45. Agar Alloh odamlarni ular qilgan gunohlari bilan jazolasa edi, (Yer) ustida biror jonivorni qo'ymagan bo'lur edi. Lekin, U ularni (jazolashni) belgilangan muddatgacha (qiyomat kunigacha) kechiktirur. Bas, o'sha muddat kelgach esa. . . albatta, Alloh bandalarini ko'rib turuvchi zotdir.
YOSIN SURASI"Yosin" so'zining ma'nosi to'g'risida turli rivoyatlar bor. Masalan, "Ey, inson!", "Ey, Muhammad!", "Ey, Sayyid!" kabilar.
Surada Muhammad (a. s.)ning haqiqiy Payg'ambar ekanliklari, Iso (a. s.) tomonidan Antokiya shahriga yuborilgan elchilarning ko'rgan kechirmalari, Habib an-Najjor ismli shaxsning imon yo'lida qurbon bo'lishi, quyosh, oy, yulduzlarning ilohiy qonun bilan faoliyat ko'rsatib turishlari, shuningdek, jannat va do'zax ahllarining qiyomat kunidagi holatlari, tavhid, qayta tirilish haqligiga dalolat qiluvchi oyatlar joy olgan. Yosin surasining fazilatlari to'g'risida ko'pgina hadisi shariflar rivoyat qilingan. Ularda kimki bu surani ixlos bilan o'qisa, hojati ravo bo'lishi, och bo'lsa qorni to'yishi, tashna bo'lsa serob bo'lishi, kiyim-boshga ega bo'lishi, xavf-xatarda bo'lsa xotirjamlik topishi, kambag'al bo'lsa boy bo'lishi, mahbus bo'lsa ozod bo'lishi, qarzdor bo'lsa qarzidan oson qutilishi kabi va'dalar bayon qilingan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Yo, Sin.
2. (Ey, Muhammad, ushbu) hikmatli Qur'onga qasamki,
3. haqiqatan, Siz payg'ambarlardandirsiz!
4. (Siz) To'g'ri yo'ldadirsiz.
5. (Bu Qur'on) qudratli va rahmli (Alloh)ning nozil qilgan (Kitob)idir,
6. toki ota-bobolari ogohlantirilmay, g'ofil bo'lib qolgan qavmni ogohlantirgaysiz.
7. Ularning ko'plariga So'z (azob haqidagi hukm) muqarrar bo'lgandir. Bas, ular imon keltirmaslar.
8. Darhaqiqat, Biz ularning bo'yinlariga, to iyaklarigacha kishanlarni solib qo'ydik, bas, ular kekkayuvchilardir.
9. Yana ularning oldilaridan bir to'siq (parda), ortlaridan bir to'siq (parda) qilib, ularni o'rab qo'ydik. Bas ular "ko'ra" olmaslar. Izoh: Bu oyat Abu Jahl Maxzumiy haqida nozil bo'lgan. U Rasulullohni namoz o'qiyotgan paytlarida boshlariga tosh bilan urib majruh qilishga qasam ichgan bo'lib, maqsadini amalga oshirmoqchi bo'lganida toshni ko'targanicha qo'llari toshga yopishib qoladi. Sharmanda bo'lib o'z qavmiga qaytib kelgach, boshqa biri "Bu ishni men bajaraman" - deb ravona bo'lganida, Alloh taolo amri bilan uning ko'zi ko'r bo'lib qoladi. 10. (Ey, Muhammad,) Siz ularni ogohlantirdingizmi yoki ogohlantirmadingizmi — ularga barobardir - imon keltirmaslar.
11. Siz faqat Zikr (Аˆur'on)ga ergashgan va Rahmondan g'oyibona qo'rqqan kishilarnigina ogohlantira olursiz. Bas, o'shalarga mag'firat va ulug' mukofot (jannat) xushxabarini bering!