Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069041 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:53:35



36. Bas, qachonki, Muso ularga Bizning aniq mo''jizalarimizni keltirgach, ular: "Bu sehrdan boshqa narsa emas. Bizlar bu narsani o'tgan ota-bobolarimiz (zamoni)da bo'lganini eshitgan emasmiz",- dedilar.

37. Muso aytdi: "Rabbim O'zining huzuridan kimga hidoyat keltirganini ham, oxirat diyoridagi oqibat kimga bo'lishini ham juda yaxshi biluvchidir. Albatta, zolimlar tole topmaslar".

38. Fir'avn: "Ey, odamlar, men sizlar uchun o'zimdan boshqa (biror) ilohni bilmasman. Bas, ey, Homon, loyni pishirib, (g'isht quyib) men uchun bir baland burj (minora) bino qil, shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini ko'rsam. Men uni yolg'onchilardan deb o'ylamoqdaman", - dedi.

39. U (Fir'avn) va uning lashkarlari yer yuzida nohaq kibrlandilar va o'zlarini Bizga qaytarilmaydilar, deb gumon qildilar.

40. Bas, Biz uni va lashkarlarini tutdik-da, dengizga tashladik. Bas, zolimlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring!

41. Ularni do'zaxga chorlaydigan peshvolar qilib qo'ydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmas.

42. Biz bu dunyoda ularga la'natni ergashtirdik. Qiyomat kunida ham ular qabih kimsalardandirlar.

43. Biz avvalgi avlodlarni (kofirliklari sababli) halok qilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, hidoyat va rahmat bo'lgan Kitob ato etdik. Shoyad, ular eslatma olsalar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:54:19



44. (Ey, Muhammad,) Biz Musoga ishni (gaplashish va najotni) hukm qilgan paytda Siz (Tur tog'ining) g'arb tomonida (Biz bilan Muso va'dalashgan joyda) bo'lmagansiz va guvohlardan ham emas edingiz.

45. Lekin Biz (Musodan so'ng, ko'p) avlodlarni paydo qildik, bas, ularga umr (zamon) cho'zilib ketdi. Siz Madyan ahli orasida turuvchi ham, ularga oyatlarimizni tilovat qiluvchi ham bo'lmagansiz. Lekin, Biz (Sizni) payg'ambar qilib yuboruvchi bo'ldik.

46. Biz (Musoga) nido qilgan paytda Siz Turning yonida bo'lmagansiz. Lekin, Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida Sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan bir qavmni ogohlantirish uchun (payg'ambar qilindingiz). Shoyad, ular eslatma olsalar.

47. Boridiyu ularga o'z qilmishlari sababli biror musibat yetganida: "Parvardigoro, bizlarga payg'ambar yuborganingda edi, Sening oyatlaringga ergashar va imon keltiruvchilardan bo'lar edik", - deyishmaganda (Biz Sizni ularga payg'ambar qilib yubormas edik).

48. Bas, qachonki, ularga Bizning huzurimizdan Haq (payg'ambar) kelgach esa, ular: "Unga (ya'ni, Muhammadga) ham Musoga berilgan narsa (mo''jiza) berilganida edi (bizlar unga ergashgan bo'lardik)",- dedilar. Axir, ular ilgari Musoga berilgan narsa (mo''jiza)ni ham inkor qilmaganmidilar?! Ular: "(Tavrot va Qur'on) bir-birini qo'llab-quvvatlaydigan ikki sehrdir",- dedilar va: "Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz",- dedilar.

49. Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsanglar, Alloh huzuridan u ikki (Kitob)dan ko'ra to'g'riroq bo'lgan biror kitob keltiringlar, men unga ergashayin.

50. Bas, agar ular Sizga javob bera olmasalar, bas, bilinki ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh (tomoni)dan hidoyatlanmagan holda o'z havoyi nafsiga ergashgan kimsadan kim ham ozganroqdir?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:55:57



51. Eslatma olishlari uchun ularga So'zni (Qur'onni) muttasil nozil qildik.

52. Biz (Qur'ondan) ilgari Kitob (Tavrot, Injil) bergan zotlar (yahudiy va nasroniylarning mo'minlari) unga (Qur'on)ga imon keltirurlar.

53. Qachonki, ularga (Qur'on) tilovat qilinsa: "Bizlar unga imon keltirdik. Albatta, u Rabbimiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bizlar (Qur'on nozil bo'lishidan) ilgari ham musulmon edik", - derlar.

54. Ana o'sha zotlarga (imon yo'lida) sabr qilganlari sababli mukofotlari ikki barobar ato etilur. Ular yomonlikni (ya'ni, kofirlarning ozorlarini) yaxshilik (sabr) bilan daf qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar.

55. Qachonki, behuda (so'z yo ish)ni eshitsalar, undan yuz o'girurlar va: "Bizlarning amallarimiz o'zimiz uchun, sizlarning amallaringiz o'zlaringiz uchundir. Omon bo'linglar. Bizlar nodon kimsalarni xohlamaymiz", - derlar.

56. (Ey, Muhammad,) Siz o'zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir.

57. Ular (Quraysh kofirlari): "(Ey, Muhammad,) agar bizlar sen bilan birga to'g'ri yo'lga ergashsak, yerimizni oldirib qo'yarmiz",- dedilar. Axir, Biz ularga osoyishta Haramni maqom qilib bermadikmi?! Barcha narsaning hosillari Bizning dargohimizdan rizq bo'lgan holda o'sha joyga yig'iladi-ku! Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar.

58. Biz qanchadan-qancha maishati haddan oshgan yurtlarni halok qildik. Bas, maskanlarida ulardan keyin kamdan-kam istiqomat qilindi. (Ularning mulku-diyorlariga) Biz voris bo'ldik.

59. Rabbingiz barcha yurtlarning markazlariga oyatlarimizni ularga tilovat qiladigan payg'ambar yubormagunicha, u (yurtlar)ni halok qiluvchi bo'lmadi. Biz yurtlarni faqat ularning aholisi zolim (kofir) bo'lgandagina halok qiluvchi bo'ldik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:56:38



60. Sizlarga nima berilgan bo'lsa faqat dunyo hayotining mato va ziynatlaridir. Alloh huzuridagi (mukofot) esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!

61. Axir, Biz go'zal va'da (jannat)ni va'da qilgan va unga erishgan kishi, Biz dunyo hayoti matosidan ozgina foydalantirib, so'ngra qiyomat kunida (mangu azobga) hozir qilinuvchi kimsa kabi bo'lurmi?!

62. (Eslang, Alloh qiyomat kuni) ularga nido qilur: "Sizlar (bor deb) e'tiqod qilib yurgan "sheriklarim" qani?!" - deb.

63. Ustilaridan (azob haqidagi) So'z muqarrar bo'lgan kimsalar: "Ey, Rabbimiz, ana u bizlar yo'ldan ozdirgan kimsalarni ham xuddi o'zimiz ozgan kabi yo'ldan ozdirgandirmiz. Bizlar Senga (aybdor emas) oqdirmiz. Ular bizlarga ibodat qiluvchi bo'lmaganlar", - derlar.

64. Ularga: "Shirklaringizni (yordamga) chorlangiz",- deyilur, ularga iltijo qilganlarida (ular) javob qilmaslar va ular azobni ko'rurlar. Agar hidoyat topsalar edi (azobni ko'rmas edilar).

65. (Alloh) ularga nido qilib: "Payg'ambarlarimga ne javob qilgan edinglar?" - deydigan kunda,

66. o'sha kunda ularga xabarlar (bahona va sabablar) ko'rinmay qolur, bas, bir-birlaridan ham so'rasha olmaslar.

67. Bas, kim tavba qilib, imon keltirib, solih amal qilgan bo'lsa, shoyadki (u) najot topuvchilardan bo'lsa.

68. Rabbingiz O'zi xohlagan narsani yaratur va (xohlagan ishni) ixtiyor qilur. Ularda ixtiyor yo'qdir! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!

69. Rabbingiz ularning dillari yashirgan narsalarini (sirlarini) ham, oshkor qilgan narsalarini (so'zlarini) ham bilur.

70. U Allohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir! Avvalu oxirda (ya'ni, dunyoyu oxiratda) hamd faqat Uning uchundir. Hukm ham Unikidir va Ungagina qaytarilursizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:57:23



71. (Ey, Muhammad,) ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo'ysa, Allohdan o'zga qaysi "iloh" sizlarga biror yorug'lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizlarmi?!"

72. Ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo'ysa, Allohdan o'zga qaysi "iloh" sizlarga taskin topadigan kechani keltira olur?! Axir, ko'rmaysizlarmi?!

73. (Alloh) sizlar uchun kecha va kunduzni unda (ya'ni, kechada) orom olishlaringiz, (kunduzi esa) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringiz va shukr qilishlaringiz uchun paydo qilib qo'ygani Uning rahmatidandir!

74. (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: "Sizlar (bor deb) gumon qilib yurgan "sheriklarim" qani?!" - der.

75. Biz (u kunda) har bir ummatdan bir guvohni (payg'ambarni) chiqarib, (keltirgan shirklaringizga) hujjatlaringizni keltiringlar-chi", - deymiz. Bas, ular haqiqat Alloh tomonda ekanini biladilar va o'zlari to'qib olgan ("xudolari") esa ulardan g'oyib bo'lur.

76. Albatta, Qorun Muso qavmidan edi. Bas, u (qavm)larga kibr qildi. Biz unga xazinalardan kalitlari baquvvat jamoatga ham og'irlik qiladigan narsalarni ato etgan edik. O'shanda qavmdoshlari unga: "Hovliqmagin. Chunki, Alloh hovliquvchilarni suymas!

77. Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo'lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg'unchilik qilishni istama. Chunki, Alloh buzg'unchilarni suymas", - dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:57:47



79. So'ng, (Qorun) qavmi oldiga yasanib chiqqan edi, dunyo hayotini istaydigan kimsalar: "Eh, qani edi, bizlarga ham Qorunga ato etilgan narsa (boylik) bo'lsa. Darhaqiqat, u ulkan nasiba egasidir", - dedilar.

80. Ilm ato etilgan kishilar esa: "O'lim bo'lsin sizlarga! Imon keltirgan va ezgu ish qilgan kishi uchun Allohning savobi yaxshiroq-ku! U (savob)ga faqat sabrli kishilargina erishurlar", - dedilar.

81. Bas, Biz uni ham, hovlisini ham yerga yuttirdik. So'ng uning uchun Allohdan o'zga yordam beradigan biror jamoa bo'lmadi va uning o'zi ham g'oliblardan bo'lmadi.

82. Kuni kecha uning maqomini orzu qilganlar: "Vo ajab, Alloh bandalaridan o'zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib, (O'zi xohlaganlarining rizqini) tang qilib berar ekan-da! Agar Alloh bizlarga marhamat qilmaganida, bizlarni ham (yerga) yuttirgan bo'lur edi. Vo ajab, kofirlar najot topmas ekan da!" - deb qoldilar.

83. Biz o'sha oxirat diyorini yer yuzida zulm va buzg'unchilik qilishni istamaydigan kishilar uchun yaraturmiz. Oqibat esa, taqvoli kishilarnikidir!

84. Kim yaxshilik bilan kelsa, bas, uning uchun undan yaxshiroq (mukofot) bo'lur. Kim yomonlik bilan kelsa, bas, yomonliklarni qilgan kimsalar faqat o'zlari qilgan yomonliklari barobaridagina jazolanurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 19:59:06



85. (Ey, Muhammad,) albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir. (Mushriklarga) ayting: "Rabbim hidoyat bilan kelgan kishilarni ham, aniq zalolatdagi kimsalarni ham yaxshi biluvchidir!"

Izoh: Qur'onni farz qilgani - uni tilovat qilishni, hukmiga amal qilishni va uni ummatga yetkazishni farz qilganidir. Makkaga qaytishlari esa hijratdan keyingi orzularidan biri edi.

86. Siz o'zingizga Kitob (Qur'on) tushirilishidan umidvor ham emasdingiz. Faqat Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida (u nozil qilindi). Bas, kofirlarga sira madadkor bo'lmang!

87. Sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so'ng zinhor ular Sizga to'sqinlik qilmasinlar! Siz (odamlarni) Rabbingizga (ibodat qilishga) chorlang va sira mushriklardan bo'lmang!

88. Allohga qo'shib boshqa "iloh"ga iltijo qilmang! Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning "yuzi"dan boshqa barcha narsa halok bo'luvchidir. Hukm Unikidir va Ungagina qaytarilursizlar!


ANKABUT SURASI


Ankabut - o'rgimchak, tortanak Surada o'zlari yasagan but - sanamlarga o'zlari sig'inuvchi mushriklar o'zi to'qigan to'riga ishonib yashovchi o'rgimchakka o'xshatiladi. Shuningdek, unda imon-e'tiqodli, yaxshi odamlar boshiga sinov uchun ko'proq musibatlar tushishi, hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tish yo'llari, payg'ambarlar tortgan tashvish va aziyatlar haqidagi qissalar, Qur'oni karimning mo''jizaligi va boshqa ilohiy nasihatlar o'z ifodasini topgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Odamlar: "Imon keltirdik", - deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida, qoldiriladilar, deb o'yladilarmi?!

3. Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku! Bas, (shu sinov bilan va usiz ham), albatta, Alloh (imonda) sodiq kishilarni bilur va (shuningdek,) yolg'onchilarni ham aniq bilur!

4. Yoki yovuz ishlarni qiladigan kimsalar Bizdan o'zib ketishni (qutulishni) o'ylaydilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar?!

5. Kimki Allohga ro'baro' bo'lishdan umidvor bo'lsa, bas, Allohning (belgilangan) fursati, albatta, keluvchidir. U eshituvchi va biluvchidir!

6. Kim jihod qilsa, faqat o'zi uchun jihod qilur. Zero, Alloh (barcha) olamlardan behojatdir!


Izoh: Jihod haqida Tavba surasi, 88-oyat izohiga qaralsin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:03:15



7.Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o'chirurmiz va ularni qilib o'tgan chiroyli amallari bilan mukofotlarmiz!

8. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma'budalarni) Menga sherik qilishingga zo'rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o'shanda) sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berurman!

9. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, solih bandalar (qatori)ga kiriturmiz.

10. Odamlar orasida shunday kimsalar (ham) borki, o'zlari: "Allohga imon keltirdik", - deydi-da, so'ng Alloh (yo'li)da ozorlansa, odamlarning (bu) fitna (ozor)larini Allohning azobidek bilur. Qasamki, agar Rabbingiz (tomoni)dan g'alaba kelsa, shubhasiz ular: "Albatta, bizlar sizlar bilan birga edik", - derlar. Axir, Alloh (barcha) olamlarning dillaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?!

11. Albatta, Alloh imon keltirganlarni ham, munofiqlarni ham yaxshi bilur.

12. Kofir bo'lganlar imon keltirganlarga: "Sizlar bizlarning yo'limizga ergashinglar, gunohlaringizni bizlar ko'tarurmiz",- deydilar. Holbuki, ularning gunohlaridan biror narsani ko'tara oluvchi emasdirlar. Albatta, ular yolg'onchidirlar!

13. Albatta, ular o'zlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko'tarurlar va albatta, qiyomat kunida o'zlari to'qib olgan (yolg'on)lari to'g'risida so'ralurlar.

14. Biz Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) bo'lgan hollarida to'fon (balosi) tutdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:03:53



15. So'ng Biz (Nuh)ga va kemadagi hamrohlariga najot berdik va uni (barcha) olamlarga ibrat qilib qo'ydik.

16. Ibrohimni (eslang) - u o'z qavmiga degan edi: "Allohga ibodat qilinglar va Undan qo'rqinglar! Agar biluvchi bo'lsangizlar, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.

17. Sizlar Allohni qo'yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasizlar va (ularni ilohlar deb) yolg'on to'qimoqdasizlar. Aniqki, sizlar Allohni qo'yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan,) sizlar rizqni Alloh dargohidan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar va Unga shukr qilinglar. Sizlar Ungagina qaytarilursizlar!

18. Agar sizlar (Payg'ambarimni) yolg'onchiga chiqarsangizlar, bas, sizlardan avvalgi ummatlar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqargandirlar. Payg'ambar zimmasida esa faqat (Allohning buyruqlarini bandalariga) aniq yetkazishlik bordir".

19. Axir, ular Alloh qanday qilib ilk bor (yo'qdan) yaratishini so'ngra (qiyomat kunida) U o'sha (yaratgan narsasi)ni qaytarishini ko'rmadilarmi?! Albatta, bu Allohga osondir!

20. (Ey, Muhammad,) ayting: "Yerda sayr qilib (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini ko'ringlar. So'ngra Alloh (qiyomatda) ikkinchi (marta) paydo qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!

21. U O'zi xohlagan kimsalarni azoblar va O'zi xohlagan kishilarga rahm qilur. Ungagina qaytarilursizlar!

22. Sizlar na Yerda va na osmonda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emasdirsizlar. Sizlar uchun Allohdan o'zga (biror) do'st va yordamchi yo'qdir!"

23. Allohning oyatlarini va U bilan muloqotda bo'lishni inkor qilgan kimsalar, aynan o'shalar Mening rahmatimdan noumid (mahrum) kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:04:38



24. Bas, (Ibrohimga) qavmining javobi faqat: "Uni o'ldiringlar yoki yoqib yuboringlar", - deyishlari bo'ldi. So'ngra Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!

25. (Ibrohim) aytdi: "Sizlar faqat dunyo hayotidagi o'zaro do'stlashishingizni ko'zlab, Allohni qo'yib, butlarni tutdingizlar. So'ngra qiyomat kunida ba'zilaringiz (peshvolaringiz) ba'zilaringizdan (ergashuvchilardan) tonur, ba'zilaringiz ba'zilaringizni la'natlar. Borar joyingiz do'zaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordam beruvchilar yo'qdir!"

26. Bas, Lut unga imon keltirdi. (Ibrohim) aytdi: "Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman. Albatta, Uning O'zigina qudrat va hikmat egasidir!"


Izoh: Ibrohim (a. s.)ni olovga tashlaganlarida yonib ketmasdan omon qolganlarini ko'rib, Lut (a. s.) birinchi bo'lib, uning barhaq payg'ambarliklarini tasdiq etib, imon keltirganlar.

27. Biz unga Ishoq va (nabirasi) Ya'qubni ato etdik hamda payg'ambarlikni va (samoviy) kitob(lar)ni uning zurriyotiga (xos) qildik va unga shu dunyoda ham mukofotini berdik, albatta, u oxiratda ham solih zotlardandir.

28. Lut o'z qavmiga: "Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilmoqdasizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kim uni qilmagan edi.

29. Haqiqatan ham sizlar (xotinlaringizni qo'yib) erkaklarga borasizmi; qaroqchilik qilasizmi; majlisgohlaringizda yomon ishlar qilasizmi-a?!" - deganini eslang. Bas, (Lut) qavmining javobi faqat: "Agar sen rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga Allohning azobini keltir", - deyishlari bo'ldi.

30. (Shunda) u aytdi: "Ey, Rabbim, bu buzg'unchilar qavmi ustidan O'zing meni g'olib qil!"

Qayd etilgan