HAJ SURASISurada Haj ibodati, Ka'ba tarixi haqida oyatlar borligi uchun unga haj surasi deb nom berilgan. Surada oxirat, qiyomat voqealari, mahshargohdagi holatlar, imon, e'tiqod, ilohiy o'gitlar keng yoritilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ey, insonlar! Rabbingizdan qo'rqingiz! Zero, qiyomat zilzilasi ulkan (dahshatli) narsadir.
2. Uni ko'radigan kuningizda har bir emizuvchi (ona) emizib turgan (bolasi)ni unutar va har bir homilador o'z homilasini tashlar hamda odamlarni "mast" holda ko'rasiz, holbuki, ular mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir.
3. Odamlar orasida o'zi bilmagan holda Alloh xususida munozara qiladigan va har qanday itoatsiz shaytonga ergashib ketadigan kimsalar ham bordir.
4. Uni do'st tutgan kimsani, albatta, yo'ldan ozdirish va do'zax azobiga yo'llash uning zimmasiga yozib qo'yilgandir.
5. Ey, insonlar! Agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo'lsangizlar, (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlarni (otangiz Odamni) tuproqdan, so'ngra (Odam naslini) maniydan, so'ngra laxta qondan, so'ngra (shakllanib) bitgan va bitmagan parcha go'shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, so'ngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz, so'ngra voyaga yetgunlaringizgacha (tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go'daklik va yoshlikda) vafot etadiganlar ham bo'lur, yana sizlardan bilimlarni bilganidan so'ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (o'ta keksalikka) qaytariladiganlar ham bo'lur. Yerni qo'riq holda ko'rursiz. Bas, qachonki, Biz uning ustidan (yomg'ir) yog'dirsak, u harakatga kelib ko'pchir va turli go'zal (nabotot) juftlarini undirur.