Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069462 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 63 B


Muslimа  28 Dekabr 2007, 13:39:48



98. Koshki biror qishloq (ahli) imon keltirganda edi, imoni unga foyda bergan (va halok bo'lmagan) bo'lur edi. Illo, Yunus qavmi (shunday qildi). Imon keltirishgach, ulardan dunyo hayotidagi xorlik azobini ketkazdik va ularni (ma'lum) vaqtgacha (hayot lazzatidan) bahramand qildik.

99. Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo'lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo'min bo'lishlariga majbur qilasizmi?!

100. Allohning iznisiz hech bir jon (egasi) imon keltira olmas. Azobni esa (Alloh) aql yuritmaydiganlarga ravo ko'rar.

101. Ayting: "Osmonlar va Yerdagi narsalarga (ibrat nazari bilan) boqinglar! (Ammo) imon keltirmaydigan qavm uchun mo''jizalar ham, ogohlantirishlar ham foyda bermagay".

102. (Ular) o'zlaridan oldin (imon keltirmay) o'tganlarning kunlariga o'xshash (azob yog'ilgan) kunlarnigina kutmoqdalar. Ayting: "Kutaveringlar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman".

103. So'ngra (qiyomatda) payg'ambarlarimiz va imon keltirganlarga najot berurmiz. Shunday qilib, mo'minlarga najot berish Bizga haq (muqarrar) bo'ldi.

104. Ayting: "Ey, odamlar! Agar mening dinimdan shakda bo'lsangiz, bas, sizlarning Allohni qo'yib sig'inayotgan (but-sanam)laringga (men) sig'inmayman, balki sizlarni vafot ettiradigan zot - Allohga sig'inaman va (men) mo'minlardan bo'lishimga buyurilganman.

105. Shuningdek, (menga buyurilganki) yuzingizni (o'zingizni) to'g'ri bo'lmish dinda muqim tuting, aslo mushriklardan bo'lmang!

106. Allohni qo'yib, foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar qilsangiz, unda, albatta, Siz zolimlardandirsiz.

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:00:50



107. Agar Alloh Sizga biror zarar yetkazsa, bas, Uning O'zidan boshqa uni ketkazadigan (kuch) yo'qdir. Agar Sizga biror yaxshilik (yetkazish)ni istasa, Uning fazlini qaytaruvchi (kuch) ham yo'qdir. Bandalaridan xohlaganiga uni (fazlini) yetkazur. U kechirimli va rahmlidir".

108. Ayting: "Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan haqiqat (Qur'on yoki Payg'ambar) keldi. Bas, kimki hidoyat yo'liga kirsa, faqat o'zi uchun hidoyat yo'liga kirgan bo'ladi. Kimki yanglishsa, bas, o'zining zarariga yanglishgan bo'ladi. Men sizlarga vakil (muakkal) emasman".

109. Sizga vahiy etilgan narsaga ergashing va to Alloh hukm qilgunicha sabr qiling! Albatta, U hukm qiluvchilarning yaxshisidir.


HUD SURASI

Hud - payg'ambar nomi.

  Sura Od qabilasiga yuborilgan payg'ambar Hud (a.s.) nomi bilan atalgan. Unda tavhid, imon, islom, shariat ahkomlari, payg'ambarlar qissasi, Qur'oni karim vasfi va boshqa ma'lumotlar ilohiy oyatlar orqali bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. (Bu) oyatlari mustahkam (qat'iy) qilingan, so'ngra Hakimu Dono bo'lmish zot tomonidan batafsil bayon etilgan Kitobdir.

2. (Qisqacha bayoni esa): "Allohdan o'zgaga aslo sig'inmangizlar!" (degan xitobdir). Albatta, men (Muhammad) Uning nomidan ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman.   

3. (Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangizlar, so'ngra Unga tavba qilingizlar, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O'z fazlini ato etur. Agar yuz o'girsangizlar, bas, men sizlarga Ulug' kun (qiyomat) azobi (yetishi)dan qo'rqaman.   

4. Qaytish joyingiz Allohning huzuridir. U esa har narsaga qodirdir.   

5.  Ogoh bo'lingizki, albatta, ular (kofirlar sirlarini) Undan maxfiy tutish uchun ko'kraklarini (boshqa tomonga) buradilar. Ogoh bo'lsinlarki, kiyimlariga o'ranib olganlarida ham (Alloh) yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Albatta, U ko'krak (dil)lardagi sirlarni bilimdonidir.




Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:11:45

O’N IKKINCHI JUZ’
*************************



6. Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir.

Izoh: Lavhul-Mahfuz - Alloh taolo barcha mavjudotni yaratmasdan oldin, to qiyomatgacha yaratiladigan ashyolarni, qiladigan ishlarini, insonlar taqdirini, ilohiy kitoblar matni va boshqa ma'lumotlar aslini yozib qo'ygan manbaning nomi.   

7. U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (yaxshiroq) ish qilishingizni sinash uchun osmonlar va Yerni olti kunda yaratgan zotdir. (U paytda) Arshi suv ustida edi. Agarda Siz: "Albatta, sizlar o'lgandan keyin tiriltirilursizlar", - desangiz, kufrga ketganlar: "Bu sehrdan o'zga narsa emas!" — deyishlari aniq.

Izoh: Islom manbalarida yozilishicha, Alloh taolo Yeru osmonlarni yakshanba kunidan boshlab juma kunigacha, ya'ni, olti kunda yaratgan. Nima uchun aynan olti kunda yaratgani faqat O'zigagina ma'lum. G'ayridinlarning ba'zilari Alloh yettinchi kuni, ya'ni, shanba kuni dam olgan desalar, boshqalari dushanba kunidan boshlab shanba kuni tugatgan va yakshanba kuni dam olgan, deb da'vo qiladilar. Islom dini aqidasi bo'yicha bu xil da'volar mutlaqo noto'g'ridir. Zero, Alloh taolo hech qachon charchamaydi va U dam olishga, uxlashga, rohatga muhtoj emasdir. Olti kunda yaratgan narsalarini bir zumda  yaratib qo'yishga ham qodir edi, lekin bandalariga namuna bo'lsin uchun, sabrtoqatga tashviq etish uchun va biz bilmagan yana boshqa hikmatlar bilan olti kunda yaratishni iroda qildi. 

8. Bordiyu ulardan azobni ma'lum muddatgacha kechiktirsak, ular: "Uni (azobni) nima ushlab turibdi?" - deydilar. Ogoh bo'lsinlarki, (azob) keladigan kunida (uni) ulardan qaytarib bo'lmas va masxara qilib yurgan narsalari (azob) ularni qamrab olur.   

9. Agarda biz insonga O'z marhamatimizni tottirib, so'ngra (yana) uni tortib olsak, (qarabsizki) u noumid va noshukr (bo'lib qolur).   

10. Agarda unga biror zarar kelib ketgandan keyin ne'matlarni tottirib qo'ysak: "Yomonliklar mendan (o'zicha) ketdi", - deydi, albatta. Zero, u mag'rur va faxrlanuvchidir.

11.  Illo, sabrli bo'lgan va ezgu ishlarni qilganlarga, aynan o'shalarga mag'firat va katta mukofot bordir.   

12. Balkim, Siz "Unga biror xazina tushsa edi yoki u bilan birga (guvoh sifatida) biror farishta kelsa edi",- deganlari uchun Sizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ba'zilarini tark etmoqchidirsiz va shu sababli yuragingiz siqilayotgandir. Siz, axir, faqat ogohlantiruvchisiz, Alloh esa har narsaga vakil (guvoh)dir.



Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:23:54



13. Yoki: "Uni (vahiyni Muhammad) to'qib chiqaryapti", - deydilarmi? Ayting: "Agar gaplaringiz rost bo'lsa, shunga o'xshash o'nta to'qilgan sura keltirib, Allohdan o'zga imkoningiz yetganicha (yordamga yoki guvohlikka) kimni bo'lsa ham chaqiringizlar!"

14. Bas, agar (ular) sizlarga javob qilmasalar, bilingizki, albatta, nozil qilingan narsa (Qur'on) Allohning ilmi bilan (vahiy qilingan) ekan va Undan o'zga iloh yo'q ekan. Bas, endi sizlar musulmonmisizlar?!


Izoh: Javob qilmaydiganlar - kofirlar va ular sig'inadigan but-sanamlari.   

15. Kimki, dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular u yerda (dunyoda) ziyon qilmaydilar.

Izoh: Ya'ni qilgan savoblari uchun ajrni ham shu dunyoda olib, oxiratdan benasib bo'lurlar.   

16. Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (hech) bo'lur.   

17. Parvardigori tomonidan hujjatga ega bo'lgan, ketidan Undan guvoh (Qur'on) kelgan, undan oldin peshvo va rahmat sanalmish Muso kitobi (Tavrot) ham bo'lgan kishi (faqat dunyo ne'matlarini istovchilar bilan barobarmi?!) Aynan o'shalar unga (Qur'onga) imon keltiradilar. Guruhlardan kimki uni inkor etsa, bas, unga atalgan joy do'zaxdir. Bas, unda shak qilmang! Albatta, U Rabbingizdan (kelmish) haqiqatdir. Lekin odamlarning aksariyati (bunga) imon keltirmaydilar.   

18. Alloh nomidan yolg'on to'qigandan ham zolimroq kishi bormi?! Ana o'shalar (qiyomatda) Parvardigori bilan yuzma-yuz qilinurlar va guvohlar: "Ana shular Parvardigorlari nomidan yolg'on gapirganlar", - deydilar. Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur).   

19. (Ular) Allohning yo'lidan (odamlarni) to'sib, uni (yo'lni) chalkashtirmoqchi bo'ladilar va ular oxiratga munkirdirlar.

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:27:58



20. Ana o'shalar Yer yuzida (hech kimni) ojiz qoldira olmagan va ular uchun Allohdan o'zga do'stlar ham bo'lmaganlardir. Ularga azob ziyodasi bilan berilur. (Ular haqni) eshita olmas va ko'rmas edilar.   

21. Ana o'shalar (qiyomatda) o'zlariga ziyon qilganlardir va ular (ko'zi)dan to'qib yurgan (but-sanam)lari g'oyib bo'lur.   

22. Shubha yo'qki, ular oxiratda ko'proq ziyon ko'ruvchilardir.

23. Albatta, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan va Parvardigorlari (toati)ga bo'yin sunganlar - aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar.   

24. Ikkala guruh (kofir va mo'min)larning misoli xuddi ko'r bilan kar va ko'ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo'ladimi?! Eslab ko'rmaysizlarmi?!   

25. Darhaqiqat, Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. (U dedi): "Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman.   

26. Allohdan o'zgaga sig'inmangizlar! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo'rqaman".   

27. Bas, qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: "Seni (biz) xuddi o'zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o'ylamay) bir ko'rishda ergashayotganini ko'rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko'rmayapmiz. Balki sizlarni yolg'onchi deb gumon qilmoqdamiz".   

28. (Nuh) dedi: "Ey, qavmim! Qani aytingchi, agar Rabbimdan (yuborilgan) hujjatga ega bo'lsam va U menga o'z dargohidan rahmat (payg'ambarlik) ato etgan bo'lsa-yu, sizlarga (bu) mavhum qilib ko'rsatilgan bo'lsa, Sizlar uni yoqtirmagan hollaringda uni sizlarga majburlaymizmi?!

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:36:54



29. Ey, qavmim! Sizlardan u (payg'ambarlik xizmati) uchun mol-dunyo so'ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Men (sizlarning talabingiz bilan) imon keltirganlarni (huzurimdan) quvib chiqaruvchi emasman. Zero, ular Parvardigorlari bilan ro'baro' bo'luvchilardir. Lekin sizlarning johil qavm ekanligingizni ko'rib turibman.

Izoh: Payg'ambar huzuridagi kamtar, kamsuqum mo'minlarni kofirlar yoqtirmasdan, ularni haydab yuborishni talab qilar edilar.   

30. Ey, qavmim! Agar ularni haydasam Allohning (azobi)dan menga kim yordam beradi? Bas, eslamaysizlarmi?!

31. (Men) sizlarga, huzurimda "Allohning xazinalari bor" ham demayman. G'aybni ham bilmayman. "Men farishtaman" ham demayman. Ko'zlaring mensimayotgan (faqir) kishilar to'g'risida, Alloh ularga biror yaxshilik bermaydi ham demayman. Ularning ichlaridagi (imon va ixlos)ni Alloh yaxshiroq bilur. Men (bilaman desam), u holda zolimlardan bo'lib qolurman."   

32. Ular (Nuh qavmi) dedilar: "Ey, Nuh! Biz bilan bahslashding, lekin bahsni ko'p qilib yubording. Bas, agar rostgo'ylardan bo'lsang, bizga o'sha cho'chitgan narsang (azob)ni keltir!"

33. (Nuh) dedi: "Uni Alloh xohlasa, albatta, keltiradi. Sizlar esa, ojiz qoldiruvchi (yenguvchi) emassizlar.   

34. Agar Alloh sizlarni og'dirishni istab turgan bo'lsa, (men) sizlarga nasihat qilishni istaganim bilan sizlarga nasihatim foyda bermaydi. U Rabbingizdir va Uning huzuriga qaytarilajaksizlar".   

35. Yoki (kofirlar): "Uning (Nuhning) o'zi to'qiyapti" deyishyaptimi? Ayt: "Agar to'qigan bo'lsam, jinoyatim o'zimga-ku! Men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz (kufringiz)dan pokdurman".


Izoh: Ba'zi tafsirlarda bu oyatdagi so'zlar Muhammad (a.s.) so'zlari bo'lishi mumkinligi qayd etilgan.   

36. Nuhga vahiy qilindi: "Qavmingdan (hozirgacha) imon keltirganlaridan boshqa hech kim endi imon keltirmas. Bas, ularning qilayotgan ishlari sababli tashvish chekmagin!

37. Bizning himoyamiz va vahiymiz bilan kemani yasagin va zulm qilganlar haqida Menga (asragin deb) xitob qilmagin! Ular, albatta, g'arq qilinuvchilardir!"

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 14:44:54



38. Kemani yasayboshladi. Qavmining zodagonlari har gal uning oldidan o'tganlarida uni masxara qilardilar. (Nuh) dedi: "Agar bizni masxara qilsangiz, sizlar masxara qilganlaringdek, biz ham (yaqinda) sizlarni masxara qilajakmiz.   

39. Bas, yaqinda kimga xorlovchi azob va unga mangu azob tushishini bilursiz".   

40. To Bizning buyrug'imiz (azobimiz-to'fon) kelib, ishlar keskinlashgach*, aytdik: "(Ey, Nuh!) Unga (kemaga) har bir (jonivor)dan bir juft - ikkitadan va ahling (oila a'zolaring)ni, illo (ahlingdan kimlarga g'arq bo'lishi haqida Bizdan) so'z kechgan bo'lsa, ular mustasno*, hamda imon keltirganlarni ort." Vaholanki, u bilan birga imon keltirganlar ozchilikdir.


Izoh: Ishning keskinlashuvi oyatda "tandir qizib ketgach" degan ma'noni anglatuvchi ibora bilan keltirilgan. Izoh(a): G'arq bo'lishi taqdirda belgilanganlar ichida Nuh (a.s.) ning bir Voila degan xotini va Kan'on degan o'g'li ham bor edi. Hammasi bo'lib kemada sog'-salomat qolganlar adadi to'g'risida turli rivoyatlar mavjud. Masalan 78, 72, 10, 8 kishi edilar. Yarmi ayollar edi, degan naqllar bor.

41. (Nuh) dedi: "Unga (kemaga) mininglar! Uning suzishi ham, to'xtashi ham Allohning ismi bilandir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir".

Izoh: Bu oyat boshqacha tafsirni ham ko'taradi. Masalan, "Allohning ismi bilan" iborasi tepaga qo'shilsa, Allohning ismi bilan mininglar, degan ma'no chiqadi.

42. U (kema) ularni tog'lardek to'lqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan o'g'lini chaqirib dedi: "Ey, o'g'ilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga bo'lmagin!"

43. U (o'g'li) dedi: "Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman". (Nuh) dedi: "Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yo'qdir". (Shu payt) ikkisining o'rtasini bir to'lqin to'sdi va (o'g'li) g'arq qilinganlardan bo'ldi.   

44. (So'ngra) aytildi: "Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O'zingni tutgin (yog'ishni bas qil!)" Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog'i) uzra qo'ndi hamda "Zolimlar qavmiga - halokat!" - deyildi.


Izoh: Juvdiy tog'i qayerda ekani to'g'risida ham turli naqllar bor. U Iroqning Musil shahrida, Hindistonda, Araratda degan rivoyatlar bunga misoldir.   

45. Nuh Rabbiga nido qilib dedi: "Rabbim! O'g'lim mening ahlimdan. Sening (oilamni saqlashga bergan) va'dang esa haq va Sen hukm qiluvchilarning eng donosi (va odili)san".   

Qayd etilgan


Muslimа  09 Fevral 2008, 11:47:31



46. (Alloh) dedi "Ey, Nuh! U sening ahlingdan emas! Albatta, u (uning qilgani) yaxshi ish emas. Bas, Mendan o'zing (yaxshi) bilmagan narsani so'ramagin! Men senga johillardan bo'lishingdan (qaytarib) nasihat qilaman".

47. (Nuh) aytdi: "Rabbim! Men Sendan o'zim (yaxshi) bilmagan narsani so'rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lurman".

48. Aytildi: "Ey, Nuh! Bizdan (bo'lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin! (Ummatingdan kelajakda shunday kofir) jamoalar ham bo'ladiki, ularni ozgina bahramand qilurmiz, so'ngra ularni Bizdan (yuboriluvchi) alamli azob tutar".   

49. (Ey, Muhammad!) Bular Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. Bularni ilgari na Siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas, sabr qiling! Albatta, oqibat (yutuq) taqvodorlarnikidir. 

50. Od (qabilasi)ga birodarlari Hudni (payg'ambar etib yubordik). U aytdi: "Ey, Qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlarga Undan o'zga iloh yo'qdir! Sizlar (soxta ilohlarni) faqat o'zlaringiz to'qib oluvchisizlar.   

51. Ey, qavmim! Cizlardan (elchilik xizmati uchun) haq so'ramayman. Mening ajrim (mukofotim) faqat meni yaratgan Zot zimmasidadir. Aqlni ishlatmaysizlarmi?!

52. Ey, qavmim! Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangiz, so'ngra Unga tavba qilingiz, shunda U osmondan (yomg'ir) yog'dirar va quvvatingizga quvvat qo'shar. Jinoyatchi bo'lib ketmangizlar!"


Izoh: Istig'for aytib tavba qilish serobgarchilikka, serfarzandlikka sabab bo'lishi to'g'risida Nuh (a.s.) da'vatlarida ham qayd etilgan. (Nuh surasi 10,11,12-oyatlarga qarang).   

53. (Ular) dedilar: "Ey, Hud! Bizga biror hujjat keltirmading. Biz sening (quruq) gaping bilan ilohlarimizni tark etuvchi ham, senga ishonuvchi ham emasmiz.

Qayd etilgan


Muslimа  09 Fevral 2008, 11:53:05



54. Biz seni balkim ilohlarimizdan birortasi chalib ketgandir, demoqchimiz." (Hud) dedi: "Men Allohni guvoh qilaman va sizlar ham guvoh bo'lingizlarki, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman.   

55. (Zero, u) Allohdan o'zgadir. Bas, endi hammangiz menga makr qilaveringiz, so'ngra menga (uni) kechiktirib o'tirmangizlar!

56. Men Rabbim va Rabbingiz - Allohga tavakkul qildim. O'rmalovchi (jonivor) borki, uning inon-ixtiyori (tasarrufi) Uning qo'lidadir. Albatta, Rabbim to'g'ri yo'ldadir. 

57. Agar sizlar (imon va tavbadan) bosh tortsangiz, bas, sizlarga yetkazishim topshirilgan narsani sizlarga yetkazib bo'ldim. Rabbim sizlardan boshqa qavmni o'rinlaringizga xalifa qilib keltirur. Sizlar esa Unga zarar yetkaza olmaysizlar. Albatta, Rabbim hamma narsani qo'riqlovchidir".

58. Amrimiz (shamol azobi) kelgach, Hudni va u bilan birga imon keltirganlarni Bizdan (bo'lmish) marhamat tufayli xalos etdik va ularga qattiq azobdan najot berdik.


Izoh: "Madorik tafsiri"da, mo'minlar soni 400 kishi bo'lgan deyiladi. 

59. Ana shular Od (qabilasi)dir. (Ular) Parvardigorlarining oyatlarini inkor etdilar, payg'ambarlariga itoatsizlak qildilar va har qanday zolimu qaysarlarning buyruqlariga ergashdilar.

Izoh: Allohning Od qabilasiga ishorat qilishiga qaraganda, g'azabga uchragan bu qavm asoratlari Rasululloh davrilarigacha ham Yaman tog'larida saqlanib qolgan.

60. Ularga ushbu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la'nat yetib turur. Ogoh bo'ling, albatta, Od (qabilasi) Parvardigorlarini inkor etgan edilar. Ogoh bo'ling, Hudning qavmi — Od  qabilasi)ga halokat bo'lsin!   

61. Samud (qabilasiga) birodarlari Solihni (payg'ambar etib yubordik). (U) aytdi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningizlar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'q. U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi. Bas, Undan kechirim so'rangizlar, so'ngra Unga tavba etingizlar! Albatta, Rabbim yaqin va (duolarni) ijobat etuvchidir".   

62. (Ular) dedilar: "Ey, Solih! Bundan oldin umid qilinadigan kishi eding. (Endi) bizni bobolarimiz sig'inadigan narsalarga sig'inishimizdan man etasanmi? Biz sen da'vat etayotgan narsangdan shak shubhadamiz".   

Qayd etilgan


Muslimа  05 Aprel 2008, 16:31:19



63. (Solih) aytdi: "Ey, qavmim! (O'ylab) Ko'rdingizmi, mabodo Rabbim tomonidan hujjatim bo'lib, O'zi tomonidan rahmat (payg'ambarlik) bergan bo'lsa-yu, (men) Unga itoatsizlik qilsam, Alloh (jazosi)dan meni kim yordam beradi (qutqaradi)? Menga ziyondanboshqa(narsa)orttirmayapsizlar.

64. Ey, qavmim! Mana bu - Allohning mo''jizali tuyasi. Bas, uni Allohning yerida o'tlab yurishiga qo'yib beringlar va unga biror yomonlik yetkazmangizlar. Aks holda sizlarni yaqin azob tutar".   

65. Bas, uni (tuyani) so'ydilar. (Solih) dedi: "Uylaringizda uch kun (hayotdan) bahramand bo'lib turingiz! Bu yolg'ondan tashqari va'dadir".   

66.  Buyrug'imiz (azobimiz) kelgach, Solihni va u bilan birga imon keltirganlarni Bizdan bo'lmish rahmat bilan (azobdan) va o'sha kunning sharmandaligidan xalos etdik. Albatta, Rabbingiz kuchli va qudratlidir!   

67. Zulm qilganlarni qichqiriq* tutdi. Bas, (ular o'z) uylarida murdaga aylandilar.


Izoh: Jabroil (a.s.) bir na'ra tortib qichqirgan edilar, ular qattiq ovoz ta'siridan halok bo'ldilar.

68. Go'yo u yerda (oldin) yashamagandek (izlari o'chib ketdi). Ogoh bo'lingizki, Samud (qabilasi) Parvardigorini inkor etgan edilar. Ogohlaningki, Samud (qavmi)ga halokat yetsin!

69. Ibrohimga elchilarimiz (farzandli bo'lishi haqida) xushxabar keltirdilar va "Salom!" dedilar. U ham "Salom!" dedi-da, hech qancha vaqt o'tmay, bir buzoq (go'shtining tandir) kabobini keltirdi.


Izoh: Elchilar - Jabroil, Mekoil va Isrofil yoki Jabroil bilan birgan ikki farishta.

70. Unga (taomga) qo'l cho'zishmaganini ko'rgach, (Ibrohim) ularni yotsiradi va ulardan qattiq qo'rqib ketdi. (Ular) dedilar: "Qo'rqma! Biz Lut (qavmi)ga yuborilganmiz".

Izoh: Ibrohim (a.s.) ning qo'rqib ketganlarining sababi ular ayrim gunohkor ummatlarini halok etgani kelishdimikan, deb o'ylagan edilar.   

71. Xotini (Sora) turgan edi, kulib yubordi. Unga Ishoq (nomli farzand) va Ishoqning orqasidan Ya'qub (ismli nabira berishimiz) haqida xushxabar berdik.

Qayd etilgan