Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069465 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 63 B


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:05:49



38. Shuningdek, ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya'qublarning diniga ergashdim. Biz uchun Allohga biror narsani sherik qilish mumkin emasdir. Bu Allohning bizlarga va odamlarga (nisbatan) fazlidir, lekin aksariyat odamlar shukr qilmaydilar. 

39. Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman "ilohlar" yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?   

40. Sizlar Uni qo'yib, o'zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar (but-sanamlar)gagina sig'inyapsizlar. Ularga Alloh biror hujjat tushirmagan bo'lsa?! (Ibodat va din to'g'risidagi) hukm faqat Alloh ixtiyoridadir. (U) O'zidan boshqaga sig'inmaslikka buyurgan. To'g'ri din - mana shu! Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.


Izoh: Demak, inson bilim olish imkoniyatiga ega bo'laturib, bilishga harakat qilmasa va bilmaganidan gunoh ish qilib qo'ysa ham gunoh yoziladi. Bilmasligi uzr bo'lmaydi.   

41. Ey, ikki hamzindonlarim! Endi, sizlarning biringiz (ko'rgan tush)ga kelsak, (u ozod etilib, yana) xojasiga soqiylik qilur. Unisi bo'lsa, (dorga) osiladi va uning boshidan qushlar (cho'qib) yerlar. Sizlar javobini so'ragan ish bitdi".

42.  Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): "Xojang huzurida meni yod et!" - dedi. Lekin, shayton xojasiga aytishni unuttirdi. Natijada (Yusuf) bir necha yil zindonda qoldi.


Izoh: yetti yil.

43. Shoh dedi: "Men tushimda yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa (yettita) qurigan boshoqlarni ko'rdim. Ey, a'yonlar! Agar tush ta'birini aytuvchi bo'lsangiz, tushim to'g'risida fatvo (javob) beringiz-chi!"

Izoh: Shohning nomi Rayyon ibn Valid edi.   

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:09:26



44. (A'yonlar) aytdilar: "(Bu) alag'da tushlar. Biz (bunday) tushlar ta'biriga olim emasmiz".

45.  Ikki (mahbuslar)dan ozod bo'lgani allaqancha muddat o'tgach, (Yusuf) yodiga tushib dedi: "Uning ta'birini men aytib berurman. Meni (Yusuf huzuriga) yuboringiz!"   

46.  (U borib dedi): "Yusuf! Ey, rostgo'y odam! Bizga yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yegani hamda yettita yashil boshoq bilan birga turgan boshqa (yetti) quruqlari to'g'risidagi (tush) fatvosi (ta'biri)ni aytib bergin. Shoyad odamlar oldiga borsam va zora, ular ham (buni) bilib olishsa".   

47.  (Yusuf) aytdi: "Odatlaring bo'yicha yetti yil ziroat qilaveringiz. Olgan hosilingizni (omborda) boshog'i bilan qoldiringiz. Faqat ozgina o'zlaring yeydiganini (yanchib olingiz).

48. So'ngra, undan keyin qattiq yetti (yil) keladi va shu (qahatchilik yil)lar uchun g'amlab qo'ygan zaxirangizni yeb ketadi. Faqat ozgina asrab qo'yganingizdan (qolur).   

49. So'ngra, undan keyin bir yil kelib, odamlar unda yomg'irga serob bo'lurlar va unda (mevalardan) sharbat olurlar".   

50. Shoh, (bularni eshitib): "Uni huzurimga olib kelingiz!" - dedi. Chopar kelgach, u (Yusuf) dedi: "Xojang huzuriga qaytib borginda, undan qo'llarini kesib olgan ayollar nima bo'lganini so'ra! Albatta, Rabbim ularning makrlarini biluvchidir".

51.  (Shoh ayollarni topib) dedi: "Yusufdan shahvoniy mayllik talab qilganingizda ne bo'lgan edi?" Aytdilar: "Alloh saqlasin! Uning biror yomonligini bilmadik". Hokimning xotini (Zulayxo) dedi: "Mana endi, haqiqat ro'yobga chiqdi. Undan men (jinsiy) mayllik talab qilgan edim. U, haqiqatan, (so'zida) sodiqlardandir".

52. (Shundan keyingina Yusuf dedi): "Buni men (shahar hokimi) g'oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (shoh ham) bilishi uchun (qildim).

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:15:24

O'N UCHINCHI JUZ'
*************************



53.  Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs -agar Rabbim rahm aylamasa - faqat yomonlikka qistovchidir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir".

54.  Shoh: "Keltiringlar uni huzurimga, uni o'zimga xos kishilardan qilib olay!" - dedi. U bilan so'zlashgach (shoh): "Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan", - dedi.

55. Yusuf) dedi: "Meni shu yerning xazinaboni qilib qo'y! Zero men saqlovchi va (tasarrufni) biluvchidirman".


Izoh: Payg'ambarimiz Muhammad (a.s.) shu oyatni o'qib aytgan ekanlar: "Alloh birodarim Yusufni rahmat qilsin, agar xazinabonlik lavozimini shoshilib o'zi so'ramaganda, bir yil kechiktirmasdan shu lavozim berilar edi".

56. Shunday qilib, Yusufni (o'sha) yerning o'zi xohlagan joyida istiqomat qiladigan qilib quydik. Rahmatimizni O'zimiz xohlagan kishilarga yetkazurmiz va ezgu ish qiluvchilar mukofotini zoye qilmaydurmiz.

57. Oxirat mukofoti esa, imon keltirgan va taqvoli bo'lganlar uchun yaxshidir.

58. Yusufning birodarlari (Misrga) kelishib, uning huzuriga kirganlarida, ularni tanidi. Ular esa, uni tanimas edilar.

59. Ularni sarmoyalari bilan jihozlagach, (Yusuf) dedi: "O'sha, ota bir inilaringizni mening huzurimga keltiringiz. Axir, men sizlarga yaxshi mezbonlik qilib, (donlarni) to'la holda o'lchab berayotganimni ko'rayapsizlarmi?

60.  Bas, agar uni mening huzurimga olib kelmasangizlar, u holda mening dargohimda -sizlar uchun o'lchanadigan narsa yo'qdir – menga yaqin kelmay qo'ya qolinglar"

61. Ular: "Otasidan uni (bizga qo'shib yuborishni) so'raymiz. Albatta, bizlar (shunday) qiluvchimiz", - dedilar.

62. (Yusuf o'zining tarozibon) yigitlariga: "Ularning, (donga almashtirish uchun) keltirgan narsalarini yuklarining ichiga (qaytarib) solib qo'yinglar. Shoyad uylariga qaytgan vaqtlarida, ularni tanib, yana qaytib kelsalar",-dedi.

63. Otalarining oldiga qaytib kelishgach, dedilar: "Ey, ota, (bundan keyin) bizlarga o'lchov (oziq-ovqat) berilmaydigan bo'ldi. Biz bilan birga inimizni yuborgin, shunda o'lchab ola bilamiz. Bizlar, albatta, uni muhofaza qiluvchimiz".

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:17:25



64. (Ya'qub) dedi: "Men uni sizlarga ilgari uning akasini ishonganimdek ishonayinmi?! (Lekin) Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U mehribonlarning mehribonrog'idir".

65. (Olib kelgan) yuklarini ochib ko'rishgach, (almashtirib kelish uchun olib borgan) narsalarini o'zlariga qaytarilganini ko'rib, dedilar: "Ey, ota, mana narsalarimiz o'zimizga qaytarilibdi. (Yana) bizga nima kerak?! (Inimizni qo'shib yuborsang), yana oilamizga oziqovqat keltirurmiz, inimizni muhofaza qilurmiz va (uning uchun ham) bir tuya yukni ortiqroq olurmiz. Bu (misrlik xazinachi uchun) ozgina o'lchovdir".

66. Ya'qub aytdi: "Uni (Binyaminni) mening oldimga keltirishingiz haqida Allohdan vasiqa keltirmaguningizga qadar (ya'ni, Alloh nomiga qasam ichmaguningizcha,) qurshovda qolishingiz bundan mustasno, uni sira sizlar bilan birga yubormasman". Unga vasiqalarini keltirishgach, (Ya'qub): "Bu aytayotgan gaplarimizga Alloh guvohdir", - dedi.

67.  (So'ng ularni safarga kuzatar ekan), aytdi: "Ey, o'g'illarim, (Misrga) bir darvozadan kirmanglar, balki turli xil darvozalardan kiringlar! Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O'zigagina tavakkul qilsinlar!"

68. Ularning otalari buyurgan taraflardan (Misrga) kirishlari ulardan Allohning biror hukmini qaytaruvchi emasdir. (Bu) faqat Ya'qubning dilidagi (farzandlariga nisbatan mehridan paydo bo'lgan) bir ehtiyoj bo'lib, u o'shani qondirgan edi, xolos. Zotan, u Biz (vahiy orqali) bergan ta'limimiz sababli (chuqur) bilim egasidir. Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.

69. Yusufning huzuriga kirganlarida, u inisini o'ziga tortib: "Men sening akangman. Endi ular (ya'ni, akalarimiz) qilayotgan narsa (hasad-adovatlari)dan g'amgin bo'lmagin", - dedi.

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:20:07



70. Bas, ularning hojatlarini ravo qilgach, inisining yuki orasiga (bildirmay) bir qadahni solib qo'ydi. So'ngra jarchi: "Ey karvon (egalari), sizlar o'g'ridirsizlar", - deb jar soldi

71.  Ular kelishgach: "Nima yo'qotdingizlar?", - dedilar.

72. (Jarchilardan biri) aytdi: "Podshohning qadahini yo'qotdik. Uni topib keltirgan kishiga bir tuya yuk (mukofotdir). Men shunga kafilman".

73. Ular dedilar: "Allohga qasamki, bizlar bu yerga buzg'unchilik qilish uchun kelmaganimizni bilasizlar-ku! (Bizlar) o'g'ri emasmiz".

74.  "Agar yolg'onchi bo'lsangizlar, (o'g'rining) jazosi nima bo'lur?"- so'rashdi (jarchilar).

75. Ular dedilar: "Uning jazosi, kimning yuki orasidan topilsa, o'sha kimsa jazolanur. Bizlar zulm (o'g'rilik) qiluvchi kimsalarni mana shunday jazolaymiz".

76. Bas, (Yusufning xizmatkori axtarishni) uning birodari (Binyamin)ning idishidan oldin ularning (ya'ni, akalarining) idishlaridan boshladi. So'ngra uni ukasi idishidan "topib" chiqardi. Biz Yusufga mana shunday hiyla (tadbir)ni qildik (bildirdik). (Chunki) podshohning dinida o'z birodarini - Alloh xohlamasa - (boshqa yo'l bilan) olib qola olmas edi. Biz (o'zimiz) xohlagan kishilarning darajalarini ko'tarurmiz. Har bir ilm egasining ustida (undan) bilimdonroq (olim) bordir.

77. Ular: "Agar bu (Binyamin) o'g'rilik qilgan bo'lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o'g'rilik qilgan edi", - dedilar. Bas, Yusuf bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi va "Sizlar yomon (tuban) martabadadirsizlar. Alloh sizlarning "vasflaringizni" yaxshi biluvchidir", - dedi.

78.  Ular dedilar: "Ey, aziz, uning bir keksa otasi bor. Sen uning (Binyaminning) o'rniga bizlardan birimizni olib qolgin. Bizlar sening ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningni ko'rmoqdamiz".

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:23:04



79.  (Yusuf) aytdi: "Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan o'zgani olib qolishdan Alloh saqlasin! Aks holda biz zolim kimsalardan bo'lib qolurmiz".

80. Undan umidlari uzilgach, (og'a-inilar) bir chetga chiqib shivirlashdilar. Ularning kattalari aytdi: "Otalaringiz sizlarning zimmangizga Allohdan vasiqa olib qolganini bilmay qoldingizmi?! Ilgari Yusuf to'g'risida ham shunday sustkashlik qilgan edinglar. Bas, to otam menga izn bermagunicha yoki Alloh men uchun (biror) hukm qilmagunicha mana shu yerdan sira jilmayman. U (Alloh) hukm qiluvchilarning yaxshirog'idir.

81.  Sizlar otalaringiz oldiga qaytib, aytinglar: "Ey, ota, o'g'ling o'g'rilik qildi. Bizlar faqat bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. (Oldin va'da qilganimizda) g'aybni (ya'ni, kelajakda nima bo'lishini) esa, biluvchi emasmiz.

82. Biz bo'lib qaytgan shahar (ahli)dan va birga ketgan karvondan so'ragin. Albatta, bizlar rost so'zlovchilarmiz".

83. (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarga havoyinafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko'rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va katta o'g'limning) barchalarini (bag'rimga) qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir".

84. Keyin ulardan yuz o'girib: "Esizgina Yusuf!" dedi. G'am-g'ussadan uning ko'zlari oqarib (ojiz bo'lib) qoldi va u endi hazindir.

85. (Shunda o'g'illari): "Alloh haqqi, to chala o'lik bo'lib qolguningcha yoki (bir yo'la) halok bo'lguningcha, Yusufni eslayverar ekansanda?!" - dedilar.

86. U aytdi: "Men g'am va tashvishlarimdan yolg'iz Allohgagina shikoyat qilaman va men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman".

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:25:55



87.  "Ey, o'g'illarim, boringlar, Yusuf va uning ukasini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo'lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid bo'lur".

88.  (Ular bor bisotlarini olishib, yana Misr tomonga ravona bo'lishdi). (Yusufning) huzuriga kirishgach, dedilar: "Ey, aziz zot, bizni va ahlu oilamizni ocharchilik tutdi. Bizlar (bu safar) o'tmas matohlarni olib keldik. Bizlarga o'lchov (oziq-ovqat)ni to'la bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, albatta, sadaqa beruvchilarni mukofotlagay".

89.  (Yusuf) dedi: "Jaholatda bo'lgan paytingizda Yusuf va uning ukasiga nima ishlar qilganingizni bilasizlarmi?"

90.  Ular: "Sen o'sha Yusufmisan?" - deb so'radilar. U: "Ha, men Yusufman, bu esa ukamdir. Alloh bizga marhamat ko'rsatdi. Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo'rqib, sabr qilsa, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilarning mukofotini zoye qilmas", - dedi.

91. Ular dedilar: "Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan afzal qilibdi. Bizlar esa, haqiqatan, xatoga ketganlardan bo'ldik".

92. U dedi: "Bu kun sizlarga ayblov yo'q. Alloh sizlarni mag'firat qilgay. U rahm qiluvchilarning rahmlirog'idir".

93. "Sizlar mana bu ko'ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, shunda uning ko'zlari sog'ayur. So'ng barcha ahlu oilalaringiz bilan birga mening oldimga kelinglar".

94.  Karvon (Misrdan) chiqishi bilan otalari (Ya'qub o'z huzuridagi kishilarga): "Men Yusufning bo'yini sezmoqdaman. Meni aqldan ozganga chiqarmasangizlar edi", - dedi.

95. (Ular) aytdilar: "Allohga qasamki, sen (hali ham) o'sha eski xatoyingda turibsan".

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:29:02



96.  Bas, xushxabarchi kelib, uni (ko'ylakni Ya'qubning) yuziga tashlagach, u ko'radigan bo'lib qoldi. "Sizlarga men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman, demaganmidim", - dedi u.

97.  Ular dedilar: "Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag'firat qilishini so'ragin. Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo'ldik".

98. U aytdi: "Albatta, Rabbimdan sizlarni mag'firat qilishini so'rayman. Albatta, mag'firat qiluvchi va mehribon zot Udir".


Izoh: Otasi, qarindoshlari hammasi Yusufni barhayot ekanini eshitib, shodlanib yo'lga tushdilar. Yusuf esa chegarada bir chodirda ularning kelishiga muntazir edi.

99. Bas, qachonki, (yetib kelishib) Yusufning huzuriga (chodirga) kirganlarida, u o'zini otaonasining quchog'iga otdi va "Inshoalloh, Misrga tinch-omon kiringlar", - dedi.

100. (Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so'ng) u ota-onasini o'z taxtiga chiqardi va ular (ya'ni, ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: "Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari ko'rgan tushimning ta'biridir. Rabbim uni rost qildi. Darhaqiqat, u menga yaxshilik qildi - meni zindondan chiqardi, shayton men bilan akalarim orasini buzib ig'vo qilganidan keyin, mana sizlarni sahrodan (Misrga sog'-salomat holingizda) keltirdi. Albatta, Rabbim O'zi xohlagan narsani lutf bilan amalga oshiruvchidir. Albatta, Uning O'zigina bilim va hikmat sohibidir.

101. Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O'zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni solihlar (qatori)ga qo'shgin."

102.  (Ey, Muhammad,) bu Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. (Chunki siz Yusufning akalari) makr-hiyla bilan o'zlarining ishlarini tuzib, ittifoq qilishayotgan paytlarida ularning huzurlarida yo'q edingiz.

103. Odamlarning ko'plari, garchi Siz juda istasangiz-da, mo'min bo'lmaydilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  18 Aprel 2008, 08:31:37



104.  Siz ulardan bu (da'vatingiz) uchun biror ajr (haq) so'ramaysiz. U (Qur'on) faqatgina (barcha) olamlar uchun bir eslatmadir, xolos.

105. Osmonlar va Yerda qanchadan-qancha alomatlar bordir. (Lekin) ular bu oyatlardan yuz o'girgan hollarida (beparvo) o'tib ketaveradilar.

106.  Ularning aksariyati Allohga faqat mushriklik hollaridagina "imon" keltiradilar.


Izoh: Ya'ni Allohning borligiga ishonchlari bo'laturib, Unga shirk keltirdilar.

107.  Yoki ular Allohning azobidan biror qamrab oluvchi (balo) kelib qolishidan yo to'satdan ular sezmagan hollarida qiyomat qoyim bo'lishidan xotirjammilar?!

108. Ayting: "Mening yo'lim shu! Men va menga ergashganlar aniq hujjat bilan Allohga da'vat etamiz. (Har qanday sherikdan) Allohni pok deb bilaman. (Zero,) men mushriklardan emasman".

109.  (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan oldin ham faqat shahar ahllaridan bo'lgan kishilarni payg'ambar qilib, ularga vahiy yuborganmiz. Axir, (odamlar) yer yuzida sayohat qilib, o'zlaridan avvalgi (imonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi? Taqvoli bo'lganlar uchun, shubhasiz, oxirat diyori (bu foniy dunyodan) yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!

110.  Har qachon (o'sha) payg'ambarlar noumid bo'lib: "Bizlar yolg'onchi qilindik", - deb gumon qila boshlaganlarida, ularga Bizning g'alabamiz (yordamimiz) kelib, Biz xohlagan kishilarga najot berilar edi. (Ammo) jinoyatchilar qavmidan Bizning azobimiz qaytarilmas!

111. Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur'on) to'qib chiqariladigan gap emas, balki o'zidan oldingi narsalarni (ya'ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo'lgan bir Kitob)dir.

Qayd etilgan


Mubashshir Muhammad  29 Aprel 2008, 16:11:35



RA'D SURASI

 Ra'd - momaqaldiroq. Bu nom berilishiga sabab surada hamma mavjudot, hatto momaqaldiroq ham Allohning sha'nini ulug'lab, Unga tasbeh aytib turishi haqida oyat borligidir. Surada imon- e'tiqod, haqiqat bilan botillik o'rtasidagi kurash, hayot va mamot, qiyomat hisoboti va boshqa ilohiy ko'rsatmalar misollar bilan bayon etilgan.

Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan boshlayman.

1. Alif, Lom, Mim, Ro. Ushbu (sura oyatlari) Kitob (Qur'on) oyatlaridir. (Ey, Muhammad!) Sizga nozil qilingan bu narsa (Qur'on) haqiqatdir, lekin odamlarning aksariyati imon keltirmaydilar.

2. Alloh osmonlarni, ko'rib turganingizdek ustunsiz ko'tarib qo'ygan, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan hamda quyosh va oyni (O'z amriga) bo'yin sundirgan zotdir. Har biri muayyan muddatgacha (ya'ni, qiyomat qoyim bo'lgunicha) jarayonda bo'lur. (Alloh barcha) ishning tadbirini qilur va sizlar (qiyomat kunida) Rabbingizga ro'baro' bo'lishga imon keltirishingiz uchun oyatlarni mufassal bayon qilur.

3.  U Yerni yoyib qo'ygan va unda tog'lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi har mevani ikkitadan - juft-juft (ya'ni, erkakurg'ochi) qilib yaratdi. U kecha bilan kunduzni qoplaydi. Albatta, bu (misollar)da fikr yuritadigan qavm uchun alomatlar bordir.

4. Yerda bir-biriga yonma-yon, bo'lak-bo'lak (unumdor va unumsiz) yerlar, uzumzor bog'lar, ekinzorlar va shoxlagan va shoxlamagan xurmolar bo'lib, (hammasi) bir suv bilan sug'orilur. Biz ularning biridan birining ta'mini totliroq qilib qo'yurmiz. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir.

5.  Agar ajablansangiz, u holda ularning (kofirlarning): "Tuproq bo'lib ketgach, yana yangitdan yaratilamizmi?" - degan gaplari ajablanarliroqdir. Ana o'shalar Parvardigorlarini inkor etganlardir. (Qiyomat kunida) ana o'shalarning bo'yinlarida zanjirlar bo'lur. Ana o'shalar do'zax ahli bo'lib, o'sha joyda mangu qolurlar.



Qayd etilgan