FUSSILAT SURASI Fussilat so'zi suraning 3-oyatidan olingan bo'lib, mufassal bayon qilindi, degan ma'noni anglatadi. Surada dunyo hayotining foniyligi, oxiratdagi abadiy hayot uchun ezgu amallar qilish bilan unga tayyorgarlik ko'rishlikning muhimligi, bu dunyoda fosh etilmagan ma'siyat va gunohlar oxiratda unutilmasligi, balki inson a'zolarining o'zi qilgan qilmishlarini so'ylab berib, guvohlik berishlari kabi eslatma va nasihatlar, shuningdek, Allohning hikmat va qudratining buyukligi va boshqa narsalar to'g'risida bayon etiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ho, Mim.
2. (Ushbu Qur'on) mehribon va rahmli Alloh tomonidan nozil qilingandir.
3. U biladigan qavm uchun arabiy Qur'on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir.
4. (U) xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchidir. Bas, (kofirlarning) ko'plari yuz o'girdilar. Demak, ular "eshitmaslar".
5. Ular dedilar: "Dillarimiz sen bizlarni da'vat qilayotgan narsadan to'silgan, quloqlarimizda esa og'irlik (karlik) bordir va sen bilan bizlarning o'rtamizda (bir) parda bordir. Bas, Sen ham (o'z) amalingni qilaver, bizlar ham, albatta, amal qiluvchidirmiz".
6. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Haqiqatan, men ham xuddi sizlar kabi bir bashardirman. Menga "Tangringiz yolg'iz Alloh" deb vahiy qilinmoqda. Bas, sizlar Uning O'ziga to'g'ri (toat-ibodatda) bo'lingiz va Undan mag'firat so'rangiz! Mushriklarga esa halokat bo'lgay!"
7. (Ular) zakot bermaydigan va o'zlari oxiratga ishonmaydigan kimsalardir.
8. Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas mukofot bordir!
9. Ayting: "Haqiqatan ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan zotga kofir bo'lurmisizlar va o'zgalarni Unga tenglashtirurmisizlar?! Ana O'sha (barcha) olamlarning Parvardigori-ku?!
10. U (Yerning) ustida to'la to'rt kunda tog'larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o'sha (yer)da uning yemishlarini belgiladi (taqsimladi). (Bu tafsilot) so'rovchilarga mosdir. Izoh: Hadisda kelgan ma'lumotga qaraganda, Alloh taolo Yerni yakshanba va dushanba kunlari yaratgan. Tog'larni seshanba kuni, daraxtlar, suv, obodon va xarobalarni chorshanba kuni yaratgan. Shu bilan to'rt kun o'tgan. Juma kuni osmonlarni, shanba kuni esa yulduzlar, quyosh, oy, farishtalar va kunning oxirida Odam (a. s.)ni yaratgan. ("Madorik tafsiri" dan). 11. So'ngra tutun holatda bo'lgan osmonni (yaratishni) qasd etib, unga va Yerga: "(Farmonimga) ixtiyoriy yoki majburiy holda kelinglar!" - degan edi, ular: "O'z ixtiyorimiz bilan keldik", - dedilar.