O’N BESHINCHI JUZ’
*************************
AL-ISRO SURASIIsro - tunda sayr qildirish. Bu Islom tarixida mashhur hodisa bo'lib, Muhammad (a. s.) ning hijratdan bir yil oldin Makkadagi Masjidi Harom (Ka'ba)dan Qudsi sharifdagi Masjidi Aqsoga bir zumda sayr qilib yetib borishlari bilan izohlanadi. Surada Isroil avlodi haqida ham muhim tarixiy ma'lumotlar beriladi. Shuning uchun uni Bani Isroil surasi deb ham ataladi. Tavhid, imon, e'tiqod, ibodat, solih amallar, ota-onani rozi qilish kabi fazilatlarga targ'ib bilan bir qatorda shirk, kufr, ma'siyat, zulm kabi yomon sifatlardan xoli bo'lishga da'vat etuvchi oyatlar suradan joy olgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. (O'z) bandasi (Muhammad)ga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul-Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo'ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir. Izoh: Isro bilan me'rojning bir-biridan farqlash lozim. Isro - bu Muhammad (a. s.) ning Makkadan Qudsga - Aqso masjidiga borishlari. Me'roj Aqsodan osmonga ko'tarilib samoviy sayr qilib qaytganliklaridir. Shu me'roj kechasida musulmonlar zimmasiga besh vaqt namoz o'qish farz qilingan. Isro va me'roj kechasi har yili hijriy taqvim bo'yicha rajab oyining 27-kechasi diniy bayram sifatida nishonlanadi. 2. (Biz) Musoga Kitob (Tavrot)ni ato etdik va uni Isroil avlodi uchun hidoyat qilib (dedik): "Mendan o'zgani vakil qilib olmanglar!"
3. "(Ey,) Biz (g'arq bo'lishdan qutqarib,) Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari! Albatta, u ko'p shukr qiluvchi banda edi".
4. Shuningdek, Biz Isroil avlodiga Kitobda: "Sizlar, albatta, (Shomdek) zaminda ikki marta buzg'unchilik qilursizlar va katta tug'yonga ketursizlar", - deb xabar berdik.
5. Bas, qachonki, u (buzg'unchilik)lardan avvalgisining belgilangan vaqti kelganida, sizlarning ustingizga (jazolash uchun) kuch-quvvatga ega bo'lgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlima-hovli kezdilar. (Bu va'da) ado etiluvchi va'da edi. Izoh: Ular Shom zaminida mazkur ikki buzg'unchilikdan birinchisiga qo'lurib, Armiyo payg'ambarni hibs, Zakariyoni qatl qilganlaridan keyin Allohning irodasi bilan ularni ustiga Bobil hukmdori mashhur mushrik Buxtinassirning qo'shinlari bostirib keladi va yurtni vayron qilib, Tavrotni kuydirib, 70000 nafar xalqini qirib tashlaydi. Boshqa rivoyatlarda Buxtinassir o'rniga Jolut yoki Naynavo hukmdori Sanjorib edi, deyiladi. 6. So'ngra (tavba qilganlaringizdan keyin) ularning (Bobil hukmdorining) ustidan g'alabani sizlarga qaytardik va sizlarga mol-dunyo va farzandlar bilan madad berib, adadingizni ko'paytirdik.
7. Agar (shundan keyin) ezgu ish qilsangizlar - o'zlaringizga ezgulik qilgan bo'lursizlar. Agar yovuzlik qilsangizlar ham o'zlaringiz uchundir. Bas, qachon keyingi (buzg'unchilikning) belgilangan vaqti kelganida, (ular yana) yuzlaringizni shuvut qilishlari, oldingi safar kirganlari kabi Masjid (Baytul-Maqdis)ga kirib, (uni toptashlari) uchun hamda o'zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (dushmanlaringizni yana ustingizga yuborurmiz).