96. Albatta, imon keltirib ezgu (ish)larni qilgan zotlar uchun Rahmon do'stlikni paydo qilur.
97. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz (Qur'on) bilan taqvo egalariga xushxabar berishingiz uchun va sarkash qavmni ogohlantirishingiz uchun uni Sizning tilingizga oson qilib qo'ydik.
98. Biz ulardan (Makka mushriklaridan) oldin ham qanchalab (itoat etmagan) avlodlarni halok etgandirmiz. Siz ulardan birortasini sezyapsizmi yoki ovozlarini eshityapsizmi?!
TOHA SURASITo, ho - suraning boshida kelgan bu ikki ramziy arab harflaridan murod nima ekani Allohgagina ma'lum. Lekin ba'zi mufassirlar u Muhammad (a. s.)ning nomlaridan biri deb ham yozganlar. Surada ilohiy ko'rsatmalar bilan bir qatorda Muso bilan birodari Horun, Fir'avn bilan vaziri Homon haqidagi qissa batafsil bayon qilinadi. Muso (a. s.)ning asolaridan sodir bo'lgan mo''jizalar ayni ibrat manbaidir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. To, ho.
2. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga bu Qur'onni qiynalib mashaqqat chekishingiz uchun emas,
3. balki (Allohdan) qo'rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik.
4. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot (tomoni)dan nozil qilingandir.
5. (U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir.
6. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir.
7. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur.
8. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning go'zal ismlari bordir.
9. (Ey, Muhammad,) Sizga Muso haqidagi xabar keldimi?
10. Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko'rib oilasiga: "(Shu yerda) turinglar, men bir olovni ko'rib qoldim, shoyadki sizlarga biror cho'g' olib kelarman yoki shu o't (atrofi)da biror yo'l (ko'rsatuvchi) toparman",- dedi.
11. Bas, olov (yaqini)ga kelgach: "Ey, Muso!" - deb nido qilindi.
12. "(Ey, Muso,) Men sening Rabbingdirman. Bas, oyoq kiyimingni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidadirsan. [/b]