Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069739 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 63 B


Munira xonim  15 Aprel 2008, 11:20:43



72. (Sora) dedi: "Voy, o'lmasam! O'zim kampir va bu erim qariya bo'laturib, tug'amanmi?! Bu juda qiziq narsa-ku!"

73. (Farishtalar) dedilar: "Allohning ishidan ajablanasanmi?! Ey, xonadon ahli, sizlarga Allohning rahmati va barakoti bo'lsin! Albatta, U hamd va ulug'lik egasidir".   

74.  Ibrohimdan qo'rquv ketib, unga xushxabar yetgach, Biz bilan Lut qavmi (halokati) to'g'risida bahslasha boshladi.   

75. Albatta, Ibrohim halim, serqayg'u va sertavbadir.

76. (Farishtalar): "Ey, Ibrohim! Bu (bahs)dan qayt! Zero, Rabbingning amri (Lut qavmiga atagan azobi) kelib bo'lgan. Ularga qaytarilmas azob kelgusidir!"   

77. Elchilarimiz Lutning huzuriga kelganlarida ular sababli (holi) yomonlashdi va ular tufayli tashvish chekdi* hamda "Bu – og'ir kun!" dedi.


Izoh: Tashvishlari - qavmi bularni ham buzib qo'ymasmikan, deb o'ylashlari edi. Zero, ular xushro'y yosh yigitlar shaklida kelgan edilar.

78. Uning (Lutning) oldiga qavmi yugurib keldilar. Oldindan (ular) yomon ishlar (bachchabozlik) qilar edilar. U (Lut) dedi: "Ey, qavmim! Ana ular  qizlarim (Ularga uylaninglar). Ular sizlar uchun pokroqdir*. Bas, Allohdan qo'rqingizlar va mehmonim oldida meni sharmanda qilmangizlar! Sizlarda birorta to'g'ri odam yo'qmi?!" Izoh: Lut (a.s.) o'z qizlarini kofir qavmiga erga berishga rozi bo'lishlarining sababi qadim davrdan to Payg'ambarimiz Muhammad (a.s.) ning ilk da'vat zamonalarigacha musulmon qizni kofirga nikohi joiz bo'lgan. Rasululloh qizlaridan birini Abu Lahabning o'g'liga nikohlab, keyinroq ajratib olganlari Islom tarixidan ma'lum.

79. (Ular) dedilar: "Bizning qizlaringga hojatimiz yo'qligini bilasan va bizning maqsadimiz ham senga ma'lum".
 

Izoh: Maqsadlari - erkak jinsi bilan bo'lishlik edi.   

80. (Lut) dedi: "Qani edi, sizlarga quvvatim yetsa yoki bir kuchli suyanchiqqa suyana olsam?!"   

81.  (Farishtalar) aytdilar: "Ey, Lut! Biz  Rabbingning elchilarimiz. (Qavming) senga sira yeta olmaslar (tega olmaslar). Bas, tunning bir qismida oilangni olib ket! Sizlardan biror kishi ortiga boqmasin! Xotiningni esa qo'yaver! Zero, ularga yetgan narsa (azob) unga ham yetqusidir. Ularga va'da qilingan vaqt bomdod vaqtidir. Bomdod yaqin emasmi?!"   

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:12:47



82. Farmonimiz (azobimiz) kelganida u yerni ostin-ustun qilib yubordik va u yerga qizitilgan g'ishtdan iborat toshlarni paydar-pay yog'dirdik.

83. (U toshlar) Rabbingiz huzurida belgili qilib qo'yilgan edi. U (toshlar) zolimlarga uzoq emasdir


zoh(a): Har bir toshga bir zolim ismi yozib qo'yilgan edi. Izoh(b): Ya'ni shunday azob Makka mushriklariga yoki har qanday zolimga ham yetishi mumkin. 

84.  Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi - payg'ambar etib yubordik). (U) dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. O'lchov va vazndan urib qolmangiz. Men sizlarni (hozircha) yaxshilik (farovonlik)da ko'rib turibman va men sizlarga (hammani) qamrab oluvchi kun (qiyomat)ning azobi (bo'lishi)dan qo'rqaman.   

85. Ey, qavmim! O'lchov va vaznni adolat bilan to'la beringiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va Yerda fasod ishlarini qilib, buzg'unchilik qilmangiz!"

86. Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga qo'riqchi emasman".


Izoh: Boylikni qo'riqchisi - bu halol kasb. Bu oyat bilan Alloh taolo halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning foydali ekani, haloldan topilgan boylikning barakali bo'lishi va uni qo'riqlashning ham hojati yo'qligiga ishorat qilmoqda.   


87. (Ular) dedilar: "Ey, Shuayb! Ota-bobolarimiz sig'inib kelayotgan narsa (ma'buda)larni tark etishimizga yoki mol-mulklarimizni qanday xohlasak, shunday boshqarishimiz (mumkin emasligi) haqida senga namozing buyruq beradimi? Axir, sen halim va to'g'ri eding-ku?!"   

88. (Shuayb) dedi: "Ey, qavmim? (O'ylab) ko'rdingizmi, agar (men) Rabbim tomonidan hujjatga ega bo'lsam va (U) meni yaxshi rizq bilan ta'minlagan bo'lsa (qanday qilib sizlarni yomon ishlardan qaytarmayin?). Men sizlarga muxoliflik qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani o'zim qilishni istamayman. Islohdan o'zga hech narsani imkonim boricha xohlamasman. (Bunga) muvaffaq qilish esa Allohning ixtiyoridadir. Unga tavvakul etdim va Unga inobat qildim (ixtiyorimni topshirdim)

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:23:47



89. Ey, qavmim? Menga xilof qilishingiz sizlarga Nuh qavmiga yo Hud qavmiga yoki Solih qavmiga yetganga o'xshagan balolar yetishiga olib kelmasin, tag'in! Lut ham sizlardan uzoq  emas.

90. Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangiz, so'ngra Unga tavba qilingiz! Albatta, Rabbim rahmli va do'stlashuvchi zotdir".

91. Dedilar: "Ey, Shuayb! Sening aytayotganlaringdan ko'pini anglamayapmiz va biz sening oramizdagi bir ojiz (inson) ekanligingni ko'rmoqdamiz. Agar qarindoshlaring bo'lmaganida, seni toshbo'ron qilgan bo'lur edik. Sen biz uchun aziz odam emassan."


Izoh: Shuayb (a.s.)ning o'z qavmi ichida qarindoshlari ham bo'lgan. Ular payg'ambarni himoya qilishlari mumkin deb kofirlar hadiksirab turar edilar.   

92. (Shuayb) dedi: "Ey, qavmim! Sizlar uchun qarindoshlarim Allohdan ham azizroqmi? (Shuning) uchun Uni ortingizga (e'tiborsiz) tashlab qo'ydingizmi? Albatta, Rabbim qilmishlaringni qamrab oluvchidir.

93. Ey, qavmim! Maqomingizda (e'tiqodingizda) turib ish qilaveringiz! Men ham ish qiluvchiman. So'ngra kimga xor qiluvchi azob kelishi va kim yolg'onchi ekanini bilursiz. (Kutib) kuzatib turingiz! Men ham sizlar bilan birga kuzatuvchidirman".   

94. Amrimiz (azobimiz) kelganda esa, Shuaybga va u bilan birga imon keltirganlarga Bizdan (bo'lmish) rahmat sababli najot berdik. Zulm qilganlarni esa, qichqiriq tutdi. Bas, (ular) uylarida murdaga aylandilar.


Izoh: Jabroil (a.s.) qichqiriqlaridan halok bo'ldilar.   

95. Go'yo u yerda (oldin) yashamagandek (izlari o'chib ketdi). Ogohlaningki, Samud (qavmi)ga halokat yetgani kabi Madyan (qavmi)ga ham halokat yetsin!   

96. Darvoqe, Musoni oyatlarimiz va aniq hujjat (mo''jizali aso) bilan elchi qilib,   

97.  Fir'avn va uning zodagonlari huzuriga yubordik. Ular esa, Fir'avnning buyrug'iga ergashdilar. Vaholanki, Fir'avnning buyrug'i to'g'ri emas edi.   

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:27:26



98. U (Fir'avn) qiyomat kuni (o'z) qavmini ergashtirib, ularni do'zaxga tushirur. (Ular) tushadigan yer qanday ham yomon yer?!   

99. Ularga ushbu (dunyo)da ham, qiyomat kunida ham la'nat yetkazilur. Berilgan "yordam" qanday ham yomon yordam?!   

100. Ana shu Biz Sizga (ey, Muhammad,) qissasini aytayotgan shaharlarning xabarlaridandir. Ulardan (hozirgacha) turgani va (yo'q bo'lib) bitgani bor.   

101. Ularga Biz zulm qilmadik, balki o'zlariga (o'zlari) zulm qildilar. Rabbingiz amri (azobi) kelganda esa, Allohni qo'yib sig'ingan (ma'buda)lari hech ham foyda bermadi va ularga ziyondan boshqa narsani orttirmadi.   

102. Aholisi zolim yurtlarni tutganda Rabbingizning tutishi shundaydir. Albatta, Uning tutishi alamli va shiddatlidir. 

103. Albatta, bunda oxirat azobidan ko'rqqanlar uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar to'planadigan va hozir bo'linadigan kundir.

104. U (kun)ni faqat sanoqli muddatgachagina kechiktiramiz.

105. (U) kelgan kuni hech bir jon (egasi) Uning ruxsatisiz gapirmas. Ular ichida baxtsiz ham, baxtli (insonlar) ham bo'lur.

106. Bas, o'shanda baxtsiz bo'lganlar do'zaxda bo'lurlar va ular u yerda ingrab-hangrab tururlar


Izoh: Ya'ni eshak ovoziga o'xshash baqiriq bilan ovoz qilurlar.

107.  Modomiki (oxiratdagi) osmonlar va yer bor ekan, (ular) u yerda mangudirlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz istagan narsasini amalga oshiruvchidir!   

108. Ammo baxtli bo'lganlar esa, bas, jannatda, to (oxiratdagi) osmonlar va yer turguncha u yerda mangu tururlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. (Bu) bitmas ne'matdir.

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:33:14



109. Ana o'sha (mushrik)lar sig'inayotgan narsa tufayli shubhada qolmang? (Ular) oldin ota-bobolari sig'ingandek sig'inaveradilar. Biz ham ularning ulushlarini kamaytirmasdan to'la beruvchidirmiz.   

110. Musoga ham Kitob bergan edik. Bas, u haqda ixtilof qilindi. Agar Rabbingizdan (kechiktirish haqida) so'z kechmaganda edi, ularning o'rtalarida (shu dunyoda) hukm chiqarilgan bo'lur edi. Ular (mushriklar) u (Qur'on yoki azob) to'g'risida shak-shubhadadirlar.   

111. Barchaga, albatta, Rabbingiz amallari (mukofoti va jazosi)ni mukammal berur. Zero, U (ularning) qilayotgan ishlaridan xabardordir.   

112. Bas, buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to'g'ri) bo'lsinlar! Haddan oshib ketmangizlar! Albatta, U qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir. 


Izoh: Shu oyat Rasul (a.s.)ga juda og'ir ta'sir qilib: "Meni Hud(surasi) qaritdi" - degan ekanlar.

113. Zulm qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do'zaxdan) olov yetmasin! Sizlar uchun Allohdan o'zga do'st yo'qdir. So'ngra sizlarga (qiyomatda ham) yordam berilmas.   

114.  Kunning har ikki tarafida (ya'ni, ertayu kech) va tunning bir bo'lagida namoz o'qing! Albatta, ezgu ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir.


Izoh: Oyat mazmunidan besh vaqt namoz vaqtlarini chiqarganlar. Zero, kunning har ikki tarafini bomdod, peshin, asr namozlari vaqti, tunning bir bo'lagini esa shom va xuftan namozlari vaqti deb ta'vil qilish mumkin.   

115. Sabr qiling! Bas, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar mukofotini zoye qilmas.

116.  (Qani endi) sizlardan oldingi asrlarda o'tgan fazilat egalari yer (yuzi)dagi fasod (ishlar)dan qaytarganlarida edi? Lekin ular ichida Biz najot berganlardan ozchiligi (bu) ishni qildilar. Zulm qilganlar o'z rohat-farog'atlari ketidan ketdilar va jinoyatchi bo'lib qoldilar.   

117. Rabbingiz aholisi islohotchi bo'lgan shaharlarni zulm bilan halok etuvchi emasdir!

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:41:24



118. Agar Rabbingiz xohlaganida edi, (barcha) odamlarni bir ummat (bir din) qilgan bo'lur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil e'tiqodda) bo'lib borurlar.   

119. Rabbingiz rahm qilgan kishilar esa bundan mustasnodirlar. Ularni shuning uchun yaratgandir. Rabbingizning "Jahannamni barcha (kufrda o'tgan) jinlar va odamlar bilan to'ldirajakman", - degan so'zi haqdir.   

120. Sizga (ey, Muhammad!) Payg'ambarlarning xabarlaridan dilingizga sabot baxsh etadiganlarini aytib bermoqdamiz. Bu (qissalar)da haqiqat, mo'minlar uchun nasihat va eslatma keldi.   

121.  Imon keltirmaydiganlarga ayting: "O'z hollaringcha ish qilaveringiz! Biz ham ish qiluvchilarmiz.

122. Kutaveringiz ham. Biz ham kutuvchilarmiz".   

123. Osmonlar va Yerning g'aybiy siri Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir.



YUSUF SURASI

Yusuf-payg'ambar nomi.     

 "Go'zal qissa" deb ta'riflanuvchi ushbu surada asosan Ya'qub (a.s.) ning 12-o'g'li Yusuf (a.s.) ning boshidan kechirgan voqealari aks ettiriladi. Surada otalik va birodarlik mehri, ishq-muhabbat, ayollar makri, tush ta'biri, saxiylik va kechirimli bo'lish kabi insoniy xususiyatlar ajib uslubda o'z ifodasini topgan. Bu suradan ilhomlangan shoir va yozuvchilar to hanuz Yusuf-Zulayho qissasi rukni bilan turli dostonlar ijod etganlar. Ular ichida Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Firdavsiy, Rabg'uziy, Durbek, Balxiy kabi shoirlarning asarlari diqqatga sazovordir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman.

1. Alif, Lom, Ro. Ushbular aniq Kitobning oyatlaridir.

2. Albatta, Biz uni (Kitobni) anglashlaringiz uchun arabiy Qur'on tarzida nozil qildik.

3. Biz Sizga ushbu Qur'on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga go'zal qissani aytib berurmiz. Siz esa undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz.   

4.  Eslang, Yusuf (o'z) otasi (Ya'qub)ga dedi: "Ey, otajon! Men (tushimda) o'n bitta yulduz, quyosh va oyning menga sajda qilgan hollarida ko'rdim".   

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:48:06



5.  (Otasi) aytdi: "Ey, o'g'ilcham! Tushingni akalaringga* so'zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir*.

Izoh: Akalarining ismlari - Rubil, Sham'un, Loviy, Yahudo, Zabulun, Yashjar bo'lib, bu oltovlon Ya'qub (a.s.)ning Layyo degan xotini (tog'asining qizi)dan tug'ilgan. Yana Zulfa va Balha degan cho'rilaridan to'rt o'g'il - Don, Naftoli, Jod, Oshar. Layyo vafot etgandan keyin uning singlisi Rohilga uylanadilar. Undan Yusuf va Binyomin tug'iladi. Hammasi bo'lib Yusufning 10 akasi va bir ukasi bo'lgan. Shu o'nikki birodarlarni "Asbot" deyiladi.  Izoh (a): Ya'qub (a.s.) Yusufni aqlzakovati, husnu-siyrati, axloq-odobi yuqori darajada bo'lganidan juda sevar edi. Bu mehrni payqagan akalari Yusufga hasad qilishar edi. Shuning uchun ko'rgan tushini bilsalar, rashk va hasadlari yanada oshib ketmasin, deb, uni ogohlantirib qo'ydi.

6.  Shu (tushingda ko'rganing) kabi Rabbing seni tanlab oladi, senga gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) mazmunini o'rgatadi va ikki bobolaring - Ibrohim va Ishoqqa to'la bergani kabi, senga va Ya'qub nasliga (O'zining) ne'matini to'la baxsh etadi. Albatta, Rabbing bilim va hikmat egasidir".   

7. Haqiqatan, Yusuf va (uning) akalari (qissasi)da so'rovchilar uchun alomatlar bordir.

8. O'shanda (akalari) aytdilar: "Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko'ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to'p (ko'pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir."

9.  (Bir-birlariga): "Yusufni o'ldiringiz yoki uni biror yerga chiqarib tashlangiz, shunda otangiz o'zi sizlarga ortar (faqat sizlarga mehr qo'yar). Undan keyin (yana) solih (kishi)lar qavmi bo'lursizlar".


Izoh: Bu maslahatni Sham'un ismli akasi yoki shayton bergan degan rivoyatlar bor.

10. Ulardan bir so'zlovchi dedi: "Yusufni o'ldirmangiz, balki agar qilmoqchi bo'lsangiz, uni quduq qa'riga tashlangiz, (shunda) uni ba'zi yo'lovchilar olib ketar!"   

11.  Dedilar: "Ey, otamiz! Nechun Siz Yusufni bizga ishonmaysiz? Axir, biz unga juda xayrixohmiz-ku!   

12. Ertaga uni biz bilan birga jo'nating, yayrab o'ynasin! Biz uning uchun qo'riqlovchilarmiz". 

13. (Ya'qub) dedi: "Uni olib ketishingiz meni juda tashvishlantiradi, sizlar undan g'aflatda bo'lgan chog'laringda uni bo'ri yeb qo'yishidan qo'rqaman".

14. Aytdilar: "Agarda biz bir to'da bo'la turib, uni bo'ri yeb ketsa, unda biz rosa ziyon ko'ruvchilar bo'lib qolamiz-ku?!"

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:52:10



15.  Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa'riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: "Akalaringga bu ishlari to'g'risida (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, lekin ular (haqiqatni) sezmaydilar", - deb vahiy qildik.

16. Otalari huzuriga oqshom paytida yig'lab kelishdi.   

17. Aytdilar: "Ey, otamiz! Biz Yusufni matohlarimiz oldida qoldirib quvlashib ketsak, uni bo'ri yeb ketibdi. Rost gapirsak ham, (baribir) siz bizga ishonuvchi emassiz".   

18. Uning ko'ylagi uzra soxta qon bilan keldilar. (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarni (o'z) nafsingiz (bunday mudhish) ishga undagan. Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsa ustidan Alloh (menga) madadkordir".


Izoh: Soxta qondan murod kiyimlarini bir qo'zichoq qoniga bo'yab kelganlaridir. 

19. (Yusuf uch kun yotgach) bir karvon keldi. Suv keltiruvchini yuborgan edilar, u chelagini (quduqqa) tushirgach: "Xushxabar! Bu bola-ku!" -dedi. Uni matoh sifatida maxfiy tutdilar. Alloh esa qilayotgan ishlarini biluvchidir.

Izoh: Matoh sifatida bozorga olib borib sotib yuborish niyatida yashirib qo'ydilar.

20. Uni (Misrda) arzon - sanoqli dirhamlarga sotdilar va (bu ishda go'yo) tarki dunyochilardan bo'ldilar.

21.  Misrda uni sotib olgan kishi (shahar hokimi Qitfir) xotini (Zulayxo)ga: "Unga yaxshi joy ber, zora bizga foydasi tegsa yoki o'g'il qilib olsak", - dedi. Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) ta'vili (mazmuni)ni bildirishimiz uchun (shunday qildik). Alloh (O'z) ishida g'olibdir, lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.   

22. Voyaga yetgach, unga hukm (hakamlik) va ilm ato etdik. Chiroyli ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz.

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 07:56:28



23. U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayxo) undan nafsi (jinsiy yaqinlik qilishi)ni talab qildi va eshiklarni qulflab: "Qani kel!" -dedi. (Yusuf) dedi: "Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, iqbolsiz bo'lurlar!"

Izoh: Oyatdagi "zolimlar"dan murod xoinlar yoki zinokorlardir.   

24. (Zulayxo) unga moyil, u (Yusuf dili) ham bunga moyil bo'lgandi*. Agar Rabbining hujjatini* ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir.

Izoh: Yusufdagi moyillik dilda hosil bo'ladigan, lekin uni ijro etish niyati bo'lmagan moyillik edi. Zulayhodagi moyillik esa uni amalga oshirish niyati bilan edi.  Izoh (a): Rabbining hujjati - otasining siymosi, ya'ni mazkur moyillik paydo bo'lgan zahoti bexos ko'zlariga otasi Ya'qub (a.s.) ning yuzlari ko'rinib, go'yo "bu ishdan qayt!" - degandek tuyuldi.   

25.  (Ikkisi) eshik tomon quvlashib ketdi (Yusuf qochdi, u quvdi) va (Zulayxo) uning ko'ylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Eshik oldida xojasi (eri)ga yo'liqdilar. (Zulayxo) dedi: "Oilangga yomonlikni ravo ko'rgan kishining jazosi faqat hibsga olinish yoki alamli azobdir".   

26.  (Yusuf) dedi: "Uning o'zi mendan nafsim (jinsiy yaqinlik qilishim)ni talab qildi". Uning (Zulayxoning) qarindoshlaridan biri* guvohlik berib: "Agar uning ko'ylagi old (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) rost so'zlagan, u (Yusuf) esa yolg'onchilardandir.


Izoh: Guvohlik bergan qarindoshi o'z amakisining norasida o'g'li edi.   

27.  Bordiyu ko'ylagi orqa (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) yolg'on so'zlagan, u esa rostgo'ylardandir".

28. (Zulayxonining eri uning) ko'ylagi orqa tomonidan yirtilganini ko'rgach: "Albatta, bu siz (ayollar)ning makrlaringizdir. Haqiqatan, sizlarning makringiz ulkandir.

29. Yusuf! Bu (ish)ni qo'ygin, sen esa (ey, Zulayxo) gunohing uchun kechirim so'ra. Zero, sen yanglishganlardan bo'lding", - dedi.   

30. Shahardagi ayollar: "Hokimning xotini o'z xizmatkori bilan o'ynashmoqchi bo'libdi. Yuragidan urib qo'yibdi. Albatta, biz uni aniq adashganlikda deb bilurmiz", - dedilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:00:16



31.  Bas, (Zulayxo) ularning makrlarini eshitgach, ular huzuriga (odam) yubordi va ularga suyanib o'tiradigan joy hozirladi hamda ulardan har biriga bittadan pichoq berib (Yusufga): "Ular huzuriga chiqqin!" - dedi. Bas, uni ko'rishgach, unga mahliyo bo'ldilar va qo'llarini kesib oldilar hamda : "YO, Alloh! Bu bashar emas! Bu (azizu) mukarram farishtaning o'zginasi-ku!" - dedilar.   

32. (Zulayxo) dedi: "Meni u to'g'rida malomat qilganlaring shu (yigit)dir. Haqiqatan, undan nafsi (jinsiy yaqinligi)ni talab qilganimda, u saqlandi. Qasamki, agar (u) mening buyrug'imni bajarmas ekan, albatta, u zindonband qilinib, haqirlardan bo'lib qolur".

33. (Yusuf) dedi: "Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko'ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig' tutmasang, ularga moyil bo'lib, johillardan bo'lib qolurman".

34. Bas, Rabbi (duosini) ijobat qildi va u (ayol)larning makrlarini undan bartaraf etdi. Albatta, U eshituvchi va biluvchidir.   

35. So'ngra ularga (Misr hokimi va uning a'yonlariga) alomatlarni ko'rganlaridan so'ng uni (ma'lum) bir vaqtgacha zindonband qilib turish (fikri) paydo bo'ldi.

36. Zindonga u bilan birga yana ikki yigit (tuhmat bilan) tushdi. Ulardan biri (soqiy bo'lgani): "Men tushimda may tayyorlayotgan emishman", - dedi. Unisi (shohning nonvoyi) esa: "Men boshimda non ko'tarib turgan emishman. Qushlar undan yeyayotgan emish. Sen bizga shuning ta'birini aytib ber! Zero, biz seni ezgu ish qiluvchilardan ekaningni ko'rib turibmiz", - dedi. 

37.  (Yusuf) aytdi: "Men sizlarga ozuqa bo'ladigan taom oldingizga kelishidan burun uning (qandayligi) ta'vilini aytib berurman. Bu Rabbimning menga bildirgan narsalaridandir. Men Allohga imon keltirmaydigan va oxiratni inkor etuvchi qavm dinini tark etdim.

Qayd etilgan