Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069360 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:53:56



54. (Biz) bu Qur'onda odamlarga turli masallardan bayon qildik. Darhaqiqat, inson ko'p janjal (bahs) qiluvchidir.

55. Odamlarga hidoyat kelganda imon keltirishlaridan va Parvardigordan mag'firat so'rashlaridan to'sgan narsa - bu faqat ularga o'tganlarning yo'li (halokatlari) kelishi yoki ochiq azob kelishi (intizorligi)dir.


Izoh: O'tganlarning yo'lidan murod - ularga o'xshab imon keltirmay itoatsizlik qilgan qavmlarga kelgan azobning bularga ham kelishining haqligi yoki keladigan azobga ishonmay, masxara uchun uning kelishini kutib o'tirishlaridir.

56. Biz payg'ambarlarni faqat xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchilar sifatidagina yuborurmiz. Kofir bo'lganlar esa botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida haqiqatni toyiltirmoqchi bo'lurlar hamda oyatlarimni va o'zlari ogohlantirilgan narsani (oxirat azobini) masxara qilib olurlar.

57. Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilingach, ulardan yuz o'girgan, o'zi qilib o'tgan (gunoh)larini unutib qo'ygan kimsadan kim zolimroqdir?! Darhaqiqat, Biz (Qur'onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og'ir qilib qo'ydik. Demak, agar Siz ularni hidoyatga chaqirsangiz ham sira hidoyatga yurmaslar.

58. Rabbingiz mag'firatli va rahm (shafqat) sohibidir. Agar ularni qilgan gunohlari sababli tutganida, ularga azobni naqd qilgan bo'lur edi. Yo'q, ular uchun va'da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, Undan o'zga biror panoh topa olmaslar.

59. Ana u shaharlar (aholisi)ni zulm qilishgach, halokat paytlarini aniq belgilab qo'yib, halok qildik.

60. Muso (o'zining xizmatkor) yigitiga: "Toikki dengiz qo'shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha yurishdan to'xtamayman", - degan paytini eslangiz.


Izoh: Muso (a. s.) ning xizmatkor yigiti Yuvsha' (a. s.) edilar. Shu oyat bilan Muso va Xizr (a. s.)lar qissasi boshlanadi. Bunga sabab Muso (a. s.) Haq Taolodan: "Mendan ham ilmi, martabasi yuqoriroq bandang bormi?" - deb so'raganda, U: "Ha, bor" - degan. "Qaysi yerdan uni topurman?" - deganlarida, "Bir baliqni savatchaga solib dengiz bo'yidan yurib boraverasan. Baliq yo'qolgan joydan uni topursan" deydi. Baliqni savatchaga solib, uni xizmatkori qo'liga berib yo'lga ravona bo'ladilar.

61. Qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo'shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengiz qa'riga yo'l oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:54:38



62. Bas, qachonki (u yerdan) o'tishgach, (Muso) yigitiga: "Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik", - dedi.

63. U (xizmatkor) aytdi: "Buni ko'ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni unutibman. (Buni sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga ajib (yo'sinda) yo'l olganedi".

64. (Muso) dedi: "Mana shu biz istagan narsadir". So'ng (Xizrni) qidirib, izlariga qaytdilar.

65. Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilarki, Biz unga O'z dargohimizdan rahmat ato etgan va O'z huzurimizdan ilm bergan edik.


Izoh: Ato etilgan rahmatdan murod payg'ambarlik, ilm yoki uzoq umrmi, ekanligi haqida turli fikrlar bor. Ya'ni Xizr (a. s.) payg'ambar bo'lganmilar yoki valiymi? Ko'proq ulamolar serkaromat valiy bo'lganliklarini ta'kidlaydilar.

66. Muso unga: "Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to'g'ri yo'lni ta'lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?" - dedi.

67. U (Xizr) aytdi: "Aniqki, sen men bilan birga (ilm muammolariga) sabr qila olmaysan.

68. (Zotan) o'zing egallab xabardor bo'lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!"

69. (Muso) dedi: "Inshoalloh, sen mening sabrli ekanimni ko'rursan. Men biror ishda senga itoatsizlik qilmasman".

70. U (Xizr) aytdi: "Bas, agar menga ergashsang, to o'zim senga aytmagunimcha, biror narsa haqida mendan so'ramagin!"

71. Bas, ikkisi yo'lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizr kemani) teshib qo'ydi. (Muso) aytdi: "Odamlarini g'arq qilish uchun uni teshdingmi?! Juda nojo'ya ish qilding-ku!"

72. U (Xizr) dedi: "Men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmaydi, demaganmidim?!"

73. (Muso) aytdi: "Unutganim uchun meni ayblamagin va bu ishim sababli meni mashaqqatga duchor ham qilmagin".

74. So'ngra yana yo'lga tushdilar. To borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko'rgan Muso) dedi: "Nahot birovni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirsang?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:56:06

O’N OLTINCHI JUZ’
*************************



75. U (Xizr) dedi: "Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmas, demaganmidim?!"

76. (Muso) dedi: "Agar bundan keyin sendan biror narsa haqida so'rasam, menga hamroh bo'lmagin. Men tomondan uzr (me'yori)ga yetgan bo'lursan".

77. So'ngra (ular) yana yo'lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib, ulardan taom so'ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o'sha joyda yiqilay deb turgan bir devorni ko'rishgach, (Xizr) uni tiklab qo'ydi. (Muso) dedi: "Agar xohlasang, bu (ishing) uchun haq olishing mumkin edi".

78. U (Xizr) aytdi: "Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman:

79. Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo'ymoqchi bo'ldim. (Chunki) ularning ortida barcha (butun) kemalarni tortib olayotgan bir podshoh bor edi.

80. Haligi bolaning esa, ota-onalari mo'min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ularni qiynab qo'yishidan qo'rqdik.

81. Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko'ra pokizaroq va undan ko'ra mehri bonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik.

82. Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo'lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo'lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarni) o'zimcha qilganim yo'q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vilidir".

83. (Ey, Muhammad,) yana Sizdan Zul-qarnayn haqida so'raydilar. Ayting: "Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o'qib berurman".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:56:50



84. Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) Yerda martaba berdik va (istagan) barcha narsasiga yo'l (imkoniyat) ato etdik.

85. Bas, u (avval G'arbga qarab) yo'l oldi.

86. To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach, u (quyoshning) bir loyqa buloq (orti)ga botayotganini ko'rdi va (buloq)ning oldida bir qavmni uchratdi. Biz: "Ey, Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan", - dedik.


Izoh: Loyqa ma'nosini anglatuvchi "hamia" kalimasi boshqa bir qiroatda "homiya" o'qiladi. Ma'nosi qaynoqdir. Demak, qaynoq buloq uzra, degan ma'no chiqadi.

87. U aytdi: "Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So'ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblar.

88. Endi imon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go'zal mukofot (jannat) bo'lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz".

89. So'ngra, u (Sharqqa qarab) yo'l oldi.

90. To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko'rdi. Biz u qavm uchun quyoshdan (saqlanadigan) biror parda qilmagan edik.

91. (Uning ishi) shunaqa. Albatta, Biz uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz.

92. So'ngra, u yana yo'l oldi.

93. To (ketayotib) ikki tog' o'rtasiga yetib kelgach, u (tog'lar ortida) gapni sira anglamaydigan qavmni uchratdi.

94. Ular: "Ey, Zul-qarnayn, albatta, (shu tog'lar ortidagi) Ya'juj va Ma'juj (qabilalari) Yer yuzida buzg'unchilik qiluvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq to'lasak, biz bilan ularning o'rtasiga bir to'g'on qurib berurmisan?" - dedilar.

95. U (Zul-qarnayn) aytdi: "Rabbimning menga ato etgani (ne'matlari) sizlar beradigan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringlar, men sizlar bilan ularning o'rtasiga bir devor bino qilay.

96. Sizlar menga temir parchalarini keltiringlar. To (parchalar) ikkala tog' yonbag'irlari bilan barobar bo'lgach, dam uringlar" - dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni qizdirib) o't qilgach (eritgach), dedi: "Menga eritilgan mis (ham) keltiringlar, u (temir parchalari)ning ustidan quyurman.

97. Endi ular (Ya'juj va Ma'juj) u (to'siq)ning ustiga chiqishga ham, uni teshib o'tishga ham qodir emaslar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:57:41



98. "Bu Rabbim (tomoni)dan bo'lmish bir marhamatdir. Endi, qachonki, Rabbimning (Ya'juj va Ma'juj chiqadi, deb) va'da qilgan vaqt kelganida (Qiyomat oldidan), O'zi u (to'siq)ni tep-tekis qilib qo'yar. Rabbimning va'dasi haqdir", - dedi u.

99. U Kunda (Qiyomatda, odamlarni) bir-birlariga aralashtirib tashlaymiz. Sur(nay) chalingach, ularning barchalarini to'playmiz.

100. U Kunda kofirlarga jahannamni namoyish qilurmiz.

101. Ularning ko'zlari (dunyoda) Mening zikrimdan to'silgan bo'lib, Ular (nasihatlarimni) eshitishga ham qodir emas edilar.

102. Yoki kofir bo'lganlar Meni qo'yib, bandalarimni do'st tutishni o'yladilarmi?! Haqiqatan, Biz jahannamni kofirlar tushadigan joy qilib qo'ygandirmiz.

103. (Ey, Muhammad,) ayting: "Sizlarga qilmishlaridan eng ko'p ziyon ko'ruvchilarning xabarini beraylikmi?!

104. Ular qilgan sa'y (harakat)lari dunyo hayotidayoq yo'q bo'lib ketgan-u, ammo o'zlarini ishni chiroyli qilayotgan hisoblaydilar"

105. Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zot bilan muloqotda bo'lishni inkor etishib, butun ish (amal)lari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (amallari) uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!


Izoh: Ya'ni ularning ishlari bekor, vazni, salmog'i yo'q bo'lur.

106. Kofir bo'lganlari hamda oyatlarimni va payg'ambarlarimni masxara qilganlari sababli, ularning jazolari o'sha jahannamdir!

107. Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog'lari manzil bo'lur.

108. Ular, u joylarda mangu qolurlar, undan (boshqa joyga) ko'chishni istamaslar.

109. Ayting: "Bordiyu dengiz (suvi) Rabbimning so'zlari (ilmu hikmatlarini bitish) uchun siyoh bo'lsa va yana shuncha siyoh keltirsak ham, Rabbimning so'zlari bitishdan ilgari, u dengizlar tugab bitar!"

110. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Darhaqiqat, men ham sizlar kabi bir bashardirman. (Faqat) menga ilohingiz yolg'iz Iloh ekani haqida vahiy etilmoqda. Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo'lishdan umidvor bo'lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:58:36



MARYAM SURASI

Maryam - Imron qizi, Iso payg'ambarning onasi. Surada Maryamdan Iso (a. s.)ning otasiz tug'ilishlari, beshikda gapirganlari va boshqa mo''jizalari haqida oyatlar bo'lgani uchun u Maryam surasi deb atalgan. Surada payg'ambarlardan Zakariyo, Yahyo, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub, Muso, Horun, Idris, Nuh (a. s.)lar haqida ham oyatlar mavjud. Qolgan oyatlarda tavhid, imon, aqida, jannat, do'zax, oxirat, Allohning fazli, rahmati va mag'firati kabi ilohiy tushunchalar o'z ifodasini topgan.


Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod.

2. (Ey, Muhammad! Bu) Rabbingiz O'z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir.

3. Qachonki, u Parvardigoriga xufyona duo qilib,

4. degan edi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, mening suyaklarim mo'rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey, Rabbim, men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo'lgan emasman.

5. Meni ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug'mas bo'lib qolgan. Endi Sen O'z dargohingdan menga bir do'st (farzand) ber.

6. U menga va (bobom) Ya'qub xonadoniga merosxo'r bo'lsin va undan barchani rozi qilgin".

7. (Alloh aytdi): "Ey, Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo'lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz".

8. (Zakariyo) dedi: "Ey, Rabbim! Xotinim tug'mas bo'lib qolgan, o'zim esa keksalikni notavon holatiga yetib qolgan bo'lsam, menga farzand qayoqdan bo'lsin?"

9. (Alloh) aytdi: "Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men seni ilgari hech narsa bo'lmagan paytingda (ham) yaratgan edim-ku!"

10. "Ey, Rabbim! Men uchun (kampirim homilali bo'lganiga) biror belgi qilsang", - dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: "Senga belgi shuki, sog' bo'la turib, uch kecha (va kunduz)gacha odamlarga gapirmaysan".

11. Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohga) tasbeh aytishni ishora qildi.


Izoh: Zakariyo vahiy bilan bildiki, tug'mas xotini homilador bo'lar ekan. Buning alomati esa payg'ambarning tili Tavrot o'qish, tasbeh aytishdan boshqasiga aylanmay qolar ekan. Shunday bo'ldi ham. Odamlar bilan faqat imo-ishora orqali gaplashib turdilar. Yahyo (a. s.) tug'ildilar. Unga Haq taolo go'daklik chog'idayoq vahiy yuborib, ilmu hikmat sohibiga aylantirdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:59:16



12. (Biz unga): "Ey, Yahyo! Kitobni (ya'ni, Tavrotni) mahkam tutgin!" - (dedik) va unga go'daklik chog'idayoq hikmat (va ilm) ato etdik.

13. Yana unga O'z dargohimizdan mehr hamda poklik (ato etdik) va u taqvoli bo'ldi.

14. U ota-onasiga mehribon bo'lib, jabr qiluvchi, quloqsiz bo'lmadi.

15. Unga tug'ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan (qiyomat) kunida ham salom (omonlik) bo'lur.

16. (Ey, Muhammad,) ushbu Kitobda (Qur'onda) Maryamni yod eting! U o'z oilasidan chetga, sharq tomonga bordi.

17. Ulardan pardaga berkinib olgan paytida, Biz unga ruhimiz (ya'ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) chin odam bo'lib ko'rindi.

18. (Maryam unga): "Men Rahmonga iltijo qilib, sendan panoh berishini so'rayman. Agar (Allohdan) qo'rquvchi bo'lsang (menga ziyon yetkazmagin)", - dedi.

19. (Jabroil) aytdi: "(Qo'rqmagin), men faqat senga bir pokiza o'g'il hadya qilish uchun (kelgan) Parvordigoring elchisidirman, xolos".

20. (Maryam) dedi: "Menga odamzot "tegmagan" bo'lsa, buzuq ayol ham bo'lmasam, menga qayoqdan farzand bo'lsin?!"

21. (Jabroil) aytdi: "Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun mo''jiza va O'z tomonimizdan bo'lgan rahmat (manbai) qilurmiz. Bu bitgan ishdir".

22. Bas, (Maryam) unga homilador bo'lib, u bilan birga yiroq bir joyga ketdi.

23. Bas, to'lg'oq dardi uni bir xurmo daraxti tubiga olib bordi va u dedi: "Qani edi, mana shu (kun)dan oldin o'lib, butunlay unutilib ketgan bo'lsam".

24. Shunda (xurmo daraxtining) ostidan (Jabroil) nido qildi: "G'amgin bo'lma, Rabbing (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo'ydi.

25. (Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini to'kar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:59:56



26. Endi, yeb-ichgin va shod bo'lgin. Bas, agar odamzotdan birortasini ko'rib qolsang (va u savol so'rasa) u holda: "Men Rahmon (roziligi) uchun ro'za tutishni nazr (ahd) qilganman, bas, bugun biror insonga so'zlamayman", degin!

27. So'ng (Maryam bolasini) ko'targan holda qavmiga kelganida ular: "Ey, Maryam! Sen qiziq ish qilibsan-ku!

28. Ey, Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha emas ediku!" - dedilar.

29. Shunda (Maryam o'zi gapirmay, bolasiga) ishora qildi. Ular aytdilar: "Beshikdagi go'dak bilan qanday so'zlashurmiz?!"

30. (Shu payt chaqaloq tilga kirib) dedi: "Men Allohning bandasidirman. (U) menga Kitob (Injil) ato etdi va meni payg'ambar qildi.

31. Yana meni qayerda bo'lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi.

32. Shuningdek, (meni) onamga mehribon (qildi) va meni takabburli, badbaxt qilmadi.

33. Menga tug'ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom (omonlik) bo'lur".

34. Ular (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) shubha qilayotgan Iso ibn Maryam - Haq so'z mana shudir!

35. Allohga hech qanday farzand tutish mumkin emas - U (bunday) nuqsondan pokdir. U biror ishni qilishni istasa, faqat unga "Bo'l!" der. Bas, (o'sha ish) bo'lur.

36. (Iso aytdi): "Albatta, Alloh Rabbim va Rabbingizdir. Bas, Unga ibodat qilingiz! Mana shu to'g'ri yo'ldir".

37. So'ngra firqalar (Iso xususida) o'zaro ixtilof qildilar. Bas, ulug' Kun (Qiyomat) manzarasidan kofir bo'lganlar holiga voy!

38. Ular Bizga keladigan kunda juda (aniq) ko'radigan va eshitadigan bo'lib qolurlar. Lekin (u) zolimlar bugun aniq zalolatdadirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 08:00:43



39. (Ey, Muhammad,) ularni (Makka mushriklarini) barcha ish bitirilgan hasrat kuni - (Qiyomat)dan qo'rqiting! Ular (bugun) g'aflatdadirlar, (shu sababdan) ular imon keltirmaydilar.

40. Albatta, Biz O'zimiz bu Yerni va undagi bor jonzotni meros qilib olurmiz va faqat Bizgagina qaytarilurlar.

41. (Ey, Muhammad,) Kitobda Ibrohim (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u juda sadoqatli payg'ambar edi.

42. Qaysiki, u otasiga: "Ey, ota! Nega sen eshitmaydigan, ko'rmaydigan va senga biror foyda yetkaza olmaydigan narsaga ibodat qilursan?

43. Ey, ota! Darhaqiqat, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergashgin, seni to'g'ri yo'lga hidoyat qilurman.

44. Ey, ota! Shaytonga ibodat qilmagin! Chunki shayton Rahmonga itoatsiz bo'lgan.

45. Ey, ota! Haqiqatan, men senga Rahmon (tomoni)dan azob yetib, (do'zaxda) shaytonga yaqin bo'lib qolishingdan qo'rqaman", - dedi.

46. (Otasi) aytdi: "Sen mening ilohlarimdan yuz o'giruvchimisan, ey, Ibrohim?! Qasamki, agar sen (bu ishingdan) qaytmasang, albatta, seni toshbo'ron qilurman va (yoki) meni bir zamon tark et!"

47. (Ibrohim): "Omon bo'l! Endi Rabbimdan senga kechirim so'rayman. Zero, U menga mehribon zotdir.

48. Men sizlardan ham, Allohni qo'yib iltijo qilayotgan (but)laringizdan ham chetlanurman va (yolg'iz) Rabbimga iltijo qilurman. Rabbimga iltijo qilish bilan baxtsiz bo'lib qolmasman, degan umiddaman".

49. Bas, (Ibrohim) ulardan va Allohni qo'yib sig'inayotgan butlaridan chetlangach, (Biz) unga (farzand va nabira) Ishoq va Ya'qubni berdik va barchalarini payg'ambar qildik.

50. Shuningdek, ularga O'z rahmatimizdan in'om etdik va ular uchun oliy rostgo'ylikni yaratdik.

51. (Ey, Muhammad,) (ushbu) Kitobda Muso (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u tanlab olingan elchi - payg'ambar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 08:02:15



52. Biz unga Tur (tog'i)ning o'ng tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O'zimizga) yaqin etdik.

53. Biz unga O'z fazlimiz bilan birodari - Horunni payg'ambar qilib berdik.

54. (Ey, Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va'dasida sodiq turuvchi va elchi - payg'ambar edi.

55. U o'z ahli (va ummati)ni namoz va ro'zaga buyurar edi. U Parvadigori nazdida rozi bo'lingan kishi edi.

56. Yana (ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg'ambar edi.

57.Biz uni yuksak maqomga ko'tardik.


Izoh: Idris (a. s)ning bu oyatda yuksak martabaga ko'tarilishlarini ba'zi olimlar "payg'ambarlik maqomi yoki to'rtinchi osmonga chiqib ketganliklari" desalar, boshqalari "jannatga ko'tarilib ketganlari" deydilar. Me'rojga taalluqli hadisda janob Rasululloh to'rtinchi osmonda Idris (a. s.)ni ko'rganliklari naql qilingan. Madorik tafsirida shunday deyiladi: Hasan Basriy ayturlarki, Idris (a. s.) ibodatga shunchalik berilib ketgan ekanlarki, barcha farishtalar uni yaxshi ko'rib qolgan ekanlar. O'lim farishtasi Allohdan izn so'rab uning ziyoratiga borgan ekan. Borib o'zini tanitgach, Idris (a. s.) unga: "Menga bir o'lim achchig'ini tottirgin" -debdilar. U rozi bo'libdi. Qayta tirilgach, endi bir do'zaxga ham solib-chiqar debdilar. Farishta bu iltimoslarini ham bajaribdi. "Endi, jannatga ham bir olib kir", - debdilar. Kirgach, qaytib chiqishdan bosh tortibdilar. Farishta qistab chiqarmoqchi bo'lganida, aytibdilar: "O'limni totdim, do'zaxga kirib chiqdim. Jannatga kirganlar esa qayta chiqarilmagaylar" - debdilar. Farishta Allohga arz qilgan ekan, U: "Bu ishlar hammasi Mening iznim bilan bo'ldi. Qo'y, qo'zg'ama uni, jannatda qolaversin", -degan ekan. Bu rivoyat qadimdan mashhur edi. Tafsirlarda ham bor.

58. Aynan o'shalar Odam zurriyotidan (Idris kabi), Biz Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib (to'fon balosidan najot bergan) kishilardan (ya'ni, ularning farzandlaridan), Ibrohim zurriyotidan (Ismoil, Ishoq, Ya'qub kabi), Isroil (Ya'qub zurriyotidan bo'lgan Muso, Horun, Zakariyo, Yahyo va Iso kabi) va Biz hidoyat qilgan va tanlab olgan kishilardan bo'lmish Alloh in'om etgan payg'ambarlardir. Ularga qachon Rahmon oyatlari tilovat qilinsa, sajda qilgan va yig'lagan hollarida yiqilurlar.

(Sajda oyati.)

59. So'ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o'rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo'liqurlar.

60. Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodirlar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada zulm qilinmas.

61. Ular Rahmon g'oyibona O'z bandalariga va'da qilgan mangu (yashaladigan) jannatlarga (kirurlar). Albatta, Uning va'dasi (o'z vaqtida) keluvchidir.

62. U joyda ular behuda so'z eshitmaslar, balki salom (eshiturlar, xolos). U joyda ular uchun ertayu kech rizqlari hozirdir.

63. U - bandalarimizdan taqvodor bo'lgan kishilarga Biz meros qilib beradigan jannatdir.

64. (Jabroil dedi): "Biz yolg'iz Rabbingiz amri bilangina nozil bo'lurmiz. Oldimizdagi (oxirat) ham, ortimizdagi (dunyo) ham, (ikkisi) o'rtasidagi barcha ishlar ham faqat Uning izmidadir. Parvardigoringiz unutuvchi emasdir".

Qayd etilgan