi?" - deganida, ular: "Tan oldik",- deb javob berdilar. Alloh dedi: "Guvoh bo'lingiz! Men ham sizlar bilan birga guvohlardandirman".

82. Bas, kim shundan (ahdidan) keyin yuz o'girsa, ana o'shalar fosiqdirlar.

83. Allohning (haq) dinidan o'zga dinni istaydilarmi?! Vaholanki, osmonlaru Yerdagi barcha zotlar (farishtalar, insu jinlar) xoh ixtiyoriy, xoh majburiy Unga bo'yin sungandir va Uning huzuriga qaytarilurlar.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 10:30:37



84. Ayting (ey, Muhammad): "Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qur'on)ga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha payg'ambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz".

85. Kimki Islomdan o'zga dinni istasa (ixtiyor etsa), undan (u) sira qabul qilinmagay va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir.

86. Imon keltirib, Payg'ambarning barhaqligiga guvohlik berganlaridan va ularga hujjatlar kelganidan keyin kofir bo'lganlarni Alloh qanday (qilib) hidoyatga yo'llasin?! Alloh zolimlar qavmini hidoyatga yo'llamaydi.   

87. Ana o'shalarning jazosi - Alloh, farishtalar va barcha odamlarning ularga la'nat aytishidir.

88. Ular unda (la'nat yoki do'zaxda) abadiy qoluvchilardir, ularning azoblari yengillashtirilmas va kechga ham surilmas.

89. Illo, shundan (kufrdan) keyin tavba qilib, (xatolarini) tuzatsalar, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.   

90. Albatta, imon keltirganlaridan keyin (yana) kufrga ketgan, so'ngra kufrda mustahkamlangan kimsalarning tavbalari sira qabul qilinmas. Ana o'shalar adashgan (gumroh)lardir.

91. Albatta, kofir bo'lgan va kofirliklaricha o'lganlarning birortasi agar yer yuzi to'la oltinni badal sifatida bersa ham, aslo qabul qilinmas. Ana o'shalarga alamli azob boru, yordamchilar yo'qdir.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 10:39:30



92. Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilik (jannat)ga yeta olmaysizlar. Nimaiki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir.

Izoh:Oyatdagi yaxshilik so'zini haqiqiy yaxshilik, savob, jannat yoki haqiqiy taqvo maqomi kabi mazmunda tushunish lozim bo'ladi.

93. Tavrot nozil bo'lmay turib, Isroil (Ya'qub) o'ziga harom qilgan narsa (tuya go'shti bilan suti)dan boshqa barcha taomlar Isroil avlodiga halol edi. "Agar o'zlaringizni (buni inkor etishda) rostgo'y deb bilsangiz, Tavrotni keltirib, o'qib ko'ringiz", - deb ayting.

Izoh:Bu musulmonlar tuya go'shti va sutini iste'mol qilganlari tufayli yahudiylarning qilgan ta'nalariga javoban nozil bo'lgan oyatdir. Isroil (Ya'qub) payg'ambar faqat o'zlari uchun istisno sifatida tuya go'shti va sutini harom qilganlar. Bunga ikki sabab ko'rsatilgan. Birinchisi - Ya'qub (a.s.) bir og'ir kasallikka uchraganlarida, "Agar sog'ayib ketsam, o'zimga eng yoqimli bo'lmish tuya go'shti va sutini iste'mol qilmaslik yo'li bilan nafsimni qiynayman", - deb nazr qilganlar. Nazr esa qasamni bir turi. Ikkinchisi - mazkur og'ir kasallikdan forig' bo'lish uchun tabiblar shu xildagi parhezga buyurishgan.

94. Shundan keyin ham kimki Allohga yolg'on to'qisa, ana o'shalar zolimlardir.

95. "Alloh rost so'zlar. Bas, haq yo'lda sobit bo'lmish Ibrohimning diniga ergashinglar! U mushriklardan bo'lmagan", - deb ayting.   

96. Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy - Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo'lmish (Ka'ba)dir.

97. Unda aniq alomatlar - "Maqomi Ibrohim" bordir*. Unga (Ka'baga) kirgan kishi omonda bo'lur. Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir*. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir.


Izoh:Darhaqiqat, Makka shahrida Maqomi Ibrohim, Zam-zam bulog'i, Hajarul-asvad, Safo, Marva kabi osori atiqalar mavjudkim, ular uzoq o'tmish alomatlari hisoblanadi. Izoh(a): Haj ibodatining Alloh tomonidan farz qilinganiga ushbu oyat dalildir.

98. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Alloh qilayotgan kirdikorlaringizga guvoh bo'laturib, nega Allohning oyatlarini inkor etasiz?"

99. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Nega imon keltirganlarni Alloh yo'lidan to'sasiz va o'zingiz guvoh bo'la turib, uni (yo'lni) qing'irlashtirishga intilasiz? Qilayotgan ishlaringizdan Alloh g'ofil emas-ku!"

100. Ey, imon keltirganlar! Agar Kitob berilganlarning biror guruhiga bo'yin sunsangiz, imon keltirganingizdan keyin sizlarni (yana) kofirlikka qaytaradilar.


Izoh:Shos ibn Qays ismli bir yahudiy Madinadagi Avs va Xazraj qabilalaridan imon keltirgan bir guruh musulmonlar yonidan o'ta turib bir yigitga: "Ularga oldingi o'rtalarida o'tgan qabila jangini bir eslatib qo'y", - deydi. U eslatgandan so'ng ikki qabila kishilari bir-birlari bilan janjallashib, hatto qilich yalang'ochlashgacha boradilar. Bu xabar Rasulullohga yetgach, ul zot: "Men hali oralaringda turib, sizlar yana johiliyat davriga qaytmoqchimisizlar?!" - deb tanbeh beradilar. Shundan keyin ular shayton yo'lidan qaytib, yana yarashib oladilar.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 10:43:27



101. Allohning oyatlari sizlarga o'qib turilgan, oralaringizda Uning payg'ambari turgan bir paytda qanday qilib (dinni) inkor etasiz?! Kim Alloh (dini)ni mahkam tutsa, demak, u to'g'ri yo'lga yo'llanibdi.

102. Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo'rquv bilan qo'rqingiz va musulmon bo'lmay dunyodan o'tmangiz!

103. Hammangiz Allohning "arqoni" (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang va o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi.

104. Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin! Aynan ular, tole topuvchilardir.


Izoh:Bu yerdagi "sizlardan" so'zidan arab tili qoidasi bo'yicha ikki xil ma'no olish mumkin. Ya'ni, sizlardan bir jamoat chiqib, yaxshilikka da'vat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlari bilan shug'ullansin, deb ham tushunish mumkin. Yana, sizlar hammangiz mazkur ishlarni qiladigan ummat bo'linglar, degan buyruqni olish ham joiz. Deyarli hamma tafsirlarda shu ikki xil tafsir bayon etilgan. Lekin mufassirlarning aksariyati ikkinchi tafsirni qo'llab-quvvatlaganlar. Ular jumlasidan Abu Mansur Moturidiy hazratlari ham "Ta'viloti Ahlis-sunna" nomli tafsir kitoblarida shu suraning 110-, Moida surasining 79-oyatlari va bir necha hadisi shariflardan dalil keltirib, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlarini qilish har bir musulmon zimmasiga vojib qilingan, deb ta'kidlaydilar. Binobarin, ba'zi bir diniy oqimlarning mazkur 104-oyat asosida turli hizb va guruhlar tuzib, jamoatdan ajralib olishlarining ilohiy ko'rsatmalarga to'la mos emasligi ma'lum bo'ladi.

105. Hujjatlar kelgandan keyin ham bo'linib, o'zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o'xshamangiz! Ana o'shalarga ulkan azob bordir.

106. Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan Kun (qiyomat)ni eslang: yuzi qorayganlarga: "Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizlarmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi", - deyilur.

107. Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmati (jannati)dadirlar. Ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

108. Bu Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqoniy ravishda o'qib bermoqdamiz. Alloh olamlarga zulmni ravo ko'rmas.


Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:05:19



109. Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir va (barcha) ishlar Allohga qaytarilur (Alloh hukmiga oshirilur).

110. Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz (ey, musulmonlar! Zero, siz) amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz. Agar ahli kitoblar (ham) imon keltirganlarida edi, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. Ular orasida mo'minlari ham bor, ko'pchiligi esa fosiqlardir.

111. Ular sizlarga (biroz) ozor berishdan boshqa zarar yetkaza olmaydilar. Agar sizlar bilan urushsalar, chekinib qochurlar. So'ng, ularga yordam berilmas.

112. Alloh va (musulmon) odamlar himoyasiga olinmagan taqdirda, (ular) qayerda bo'lishlaridan qat'iy nazar, xorlikka mahkumdirlar. Ular Allohning g'azabiga uchradilar va miskinlikka mahkum bo'ldilar. Bunga sabab - Alloh oyatlarini inkor etishlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirishlari, itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir.


Izoh:Musulmon mamlakatlari himoyasida yashaydigan g'ayridinlar zimmiylar deb ataladi. Ularning huquqlari belgilangan qoidalar bilan himoya etiladi.

113. Ularning hammasi barobar emas. Ahli kitoblar orasida tuni bilan sajda qilgan holda Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan to'g'ri jamoa ham bor.

114. (Ular) Allohga va oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytaradilar va xayrli ishlar sari shoshiladilar. Aynan ular solih kishilardandir.

115. Nimaiki yaxshilik qilgan bo'lsalar, (uning savobidan) mahrum bo'lmaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) biluvchidir.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:13:02



116. Kofir bo'lganlarni (hech qachon) moldunyolari va farzandlari Alloh (azobi)dan qutqara olmaydi. Ana o'shalar do'zax ahlidir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

117. Ularning bu dunyoda (riyokorlik bilan) qilgan ehsonlari izg'iringa o'xshaydi: o'zlariga zulm qilgan qavmning ekiniga tegib, uni halok qilur. Ularga Alloh zulm qilmadi, balki (ular) o'zlariga zulm qilmoqdalar.

118. Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizdan o'zgalar (munofiqlar)ni yaqin do'st (sirdosh) tutmangiz! Ular sizlarga nisbatan buzg'unchilik qilishda kuchlarini ayamaydilar va hollaringiz zabun bo'lishini istaydilar. Sizlarni yomon ko'rishlari og'izlari (so'zlari)dan ayon bo'ldi, dillarida yashirgan (adovat)lari esa yanada kattaroqdir. Agar aqlingizni ishlatsangizlar, sizlarga oyatlarni bayon qilib berdik.

119. Ey, sizlar! Ularni yaxshi ko'rasiz, lekin ular sizlarni yaxshi ko'rmaydilar. Sizlar hamma (ilohiy) kitoblarga imon keltirasiz va (ular) sizlarga yo'liqqanlarida: "Imon keltirdik", - deyishadi. O'zlari xoli qolishganda esa, achchiqlaridan barmoqlarini tishlaydilar. "Shu achchiqlaringiz bilan o'lib keting!" - deb ayting. Albatta, Alloh dillardagi gaplarni (ham) biluvchidir.

120. Sizlarga yetgan yaxshilik ularni xafa qiladi. Sizlarga yetgan yomonlikdan esa xursand bo'ladilar. Agar sabr bilan taqvoda bo'lsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazmaydi. Albatta, Alloh ularning qilmishlarini ihota qiluvchidir.

121. Oila ahlingizni saharlab tark etib, mo'minlarni jang jabhalariga joylab yurgan (kezlar)ingizni eslang! Alloh eshituvchi va biluvchidir.


Izoh: Shu oyatdan boshlab jang oyatlari bayon etiladi.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:19:18



122. Sizlardan ikki toifa (musulmonlar) umidsizlikka tusha boshladi, vaholanki, Alloh ularga homiy edi. Mo'minlar (har doim) Allohga tavakkul qilsinlar!

Izoh: Ikki toifaning biri Madina shahrining Xazraj qabilasidan bo'lmish Banu Salama mahallasiga mansub musulmonlar, ikkinchisi - Avs qabilasidan bo'lmish Banu Horisa mahallasiga mansub musulmonlar edi.

123. (Mana), Badrda (harbiy) kuchingiz oz bo'lsa-da, Alloh sizlarni g'olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo'rqingiz, zora shukr qilsangiz.

124. Mo'minlarga "Rabbingiz (osmondan) nozil etilgan uch mingta farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!" - degan paytingizni eslang!

125. Darhaqiqat, (kifoya qilur)! Agar sabrli bo'lib, Allohdan qo'rqsangiz va ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar - Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur.


Izoh:Farishtalarning boshqa jangchilardan ajralib turishlari uchun ular mingan otlarning yollari va dumlari oq rangda bo'lganligi rivoyat qilinadi. Boshqa rivoyatda farishtalarning sallalari sariq rangda bo'lgan, deyiladi.

126. Bu (madad)ni Alloh sizlarga xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun berdi. сalaba esa faqat qudratli va hikmatli Alloh huzuridangina (kelur).

127. Kofirlarning bir qismini halok qilish yoki zarba berib, noumid holda qaytishlariga majbur qilish uchun (madad berildi).

128. Siz uchun (ey, Muhammad,) bu ishda biror ixtiyor yo'qdir. Allohning O'zi ularning tavbalarini (balkim) qabul qilar yoxud jazolar. Zero, ular zolimlardir.

129. Osmonlaru Yerdagi borliq Allohnikidir. O'zi xohlagan kishini mag'firat qiladi, xohlagan kishini jazolaydi. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.

130. Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko'paytirib, ustama ila yeb yubormangiz! Allohdan qo'rqingiz! Zora (shunda) tole topsangizlar.

131. Kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningizlar!

132. Allohga va Payg'ambarga itoat qiling, shoyad, shunda rahm qilinsangizlar.


Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:22:49



133. Rabbingizdan (keluvchi) mag'firat va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo'yilgan jannat sari shoshilingiz!

134. (U taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham ehson qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.

135. Ular biror fahsh ish qilib qo'ysalar yoki o'zlariga zulm qilib qo'ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig'for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag'firat etar. Yana, bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir.

136. Aynan ularning mukofotlari - Parvardigorlaridan mag'firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog'lari bo'lib, o'sha joyda abadiy bo'lurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!

137. Sizlardan ilgari ko'p (ibratli) voqealar bo'lib o'tgan. Yer yuzi bo'ylab sayr qilinglar va (haqni) yolg'onga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar!

138. Bu (Qur'on yoki mazkur gaplar) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir.

139. Agar (chin) mo'min bo'lsangiz, o'zingiz a'lo (darajada) bo'la turib, (ba'zi mag'lubiyatlaringiz uchun) sustlashmangiz ham, g'amgin ham bo'lmangizlar.

140. Agar sizlarga (Uhud jangida) jarohat (mag'lubiyat) yetgan bo'lsa, u qavmga ham (Badr jangida) xuddi shunday jarohat (mag'lubiyat) yetgan. Imonli kishilarni bilish va sizlardan shahidlarni saralab olish uchun (Biz) shu (g'alaba) kunlarni (ketma-ket) almashtirib turamiz. Alloh zolimlarni sevmagay.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:28:40



141. Alloh mo'minlarni (gunohlaridan) poklash va kofirlarni halok qilish uchun (mazkur ishlarni qildi).

142. Yoki Alloh sizlarning ichingizdan kim (chindan) jihod qiluvchi va kim sabrli ekanini imtihon qilib ko'rmasdan jannatga kiraveramiz, deb o'yladingizmi?

143. Ajalingiz yetmay, o'limni (shahidlikni) orzu qilar edingiz. Mana, endi (Uhudda) uni ko'z o'ngizda ko'rib turibsiz.


Izoh: Ya'ni shahidlikka sizlar emas, balki Uhud jangida sheriklaringiz yetishganini guvohi bo'ldingiz.

144. Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortlaringiz (kufr)ga qaytib ketasizmi?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.

145. Har bir jon (egasi) Allohning izni bilangina muhlati belgilab qo'yilgan bitik (ajal) yetganda o'ladi. Kim dunyo savobi (o'lja)ni iroda qilsa, unga o'shandan berurmiz. Kim oxirat savobini iroda qilsa, unga (ham) o'shandan berurmiz. Shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaymiz.

146. Qaysi bir payg'ambar (o'tgan bo'lsa), u bilan birga ko'p jamoalar jang qilganlar. (Lekin) Alloh yo'lida ularga yetgan narsalar sababli sustlik, zaiflik qilmaganlar, (yovga) taslim ham bo'lmaganlar. Alloh (esa) sabrlilarni sevgay.


Izoh: Bu oyat orqali Alloh taolo Uhud jangida sustlik, zaiflik va irodasizlik ko'rsatgan bir guruh musulmonlarni tanqid qilmoqda.

147. Ularning gaplari faqat quyidagi bo'ldi: "Ey, Rabbimiz! Bizlarning gunohlarimizni va ishimizdagi isrofgarchiligimizni kechir, (jang asnosida) qadamlarimizni mustahkam qil va bizga kofirlar qavmi ustidan g'alaba nasib et!"

148. Bas, Alloh ularga ham bu dunyoning savobi (g'alaba va o'lja)ni, ham oxiratning chiroyli savobi (mag'firat va jannat)ni berdi. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 11:38:21



149. Ey, mo'minlar! Agar kofirlarga bo'yin sunsangiz, sizlarni ortingizga (kufrga) qaytarurlar. (Natijada) ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursizlar.

150. Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning afzalidir.

151. Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni Unga sherik qilganlari uchun kofirlarning dillariga vahima solurmiz. Ularning borar joylari do'zaxdir. Zolimlarning joyi naqadar noxush!

152. Sizlar Uning izni bilan ular (kofirlar)ni tor-mor qila boshlaganingizda, Alloh o'z va'dasiga sodiq chiqdi*. Loqaydlik qilib, (Payg'ambar) buyrug'idan chiqib, tortisha boshlamaguningizcha va yoqtirgan narsangiz (g'alaba)ni sizlarga ko'rsatgunga qadar (yutuq sizlar tomonda bo'ldi). Oralaringizda dunyoni yoqtiradiganlar ham, oxiratni yoqtiradiganlar ham bor edi. So'ngra sizlarni sinovdan o'tkazish uchun (g'alabangizni mag'lubiyat sari) burib yubordi va gunohlaringizdan o'tdi. Alloh mo'minlarga nisbatan fazl sohibidir.


Izoh: Bu va keyingi oyatlarda hijratning uchinchi yili kechgan Uhud jangi to'g'risida ma'lumot beriladi.Madina hududidagi Uhud tog'i etagida po'y bergan bu to'qnashuvda dastlab Makka qo'shini ustidan musulmonlar g'alaba qila boshlaydi. Lekin jang so'ngida ba'zi musulmonlarning aybi bilan mag'lubiyatga uchraydilar. Rasululloh bir guruh kamonchilarni hozirgi "Rumot" deb ataladigan tepalikda turishga buyurganlarida, ular itoatsizlik qilib, ijozat bo'lishini kutmasdan o'z joylaridan o'lja tomon jilib ketishadi. Harbiy intizomning buzilishi musulmonlarning mag'lubiyatiga sabab bo'ladi. Kamonchilarning joyi bo'shab qolganini payqagan yov qo'shinlari o'sha tarafdan hujum uyushtiradilar va natijada Rasulullohning amakilari buyuk sarkarda Amir Hamzadek pahlavonlarning ham ko'pchiligi shahid bo'ladi. Janob Payg'ambarimiz (a.s.)ning ham muborak tishlari shu jangda sinadi.

153. O'shanda hech kimga qayrilib boqmay, (joyingizdan) tez jilib ketdingiz. Payg'ambar esa ortingizdagi (harbiy) bo'linmadan (turib) sizlarni chaqirganicha qoldi. Qo'lingizdan ketgan narsalar (g'alaba, o'ljalar) hamda sizlarga yetgan musibatlar uchun tashvish tortmang, deb, (Alloh) sizlarga g'am ustiga yana g'am berib jazoladi. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

Qayd etilgan