Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069408 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:36:32



51. Bordi-yu bulutlarni yuborsa-yu, uni sarg'aygan (yomg'irsiz) holda ko'rsalar, shundan keyin ham (baribir) kofirliklaricha qolavergan bo'lardilar.

52. Aniqki, Siz "o'liklar"ga (so'zingizni) anglata olmassiz, orqa o'girib ketayotgan "kar"larga ham da'vatni uqtira olmassiz.

53. Yana Siz ("ko'r"larni o'z zalolatlaridan (qaytarib), hidoyat qiluvchi emassiz. Siz faqat bizning oyatlarimizga imon keltiradigan kishilargagina (o'z so'zlaringizni) uqtira olursiz. Bas, o'shalar musulmonlardir.

54.  Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so'ngra (sizlar uchun) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So'ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O'zi xohlagan narsani yaratur. U bilimdon va qudratlidir.

55. Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda jinoyatchi kimsalar (dunyoda) bir soatdan ortiq turmaganlariga qasam ichurlar. Ular (dunyoda ham) mana shunday (rostdan yolg'onga) buriluvchi edilar.

56. (Shunda) ilm va imon berilgan zotlar ayturlar: "Aniqki, sizlar Alloh (Lavhul-Mahfuzda) yozib qo'yganidek, tirilish kunigacha turdinglar. Bas, mana shu tirilish kunidir. Lekin, sizlar (buni haq ekanini) bilmas edinglar".

57. Ana o'sha kunda zulm qilgan kimsalarga uzr (bahona)lari foyda bermas va ulardan qaytish ham talab qilinmas.

58. Biz ushbu Qur'onda odamlar uchun har (turli) masaldan bayon etdik. Qasamki, agar Siz, (ey, Muhammad,) ularga (talab qilishgan) mo''jizani keltirsangiz ham, albatta, kofir bo'lgan kimsalar: "Sizlar, albatta, yolg'onchidirsizlar", - derlar.

59. Alloh (haqiqatni) bilmaydigan kimsalarning dillarini ana shunday muhrlab qo'yar.

60. Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. (Oxiratga) ishonmaydigan kimsalar (qilmishlari) Sizni yengiltaklik (qarg'ash)ga olib kelmasin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:37:52



LUQMON SURASI

Luqmon - tarixda Luqmoni hakim deb shuhrat topgan habashiy bir dono shaxsning nomi. Ulamolar uning payg'ambar yoki valiy bo'lgani haqida bir fikrga kelisha olmaganlar. Chunki na Qur'onda va na hadislarda uning kim bo'lgani to'g'risida aniq ma'lumot berilmagan. Faqat Qur'oni karimda uning o'z o'g'liga qilgan foydali, ibratomuz nasihatlaridan asosiy qismi berilgan. Qolgan qismlarini esa rivoyatlar orqali naql qilinib, to bizning asrimizgacha ham yetib kelgan. Suraning boshqa oyatlarida tavhid va imonga da'vat, kufr va shirkdan qaytarish kabi o'gitlar talqin etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Ushbular hikmatli Kitob oyatlaridir,

3. Ezgu amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat (manbai ekani) jihatidan.

4. Qaysiki, ular namozni to'kis ado etadilar, zakotni (o'z joyiga) beradilar va oxiratga aniq ishonadilar.

5. Parvardigorlari (tarafi)dan hidoyat topganlar ana o'shalardir va najot topuvchilar ham o'shalarning o'zidir.

6. Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (o'zgalarni) Alloh yo'lidan ozdirish uchun va u (yo'lni) masxara qilish uchun behuda so'z(lar)ni sotib olurlar. Ana o'shalar uchun xor qiluvchi azob bordir.

7. Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, go'yo ularni eshitmagandek, go'yo quloqlarida og'irlik (karlik) bordek, kibru havo bilan yuz o'girib ketur. Bas, unga alamli azob haqida "xushxabar" berib qo'ying!

8. Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun ne'mat bog'lari bordir,

9. u joyda mangu qolurlar. (Bu) Allohning haq va'dasidir. U qudrat va hikmat egasidir.

10. Ko'rayapsizki, osmonlarni ustunlarsiz yaratib, sizlarni tebratmasligi uchun yerda tog'larni barpo qildi va unda har turli jondor(lar)ni tarqatib qo'ydi. Yana Biz osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, (yerda) turli saxovatli (o'simliklarni) undirib qo'ydik.

11. Bular Alloh yaratgan narsalardir. Endi, (ey, mushriklar,) sizlar Menga Undan o'zgalar nimalarni yaratganini ko'rsatinglar-chi! Yo'q, u zolimlar aniq zalolatdadirlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:38:29



12. Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): "Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o'zi uchun shukr qilur. Kimki noshukrlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir".

13. Eslang, Luqmon o'g'liga nasihat qilib, degan edi: "Ey, o'g'ilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir".

14. Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko'tarib yurdi. Uni (ko'krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki,) "Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir!"

15. Agar ular (ya'ni ota-onang) seni o'zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo'rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo'lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo'lgin va o'zing Menga tavba qilgan kishilarning yo'liga ergashgin! So'ngra (ya'ni, qiyomat kunida) qaytishlik Mening huzurimgadir, bas, sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berurman".

16. (Luqmon dedi): "Ey, o'g'ilcham, shubha yo'qki, agar xantal (o'simligining) urug'idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo'lsa, bas, u (amal) biroq xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo'lsa, o'shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir.

17. Ey, o'g'ilcham, namozni mukammal ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o'zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu ishlarning puxtasidandir.

18. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin. Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas.

19. (Yurganingda) o'rta hol yurgin va ovozingni past qilgin. Chunki, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:39:06



20. (Ey, insonlar,) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo'yin sundirib qo'yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko'rmadinglarmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular o'zlari bilmagan, hidoyat topmagan va aniq kitob (hujjat)ga ega bo'lmagan hollarida Alloh xususida munozara qilurlar.

21. Qachonki, ularga: "Alloh nozil etgan narsaga ergashinglar!",- deyilsa, ular: "Yo'q, bizlar ota-bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, (ana o'shanga) ergashurmiz", - deyishadi. Bordiyu, shayton ularni o't azobiga chaqirib turgan bo'lsa-chi?!

22. Kimki chiroyli amal qiluvchi bo'lgan holida o'zini Allohga topshirsa, bas, u mustahkam tutqichni ushlabdi. Barcha ishlar oqibati faqat Allohga (borur!)

23. Kimki kofir bo'lsa, bas, Sizni, (ey, Muhammad,) uning kufri g'amga solmasin. Bizga qaytajaklar, bas, Biz ularga qilgan amallarining xabarini berurmiz. Zero, Alloh dillardagi sirlarni biluvchidir.

24. Biz ularni (bu dunyoda) ozgina (muddat) foydalantirib, so'ngra qattiq azob (tortish)ga majbur qilurmiz.

25. Qasamki, agar ulardan: "Osmonlar va Yerni kim yaratgan?" - deb so'rasangiz, albatta, "Alloh", - derlar. Siz "Allohga hamd!" - deng. Yo'q, ularning aksariyati (haqiqatni) bilmaslar.

26. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsalar Allohnikidir. Albatta, Alloh behojat va hamdga loyiq zotdir.

27. Agar yer yuzidagi (bor) daraxt qalamlar bo'lib, dengiz (siyoh bo'lsa va) undan so'ng yana yetti dengiz unga yordam bersa, Allohning so'zlari tugamas. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir.

28. (Ey, insonlar,) sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni (yaratish va qayta tiriltirishning) o'zginasidir (osondir). Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:40:02



29. Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatgacha joriy bo'ladigan qilib bo'yin sundirib qo'yganini va Allohning qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini ko'rmadingizmi?!

30. Bunga Allohning O'zigina Haq (iloh) ekani, ular (mushriklar) Uni qo'yib iltijo qilayotgan (butlar)i esa botil narsa ekani va Allohning O'zigina eng yuksak va oliy zot ekani sababdir.

31. Sizlarga Allohning mo''jizalaridan ko'rsatish uchun kemalar Uning marhamati bilan dengizda (suzib) yurganini ko'rmadingizmi?! Albatta, bunda barcha (qiyinchiliklarga) sabr qiluvchi va (ne'matlarga) shukr qiluvchilar uchun alomatlar bordir.

32. Qachonki, (kofirlarni) tog'lardek to'lqin(lar) o'rab olsa, ular chin ixlos bilan Allohga duo iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh) ularga najot berib, quruqlikka (chiqarsa), u holda ulardan (ayrimlarigina) to'g'ri yo'l tutuvchidir. Oyatlarimizni faqat barcha xoin va noshukr kimsalargina inkor qilurlar.

33. Ey, insonlar, Parvardigoringizdan qo'rqingiz va yana shunday bir Kundan qo'rqingizkim, (u kunda) biror ota o'z bolasi tomonidan (gunohni) o'ta olmas va bola ham otasi tomonidan biror narsani o'ta oluvchi bo'lmas. Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo'ymasin va sizlarni aldamchi (shayton) Alloh (kechaveradi, degan aldov) bilan aldab qo'ymasin!

34. Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo'lishi to'g'risida) bilim bordir. U (xohlagancha) yomg'ir yog'dirur va bachadonlardagi narsa (homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o'lishini bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:41:55



SAJDA SURASI    

Suraning 15-oyatida sajda oyati kelgani uchun unga shu nom berilgan.

Surada dunyoning foniyligi, oxiratning esa boqiy ekanligi, qiyomat kuni qayta tirilishning haq ekanligi, o'sha kuni har bir inson dunyoda qilib o'tgan yaxshi-yomon ishlari uchun hisobot berishi, xuddi shu shiddatli kun uchun tayyorlanish zarurligi uqtiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Bu Kitobning (Qur'onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir.

3. Balki: "Uni (Muhammadning o'zi) to'qib olgan", - derlar?! Yo'q, U (ya'ni, Qur'on) sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan qavmni ogohlantirishingiz uchun Rabbingiz (tomoni)dan (nozil qilingan) Haqiqatdir, shoyad, ular hidoyat topsalar.

4. Alloh osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsani olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan zotdir. Sizlar uchun Undan o'zga biror do'st va oqlovchi yo'qdir. Axir eslatma olmaysizlarmi?!

5. U osmondan yergacha bo'lgan barcha ishni tadbirini ko'rar (boshqarar), so'ngra (bu ishlarning barchasi) sizlarning hisobingizcha ming yilga teng keladigan (bir) Kunda (ya'ni, qiyomatda) Uning O'ziga ko'tarilur.

6. Ana o'sha g'oyib va hozirni biluvchi, qudratli va mehribon,

7. barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Insonni yaratishni esa loydan boshladi.

8. So'ngra uning naslini haqir bir suvdan iborat nutfadan paydo qildi.

9. So'ngra uni tiklab, ichiga O'z (mulkidagi) ruhidan kiritdi. Sizlar uchun quloq, ko'z, dillarni paydo qildi. Shukrni esa kam qilursizlar.

10. Ular (kofirlar): "Bizlar yer (osti)da gumdon bo'lib ketgach, haqiqatan ham yana yangitdan yaralurmizmi?" - dedilar. Yo'q, ular Parvardigorlari muloqotini inkor qiluvchidirlar!

11. Ayting: "Sizlarga vakil qilingan o'lim farishtasi jonlaringizni olur, so'ngra Rabbingizga qaytarilursizlar".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:42:38



12. Agar Siz u jinoyatchilarni (qiyomat kunida) Parvardigorlari huzurida boshlari egik holda turib: "Parvardigoro, ko'rdik va eshitdik, bas, bizlarni (hayotga) qaytargin, bizlar yaxshi amal qilaylik. Endi bizlar, albatta, ishonuvchidirmiz", - (deyishlarini) ko'rsangiz edi!

13. Agar Biz xohlasak, albatta, har bir jonga o'z hidoyatini ato etgan bo'lur edik, lekin Men tomondan bu so'z muqarrar bo'lgandir: "Men jahannamni barcha (kufrdagi) jin va odamlar bilan to'ldirurman".

14. Bas, (ey, kofirlar,) ushbu kuningizdagi muloqotni unutib qo'yganingiz sababli (azobni) totingiz! Darvoqe, Biz ham (bugun) sizlarni "unutdik". Qilmishlaringiz sababli mangu azobni totingiz!

15. Bizning oyatlarimizga faqat u (oyat)lar zikr qilinganda sajda qilgan hollarida yiqiladigan va kibr qilmagan hollarida hamd bilan Parvardigorlariga tasbeh aytadigan zotlargina imon keltirurlar. (Sajda oyati)

16. Ularning yonboshlari o'rindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo'rquv va umidvorlik bilan duo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar.

17.  Bas, ularning qilib o'tgan amallariga mukofot uchun yashirib qo'yilgan ko'zlar quvonchini (oxirat ne'matlarini) hech kim bilmas.

18. Axir, mo'min kishi bilan fosiq (itoatsiz) kimsa teng bo'lurmi?! (Yo'q), barobar bo'lmaslar!

19. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun qilgan amallari sababli jannat maskanlari manzil bo'lur.

20. Fosiq bo'lgan kimsalarning maskanlari esa do'zaxdir. Har qachon undan chiqmoqchi bo'lsalar, yana unga qaytarilurlar va ularga: "O'zlaringiz inkor etgan do'zax azobini totingiz!" - deyilur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:43:28



21. Albatta, Biz ular (itoatsizlikdan) qaytishlari uchun ularga katta azobdan ilgari yaqin azobni (dunyo azobini) tottirurmiz.

22. Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan intiqom oluvchidirmiz.

23. Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik, Bas, (ey, Muhammad,) Siz uning (Tavrotga) ro'baro' bo'lganidan shubhada bo'lmang. Biz (Tavrotni) Isroil avlodi uchun hidoyat (manbai) qildik.

24. Ular sabr qilishgach, Biz ulardan hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga puxta ishonar edilar.

25. (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingizning O'zi qiyomat kunida (odamlar) o'zaro ixtilof qilgan narsalari haqida ajrim qilur.

26. Axir, ularga (mushriklarga) Biz ulardan ilgari qancha avlodlarni halok qilganimiz va o'zlari o'shalarning maskanlarida yurganlari ma'lum emasmi?! Albatta, bunda alomatlar bor! Axir, ular eshitmaydilarmi?!

27. Axir, ular quruq yerga suv haydab, uning vositasida ularning chorvalari ham, o'zlari ham yeydigan ekinlarni chiqarishimizni bilmadilarmi?! Axir, (buni) ko'rmaydilarmi?!

28. Ular (musulmonlarga): "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, qachon mana shu fath (g'alaba) ro'y berur?" - derlar.

29. (Ey, Muhammad,) ayting: "Fath kunida kofir bo'lgan kimsalarga imon keltirishlari foyda bermay qolur va ularga (tavba uchun) muhlat ham berilmas".

30. Bas, ulardan yuz o'giring va (ne bo'lishini) kuting! Zero, ular ham kutuvchidirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:44:56



AHZOB SURASI

Ahzob - firqalar, guruhlar. Birligi "hizb".

Surada Islom shariatidagi qonun-qoidalar, xususan "zihor", "tabanniy", satri avrat, mahram va nomahramlar, nikoh, taloq kabi masalalarga doir shar'iy hukmlar bayon etiladi. Surada, shuningdek, turli imonsiz hizblarning musulmonlarga qarshi qilgan hujumlari va bunday sinov qiyinchiliklardan chin imon-e'tiqodli kishilarning qanday muvaffaqiyatli o'tganliklari haqida ham oyatlar berilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, Payg'ambar, Allohdan qo'rqing! Kofirlar va munofiqlarga itoat etmang! Albatta, Alloh bilimli va hikmatli zotdir.

2. Rabbingiz (tomoni)dan Sizga vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing! Albatta, Alloh sizlar qilayotgan amallardan ogohdir.

3. Allohga tavakkul qiling! Allohni O'zi yetarli vakil (homiy)dir.

4. Alloh bir kishining ichida ikki qalb qilgan emasdir. (Shuningdek), sizlar "zihor"* qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni o'z bolalaringiz qilgan emasdir. Bu sizlarning og'izlaringizdagi so'zingizdir*. Alloh esa haqiqatni aytur va Uning O'zi yo'lga boshlar.


Izoh(a): Shariatda nikoh, taloq kabi oilaviy munosabatlar qatorida zihor degan narsa ham bor. Bu ko'proq arab xalqida joriy etilgan yaramas odatlardan biri edi. Zihorda er o'z xotiniga: "Sen menga onamning badani kabi haromsan" - kabi so'zlarni aytishi bilan qattiq gunohkor bo'ladi, lekin xotini o'z onasiga aylanib qolmaydi. Bu gunohni yuvish uchun er ma'lum miqdorda kafforat (jarima) to'lash zarurligi qayd etiladi.

Izoh(b): Oyatdagi ikkinchi masala asrandi bola haqida. Boqib olingan asrandi bola hech qachon o'zi tuqqan bolalaridek mahram bo'laolmasligi, nikoh va meros masalalarida ularning huquqi begonalar huquqi bilan barobar bo'lishi haqida ko'rsatmalar berilgan. Bu bilan bola asrab olish va uni tarbiya qilib voyaga yetkazish savobi inkor etilayotgani yo'q. Masalan, bir oilada asrandi o'g'il voyaga yetsa, shu oiladagi "singil" ga uylanishi mumkin va aksincha ham. Surada Muhammad (a. s.) asrab olgan Zayd ibn Horisa voqeasi batafsil bayon etiladi.


5. Ularni (asrandi farzandlarni) o'z otalari (ismi) bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do'stlaringizdir. Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo'qdir, lekin ko'ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo'lursizlar). Alloh kechirimli va mehribon zotdir.

6. Payg'ambar mo'minlarga o'zlaridan ham haqliroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridir. Allohning Kitobida qarindoshlar (merosxo'rlikda) bir-birlariga (qarindosh bo'lmagan) mo'minlardan va muhojirlardan ko'ra haqliroqdirlar. Magar sizlar (diniy) do'stlaringizga (meros berishlik bilan) yaxshilik qilmog'ingiz (mumkin). Bu, Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) bitiklidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 20:47:07



7. Eslang, Biz (barcha) payg'ambarlardan va Sizdan, Nuhdan, Ibrohim, Muso va Iso ibn Maryamdan qat'iy ahd olgandik.

8. Bu rostgo'ylardan (qiyomatda) sodiqliklari haqida so'rash uchun edi. (Alloh) kofirlar uchun alamli azob tayorlab qo'ygandir.

9. Ey, imon keltirganlar, sizlarga (qarshi) qo'shinlar kelgan paytida Biz ularning ustiga shamol va sizlar ko'rmagan qo'shinlar (farishtalar)ni yuborganimizni - Allohning sizlarga bergan ne'matini eslanglar! Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchi zotdir.

10. O'shanda ular sizlarning ustingizdan ham, sizlardan quyi (tomon)dan ham (bostirib) kelgan edilar. O'shanda ko'zlar tinib, yuraklar bo'g'izga tiqilib qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edingizlar.

11. Ana o'sha joyda mo'minlar imtihon qilindilar va (dahshatdan) qattiq larzaga tushdilar.

12. O'shanda munofiqlar va dillarida illat bo'lgan (e'tiqodlari zaif) kimsalar: "Alloh va Uning payg'ambari bizlarga faqat yolg'on va'da qilgan ekanlar", - deya boshladilar.

13. O'shanda ulardan bir toifasi dedi: "Ey, Yasrib (Madina) ahli, sizlar uchun (bu qadar ko'p sonli yovga qarshi) turish imkoni yo'qdir, bas, (o'z uylaringizga) qaytib ketinglar". Ulardan yana bir guruhi esa: "Uylarimiz ochiq-sochiq", - deb Payg'ambardan izn so'radilar. Holbuki, (uylari) ochiq-sochiq emas edi. Ular faqat (jangdan) qochishnigina istardilar.

14. Agar ularning (munofiqlarning) ustiga (Madinaning turli) tomonlaridan kirilsa, so'ngra ulardan fitna talab qilinsa, albatta, ular ko'p (ikkilanib) turmasdan unga (fitnaga) kelgan bo'lur edilar.

15. Holbuki, ular ilgari ortga chekinmaslari haqida Alloh bilan ahdlashgan, Allohga berilgan ahd esa (qiyomat kunida) so'raluvchidir.

Qayd etilgan