Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069513 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 ... 63 B


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 07:59:42



11. O'sha zot osmondan (aniq) o'lchov bilan suv (yomg'ir) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan "o'lik" qishloqlarni "tiriltirdik" (giyohlarni chiqardik). Sizlar ham (Qiyomatda qabrlaringizdan) mana shunday chiqarilursizlar.

12. O'sha zot barcha juftlarni (mavjudotni) yaratdi va sizlar uchun kemalar va chorva hayvonlaridan ulovlarni (paydo) qildi.

13. Toki sizlar ularning ustiga mingaysizlar, so'ngra unga o'rnashib olgach, Parvardigoringiz ne'matini eslab aytursizlar: "Bizlarga bu (ulov)ni bo'ysundirib qo'ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o'zimiz bunga qodir emas edik.

14. Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz".

15. Ular (mushriklar) Unga O'z bandalaridan (farishtalarni) a'zo qildilar. Darhaqiqat, inson aniq noshukurdir.

16. Yoki (Alloh) O'zi yaratadigan narsalardan qizlarni olib, sizlarga o'g'illarni tanlab berdimi?!

17. Qachonki, ularning birortasiga Rahmonga misol qilgan narsa (qiz tug'ilgani) haqida "xushxabar" berilsa, g'azabga to'lib, yuzi qorayib ketar.

18. Zeb-ziynat ichida o'stiriladigan, munozarada (o'z maqsadini) ochiq bayon qila olmaydigan (zaifa)ni-ya!

19. Rahmonning bandalari bo'lmish farishtalarni "qizlar" dedilar. YO ularni (farishtalarni) yaratishga guvoh bo'lganmidilar?! Ularning bu "guvoh"liklari, albatta, yozilur va ular (qiyomat kunida) so'roq qilinurlar.

20. Ular: "Agar Rahmon xohlaganida, bizlar ularga (butlarga) ibodat qilmagan bo'lur edik", - deydilar. Ular uchun bunga (hech qanday) bilim (asos) yo'qdir. Ular faqat yolg'on so'zlamoqdalar.

21. Yoki Biz ularga undan (Qur'ondan) oldin (biror) kitob ato etganmiz-u, ular o'shani tutuvchimilar?!

22. Balki ular (shunday) deydilar: "Bizlar ota-bobolarimizni bir din uzra topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan borib hidoyat topuvchilardirmiz".

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 08:00:55



23. (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizdan ilgari qaysi bir shaharga ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, u joyning maishatparastlari: "Albatta, bizlar ota-bobolarimizni bir millat (din) uzra topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan ergashuvchidirmiz", - deganlar.

24. (Payg'ambar ularga) "Agar men sizlarga siz ota-bobolaringizni u uzra topgan narsa (din)dan To'g'riroq (din)ni keltirgan bo'lsamchi?" - deganida, ular: "Albatta, bizlar sizlar elchi qilib yuborilgan (din)ga kofirdirmiz", - dedilar.

25. Bas, ulardan intiqom oldik. Endi, u (payg'ambarlarni) yolg'onchi qiluvchilarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ring!

26. Eslang, Ibrohim otasiga va qavmiga degan edi: "Men sizlar ibodat qilayotgan ma'budalardan bezordirman.

27. Illo, meni yaratgan zotgagina (ibodat qilurman). Bas, U meni (Haq dinga) hidoyat qilajak".

28. U (Ibrohim) o'sha (nasihat)ni zora qaytsalar, deb o'z ortida qoluvchi so'z qildi.

29. Men esa (u qoldirgan so'zga itoat etmagan) ana u (Makka aholisi)ni ham, ularning ota-bobolarini ham - to ularga Haq (Qur'on) va aniq payg'ambar (Muhammad) kelgunicha, (farovon hayotdan) foydalantirdim.

30. (Ammo) ularga Haq (Qur'on) kelgach, ular: "Bu sehrdir, bizlar unga kofirdirmiz", - dedilar.

31. Yana ular: "Bu Qur'on ikki shahar(ning biri)dan bo'lgan ulug' odamga nozil qilinganida edi", - dedilar.


Izoh: Ikki qishloq Makka va Toif shaharlari. Makka mushriklari o'zlarining buzuq e'tiqodlaricha, agar Qur'on haqiqatan Alloh tomonidan nozil bo'lganida edi makkalik Valid ibn Mug'ira yoki toiflik Urva ibn Ma'ud as-Saqafiy kabi boy-badavlat, mashhur zodagonlardan biriga nozil qilingan bo'lur edi, der edilar.

32. (Ey, Muhammad,) Rabbingizning rahmati (payg'ambarlik)ni ular taqsimlaydilarmi?! Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o'rtalarida Biz taqsimlaganmiz va bir-birlarini bo'yin sundirish (ishlatish)lari uchun ba'zilarini ba'zilaridan darajalarini ko'tarib qo'yganmiz. Rabbingizning rahmati esa ular to'playdigan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir.

33. Agar (imon keltirmaganlarning to'q yashayotganlarini ko'rib) odamlar bir millat (kofir) bo'lib olishlari bo'lmaganida edi, albatta, Rahmonga kofir bo'ladigan kimsalarga uylarining shiftlarini ham, unga chiqadigan narvonlarni ham kumushdan qilib qo'ygan bo'lur edik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 08:04:04



34. Yana ularning uylarining eshiklarini ham, o'zlari ustida yastanib o'tiradigan so'rilarni ham (kumushdan qilib qo'ygan bo'lur edik).

35. Yana (barcha) zeb-ziynatni ham. (Zero, bularning) barchasi faqat dunyo hayoti matolaridir. Oxirat esa, Rabbingiz nazdida, taqvodorlar uchundir.

36. Kimki Rahmon zikridan (Qur'on nasihatlaridan) ko'r bo'lib olsa (yuz o'girsa), Biz unga shaytonni yaqin qilib qo'yarmiz, bas, u unga hamrohdir.

37. Albatta, ular (shaytonlar) yo'ldan to'sib turib, yana o'zlarini hidoyat topuvchilar, deb hisoblaydilar.

38. To qachonki, Bizning huzurimizga kelgach, (o'sha shaytonga qarab): "Qani endi, men bilan sening o'rtang Sharqu G'arbning o'rtasidagi uzoqlik kabi bo'lsa. Bas,(sen) naqadar yomon hamroh", - der.

39. Zulm qilganlaringiz sababli bu Kunda azobda sherik ekaningiz sizlarga sira foyda bermas.

40. Bas, (ey, Muhammad,) Siz karlarga eshittira olurmisiz, yoki ko'rlar va aniq zalolatdagi kimsalarni hidoyat qila olurmisiz?!

41. Bas, agar Biz Sizni ketkazsak (vafot ettirsak ham), albatta, Biz ulardan (oxiratda) intiqom oluvchidirmiz.

42. Yoki Biz ularga va'da qilgan narsani (azobni hayotlik chog'ingizdayoq) Sizga ko'rsataylikmi?! Zero, Biz ularga (azob berishga) qodirmiz.

43. Bas, Siz o'zingizga vahiy qilingan narsani (Qur'onni) mahkam ushlang! Albatta, Siz To'g'ri yo'ldadirsiz!

44. Albatta, u (Qur'on) Siz uchun ham, qavmingiz (ummatingiz) uchun ham sharafdir va yaqinda (Qiyomatda) so'ralursizlar.

45. (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari yuborgan payg'ambarlarimizdan so'rab boqing-chi, Rahmondan o'zga ibodat qilinadigan "iloh"lar qilganmikanmiz?!

46. Biz Musoni mo''jizalarimiz bilan Fir'avn va uning zodagonlariga yubordik. Bas, u: "Men (barcha) olamlar Parvardigorining payg'ambaridirman", - dedi.

47. Bas, qachonki, u mo''jizalarimizni ularga keltirganida, ular birdaniga ulardan (mo''jizalardan) kula boshladilar. .

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 08:05:21



48. Biz ularga qaysi bir mo''jizani ko'rsatsak, albatta, u (o'zidan avvalgi) sherigidan kattaroqdir. Shoyad (imonga) qaytsalar, deb ularni azobga tutdik.

49. Ular mo''jizalarimizni ko'rishgach, Musoga: "Ey, sehrgar, senga bergan va'dasiga binoan Rabbingga bizlar uchun duo qil. (Agar U azoblarni aritsa,) albatta, bizlar hidoyat topuvchidirmiz", - dedilar.

50. Bas, qachonki, Biz ulardan azobni aritsak, nogoh ular (o'z ahdlarini) buza boshlaydilar.

51. Fir'avn o'z qavmiga jar solib dedi: "Ey, qavmim, Misr podshohligi va mana bu ostimdan oqib turgan daryolar meniki emasmi?! Axir, ko'rayapsizlarmi?!

52. Yoki mana bu hozir (maqsadini) ochiq bayon qila olmaydigan kimsadan (Musodan) men yaxshiroq emasmanmi?!

53. Bas, unga (Musoga) oltin bilaguzuklar tashlanganida edi yoki u bilan birga farishtalar hamroh bo'lib kelganida edi!"

54. Bas, u o'z qavmini tezlatgan edi, ular unga itoat etdilar. Darhaqiqat, ular fosiqlar qavmi edilar.

55. Bas, qachonki, ular g'azabimizni keltirishgach, Biz ulardan intiqom oldik - barchalarini (dengizga) g'arq qilib yubordik.

56. Bas, ularni keyingilar uchun o'tmish (ibrat) va masal qilib qo'ydik.

57. (Ey, Muhammad,) qachonki, Maryam o'g'li (Iso) misol keltirilsa, birdaniga qavmingiz (bundan shodlanib) qichqira boshlaydilar.

58. Ular: "Bizlarning ilohlarimiz yaxshiroqmi yoki umi?!"- deydilar. Ular (bu misolni). Sizga faqat tortishish uchungina keltiradilar. Aslida, ular xusumatchi (urushqoq) qavmdirlar.

59. U faqatgina Biz (payg'ambarlik) in'om etgan bir bandadir. Biz uni (otasiz yaratish bilan) Isroil avlodi uchun bir misol (ibrat) qildik.

60. Agar xohlaganimizda, albatta, sizlarning o'rningizga yerda o'rinbosarlikka farishtalarni (paydo) qilgan bo'lar edik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 08:13:05



61. Albatta, (Iso) Qiyomat haqidagi ilm (alomat)dir. Bas, sizlar u (Qiyomat) haqida sira shubha qilmangiz! (Ey, Muhammad, Makka ahliga ayting): "Menga ergashinglar! Mana shu To'g'ri yo'ldir.

Izoh: Islom aqidasida Iso (a. s.)ning qiyomat qoyim bo'lishi arafasida osmondan Yer yuziga nozil bo'lishi va 40 yil Islom shariati bo'yicha hukm aytishi To'g'risida alohida bir band bor. Bu aqidaning dalili sifatida ushbu oyat va boshqa hadisi shariflarni keltirganlar. Ulug' sahobalardan Abdulloh ibn Abbos va Qatododan mazkur rivoyat naql qilingandir.

62. Sizlarni shayton (Allohning dinidan) sira to'smasin! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir.

63. Qachonki, Iso hujjatlarni keltirgach, dedi: "Mana men sizlarga Hikmat (Injil) bilan, sizlarga o'zlaringiz ixtilof qilayotgan ayrim narsalarni bayon qilib berish uchun keldim. Bas, Allohdan qo'rqingiz va menga itoat etingiz!

64. Albatta, Allohning O'zi Rabbim va Rabbingizdir, bas, Unga ibodat qilingiz! Mana shu To'g'ri yo'ldir".

65. So'ngra (nasroniylar ichidan chiqqan) firqalar (Iso xususida) o'zaro ixtilof qildilar. Bas, (u) zolimlarga alamli kun (qiyomat) azobi - halokat bo'lgay!

66. Ular faqat o'zlari sezmagan hollarida Qiyomat to'satdan kelib qolishini kutmoqdalar, xolos.

67. U kunda taqvolilardan o'zga do'stlar bir-birlariga dushmandirlar.

68. (U kunda taqvolilarga aytilur:) "Ey, bandalarim, bu Kunda sizlarga xavf yo'qdir va sizlar aslo g'am chekmaysizlar.

69. (Sizlar) oyatlarimizga imon keltirgan va musulmon bo'lgansizlar.

70. Xotinlaringiz bilan birga mamnunlik hollaringizda jannatga kiringiz!"

71. Ularga oltin laganlar(da taomlar) va qadahlar(da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko'ngillar tilaydigan va ko'zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar.

72. Qilib o'tgan amallaringiz bilan sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir.

73. Sizlar uchun u joyda ko'plab meva(lar) bo'lib, sizlar ulardan yegaysizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Avgust 2008, 08:15:12



74. Albatta, jinoyatchilar (kofirlar) jahannam azobida mangu qoluvchidirlar.

75. Ulardan (azob) yengillatilmas va ular unda butunlay noumiddirlar.

76. Ularga Biz zulm qilmadik, lekin o'zlari zulm qiluvchi bo'ldilar.

77. Ular (do'zax farishtasiga): "Ey, Molik, Parvardigoring bizlarga O'z hukmini qilsin (jonimizni olsin)", - deb nido qilganlarida, u (farishta): "Sizlar (shu azobda mangu) qoluvchidirsizlar", - deydi.

78. Biz sizlarga Haq (Qur'on)ni keltirdik, lekin sizlarning ko'plaringiz Haqni yomon ko'ruvchidirsizlar.

79. Yoki ular (ya'ni, Makka mushriklari) biror ishga qaror qildilarmi?! Bas, albatta, Biz ham qaror qiluvchidirmiz.

80. Balki ularning gumonlaricha, Biz ularning sirlarini (bilmasmiz) va pichirlashuvlarini eshitmasmiz?! Yo'q! Bizning elchilarimiz (farishtalar) ularning oldilarida (qilgan ishlarini) yozib tururlar.

81. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Agar Rahmonning farzandi bo'lganida men (u bolaga) ibodat qiluvchilarning birinchisi bo'lur edim".

82. Osmonlar va Yerning Parvardigori va Arsh egasi (bo'lmish Alloh) ular sifatlayotgan narsa (ayblar)dan pokdir.

83. Bas, Siz ularni tark qiling! Ular, to o'zlariga va'da qilingan Kunga ro'baro' bo'lgunlaricha, (gunoh loyiga) botib, o'ynab yuraversinlar!

84. U (Alloh) osmonda ham iloh, yerda ham ilohdir. U hikmat va ilm egasidir.

85. Osmonlar va Yer hamda ularning o'rtasidagi narsalarning hukmronligiga ega bo'lgan zot barakotlidir. Qiyomat ilmi ham yolg'iz Uning huzuridadir va Ungagina qaytarilursizlar.

86. (Allohni) qo'yib sig'inayotgan narsalari (Qiyomat kuni) shafoat qilishga ega bo'la olmas, illo o'zlari bilgan hollarida haqqoniy guvohlik bergan kishilargina (shafoat qilishga izn olurlar).

87. (Ey, Muhammad,) qasamki, agar ulardan o'zlarini kim yaratgani haqida so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", - derlar. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

88. (Alloh o'z rasulining): "Ey, Rabbim, darhaqiqat, ana ular imon keltirmaydigan qavmdir", - deganini ham (bilur).

89. Bas, (Ey, Muhammad,) ulardan yuz o'giring va "Salomatlik bo'lsin" deng! Bas, ular yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:32:16



DUXON SURASI.

Duxon-tutun. Suraning 10-oyatida tutun haqida so'z yuritilgan.

 Surada Makka mushriklarining musulmonlarga, xususan Rasul (a. s.)ga bergan aziyatlari va Allohning ularga kelajakda azob-uqubatlar bo'lishligi To'g'risida ogohlantirishlar, shuningdek, Muso (a. s.) bilan Fir'avn o'rtasidagi mojarolar va boshqa ma'lumotlar bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. Aniq Kitob (Qur'on)ga qasamki,

3. albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz.


Izoh: Muborak kecha - bu Laylatul-qadr kechasi. Hadislarda kelgan ma'lumotlarga qaraganda, "Qadr kechasi" Ramazon oyining 26-dan 27-ga o'tar kechasi ekanligi ma'lum bo'ladi. Ushbu suraning 4-oyatida va Qadr surasining 4-oyatida berilgan ilohiy bashoratlarga qaraganda, shu qadr kechasida kelgusi yilning shu kechasiga qadar yuz beradigan barcha ishlar o'lchab-hisoblanib qo'yilar ekan.

4. U (kecha)da barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur.

5. (U ishlar) Bizning huzurimizdan bo'lgan ishlardir. Darhaqiqat, Biz (payg'ambar) yuboruvchidirmiz.

6. Bu Rabbingiz (tomoni)dan rahmatdir. Albatta, Uning O'zi eshituvchi va biluvchidir.

7. Agar (chindan) ishonuvchi bo'lsangizlar, (Rabbingiz) osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi bor narsalarning ham Parvardigoridir.

8. Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) o'ldiradi va tiriltiradi. Sizlarning Parvardigoringiz ham, avvalgi ota-bobolaringizning Parvardigori ham (Uning O'zidir).

9. Yo'q, ular (hali ham) shak ichra (masxara qilib) o'ynarlar.

10. Bas, (ey, Muhammad,) Siz osmon aniq tutunni keltiradigan Kunni kuting!

11. U (tutun barcha) odamlarni o'rab olur. Bu alamli azobdir.


Izoh: Oyatdagi tutundan murod, Imom al-Buxoriy rivoyatlariga qaraganda, Makka mushriklarining yovuz qilmishlari evaziga qahatchilik va qurg'oqchilik bo'lib, yerdan ko'tariluvchi chang-to'zon bamisoli tutun bo'lib ko'rinishi haqida ogohlantirish, demakdir. Haqiqatan, xabar berilgan narsa ro'y bergani To'g'risida hadis va siyrat kitoblarida yozilgan.

12. "Ey, Rabbimiz, bizlardan (bu) azobni aritgin. Albatta, bizlar imon keltiruvchidirmiz" (- deydilar).

13. Ularda qayoqdan ham eslatma bo'lsin, holbuki, ularga aniq payg'ambar kelgan edi.

14. So'ngra undan yuz o'girdilar va: "(Unga Qur'on birovlar tomonidan) o'rgatib qo'yilgan, (u) majnun", - dedilar.

15. Biz bu azobni (sizlardan) biroz arituvchidirmiz, sizlar ham (o'z kufru isyonlaringizga) qaytuvchidirsizlar.

16. Dahshatli tutish bilan tutadigan kunimizda (Badr jangida yoki Qiyomatda) Biz intiqom oluvchidirmiz.

17. Biz ulardan ilgari Fir'avn qavmini ham imtihon qilganmiz va ularga bir ulug' payg'ambar (Muso) kelgan edi.

18. (U ularga degan edi): "Sizlar menga Allohning bandalarini (Isroil qavmini) topshiringlar! Albatta, men sizlar uchun ishonchli payg'ambardirman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:37:32



19. Allohga kibr qilmanglar! Men sizlarga (payg'ambar ekanimga) aniq hujjat (mo''jiza) keltirurman.

20. Men Rabbim va Rabbingizdan meni toshbo'ron qilishlaringizdan panoh so'radim.

21. Agar menga imon keltirmasangizlar, u holda mendan chetlaningizlar!"

22. Bas, u Parvardigoriga: "Ular jinoyatchi qavmdir", - deb duo qildi.

23. Bas, (Musoga vahiy bo'ldiki:) "Bandalarim (Isroil avlodi) bilan birga tunda yo'lga chiqqin! Albatta, sizlarning izingizga tushilur.

24. Dengizni sokin qo'yavergin. Ular g'arq qilinuvchi qo'shindir".

25-26. Ular qanchadan-qancha bog'larni, chashmalarni, ekinzorlarni va so'lim joylarni qoldirib (g'arq bo'lib) ketdilar.

27. Yana (qanchadan-qancha) o'zlari bahramand bo'lgan ne'matlarni (qoldirib ketdilar).

28. Mana shunday. Biz u (ne'matlar)ni boshqa qavmga meros qilib berdik.

29. Bas, ularga osmon ham, Yer ham (aza tutib) "yig'lagani" yo'q va ularga (tavba qilish uchun) muhlat ham berilmadi.

30. Darhaqiqat, Biz Isroil avlodiga xor qiluvchi azobdan najot berdik,

31. Fir'avndan. U, haqiqatan, mutakabbir va haddan oshuvchilardan edi.

32. Darhaqiqat, Biz ularni (Isroil avlodini) bilgan holimizda olamlar (odamlar)dan tanlagan edik.

33. Yana ularga mo''jizalardan zimnida aniq sinov borlarini ato etdik.

34. Albatta, ana ular aytadilar:

35. "O'lim faqat birinchi o'limimizdir va bizlar qayta tiriluvchi emasmiz.

36. Bas, agar ("oxirat bor" degan so'zlaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar, ota-bobolarimizni (qayta tiriltirib) keltiringlar-chi?"- derlar.

37. Ular (kuch-quvvatda) yaxshiroqmi yoki Tubba' qavmi va ulardan avvalgi kimsalarmi?! Biz ularni halok qildik. Chunki, ular jinoyatchi (osiy) edilar.


Izoh: Tubba' qavmi deganda qadimda yashab o'tgan Tubba' ismli bir solih podshoning fuqarolari tushuniladi. Ular juda baquvvat va bahaybat bo'lishlariga qaramay o'z podshohlariga itoat etmaganlaridan keyin Alloh taolo u qavmni halok qilib yuborgan. Makka ahlining itoatsizligi tufayli shu kabi halokatga duchor bo'lishlari mumkinligi haqida ogohlantirilmoqda.

38. Biz osmonlar va Yerni hamda ularning orasidagi narsalarni o'ynab (behuda) yaratganimiz yo'q.

39. Biz ularni faqat Haq (jiddiyat) bilan yaratganmiz. Lekin, ularning aksariyati bilmaydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:38:19



40. Ajrim kuni (qiyomat kuni) barchalarining (hisob-kitob) vaqtidir.

41. U Kunda do'st do'stga biror narsada asqotmas va ularga yordam ham berilmas.

42. Illo, Alloh rahmat qilgan kishilargagina (yordam berilur). Albatta, Uning O'zi qudratli va rahmlidir.

43. Albatta, (do'zaxda o'sadigan) Zaqqum daraxti

44. gunohkorning taomidir.

45. (U) qorinlarda yog'dek qaynar

46. qaynoq suvning qaynashidek.

47. (Do'zax farishtalari:) "Uni (gunohkorni) ushlab do'zaxning o'rtasiga sudrab olib boringlar

48. so'ngra boshidan qaynoq suv azobidan quyinglar!", - derlar.

49. (Unga masxara sifatida: "Mana bu azobni) totib ko'rgin! Darhaqiqat, sen "aziz va mukarram"dirsan.

50. Darvoqe, bu (azob) sizlar shubha qilib yurgan narsangizdir!" (deyilur. )

51. Albatta, taqvoli zotlar (U Kunda) osoyishta joyda -

52. bog'lar va chashmalar ustida bo'lurlar.

53. Ular bir-birlariga ro'baro' bo'lgan hollarida, qalin va yupqa shoyidan liboslar kiyurlar.

54. Mana shunday! Yana, Biz ularni tiniq va keng ko'zli hurlarga uylantirurmiz.

55. Ular u joyda xotirjam bo'lgan hollarida har turli mevani chorlagaylar.

56. Ular (jannatda) birinchi (dunyodagi) o'limdan boshqa o'limni totmaslar. (Alloh) ularni do'zax azobidan saqlagandir.

57. (Bu) Parvardigoringiz (tomoni)dan bo'lmish fazldir. Mana shu ulkan yutuqdir.

58. Bas, (ey, Muhammad,) darhaqiqat, eslatma olishlari uchun Biz (bu Qur'onni) Sizning tilingiz bilan oson (yengil) qilib berdik.

59. Bas, endi Siz (kofirlar holi ne kechishiga) ko'z tuting! Ular ham, albatta, (sizning halokatingizga) ko'z tutuvchidirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:39:19



JOSIYA SURASI

Josiya - tiz cho'kib o'tiruvchi degan ma'noni bildiradi.

Suraning 28-oyatida qiyomat kuni har bir ummat o'z taqdiri nima bo'lishini kutib, tiz cho'kkan holda o'tirishlari tasvirlangan. Shu sababli suraga mazkur so'z nom qilib olingan. Surada Isroil avlodining Allohga nisbatan noshukurchiliklari, umuman itoatsizlik va dunyoparastlikning mudhish oqibatlari haqida tanbehlar berilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan kitobdir.

3. Haqiqatan, osmonlar va Yerda mo''minlar uchun (Allohga dalolat qiladigan) alomatlar bordir.

4. Yana sizlarning yaratilishingizda va (Alloh yer yuziga) tarqatib yuborgan jonivorlardan iborat narsalarda ham qat'iy ishonadigan qavm uchun alomatlar bordir.

5. Yana kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmondan yog'dirib, u bilan "o'lgan" yerni "tiriltirgan" rizq (yomg'ir)da hamda shamollarning yo'naltirilishida aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir.

6. (Ey, Muhammad,) bular Allohning oyatlari bo'lib, ularni Sizga haqqoniylik bilan tilovat qilib bermoqdamiz. Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo'yib, qaysi so'zga imon keltirmoqdalar?!

7. Har qanday bo'htonchi va gunohkor holiga voykim,

8. u o'ziga tilovat qilinayotgan Alloh oyatlarini eshitar, so'ngra go'yo ularni eshitmagandek, kibrlangan holda (o'z kufrida) davom etar. Bas, (ey, Muhammad,) unga alamli azob "xushxabari"ni bering!

9. Qachonki, oyatlarimizdan biror narsani bilib olsa, uni masxara qilur. Ana o'shalarga xor qiluvchi azob bordir!

10. Ularning ortida jahannam bor! Topgani (boylik va farzandlari) ham, Allohni qo'yib tutgan "do'stlari" ham ularga biror narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.

11. Ushbu (Qur'on) hidoyatdir. Parvardigorlarining oyatlariga kofir bo'lgan kimsalar uchun esa alamli uqubat azobi bordir.

12. Alloh kemalar O'z amri bilan suzishi hamda (u kemalarda) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringiz uchun va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga dengizni bo'yin sundirib qo'ygan zotdir.

13. U O'z tomonidan sizlarga osmonlardagi va yerdagi barcha narsalarni bo'yin sundirdi. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.

Qayd etilgan