O’N YETTINCHI JUZ’
*************************
ANBIYO SURASIAnbiyo - payg'ambarlar. Surada Allohning yakka-yagonaligiga aqliy dalillar, Yeru osmonlar, barcha mavjudotlar Allohning hikmati va qudrati bilan yaratilganligi va boshqa aqida va ibodatga doir oyatlar bayon etiladi. Suraning nomiga monand, unda Ibrohim, Ishoq, Ya'qub, Lut, Nuh, Dovud, Sulaymon, Ayyub, Ismoil, Idris, ZulKifl, Zun-nun (Yunus), Zakariyo va Iso (a. s.)lar to'g'risida ham ma'lumotlar berilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Odamlarga hisobotlari (qiyomat kuni) yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g'aflatda, (imon va amaldan) yuz o'giruvchidirlar.
2. Ularga Parvardigorlari (tomoni)dan biror yangi eslatma (oyat) kelsa, albatta, uni o'ynab (masxaralab) turib tinglaydilar.
3. Dillari esa g'ofildir. Zolim (kofir)lar: "Bu (Muhammad) o'zlaringizga o'xshagan bir odam-ku! Ko'rib turib, sehrga (aldanish uchun) kelaverasizlarmi?!" - (deb) o'zaro shivirlashdilar.
4. (Shunda Muhammad) aytdi: "Rabbim osmonu zamindagi (har bir) so'zni bilur. U eshituvchi va biluvchidir".
5. "Balki, - dedilar ular. - (Muhammad vahiy deb da'vo qilayotgan so'zlar) — alg'ov-dalg'ov tushlardir, balki uni o'zi to'qib olgandir, balki u shoirdir. Bas, u ham ilgari yuborilgan payg'ambarlar kabi biror mo''jiza keltirsin!"
6. Ulardan oldin, Biz halok qilgan biror shahar (aholisi) imon keltirgan emas, bas, ular imon keltirarmidilar?!
7. (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan ilgari ham faqat erkaklarni o'zimiz vahiy qilgan holda (payg'ambar etib) yuborganmiz. Bas, (ey, Makka ahli,) agar bilmaydigan bo'lsangizlar, (Tavrot, Injilni biladigan) zikr ahlidan so'ranglar!
8. Biz u (payg'ambar)larni taom yemaydigan bir jasad qilgan emasmiz va ular mangu hayot kechiruvchi ham emas edilar.
9. So'ngra (bergan) va'damizga vafo qilib, u (payg'ambar)larga o'zimiz xohlagan imonli kishilar bilan birga najot berganmiz va haddan oshuvchilarni esa halok qilganmiz.
10. Darhaqiqat, sizlarga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Unda sizlarning zikringiz bordir. (Buni) anglamaysizlarmi?!