Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069460 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:16:41



91. Yana o'z nomusini saqlagan ayolni (Maryamni eslang). Bas, ruhimizdan unga pufladik (u Isoga homilador bo'ldi) va uni hamda o'g'lini olamlar uchun alomat qildik.

92. (Ey, insonlar,) sizlarni ushbu diningiz (aslida) bir din (ya'ni, Islom)dir. Men esa (barchalaringizning) Rabbingizdirman. Bas, Menga ibodat qilingizlar!

93. (Odamlar) esa ishlarini (dinlarini) o'zaro bo'lib oldilar. Barcha(lari) Biz sari qaytuvchidirlar.

94. Bas, kim mo'minlik holida solih (amal)lardan qilsa, uning sa'y-harakati zoye ketmas. Biz, albatta, uni yozib qo'yuvchidirmiz.

95. Biz halok qilgan qishloq (ahli) qayta (hayotga) kelmasligi mumkin emasdir.

96. To Ya'juj va Ma'juj (to'g'oni) ochilib, ular har bir tepalikdan oqib keladigan,

97. haqqoniy va'da (qiyomat) yaqin bo'ladigan vaqtda bexos kofir bo'lganlarning ko'zlari qotib: "Ey, holimizga voy, bizlar bundan g'aflatda ekanmiz. (Yo'q), balki bizlar zolim ekanmiz" (deydilar).

98. (Ey, mushriklar,) sizlar va Allohni qo'yib sig'inayotgan (but)laringiz ham jahannam o'tinlaridir. Sizlar Unga tushuvchidirsizlar!

99. Agar o'sha (ma'buda)lar (chindan ham) shohlar bo'lganida, (jahannamga) tushmagan bo'lur edilar. Barchalari u yerda mangu qoluvchidirlar.

100. Ular uchun u joyda (faqat) dod-faryod qilishgina bordir. Ular u yerda (hech narsani) eshitmaslar.

101. Albatta, Biz (tomon)dan sobiqan go'zal (martaba) berilgan zotlar - aynan o'shalar (jahannamdan) uzoq qilinganlardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:17:42



102. Ular uning (olovning) sharpasini ham eshitmaslar. Ular o'zlari istagan ne'matlarda mangudirlar.

103. Ularni Buyuk dahshat (qiyomat) g'amgin qilmas. Ularni farishtalar: "Mana shu sizlarga va'da qilingan kundir", - deb kutib olurlar.

104. U kunda Biz osmonni xuddi maktub yozilgan sahifani o'ragan kabi o'rab, birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, (o'sha holga) qaytarurmiz. (Bu) Bizning zimmamizdagi va'dadir. Albatta, Biz (shunday) qiluvchidirmiz.

105. Biz Zikrdan so'ng Zaburda: "Albatta, (jannatdek) yerga faqat Mening solih bandalarim voris bo'lurlar", - deb yozib qo'ygandirmiz.


Izoh: Bu yerdagi "Zikr" so'zidan murod Tavrot kitobi yoki Lavhi mahfuzdir.

106. Albatta, bunda ibodat qiluvchilar qavmi uchun yetarli narsa bordir.

107. (Ey, Muhammad,) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz.


Izoh: Oyatdagi rahmat juda keng ma'noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad (a. s.)ning kelishlari, shariatlarining bag'rikengligi, hatto kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko'rmasligi, mehr oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai bo'lganliklarini keltirish mumkin.

108. Ayting: "Menga ilohingiz yagona Iloh ekani vahiy qilinur. Bas, (endi) musulmonmisizlar?"

109. Bas, agar yuz o'girsalar, ayting: "Men sizlarga (vahiyni) barobar eshittirdim. Sizlarga va'da qilingan (qiyomat azobi) yaqin yo yiroqligini esa bilmasman.

110. Albatta, U so'zning oshkorasini ham bilur, sizlar yashiradigan (so'zlar)ni ham bilur.

111. Bilmayman, ehtimol bu (jazoning kechiktirilishi) sizlar uchun bir sinov va bir oz vaqtgacha (o'lguningizgacha) foydalanishdir".

112. (Muhammad) aytdi: "Ey, Rabbim! o'zing haqqoniy hukm qilgin! Rabbimiz mehribondir va sizlarning (noo'rin) sifatlashlaringizga qarshi Undan madad so'raluvchidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:18:31



HAJ SURASI

Surada Haj ibodati, Ka'ba tarixi haqida oyatlar borligi uchun unga haj surasi deb nom berilgan. Surada oxirat, qiyomat voqealari, mahshargohdagi holatlar, imon, e'tiqod, ilohiy o'gitlar keng yoritilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, insonlar! Rabbingizdan qo'rqingiz! Zero, qiyomat zilzilasi ulkan (dahshatli) narsadir.

2. Uni ko'radigan kuningizda har bir emizuvchi (ona) emizib turgan (bolasi)ni unutar va har bir homilador o'z homilasini tashlar hamda odamlarni "mast" holda ko'rasiz, holbuki, ular mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir.

3. Odamlar orasida o'zi bilmagan holda Alloh xususida munozara qiladigan va har qanday itoatsiz shaytonga ergashib ketadigan kimsalar ham bordir.

4. Uni do'st tutgan kimsani, albatta, yo'ldan ozdirish va do'zax azobiga yo'llash uning zimmasiga yozib qo'yilgandir.

5. Ey, insonlar! Agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo'lsangizlar, (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlarni (otangiz Odamni) tuproqdan, so'ngra (Odam naslini) maniydan, so'ngra laxta qondan, so'ngra (shakllanib) bitgan va bitmagan parcha go'shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, so'ngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz, so'ngra voyaga yetgunlaringizgacha (tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go'daklik va yoshlikda) vafot etadiganlar ham bo'lur, yana sizlardan bilimlarni bilganidan so'ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (o'ta keksalikka) qaytariladiganlar ham bo'lur. Yerni qo'riq holda ko'rursiz. Bas, qachonki, Biz uning ustidan (yomg'ir) yog'dirsak, u harakatga kelib ko'pchir va turli go'zal (nabotot) juftlarini undirur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:19:09



6. Bu Alloh Haq ekani va Uning o'zi o'liklarni tiriltirishi hamda U hamma narsaga qodir ekanidandir.

7. Yana aniqki, qiyomat shaksiz keluvchidir va albatta, Alloh qabrdagilarni tiriltirur.

8. Odamlar orasida Alloh haqida munozara qiladiyu, lekin o'zi ilmsiz, hidoyat topmagan, biror nurli Kitobi yo'q,

9. (to'g'ri yo'ldan) bo'yin tovlab, (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan ozdirish maqsadida yuradiganlar ham bordir. Uning uchun bu dunyoda rasvolik bo'lur, qiyomat kunida esa unga yong'in azobini totdirurmiz.

10. (Unga dermiz): "Bu (azob) o'z qo'llaring (bilan) qilgan gunohing sabablidir. Zero, Alloh sira bandalariga zulm qiluvchi emasdir".

11. Odamlar orasida Allohga bir ёqlama (til uchida) ibodat qiladigan kimsalar ham bordir: bordiyu unga yaxshilik yetsa, o'sha sababli xotirjam bo'lur, agar biror baxtsizlik yetsa, (dindan) yuz o'girib ketur. (U) dunyoyu oxiratda ziyon ko'rur. Bu esa aniq ziyondir!

12. U, Allohni qo'yib, o'ziga zarar ham, foyda ham bera olmaydigan narsalarga iltijo qilur. Bu qattiq adashishning o'zidir!

13. U, zarari foydasidan yaqinroq bo'lgan "kimsa"larga iltijo qilur. Ular naqadar yomon "xoja" va naqadar yomon "oshno"dir!

14. Albatta, Alloh imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga doxil qilur. Albatta, Alloh xohlagan (ish)ini qilur.

15. Kimda-kim: "Alloh unga (Payg'ambariga) dunyo va oxiratda sira yordam qilmas", - deb gumon qilsa, bir arqon bilan shiftga osilib, (o'zini) bo'g'sin, so'ng qarasin, (bu) makri g'azabini ketkazarmikan.


Izoh: Ya'ni Allohning O'z payg'ambariga ko'rsatayotgan yordamini ko'rib, ich-ichidan kuyish o'rniga, yaxshisi hasadgo'y kishilar o'zlarini dorga osib qo'yaqolsinlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:20:31



16. Biz uni (Qur'onni) mana shunday bayon etuvchi oyatlar shaklida nozil qildik. Alloh o'zi istagan kishilarni hidoyat qilur.

17. Darhaqiqat, imon keltirganlar, yahudiy bo'lganlar, sobiiylar (farishtalarga sig'inuvchilar), nasroniylar, majusiylar (otashparastlar) va mushrik bo'lganlar - aniqki, Alloh qiyomat kunida ularning o'rtasini ajrim qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga shohiddir.

18. (Ey, Muhammad,) osmonlardagi va Yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog'lar, daraxtlar va (barcha) jonivorlar hamda ko'p insonlarning (yolg'iz) Allohga sajda qilishini ko'rmadingizmi? Ko'p (odam)larga esa (kofir bo'lganlari sababli) azob haq bo'lgandir. Kimni Alloh xor qilsa, bas, uni aziz qiluvchi yo'qdir. Albatta, Alloh o'zi xohlagan narsani qilur!


(Sajda oyati)

19. Mana shu ikki raqib (mo'minlar bilan kofirlar) Parvardigorlari(ning dini) xususida talashdilar. Bas, kofir bo'lganlar uchun olovdan kiyimlar bichilib, boshlaridan qaynoq suv quyulur.

20. U (suv) bilan ularning qorinlaridagi narsalar ham, terilari ham eritib yuborilur.

21. Ular uchun temir gurzilar bordir.

22. Har gal ular (do'zax) g'amidan (qochib) chiqmoqchi bo'lsalar, (gurzilar bilan urilib) yana unga qaytarilurlar va (ularga): "Yong'in azobini totingiz!" (deyilur).

23. Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga doxil qilur. Ular u joyda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir (ipak) bo'lur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:21:34



24. Ular (bu dunyoda) xush so'zga ("Alloh yagonadir", degan so'zga) hidoyat qilinganlar va hamd egasi (Alloh) yo'liga yo'llanganlardir.

25. Albatta, o'zlari kofir bo'lgan va (o'zgalarni) Alloh yo'lidan hamda Biz Makka ahli uchun ham, (xorijdan) keluvchilar uchun ham barobar qilib qo'ygan Masjidul-Haromdan qaytaradigan kimsalarga va u joyda zulm bilan yo'ldan chiqmoqchi bo'lgan kimsaga alamli azobdan totdirib qo'yurmiz.

26. (Ey, Muhammad,) eslang, Biz Ibrohimga Baytulloh o'rnini belgilab berib, (unga shunday dedik): "Menga biror narsani sherik qilmagin va Mening Baytimni tavof qiluvchilar, (namozda) tikka turuvchilar, ruku' va sajda qiluvchilar (ya'ni, hojilar va namozxonlar) uchun poklagin!

27. Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin: ular sen sari piyoda va har qanday tuyada uzoq yo'llardan kelurlar.

28. Ular o'z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo'lish uchun va ma'lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so'yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o'zlaringiz ham yeyaveringlar, bechora kambag'allarga ham yediringlar!


Izoh: Qurbonlikni ma'lum belgilangan kunlari so'yish shart. Masalan, uning vaqti hanafiy mazhabimizda qurbon hayit kunining bomdod namozidan so'ng uchinchi kunning shom namozi vaqti kirgunga qadar davom etadi.

29. So'ngra kirlarini ketkazsinlar (ya'ni, ehromdan chiqib, soch oldirib, toza liboslarini kiysinlar), nazrlarini (haj majburiyatlarini) ado qilsinlar va "Qadim Uy" (Ka'ba)ni tavof qilsinlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:22:13



30. (Ish) shudir. Kimki Alloh harom etgan narsalarni e'zozlasa (rioya qilsa), bas, bu Parvardigori nazdida o'zi uchun yaxshidir. Sizlar uchun (harom ekanligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa (barcha) chorva mollari halol qilindi. Bas, butlardan iborat najosatdan uzoqlashib, yolg'on so'zdan ham chetda bo'lingiz!

31. Allohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda (mazkur ishlarni bajaring). Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u go'yo osmondan qulagan va uni qushlar (o'lja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joylarga uchirib ketgandekdir.

32. (Ish) shudir. Kimki Alloh shiorlari (haj qurbonliklari)ni hurmat qilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir.

33. Sizlar uchun ularda (qurbonliklaringizda) ma'lum muddatgacha manfaatlar bordir (ya'ni, yo'lda ularni qo'zilatib, sog'ib, minib foydalanib ketishlaringiz mumkindir). So'ngra "Qadim Uy" (Ka'ba) ularni so'yish joyidir.

34. Biz (o'tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva hayvonlarini (so'yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun - qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo'yin suningiz va itoat qiluvchilarga xushxabar bering!

35. Ular Alloh zikr qilinganida dillari qo'rquvga tushadigan, o'zlariga yetgan balolarga sabr qiladigan, nomozni mukammal ado etadigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan ehson qiladigan zotlardir.

36. (Qurbon qilinadigan) tuya-mollarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir. Bas, ularga (so'yish uchun) tizib qo'yilgan hollarida Alloh nomini zikr qilingiz! Endi qachon yonboshlari bilan tushganlarida (jonlari chiqqanda) ulardan (o'zlaringiz ham) yeyaveringlar, tilanchiga va so'rayolmay turgan muhtojga ham yediringlar! Shukr qilishlaringiz uchun Biz ularni (chorva mollarini) sizlarga buysundirdik.

37. Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin, u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug'lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!

38. Albatta, Alloh imon keltirganlarni mudofaa qilur. Albatta, Alloh barcha xoin va noshukrlarni suymas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:23:20



39. Hujumga uchrayotgan (musulmon)larga mazlum bo'lganligi sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir.

Izoh: Payg'ambarimiz Muhammad (a. s.) Makkada turgan yillari mushrik va kofirlardan har qancha aziyat chekkan, musulmonlar turli tazyiq va zulmu istibdodlarga duchor bo'lsalar ham kufr va shirk ahliga qarshi jang qilishga Alloh ruxsat bermagan, balki ular bilan murosasozlik qilishga, sabr-qanoatli bo'lishga buyurgan. Hijratdan keyin esa qasos yo'li bilan, musulmonlardan zulman tortib olingan mol-mulklarining bir qismini bo'lsada qaytarib olishlari uchun jang qilishga izn berildi. Mazkur oyatda shu haqda so'z bormoqda.

40. Ular o'z diyorlaridan faqatgina "Rabbimiz Allohdir", deganlari uchun quvilgan edilar. Agar Alloh odamlarning ba'zilarini ba'zilari bilan daf etib turmas ekan, albatta, Alloh nomi ko'p zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan bo'lur edi. Albatta, Alloh o'ziga (diniga) yordam beradiganlarga yordam berur. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratlidir!

Izoh: Oyatda bir daqiq masalaga ishorat bor. Qaysiki, o'zga dindagi kishilarning ibodatxonalarini ham musulmonlarning masjidlari qatorida, ijobiy ma'noda zikr etilmoqda. Xulosa shuki, musulmonlar diyorida g'ayrislomiy ibodatxonalar bo'lib, ularda Allohning zikri yodlanib turishi tabiiy hollardan biridek ifoda etilgan.

41. Ular (musulmonlar), agar Biz ularni yer yuziga g'olib qilsak - namozni mukammal ado etadigan, zakotni beradigan, yaxshilikka buyuradigan, yomonlikdan qaytaradigan zotlardir. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning izmidadir.

42. (Ey, Muhammad,) agar ular (Makka mushriklari) Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, (bilinki) ulardan ilgari Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) ham (o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqarganlar.

43. Ibrohim qavmi, Lut qavmi ham xuddi shunday.

44. Madyan (shahrining) aholisi ham (shunday qildilar). Muso ham yolg'onchiga chiqarildi. Men kofirlarga muhlat berib qo'yib, so'ngra ularni (o'z azobim bilan) ushladim. Bas, Mening qarshiligim qanday bo'ldi?!

45. Zotan, qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Biz halok qilgan, tomlari (yiqilib) huvullab qolgan qishloq (shahar)lar, (qancha) tashlandiq quduqlar va yuksak (lekin kimsasiz) qasrlar bordir.

46. Axir, ular (Makka mushriklari) yer yuzida sayr qilmaydilarmi, (ana o'shanda) ular uchun ongli dillar, tinglaydigan quloqlar bo'lur edi. Zero, ko'zlar ko'r bo'lmas, balki ko'kraklardagi qalblar ko'r bo'lur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:24:05



47. Ular Sizdan (istehzo bilan Alloh va'da etgan naqd) azobni qistaydilar. Holbuki, Alloh va'dasiga sira xilof qilmas. Darvoqe, Rabbingiz nazdidagi bir kun(lik azob) sizlarning hisobingizdagi ming yilga barobardir.

48. Qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Men muhlat berib qo'yib, so'ngra (azobim bilan) ushlagan qishloq (shaharlar) bo'lgan. Mengagina qaytish(ingiz) bordir.

49. Ayting: "Ey, insonlar, men sizlar uchun aniq ogohlantiruvchidirman, xolos".

50. Bas, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlar uchun mag'firat va farovon rizq bordir.

51. Bizning oyatlarimizni ojiz qoldirishga uringan kimsalar esa, ular do'zax ahlidirlar.

52. (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va payg'ambar qachon (o'ziga nozil bo'lgan oyatlarni) qiroat qilsa, shayton uni qiroatiga (boshqa narsalarni) tashlagan (qo'shgan). Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani bekor qilur, so'ngra Alloh o'z oyatlarini mustahkam qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir.

53. (Alloh) shayton tashlaydigan narsani dillarida illati bo'lgan (munofiqlar), toshbag'ir kimsalar (kofirlar) uchun sinov sifatida (paydo qilur). Darhaqiqat, zolim (kofir)lar uzoq ixtilofdadirlar.

54. Ilm ato etilgan kishilar esa u (Qur'on)ning Rabbingiz tomonidan kelgan Haqiqat ekanini bilib, unga imon keltirishlari, dillari u sababli ixlosli bo'lishi uchun (Alloh shunday qilur). Darhaqiqat, Alloh imon keltirganlarni To'g'ri yo'lga hidoyat qiluvchidir.


Izoh: 52-53-54-oyatlardan shaytonning o'tgan payg'ambarlar qiroatiga yo'q narsalarni qo'shib chalg'itganligi, Muhammad (a. s.)ni esa chalg'itolmasligi ma'lum bo'ladi. "Madorik tafsiri"da, Payg'ambarimiz "VanNajm" surasini qiroat qilayotganlarida, chalg'ib qiroatni boshqacha o'qiganlar, degan rivoyat noto'g'ri ekanini isbotlab, voqea aslida bunday bo'lgani aytiladi: Payg'ambarimiz (a. s.) "Van-Najm" surasini namozda o'qiyotganlarida 20-oyatni o'qib, biroz to'xtalib qolganlar. Shunda shayton bir jumlani o'zi to'qib, Payg'ambarimiz ovoziga o'xshatib o'qib, yuborgan. Buni eshitgan ba'zi namozxonlar Payg'ambar yanglishdi, deb o'ylaganlar. Shaytonning ovozi ba'zida eshitilib turishi isbotlangan. Masalan, Uhud jangida "Muhammad o'ldirildi" deb baqirib, musulmonlar qalbiga g'ulg'ula solgani, Badr jangida ham shu kabi so'zlar bilan fitna chiqarmoqchi bo'lgani Islom tarixidan ma'lumdir.

55. Kofir bo'lganlar, to ularga to'satdan qiyomat kelgunicha yoki (bu) "tug'mas" (tuni bo'lmas) Kunning azobi kelgunicha, (Qur'on)dan shak-shubhadadirlar.

Izoh: Tug'mas kundan murod qiyomat kuni yoki Badr jangidagi musulmonlar g'alabasi kuni bo'lishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:25:14



56. U kunda hukmronlik (yolg'iz) Allohnikidir. Uning o'zi ular o'rtasida hukm qilur. Bas, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar noz-ne'mat jannatlaridadirlar.

57. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar, ana o'shalar uchun xor qiluvchi azob bordir.

58. Alloh yo'lida hijrat qilgan, so'ngra qatl qilingan yoki vafot topgan zotlarni, albatta, Alloh go'zal rizq (mangu jannat) bilan rizqlantirur. Darhaqiqat, Allohning o'zi eng yaxshi rizq beruvchidir.

59. Albatta, (Alloh) ularni o'zlari rozi bo'ladigan joyga (jannatga) doxil qilur. Darhaqiqat, Alloh biluvchi va halimdir.

60. (Ish) shudir. Kim o'ziga berilgan uqubat barobarida o'ch olsa, so'ngra yana unga zulm qilinsa, albatta, Alloh u (mazlum)ga yordam qilur. Darhaqiqat, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir.

61. Bunga sabab Alloh kechani kunduzga kiritishi (kechani qisqartirib, kunduzni uzaytirishi) va (aksincha) kunduzni kechaga kiritishi va haqiqatan, Alloh eshituvchi va ko'ruvchi ekanidir.

62.Bunga (yana bir) sabab Allohning o'zigina haqiqiy Iloh ekani va sizlar Uni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (but)lar esa ayni botil ekani hamda Allohning O'zigina eng oliy va buyuk zot ekanidir.

63. Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirgach, yerning yam-yashil bo'lishini ko'rmadingizmi?! Darhaqiqat, Alloh lutfli va xabardor zotdir.

64. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Unikidir va haqiqatan, Allohning o'zigina behojat va hamd sohibidir.

Qayd etilgan