Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 590571 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 63 B


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:33:22



103. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo'yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga) yotqizgan ediki,

104. biz unga nido qildik: "Ey, Ibrohim!

105. Darhaqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz".

106. Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir.

107. Biz (Ismoilning) o'rniga katta bir (qo'chqor) so'yishni evaz qilib berdik.

108. Keyingi (avlod)lar orasida u (Ibrohim) haqida yaxshi gaplarni qoldirdik.

109. Ibrohimga salom!

110. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

111. Darhaqiqat, u Bizning mo'min banda larimizdandir.

112. Yana, Biz unga solihlardan (bo'lg'usi) payg'ambar Ishoqning xush-xabarini berdik.

113. Unga (Ibrohimga) ham, Ishoqqa ham barakot berdik. Ularning zurriyotidan ezgu amal qiluvchi ham, o'ziga aniq zulm qiluvchi ham bo'lur.

114. Qasamki, Biz Muso va Horunga (payg'ambarlik) in'om etdik.

115. Biz ikkisiga va ularning qavmiga ulug' g'amdan najot berdik.

116. Ularga madad berdik, bas, ular (Fir'avn ustidan) g'olib bo'ldilar.

117. Biz ularga aniq Kitob (Tavrot) ato etdik.

118. Hamda ularni To'g'ri yo'lga hidoyat qildik.

119. Keyingi (avlod)lar orasida u ikkisi haqida (yaxshi gaplarni) qoldirdik.

120. Muso va Horunga salom!

121. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

122. Darhaqiqat, ikkisi ham Bizning mo'min bandalarimizdandir.

123. Ilyos ham, albatta, payg'ambarlardandir!

124. Qaysiki, u o'z qavmiga degan edi: "(Allohdan) qo'rqmaysizlarmi?!

125. Sizlar yaratuvchilarning yaxshisini qo'yib, Ba'l (nomli but)ga sig'inyapsizlarmi?

126. Sizlarning Rabbingiz va avvalgi otabobolaringizning ham Rabbini qo'yib-a?!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:34:43



127. Bas, (Ilyosni) yolg'onchiga chiqardilar. Bas, albatta, ular (do'zaxga) hozir qilinuvchidirlar,

128. illo, Allohning ixlosli bandalarigina (hozir bo'lmaslar).

129. Biz keyingi (avlod)lar orasida u (Ilyos) haqida (go'zal maqtovlar) qoldirdik.

130. Ilyosga salom!

131. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

132. Darhaqiqat, u Bizning mo'min bandalarimizdandir.

133. Lut ham, albatta, payg'ambarlardandir!

134. Qaysiki, Biz unga va uning barcha ahliga najot bergan edik.

135. Faqat (azobda) qoluvchilardan bo'lmish bir kampirga (Lutning xotiniga najot bermadik).

136. So'ngra boshqalarni halok qildik.

137. (Ey, Makka ahli,) aniqki sizlar ularning ustidan tongda o'tib turursizlar,

138. tunda ham. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!

139. Yunus ham, albatta, payg'ambarlardandir!

140. Qaysiki (o'z qavmidan g'azablanib) to'la yukli kemaga qarab qochgan edi.

141. Bas, (kemadagilar bilan) qur'a tashlashdi va mag'lub bo'ldi.


Izoh: Qissa haqida shunday rivoyat bor. Yunus (a. s.) o'z qavmining qilmishlaridan ozorlanib, ularga va'da qilingan jazo kelavermagach, o'zlari bosh olib chiqib ketib, bir dengiz bo'yiga yetib boradilar. Jo'nab ketayotgan bir kemaga minganlarida, dengiz o'rtasiga borib, kema to'xtab qoladi. Kemachilar: "Yo'lovchilarimiz ichida o'z xojasidan qochgan qul bo'lsa kerak. Uni topmasak kemamiz turaveradi" - deb qur'a tashlaydilar. Qur'ada Yunus (a. s.) nomi chiqqach, ul zotni dengizga tashlab yuboradilar. Qissa 142-oyatda davom etadi.

142. Bas, malomatga qolgan holida uni bir nahang baliq yutib yubordi.

143. Bas, agar u (Allohga doimo) tasbeh aytuvchilardan bo'lmaganda,

144. albatta, u (baliq) qornida, to qayta tiriladigan kunlarigacha (qiyomatgacha), qolib ketgan bo'lur edi.

145. Bas, Biz uni xasta holida quruqlikka uloqtirdik.

146. Uning ustida (soya tashlab turishi uchun) qovoq daraxtini undirib qo'ydik.

147. Biz uni yuz ming, balki undan ham ko'proq (odam)ga payg'ambar qildik.

148. Bas, ular (Yunusga) imon keltirdilar. So'ng Biz ularni (ma'lum) bir muddatgacha (ajallari yetguncha hayotdan) bahramand etdik.

149. Endi, (ey, Muhammad, Makka kofirlaridan) so'rang-chi, qizlar (farishtalar) Parvardigoringizniki-yu, o'g'illar ularnikimi?!

150. Yoki Biz farishtalarni ularning guvohliklarida qiz qilib yaratibmizmi?!

151. Ogoh bo'lingizkim, ular yolg'onchiliklari tufayli aytadilar:

152. "Alloh farzandli". Ular, albatta, yolg'onchidirlar!

153. (Alloh) o'g'illarni qo'yib, qizlarni tanlagan emishmi?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:35:53



154. (Ey, Makka ahli,) sizlarga nima bo'ldi?! Qanday (nohaq hukm chiqarmoqdasizlar-a?!

155. Axir eslatma olmaysizlarmi?!

156. Yoki sizlar uchun (Allohning farzandi haqida) biror aniq hujjat bormi?!

157. Bas, agar rostgo'y bo'lsangizlar, kitobingizni keltiringlar-chi?!

158. (Mushriklar) U bilan jinlar (farishtalar) o'rtasida nasab (ota-bolalik bor, deb gumon) qildilar. Holbuki, jinlar (farishtalar) ularning Alloh azobiga hozir qilinuvchi ekanlarini bilganlar.

159. Alloh ularning ("farzandi bor", deb) sifatlashlaridan pokdir.

160. Illo, Allohning ixlosli bandalarigina (Allohni to'g'ri sifatlaydilar).

161. (Ey, Makka ahli,) shak-shubha yo'qki, sizlar ham, sig'inayotgan butlaringiz ham

162. (Alloh)ga qarshi fitnaga soluvchi (alday oluvchi) emasdirsizlar,

163. illo, Allohning taqdirida do'zaxga kiruvchi bo'lgan kimsalarnigina (alday olursizlar).

164. (Farishtalar dedilar): "Bizlarning har birimiz uchun (osmonlarda) aniqki, ma'lum bir maqom bordir.

165. Darhaqiqat, bizlar (Alloh xizmatida) saf tortib turuvchilardirmiz.

166. Yana, bizlar (Allohga) tasbeh aytuvchilardirmiz".

167. Darvoqe, (Makka ahli) aytar edilar:

168. "Agar bizning oldimizda ham avvalgilar(ning kitoblari)dan biror eslatma (Kitob) bo'lsa edi,

169. albatta, bizlar ham Allohning ixlosli bandalari bo'lur edik".

170. Bas, (Qur'on nozil bo'lgach,) unga kofir bo'ldilar. Bas, yaqinda (buning oqibatini) bilurlar.

171. Bizning payg'ambar bo'lgan bandalarimiz haqidagi (ushbu) So'zimiz kechgandir:

172. "Shubhasiz, ular qo'llab-quvvatlanuvchilardir.

173. Va albatta, Bizning qo'shinimiz (ya'ni, payg'ambarlar va mo'minlar) g'olibdirlar".

174. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ulardan (mushriklardan) vaqtincha yuz o'giring!

175. Ularni (mag'lub bo'lganlarida) ko'ring! Bas, yaqinda ular (kufrlarining oqibatini) ko'rajaklar.

176. Hali ular Bizning azobimizni qistamoqdamilar?!

177. Bas, qachonki, (azobimiz) ularning hovlilariga (ustilariga) tushganida (o'sha) ogohlantirilgan kimsalarning tonglari xayrli bo'lmas.

178. Siz ulardan (ma'lum) bir vaqtgacha yuz o'giring!

179. Ularning (mag'lub bo'lganlarida) ko'ring! Bas, yaqinda ular (kufrlarining oqibatini) ko'rajaklar.

180. Qudrat egasi bo'lmish Rabbingiz ularning tavsiflaridan (aybu nuqsondan) pokdir.

181. Payg'ambarlarga salom!

182. Hamd esa, (barcha) olamlar Rabbiga (xosdir).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:37:25



SOD SURASI

"Sod" - arab alifbosining 14-harfi. Bu yerda u nimaning ramzi ekanligi faqat Allohgagina ma'lum. Surada mushriklarning Rasulullohga nisbatan o'tkazgan tazyiqlariga sabr qilishlari, oxiratda berilajak mukofot va jazolar, kibr-havodan hazar qilish, insoniy fazilatlarga targ'ibot kabi ilohiy ko'rsatmalar o'z ifodasini topgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Sod. Zikr manbai bo'lmish Qur'onga qasam!

Izoh: Oyatdagi "zikr" so'zini Ibn Abbos (r. a. ) bayon deb tafsir qilganlar. Ba'zilar uni sharaf deb izohlaydilar. Bu haqiqatdan uzoqroq ko'rinadi. Zikr so'zini o'zbekchada ham zikr shaklida ishlatiladi. Faqat mazmunda farq qilishi mumkin. Masalan "zikr" so'zining eslash, aytish, ma'lum yod olgan narsalarini o'qish, bayon etish kabi ma'nolari mavjud. Binobarin, bu yerda zikr manbai deyilsa, mazmun umumiyroq bo'lishi ko'zda tutildi.

2. Ha, kofir bo'lgan kimsalar (haqiqatni qabul qilishdan) g'ururda va muxoliflikda (doimiy)dirlar.

3. Biz ulardan ilgari qancha avlodni (kufrlari sababli) halok qilganimizda ular yordam so'rab nido (iltijo) qilganlar, (ammo u vaqt azobdan) qochib qutulish vaqti emas edi.

4. (Makka mushriklari) ularga o'zlaridan (bashar avlodidan) ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelganidan ajablandilar va kofirlar dedilar: "Bu (bir) yolg'onchi sehrgardir.

5. (Shuncha) ilohlarni bitta iloh qilib olibdimi?! Haqiqatan, bu juda qiziq narsa!"

6. Ulardan kattalari (bir-birlariga) dedilar: "Yuringlar, o'z ilohlaringizga (sig'inishda) abrli bo'linglar! Albatta, bu iroda etilgan narsadir.

7. Bizlar bu haqda (tavhid haqida) so'nggi dinda eshitmaganmiz. Bu faqat bir uydirmadir.

8. Bizlarning oramizda (zodagonlar turib) o'sha (Muhammad)ga zikr (Qur'on) nozil qilinibdimi?!" Ha, ular Mening eslatmam (Qur'on)dan shak-shubhadadirlar. O'a, ular hali Mening azobimni totib ko'rganlari yo'q.

9. Yoki ularning oldilarida qudratli va saxovatli Rabbingizning rahmat xazinalari bor ekanmi?!

10.  Yoki osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsalarning hukmronligi ularniki ekanmi?! U holda (ko'k sari) narvonlarga chiqaversinlar!

11. (Ey, Muhammad, Makka mushriklari) o'sha yerning o'zida yengilib bituvchi firqalardan bir qo'shindir, xolos.

12. Ulardan ilgari ham Nuh qavmi, Od (qabilasi) va qoziqlar (ahromlar va qasrlar) egasi bo'lgan Fir'avn (ham payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqargandilar.

13. Shuningdek, Samud (qabilasi), Lut qavmi va daraxtzor egalari ham. Ana o'shalar (ham) firqalardir.

14. Barchalariga faqat payg'ambarlarni inkor etganlari sababli Mening jazoyim muqarrar bo'ldi.

15. Ana o'shalar hech to'xtamasdan keladigan birgina qichqiriqni kutmoqdalar, xolos.

16. Ular (Makka mushriklari masxara qilishib): "Parvardigoro, bizlarga (va'da qilingan azobdan) nasibamizni O'isob kunidan ilgari tezroq keltira qolgin", - dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:38:33



17. (Ey, Muhammad,) Siz ular aytayotgan so'zlarga sabr qiling va Bizning bandamiz - (toat-ibodatda) baquvvat bo'lgan Dovudni eslang! Darhaqiqat, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir!

18. Biz tog'larni kechki payt va ertalab (mudom) u bilan birga tasbeh aytadigan qilib, bo'yin sundirib qo'ydik.

19.  Shuningdek, (har tarafdan) to'planuvchi qushlarni ham. (Tog'lar va qushlarning) barchalari Dovudga butunlay qaytuvchidir.


Izoh: Dovud (a. s.) Allohga tasbeh aytganlarida, undan ta'sirlangan qushlar ham chug'urlashib, birga tasbeh aytar ekanlar. Oyatda shu mazmunga ishora qilinmoqda.

20. Uning hukmronligini ham mustahkam qildik va unga hikmat hamda qat'iy xitob (haqqoniy hukm chiqarishni) ato etdik.

21. (Ey, Muhammad,) Sizga da'vogar (ikki jamoat) xabari keldimi? O'shanda ular (Dovud ibodat qilayotgan) mehrobga chiqishdi.

22. Dovud huzuriga kirishganda, u ulardan qo'rqib ketdi. Ular dedilar: "Qo'rqmagin, (Bizlar) birimiz birimizga zulm qilgan ikki da'vogardirmiz. Bas, sen bizlarning o'rtamizda haqqoniy hukm qilgin va (bizlardan birortamizga) jabr qilmagin hamda bizlarni To'g'ri yo'lga boshlagin".

23. (Ularning biri dedi): "Darvoqe, mana bu mening birodarim, uning to'qson to'qqiz sovliq qo'yi bor, mening esa birgina sovlig'im bordir. Bas, u: "O'shani ham menga topshirgin", -dedi va meni bahsda yengib qo'ydi".

24. (Dovud ikkinchi da'vogarni tinglamasdanoq) dedi: "Darhaqiqat, u sening sovlig'ingni o'z sovliqlariga (qo'shib olishni) so'rab senga zulm qilibdi. Darvoqe, ko'p oshna-og'aynilar bir-birlariga zulm qilurlar. Faqat imon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan kishilargina (zulm qilmaslar), Ular esa juda ozdirlar". Dovud uni imtihon qilganimizni bildida, Parvardigoridan (shoshib hukm chiqargani uchun) mag'firat qilishni so'radi va (sajdaga) egilgan holida yiqilib, tavba qildi.


(Sajda oyati)

25. Bas, Biz uni o'sha (xatosi)ni kechirdik. Albatta, uning uchun Bizning huzurimizda qurbat (yaqinlik) va go'zal oqibat (jannat) bordir.

26. Ey, Dovud! Darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yo'lidan ozdirur. Albatta, Alloh yo'lidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qo'yganlari sababli qattiq azob bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:39:46



27. Biz osmon va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsalarni behuda yaratgan emasmiz. Bu (behuda yaratilgan degan gap) kofir bo'lgan kimsalarning gumonidir. Bas, kofir bo'lgan kimsalar uchun do'zaxdan iborat halokat bo'lgay!

28. Biz imon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan zotlarni yerda buzg'unchilik qilib yuruvchi kimsalardek qilamizmi?! Yoki taqvodor zotlarni fisqu fujur qilib yurgan kimsalar kabi qilar ekanmizmi?!

29. (Ey, Muhammad, ushbu Qur'on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir.

30. Dovudga Sulaymonni ato etdik. (Sulaymon) naqadar yaxshi bandadir! Darhaqiqat, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir.

31. Eslang, unga (bir kuni) kechki payt gijinglab turuvchi uchqur otlar ro'baro' qilingan edi.

32. Bas, u dedi: "Darhaqiqat, men Parvardigorim zikridan (ya'ni, namozimdan qolib) bu yaxshi (ot)larni suyub-erkalashga berilib ketibman! Hatto (quyosh) parda bilan berkinibdi (botibdi).

33. U (ot)larni menga qaytaringlar-chi!" Bas, u (qilich bilan otlarning) oyoq va bo'yinlarini "silash"ga kirishdi (so'yib qurbonlik qildi).

34. Sulaymonni imtihon qildik va uning taxti ustiga bir (jonsiz) jasadni tashladik. So'ngra u tavba qilib,

35. dedi: "Ey, Rabbim, O'zing meni mag'firat qilgin va menga o'zimdan keyin biror kishiga muyassar bo'lmaydigan bir mulk (hukmronlik) ato etgin. Sening O'zinggina (barcha yaxshiliklarni) ato etuvchisan".

36. Bas, unga u istagan tomonga uning amri bilan mayin esaveradigan shamolni bo'yin sundirdik.

37. Shuningdek, barcha (qasrlarni) bino qiluvchi va (dengizlar qa'riga shung'uvchi) g'avvos shaytonlarni (jinlarni) ham.

38. Boshqa (bo'yin sunmaydigan jin)larni esa kishanlar bilan bandi qildik.

39. (Sulaymonga dedik): "Mana shu Bizning (senga) ato etganimizdir. Bas, sen (ularni) ehson qil yoki (o'zingda) saqla, (sendan bu to'g'rida) hisobot olinmas".

40. Albatta, (Sulaymon) uchun Bizning huzurimizda yaqinlik va go'zal oqibat (jannat) bordir.

41. (Ey, Muhammad,) bandamiz Ayyub Parvardigoriga nido qilib: "Meni shayton mashaqqat va azobga tutdi", - degan paytini eslang!

42. (Shunda unga aytildi): "Oyog'ing bilan (yerni) tepgin! (chashma otilib chiqur). Mana shu sovuqqina cho'miladigan va ichimlik suvidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:41:06



43. Biz O'z tomonimizdan marhamat ko'rsatib hamda aql egalariga eslatma bo'lishi uchun, (Ayyubga) ahli (oilasi)ni va ular bilan qo'shib, yana o'shalarning mislicha (farzand) ato etdik.

44. (Yana Biz Ayyubga aytdik): "Qo'lingga bir bog' (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin - qasamingni buzmagin". Darhaqiqat, Biz (Ayyubni) sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir! Haqiqatan, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir!


Izoh: "Hiylai shar'iy" degan ibora shu oyatga o'xshagan dalillarga asoslanib to'qilgan bo'lishi kerak. Ayyub (a. s.) og'ir betob bo'lgan kezlarida, xotinlari yaxshi parvarish qilmaganlari tufayli "Tuzalganimdan keyin seni yuz qamchi uraman" - deb qasam ichib qo'ygan ekanlar. Shu qasamlarini ro'yobga chiqarib, gunohkor bo'lib qolmasliklari uchun Alloh taolo yuzta mayda novdani bir dasta qilib, o'sha bilan xotinlarini bir marta urib qo'yishlikni buyurgan ekan.

45. (Ey, Muhammad,) quvvat va farosat egalari bo'lgan bandalarimiz - Ibrohim, Ishoq va Ya'qublarni eslang!

46. Biz ularni (bir) xislat - (oxirat) diyori eslatmasi bilan xos qildik.

47. Yana ular Bizning huzurimizda tanlangan, yaxshi kishilardandir.

48. Yana Ismoil, al-Yasa' va Zul-Kiflni eslang! Barchalari yaxshi kishilardandir.

49. Bu bir eslatmadir. Shubhasiz, taqvodor zotlar uchun go'zal oqibat -

50. ular uchun barcha darvozalari ochib qo'yilgan mangu jannatlar bordir.

51. Ular u joylarda (so'rilarda) suyanib o'tirib, mo'l-ko'l meva-cheva va sharob chaqirurlar.

52. Ularning oldilarida ko'zlari (boqishda) cheklangan (yosh va husnda) tengqur (qiz)lar bo'lur.

53. Bu (narsalar) sizlarga O'isob kuni uchun va'da qilinayotgan narsalardir.

54. Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugashlik bo'lmas.

55. (Haqiqat) shudir. Darvoqe, haddan oshuvchi kimsalar uchun eng yomon oqibat -

56. ular tushadigan jahannam bordir. Bas, naqadar yomon joy u!

57. Mana bu qaynoq suv va yiringdir! Bas, ular uni totib ko'rsinlar!

58. Boshqa (azob-uqubatlar) ham, o'sha shaklda bo'lur!

59. (Ularga ergashgan kimsalarni ko'rsatilib): "Mana bu (odamlar) sizlar bilan birga (sizlar sababli jahannamga) tashlanuvchi jamoatdir", (deyilganida, peshvolar ayturlar):"Xush kelmadilar! Haqiqatan, ularning o'zlari do'zaxda toblanuvchilardir".

60. Ular (ergashganlar) deydilar: "Yo'q, sizlar xush kelmadingiz! (Chunki), sizlar u (azob)ni bizlarga keltirdingiz! Bas, naqadar yomon qarorgoh (bu do'zax)!"

61. Ular (yana) derlar: "Parvardigoro, kim bizlarga mana shu (azob)ni keltirgan bo'lsa, bas, O'zing unga do'zaxda azobni bir necha barobar ziyoda qilgin".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:41:58



62. (Jahannam ahli bir-birlariga) ayturlar: "Nega bizlar (dunyoda) yomonlardan deb hisoblab yurgan kishilarni (mo'minlarni do'zaxda) ko'rmayapmiz-a?!

63. Bizlar o'shalarni masxara qilib olgan edikmi?! Yoki (ular shu yerda-yu,) ko'zlarimiz ulardan chalg'idimikan?!"

64. Albatta, do'zax ahlining ana shunday tortishishlari muqarrar haqdir.

65. (Ey, Muhammad,) ayting: "Men faqat (bir) ogohlantiruvchidirman. Yagona va g'olib Allohdan o'zga iloh yo'q.

66. U osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi bor narsaning qudratli va mag'firatli Parvardigoridir".

67. Ayting: "Bu (so'zlar) buyuk bir xabardir.

68. Sizlar esa undan yuz o'giruvchidirsizlar!

69. Menda bahslashayotgan oliy guruh (farishtalar) haqida hech qanday bilim yo'q edi.

70. Menga faqat o'zimning aniq ogohlantiruvchi ekanligim vahiy qilinadi, xolos".

71. Eslang, Rabbingiz farishtalarga degan edi: "Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman.

72. Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so'ng, unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!"

73. Bas, farishtlarning barchalari jam bo'lib, (Odam uchun) sajda qildilar.

74. Faqat Iblisgina kibrlanib, kofirlardan bo'ldi.

75. (Shunda Alloh) dedi: "Ey, Iblis, "qo'lim" bilan yaratgan narsaga sajda qilishdan seni nima man etdi?! Kibr qildingmi yoki sen (Odamga nisbatan) oliy (zot)lardan edingmi?!"

76. U aytdi: "Men undan yaxshiroqdirman. Meni olovdan yaratgansan, uni esa loydan yaratding".

77. (Alloh) dedi: "Bas, undan (jannatdan) chiq! Zero, sen (dargohimdan) quvilgan (mal'un)san!

78. Yana, to jazo kuni (qiyomat)gacha senga Mening la'natim bo'lur".

79. (Iblis iltijo qilib) dedi: "Parvardigorim, u holda menga ular tiriladigan kungacha (o'lmaslikka) muhlat bergin".

80. (Alloh) dedi: "Sen muhlat berilganlardandirsan

81. ma'lum vaqt kunigacha (qiyomatgacha)".

82. (Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta, ularning hammasini yo'ldan ozdirurman.

83. Faqat ularning orasidagi (ayrim) ixlosli bandalaringgina (ozmay qolurlar)".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:43:06



84. (Alloh) dedi: "Haqqa (qasam). Faqat haqni ayturmanki,

85. albatta, Men jahannamni sen va ular orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to'ldirurman!"

86. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Men (Payg'ambarligim uchun) sizlardan haq so'ramayman va men (payg'ambarlikni o'zimcha) da'vo qiluvchilardan ham emasman.

87. (Ushbu Qur'on) faqat olamlar uchun eslatmadir.

88. Qasamki, sizlar uning (ilohiy vahiy ekanligi haqidagi) xabarini (ozgina) vaqtdan so'ng (Qiyomat kuni), albatta, bilursizlar".


ZUMAR SURASI
   

Zumar - guruhlar demakdir. Surada qiyomat kuni odamlar jannat va do'zaxga guruh-guruh bo'lib kirishlari tasvirlangan. Binobarin, suraga ham shu nom berilgan. Undagi oyatlarda Alloh taolo o'z bandalariga turli hayotiy misollar keltirib, O'zining qudrat va hikmatlarini bayon etish bilan oxiratga tayyorlanish yo'llarini ko'rsatadi. .

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ushbu Qur'on) qodir va hakim - Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.

2. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga - dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qiling!

3. (Ey, insonlar,) ogoh bo'lingizkim, xolis din yolg'iz Allohnikidir. Undan o'zga "do'stlar"ni ("iloh") qilib olgan kimsalar: "Biz faqat ularga bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz" (derlar). Shubha yo'qki, Alloh (qiyomat kunida) ular ixtilof qilayotgan narsalar xususida ularning o'rtasida hukm qilur. Albatta, Alloh yolg'onchi va noshukr kimsalarni hidoyat qilmas.

4. Agar Alloh farzand tutishni istasa, so'zsiz, O'zi yaratgan narsalaridan xohlaganini tanlab olgan bo'lur edi. U (bunday aybdan) pokdir. U yagona va g'olib Allohdir!

5. U osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustidan o'rar, kunduzni kechaning ustidan o'rar. U quyoshni ham, oyni ham (O'z amriga) bo'yin sundirib qo'ygandir. (Ularning) har biri ma'lum muddatgacha joriy bo'lur. Ogoh bo'lingizkim, U qudratli va o'ta kechirimli zotdir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:43:54



6. (U) sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, so'ngra undan juftini (Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi (dunyoga keltirdi). U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur. Mana shu Alloh - Rabbingizdir. Hukmronlik faqat Unikidir. Undan o'zga (hech) iloh yo'q. Bas, (Unga ibodat qilmay) qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

Izoh: Sakkiz juft chorva mollaridan murod - tuya, mol, qo'y va echkilardan erkak va urg'ochisi qo'shib hisoblaganda, sakkizta bo'lishi nazarda tutilgan.

7. Agar sizlar kofir bo'lsangizlar, bas, albatta, Alloh sizlardan behojatdir. U O'z bandalarining kofir bo'lishiga rozi bo'lmas. Agar shukr qilsangizlar (va imon keltirsangizlar) U sizlar uchun rozi bo'lur. Hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (ko'taruvchi)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. So'ngra qaytishlaringiz Rabbingiz huzurigadir. Bas, U sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berur. Albatta, U dillardagi sirlarni biluvchidir.

8. Qachonki, insonga biror ziyon tegsa, u Parvardigoriga tavba-tazarru bilan duo qilur. So'ngra, qachonki, (Alloh) O'z tomonidan unga biror ne'mat ato etsa, ilgari (Allohga) qilgan duolarini unutib qo'yar va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan ozdirish uchun Unga "teng"larni (o'ylab) topur. (Ey, Muhammad,) ayting: "Sen o'z kufring bilan (dunyoda) ozgina foydalanib qol! Albatta, sen do'zax ahlidandirsan".

9. Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!" Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar.

10. (Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: "Parvardigoringizdan qo'rqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat - jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur".

Qayd etilgan