SOD SURASI "Sod" - arab alifbosining 14-harfi. Bu yerda u nimaning ramzi ekanligi faqat Allohgagina ma'lum. Surada mushriklarning Rasulullohga nisbatan o'tkazgan tazyiqlariga sabr qilishlari, oxiratda berilajak mukofot va jazolar, kibr-havodan hazar qilish, insoniy fazilatlarga targ'ibot kabi ilohiy ko'rsatmalar o'z ifodasini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Sod. Zikr manbai bo'lmish Qur'onga qasam! Izoh: Oyatdagi "zikr" so'zini Ibn Abbos (r. a. ) bayon deb tafsir qilganlar. Ba'zilar uni sharaf deb izohlaydilar. Bu haqiqatdan uzoqroq ko'rinadi. Zikr so'zini o'zbekchada ham zikr shaklida ishlatiladi. Faqat mazmunda farq qilishi mumkin. Masalan "zikr" so'zining eslash, aytish, ma'lum yod olgan narsalarini o'qish, bayon etish kabi ma'nolari mavjud. Binobarin, bu yerda zikr manbai deyilsa, mazmun umumiyroq bo'lishi ko'zda tutildi. 2. Ha, kofir bo'lgan kimsalar (haqiqatni qabul qilishdan) g'ururda va muxoliflikda (doimiy)dirlar.
3. Biz ulardan ilgari qancha avlodni (kufrlari sababli) halok qilganimizda ular yordam so'rab nido (iltijo) qilganlar, (ammo u vaqt azobdan) qochib qutulish vaqti emas edi.
4. (Makka mushriklari) ularga o'zlaridan (bashar avlodidan) ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelganidan ajablandilar va kofirlar dedilar: "Bu (bir) yolg'onchi sehrgardir.
5. (Shuncha) ilohlarni bitta iloh qilib olibdimi?! Haqiqatan, bu juda qiziq narsa!"
6. Ulardan kattalari (bir-birlariga) dedilar: "Yuringlar, o'z ilohlaringizga (sig'inishda) abrli bo'linglar! Albatta, bu iroda etilgan narsadir.
7. Bizlar bu haqda (tavhid haqida) so'nggi dinda eshitmaganmiz. Bu faqat bir uydirmadir.
8. Bizlarning oramizda (zodagonlar turib) o'sha (Muhammad)ga zikr (Qur'on) nozil qilinibdimi?!" Ha, ular Mening eslatmam (Qur'on)dan shak-shubhadadirlar. O'a, ular hali Mening azobimni totib ko'rganlari yo'q.
9. Yoki ularning oldilarida qudratli va saxovatli Rabbingizning rahmat xazinalari bor ekanmi?!
10. Yoki osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsalarning hukmronligi ularniki ekanmi?! U holda (ko'k sari) narvonlarga chiqaversinlar!
11. (Ey, Muhammad, Makka mushriklari) o'sha yerning o'zida yengilib bituvchi firqalardan bir qo'shindir, xolos.
12. Ulardan ilgari ham Nuh qavmi, Od (qabilasi) va qoziqlar (ahromlar va qasrlar) egasi bo'lgan Fir'avn (ham payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqargandilar.
13. Shuningdek, Samud (qabilasi), Lut qavmi va daraxtzor egalari ham. Ana o'shalar (ham) firqalardir.
14. Barchalariga faqat payg'ambarlarni inkor etganlari sababli Mening jazoyim muqarrar bo'ldi.
15. Ana o'shalar hech to'xtamasdan keladigan birgina qichqiriqni kutmoqdalar, xolos.
16. Ular (Makka mushriklari masxara qilishib): "Parvardigoro, bizlarga (va'da qilingan azobdan) nasibamizni O'isob kunidan ilgari tezroq keltira qolgin", - dedilar.