43. Kofir bo'lgan kimsalar (sizga): "Payg'ambar emassan", - deydilar. Ayting: "Men bilan sizlarning oramizda Alloh va Kitob (Qur'on) ilmidan xabardor bo'lgan kishilar guvohlikka kifoya qilur".IBROHIM SURASIIbrohim (a.s.)ning Qudsdan Makkaga kelishlari, u yerda qilgan duolari haqida oyatlar bo'lgani uchun suraga shu nom berilgan. Unda asosan - tavhid, e'tiqod, qiyomat, jannat, do'zax, hisobot, payg'ambarlarning yuborilishidan ko'zlangan maqsad va boshqa muhim ma'lumotlar mavjud.
Mehribon va rahmli Alloh nomi ila boshlayman.
1. Alif, Lom, Ro. (Ey, Muhammad! Bu Qur'on) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga - qudrat va hamd egasining yo'liga - olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir.
2. (U yo'l) osmonlar va Yerdagi bor narsa Uniki bo'lgan Allohning (yo'lidir). Qattiq azob dastidan kofirlar holiga voy!
3. Ular dunyo hayotini oxiratdan afzal biladigan, (odamlarni) Allohning yo'lidan qaytaradigan va uni qing'ir qilishni istaydigan kimsalardir. Ular (haq yo'ldan) yiroq gumrohlikdadirlar.
4. Biz har bir payg'ambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun o'z qavmining tili bilan (so'zlaydigan qilib) yubordik. Bas, Alloh (O'zi) xohlagan kimsani yo'ldan ozdirur va (O'zi) xohlagan kishini hidoyat qilur. U qudratli va hikmatli zotdir.
5. Darhaqiqat, Biz Musoni (Bani Isroil qavmiga) oyatlarimiz bilan yuborib (unga dedik): "Qavmingni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqqin va ularga Allohning kunlari (ne'matlari)ni eslatgin! Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi kishi uchun alomatlar bordir".