Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 614012 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:01:52



15. Saba' (qabilasi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi- o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib, (Biz ularga): "Parvardigoringiz rizqidan bahramand bo'linglar va Unga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) mag'firatli Parvardigordir" (degan edik).

16. Bas, ular (shukrdan) yuz o'girgach, Biz ularning ustiga to'g'on bilan (to'sib qo'yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog'larini achchiq mevali, yulg'unzor va siyrak butazor "bog'lar"ga almashtirib qo'ydik.

17. Kofir bo'lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan o'zga kimsaga jazo berarmidik?!

18. Biz ular bilan O’zimiz muborak qilgan shaharlarning orasida ko'rinib turadigan qishloqlarni barpo qilib, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o'lchab, (ularga): "Bu (qishloqlarda) kechalari ham, kunduzlari ham tinchgina yuraveringlar!" (degan edik).

19. Ular esa (bu ne'matlarga noshukrlik qilib): "Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq qilgin", - deyishib, o'zlariga zulm qildilar, bas, Biz ularni (odamlar og'zidagi) cho'pchakka aylantirib qo'ydik va bo'lib-bo'lib tashladik. Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi uchun alomatlar bordir.

20. Darhaqiqat, iblis ularning ustidagi ("Men ularni yo'ldan ozdira olurman", - degan) gumonini ro'yobga chiqardi, bas, (Saba' qabilasi iblisga) ergashdilar, faqat bir guruh mo’minlargina (qoldilar).

21. (Iblisning) ular ustidagi hukmronligi faqat oxiratga imon keltiradigan kishilarni undan (oxiratdan) shubhada turgan kimsalardan ajratib olishimiz uchun bo'ldi. Rabbingiz barcha narsani kuzatib turuvchidir.

22. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohdan o'zga (ilohlar) deb gumon qilgan butlaringizga iltijo qilaveringlarchi! Ular na osmonlarda va na Yerda bir zarra vaznicha (narsa)ga ega emasdirlar va ular uchun sheriklik ham yo'qdir hamda ulardan Unga biror madadkor ham yo'qdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:02:47


 
23. (Alloh) huzurida faqat U izn bergan kishilarning shafoati (oqlovi)gina foyda berur. To qachonki, (izn berilib) dillaridan qo'rquv ketkazilgach, ular (bir-birlariga): "Parvardigoringiz nima dedi (izn berdimi)?" - deb (savol qilishib), "Haqni (aytdi, shafoatga izn berdi), U oliy va buyuk zotdir", - deb (javob qilurlar).

24. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Kim sizlarga osmonlardan va yerdan rizqlantirur?" Ayting: "Alloh. Albatta, bizlar yoki sizlar hidoyat uzradirmiz yoki aniq zalolatdadirmiz".

25. Ayting: "Biz qilgan gunoh to'g'risida sizlar mas'ul bo'lmassizlar va sizlar qilayotgan amallar to'g'risida bizlar mas'ul bo'lmasmiz".

26. Ayting: "Rabbimiz (qiyomat kuni) o'rtamizni jamlar, so'ngra o'rtamizda haqiqat (adolat) bilan hukm qilur. Faqat Ugina (adolat bilan) hukm qiluvchi va (haqiqatni) biluvchidir".

27. Ayting: "(Ey, mushriklar,) sizlar Unga (Allohga) qo'shib olgan shirklaringizni menga ko'rsatingiz-chi?! Yo'q. Balki Allohning O’zigina qudrat va hikmat egasidir".

28. (Ey, Muhammad,) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo'lgan holingizda, (payg'ambar qilib) yubordik! Lekin, odamlarning aksariyati (bu haqiqatni) bilmaslar.

29. Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (qiyomat) qachon bo'ladi?" - derlar.

30. Ayting: "Sizlar uchun shunday bir kunning va'dasi borki, undan biror soat orqaga ham, ilgariga ham sura olmassizlar".

31. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlar bu Qur'onga ham, undan oldingi (Kitoblarga) ham sira imon keltirmaymiz!" - dedilar. (Ey, Muhammad,) agar Siz o'sha zolim kimsalarni (qiyomat kuni) Parvardigor huzurida tik turgizib qo'yilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini ko'rsangiz edi?! (O’shanda) zaif sanalgan kimsalar mutakabbir kimsalarga (o'z peshvolariga): "Agar sizlar bo'lmaganingizda, bizlar, albatta, mo’minlar bo'lur edik", - deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:03:25



32. Mutakabbir bo'lganlar zaif sanalganlarga: "Sizlarga hidoyat kelganidan so'ng, sizlarni (undan) biz to'sdikmi? Yo'q, o'zlaringiz jinoyat qiluvchi edingizlar", - derlar.

33. Zaif sanalganlar mutakabbir bo'lganlarga: "Yo'q, kecha va kunduzgi makr(laringizchi)?! O’shanda sizlar bizlarni Allohga kofir bo'lishga va Unga "teng sheriklar" qilishga buyurar edingizlar", - deydilar. Azobni (o'z ko'zlari bilan) ko'rgan vaqtlarida ular ichlarida nadomat qiladilar va Biz kofir bo'lgan kimsalarning bo'yinlariga kishanlar solurmiz. Ularga (dunyoda) qilib o'tgan qilmishlaridan o'zga jazo berilarmidi?!

34. Biz qaysi bir qishloqqa biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, albatta, u joyning maishatparastlari: "Biz sizlar elchi qilib yuborilgan (din)ga kofirmiz!" - dedilar.

35. Yana ular: "Bizlarning mollarimiz va farzandlarimiz ko'proq, (binobarin), bizlar azoblanuvchi emasmiz", - dedilar.

36. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, Rabbim O’zi xohlaganlarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlaganlarning rizqini) tang qilur. Lekin, ko'p odamlar (buni) bilmaslar".

37. Na mollaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qiluvchi emasdir. Faqat imon keltirgan va solih amal qilgan zotlar - aynan o'shalargagina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bordir va ular (jannatdagi) ko'shklarda osoyishtalikda bo'lurlar.

38. Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yuradigan kimsalar - ular azobga hozir qilinuvchidirlar.

39. Ayting: "Albatta, Rabbim bandalaridan O’zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O’zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:05:05



40. (Eslang, Alloh) ularning (mushriklarning) barchalarini to'plab, so'ngra farishtalarga: "Ana u (mushrik)lar sizlarga ibodat qiluvchi bo'lganmidilar?" - deydigan kunda

41. (farishtalar): "Pok Parvardigor, ular emas, O’zing bizlarning do'stimizdirsan. Ha, ular jinlarga ibodat qilar edilar. Ularning aksariyati ularga imon keltiruvchidirlar", - derlar.

42. Bas, bu kunda biringiz biringizga na foyda va na zarar yetkazishga ega bo'lmas va Biz, zolim bo'lganlarga: "O’zlaringiz yolg'on degan do'zax azobini totib ko'ringiz", - dermiz.

43. Qachonki, ularga Bizning oyatlarimiz aniq holda tilovat qilinsa, ular: "Bu (Muhammad) faqat sizlarni ota-bobolaringiz ibodat qilib o'tgan narsalardan to'smoqchi bo'lgan kimsadir", - derlar va "Bu (Qur'on) faqat to'qilgan bir bo'htondir", - derlar. Kofir bo'lganlar ularga Haqiqat (Qur'on) kelgan vaqtda u haqda: "Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas", - degaylar.

44. Holbuki, (Isodan keyin) Biz ularga (o'qib) o'rganishadigan kitoblar keltirgan emasmiz va ularga Sizdan avval biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) ham yuborgan emasmiz.

45. Ulardan ilgari (o'tgan) kimsalar ham (o'z payg'ambarlarini) inkor etgan edilar Holbuki, (Makka mushriklari) Biz ularga ato etgan ne'matlarning o'ndan biriga ham yetganlari yo'q. Bas, (o'shalar) Mening payg'ambarlarimni inkor etishgach, Mening e'tirozim qanday bo'lgan edi?!

46. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Men sizlarga faqat birgina narsani - Alloh uchun juft holda va yakka holingizda turishga, so'ngra tafakkur qilishingizni nasihat qilurman. Sohibingiz (Muhammad)da hech qanday jinnilik yo'qdir. U faqat qattiq azob oldidan sizlarga (yuborilgan) bir ogohlantiruvchi(payg'ambardir), xolos".

47. Ayting: "Men sizlardan (payg'ambarligim uchun) ajr (haq) so'ramasman. Bas, u sizlarga bo'la qolsin. Mening ajrim faqat Allohning zimmasidadir. U barcha narsaga guvohdir".

48. Ayting: "Albatta, Rabbim (botillikni) Haq (Qur'on vositasi) bilan (chetga) uloqtirur. U g'ayblarni aniq biluvchidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:07:18



49. Ayting: "Haq (Qur'on) keldi. Botil (yangidan shirkni va dinsizlikni) boshlay olmas va qaytara olmas".

50. Ayting: "Agar men (yo'ldan) ozsam, bas, faqat o'z zararimga ozurman va agar hidoyat topsam ham Rabbim menga qilayotgan vahiy sababliginadir. Albatta, U eshituvchi va yaqindir".

51. (Ey, Muhammad,) agar Siz (mushrik va kofirlarni) dahshatga tushgan, yo'qolishning iloji yo'q va yaqin bir makondan (do'zax sari) tutib ketilgan paytlarida ko'rsangiz edi!

52. (O’sha kunda) ular: "Imon keltirdik", - deydilar. Yiroq bir joydan (tavbaga) erishish qayoqda ekan ularga?!

53. Holbuki, ular ilgari (dunyoda) unga kofir bo'lgan edilar! Holbuki, ular yiroqdan turib, g'aybga (oxiratga tosh) otar edilar.

54. (Mana endi,) xuddi ulardan oldingi hamfikrlariga qilingani kabi, ular bilan istaydigan narsalari (imon) o'rtasi to'sib qo'yildi, zero, ular (dunyoda) shak-shubhada edilar.


FOTIR SURASI


Fotir so'zi "ilk bor yaratuvchi" degan ma'noni bildiradi. Surada Allohning cheksiz ilmi va qudratiga dalolat qiluvchi aqliy dalillar, farishtalar, dunyo va oxirat, kufr va imon, tajovuz va tug'yon haqidagi ilohiy tafsilotlar hamda boshqa muhim ma'lumotlar mavjud. Suraning ikkinchi nomi - "Maloika"dir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamd osmonlar va Yerning ilk bor yaratuvchisi hamda farishtalarni ikki, uch, to'rt qanotli elchilar qiluvchi Allohgadir. U yaratgan narsalarida nimani xohlasa (o'shani) ziyoda qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir.

2. Alloh odamlar uchun ne bir rahmatni ochib qo'ysa, bas, uni tutib qoluvchi bo'lmas va neni tutib qolsa, bas, Undan so'ng uni (bandalarga) yuboruvchi bo'lmas. U qudrat va hikmat egasidir.

3. Ey, insonlar, sizlarga (ato etgan) Allohning ne'matini eslangiz! Sizlarga osmonu zamindan rizq beradigan Allohdan o'zga yaratuvchi bormi?! Undan o'zga iloh yo'q! Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?![/b]

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:07:29



4. (Ey, Muhammad,) agar (mushriklar) Sizni inkor etsalar, bas, (bilingki,) Sizdan avvalgi payg'ambarlar ham inkor etilgandirlar. (Barcha) ishlar, albatta, Allohga qaytarilur.

5. Ey, insonlar, albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo'ymasin! Yana sizlarni aldamchi (shayton) aldab qo'ymasin!


Izoh: Ya'ni sizlarga shayton Alloh nomidan va'da qilib: "Gunoh ishlarni qilaveringiz, toat-ibodat shart emas, Alloh kechiruvchi" kabi so'zlar bilan aldab qo'ymasin!

6. Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! U o'z firqasini (o'ziga ergashganlarni) do'zax ahli bo'lishga da'vat qilur.

7. Kofir bo'lgan kimsalar uchun qattiq azob bordir. Imon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun esa mag'firat va katta mukofot bordir.

8. Axir (qilgan) yomon ishi o'ziga chiroyli ko'rsatilib, uni go'zal (ish) deb o'ylagan kimsa (hidoyat topgan zot kabi bo'lurmi)?! Zotan, Alloh O’zi xohlagan kimsalarni yo'ldan ozdirur va O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Bas, (Ey, Muhammad,) ularga hasratlar chekib joningiz (chiqib) ketmasin. Albatta, Alloh ularning qilayotgan sir-sinoatlarini biluvchidir.

9. Alloh shamollarni yuborib, bulutni qo'zg'atgach, Biz uni "o'lik" shaharga haydab, u bilan "o'lgan" yerni "tiriltirdik". Аˆiyomatda qayta tirilish ham shu tarzdadir.

10. Kimki qudratni istaydigan bo'lsa, bas, barcha qudrat Allohnikidir. (Har bir) xush kalima U sari chiqur. Solih amalni esa, (Alloh O’z dargohiga) ko'tarur. Yomonliklar bilan makr qiladiganlar uchun qattiq azob bordir va ularning makrlari ham halok bo'lur (behuda ketur).

11. Alloh sizlarni (Odamni) tuproqdan, so'ngra (uning naslini) nutfadan yaratib, keyin sizlarni juft-juft (erkak-ayol) qilib qo'ydi. Har bir ayolning homilador bo'lishi va ko'zi yorishi faqat Uning ilmi bilan bo'lur. Biror uzoq umr ko'ruvchining umri uzaytirilgan bo'lsa yoki umridan kamaytirilgan bo'lsa, albatta, u Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:08:40



12. Ikki dengiz teng bo'lmas - bunisi shirin-totli va yutumli, unisi esa sho'r-nordondir. Sizlar (ularning) har biridan yangi go'sht (baliq) yeysizlar va taqadigan zeb-ziynat chiqarib olursizlar. (Allohning) fazlidan (rizqidan) istashlaringiz uchun (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko'rasizlar. Shoyad shukr qilsangizlar.

13. (Alloh) kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur, U quyosh va oyni ham (sizlar uchun) bo'yin sundirib qo'ygandir - har biri muayyan muddatgacha joriy bo'lur. Ana shu sizlarning Rabbingiz - Allohdir, Podshohlik faqat Unikidir. (Ey, mushriklar,) sizlar U zotni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (but)laringiz esa, xurmoning dumicha narsaga ham ega emasdirlar.

14. Agar sizlar ularni chorlasangizlar, chaqiriqlaringizni eshitmaslar. Eshitganlarida ham sizlarga javob qila olmaslar va qiyomat kunida shirklaringizni inkor qilurlar. (Ey, Muhammad,) Sizga xabardor zot (Alloh)dek (hech kim) xabar bera olmas.

15. Ey, insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Alloh esa, albatta, behojat va hamdga loyiq zotdir.

16. Agar U xohlasa, sizlarni (yer yuzidan) ketkazib, (o'rningizga) yangi bir xalqni keltirur.

17. Bu (ish) Allohga qiyin emasdir.

18. (Qiyomat kunida) hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jon)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. Agar og'ir gunoh egasi o'z yuki - (gunohini ko'tarish)ga chorlansa, (garchi chorlanuvchi) qarindoshi bo'lsa-da, u (gunoh)dan biror narsa yuklatilmas. (Ey, Muhammad,) Siz faqat Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqadigan va namozni mukammal ado etgan zotlarnigina ogohlantira olursiz. Kimki poklansa, u faqat o'zi uchun poklangan bo'lur. Qaytish faqat Alloh saridir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:09:43



19. Ko'r (kofir) bilan ko'ruvchi (mo'min) barobar bo'lmas.

20. Zulmatlar (kufr) bilan nur (imon) ham.

21. Soya (jannat) bilan jazirama (do'zax) ham (barobar bo'lmas).

22. Tiriklar (mo'minlar) bilan o'liklar (kofirlar) ham barobar bo'lmas. Albatta, Alloh O’zi xohlagan kishilarga (quloqlariga) eshittirur. (Ey, Muhammad,) Siz qabrlardagi kimsalarga (qalbi o'liklarga) eshittira oluvchi emasdirsiz.

23. Siz faqat ogohlantiruvchidirsiz.

24. Albatta, Biz Sizni haq (din) bilan, xush xabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Har bir ummat ichida ham, albatta, bir ogohlantiruvchi (payg'ambar) o'tgandir.

25. Agar (mushriklar) Sizni inkor etsalar, bas, (bilingki), ulardan avvalgilar ham (payg'ambarlarni) inkor etganlar. Holbuki, payg'ambarlari ularga aniq mo''jizalar, (ilohiy) sahifalar va nurafshon Kitob keltirgan edilar.

26. So'ngra kofir bo'lganlarni (kufrlari sababli) ushladim (jazoladim). Bas, Mening inkorim (azobim) qanday bo'ldi?!

27. Alloh osmondan suv (yomg'ir-qor) yog'dirib, u bilan ranglari turli bo'lgan mevalarni chiqarganimizni ko'rmadingizmi?! Yana tog'larning oq, qizil, rangbarang yo'l(lisi) ham, tim qorasi ham bordir.

28. Shuningdek, odamlar, jonivorlar va chorva hayvonlari orasida ham turli ranglilari bordir. Allohdan bandalari orasida ulamolargina qo'rqurlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag'firatlidir.

29. Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni mukammal ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo'lmaydigan tijoratdan (mukofot bo'lishidan) umidvordirlar.

30. Zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O’z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag'firatli va o'ta shukr qiluvchidir.


Izoh: Allohning shukri shuki, ozgina savobli ish uchun ko'pgina mukofot ato etaveradi. Uning Shokir, Shakur, Karim kabi ismlarida ham shu mazmun mujassamdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:10:29



31. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga vahiy qilgan Kitob (Аˆur'on) o'zidan avvalgi (ilohiy) kitoblarni tasdiqlovchi Haq (Kitob)dir. Albatta, Alloh O’z bandalaridan ogoh va (ishlarini) ko'rib turuvchidir.

32. So'ngra Biz (bu) Kitobga bandalarimizdan O’zimiz tanlagan zotlarni (ummatingizni) voris qildik. Bas, ularning orasida (unga amal qilmay) o'z joniga jabr qiluvchi ham bor, ularning orasida o'rtacha amal qiluvchi ham bor va ularning orasida Allohning izni bilan mudom yaxshiliklarda o'zib ketuvchi ham bordir. Ana o'sha (Аˆur'onga voris bo'lish) katta fazldir.

33. Ular mangu (yashaydigan) jannatlarga kirurlar va oltin bilakuzuklar va marjonlar bilan bezangan bo'lurlar. U joyda ularning liboslari harir - (ipak) bo'lur.

34. (Jannatga kirgan chog'larida) deydilar: "Bizlardan qayg'uni ketkazgan zot — Allohga hamd (bo'lsin)! Darhaqiqat, Rabbimiz mag'firatli va shukr sohibidir.

35. U O’z fazli bilan bizlarni mangu turadigan diyorga tushirdiki, bu joyda bizlarga na mashaqqat yetar va na charchoq yetar".

36. Kofir bo'lgan kimsalarga esa jahannam o'ti bordirki, na ularga hukm qilinib, o'la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Har bir kofirni mana shunday jazolarmiz.

37. Ular u joyda: "Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin, bizlar qilib o'tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilurmiz", - deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg'ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (azoblaringizni) totaveringlar! Zolim kimsalar uchun yordamchi bo'lmas.

38. Albatta, Alloh osmonlar va Yerning g'aybini (sirlarini) biluvchidir. Haqiqatan, U dillardagi bor narsani aniq biluvchidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 21:11:19



39. U sizlarni Yerda xalifa qilib qo'ygan zotdir. Bas, kim kofir bo'lsa, uning kufri faqat o'zining zarariga bo'lur. Kofir bo'lgan kimsalarning kufri ularga Parvardigor huzurida faqat g'azabnigina ziyoda qilur; kofir bo'lgan kimsalarning kufri ularga faqat ziyonnigina ziyoda qilur.

40. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Xabar beringiz-chi, sizlar Allohni qo'yib iltijo qilayotgan (but)laringiz, menga ko'rsatib beringiz-chi, ular yerdagi biror narsani yaratganmilar yoki ularning osmonlar(ni yaratish)da sherikliklari bormi yoxud Biz ularga biror kitob ato etdikmiki, ular undan hujjatlarni topsalar?!" Yo'q! Zolimlar bir-biriga faqat aldovni va'da qilurlar.

41. Albatta, Alloh osmonlar va Yerni zavol topishlaridan saqlab turar. Agar zavolga yuz tutsalar, U zotdan so'ng (Undan o'zga) hech kim ularni saqlay olmas. Darhaqiqat, U halim va mag'firatli zotdir.

42. (Makka kofirlari) agar ularga biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelsa, albatta, (unga ergashib) har qanday ummatlardan ham hidoyat topuvchiroq bo'lishlari haqida jon-jahdlari bilan qasam ichgandilar. Bas, ularga ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelgach, (bu) ularni yanada (hidoyatdan) uzoqlashtirdi.

43. Yerda mutakabbirlik qilgan va (payg'ambarga qarshi) yomon makr qilgan hollarida. Yomon makr esa, faqat o'z egalarini o'rab olur (halok qilur). Bas, ular faqat avvalgilarning yo'llariga (jazolariga) ko'z tutmoqdalar. Bas, Allohning sunnati (qonuni)ga sira o'zgartirish topmassiz va Allohning sunnatiga sira almashtirish topmassiz.

44. Axir, ular Yerda sayr qilib, o'zlaridan oldingi (dinsizlarning) oqibati qanday bo'lganini ko'rmaydilarmi?! Holbuki, (ular) bulardan ko'ra quvvatliroq edilar. Na osmonlarda va na Yerda Allohni ojiz qoldiruvchi narsa yo'qdir. Zotan, U bilim va qudrat egasidir.

Qayd etilgan