64. Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o'yin kulgidir! Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir.
65. Qachonki, ular kemaga minsalar (g'arq bo'lishdan qo'rqib,) Allohga chin ixlos bilan iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh ularni quruqlikka chiqarib,) najot bergach, banogoh ular (Allohga yana) shirk keltirurlar.
66. Biz ularga ato etgan ne'matlarga noshukr bo'laversinlar va (shu dunyodagi hayotdan) "foydalanib" qolsinlar. Hali yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar!
67. Ular o'zlarining atroflaridagi odamlar qirg'inga uchrab turgan bir paytda, Biz (Makkani) osoyishta haram qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Nahotki, ular botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'mati (Islom)ni inkor etsalar?!
68. Alloh sha'niga yolg'on to'qigan yoki Haq (Qur'on) kelgan chog'da uni yolg'onga yo'ygan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Kofirlar uchun jahannamda joy bor emasmi?!
69. Bizning (yo'limiz)da jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O'z yo'llarimizga hidoyat qilurmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!
RUM SURASI Surada VII asrning eng yirik davlatlari - Rum bilan Fors o'rtasida boshlangan jangda Rumning mag'lubiyatga uchragani, lekin yaqin kelajakda u g'alabaga erishishi to'g'risida xabar beriladi. Darhaqiqat, yetti yildan so'ng rumliklar forslar ustidan g'alaba qozonib, Qur'onning ilohiy mo'jizaligi yanada ravshanlashadi. Suraning boshqa oyatlarida yana ilohiy da'vat va ibratli qissalar davom ettiriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Mim.
2. Rum mag'lub bo'ldi
3. juda yaqin yerda. (Lekin) ular (ya'ni, rumliklar) bu mag'lubiyatlaridan so'ng, albatta, g'alaba qilurlar
4. bir necha yil ichida. Oldin ham, keyin ham ish Allohnikidir. O'sha kunda mo'minlar shodlanurlar.
5. Alloh madad bergani sababli. (U) xohlagan kishiga madad berur. U qudratli va rahmlidir! Izoh: Forslarning rumliklar ustidan qozongan g'alabasi Makka mushriklarini shodlantirdi. Zero, Rumliklar nasroniy dinida bo'lib, ilohiy kitob Injilga amal qilar edilar. Musulmonlar ham ilohiy kitob - Qur'onga amal qilar edilar. Makka mushriklari musulmonlar ustidan kulib, ilohiy kitobga amal qiluvchilar bizga o'xshagan kitobsiz majusiylardan yengildilar, deb turganlarida mazkur xushxabar nozil qilindi.