Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 661664 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 ... 63 B


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:40:13



14. (Ey, Muhammad,) imon keltirgan zotlarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar. Toki (sabrli) qavmni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!

15. Kimki yaxshilik qilsa, bas, o'zi uchundir. Kimki yomonlik qilsa, bas, o'z zararigadir. So'ngra Rabbingizga qaytarilursizlar.

16. Darhaqiqat, Biz Isroil avlodiga Kitob (Tavrot), hikmat va payg'ambarlik ato etdik va ularni pokiza narsalardan rizqlantirdik hamda ularni (o'z zamonlaridagi) olamlardan afzal qildik.

17. Yana ularga ish(din) hujjatlarini ato etdik. Bas, ular ilm (hujjat) kelganidan so'ngina o'zaro hasad-adovat ila ixtilof qildilar. Albatta, Rabbingiz Qiyomat kuni o'rtalarida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm qilur.

18. So'ngra (ey, Muhammad,) Biz Sizni (diniy) ishdan iborat shariat uzra (barqaror) qildik. Bas, Siz o'shanga ergashing va bilmaydigan kimsalarning havoyi (fikr)lariga ergashmang!

19. Chunki, ular Sizdan Alloh (tomoni)dan bo'lmish (biror) narsani (azobni) qaytara olmaslar. Albatta, zolimlar bir-birlariga do'stdirlar. Alloh esa taqvodorlarning do'stidir.

20. Ushbu (oyatlar) odamlar uchun dil ko'zgularidir va aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.

21. Balki yomonlik (gunoh)larni kasb etganlar o'zlarini imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar kabi qilishimizni va hayotlari ham, mamotlari ham barobar bo'lishini o'ylagandirlar?! Naqadar yomon (nohaq) hukm qilurlar?!

22. Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi va barcha jon zulm qilinmagan hollarida o'zlari qilgan amallariga yarasha jazolanurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:42:17


 
23. (Ey, Muhammad,) havoyi nafsini o'ziga "iloh" qilib olgan va Alloh uni bilgan holida adashtirib, quloq va ko'nglini muhrlab, ko'ziga parda tortib qo'ygan kimsani ko'rdingizmi? Bas, uni Alloh (adashtirgani)dan so'ng kim hidoyat qila olur?! Axir, eslatma olmaysizlarmi?!

24. Ular (qiyomatni inkor etuvchilar: "Hayot) faqat shu dunyodagi hayotimizdir. (Birimiz) o'lib, (birimiz) yashab yuraveramiz. Bizlarni (Alloh emas, balki) faqat zamon (o'tishi)gina o'ldiradi", - dedilar. Holbuki, ularda bu To'g'rida biror bilim (hujjat) yo'qdir. Ular faqat (shunday) gumon qilurlar, xolos.

25. Qachon ularga (qayta tirilish To'g'risidagi) Bizning oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, ularning (Bizga qarshi) "hujjatlari" faqat: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, otabobolarimizni (tiriltirib) keltiringlarchi", - deyishlarigina bo'lur.

26. Ayting: "Alloh sizlarga hayot berur, so'ngra (ajallaringiz yetgach) o'ldirur, so'ngra sizlarni hech shubhasiz (keladigan) Qiyomat kuniga to'plar. Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaslar".

27. Osmonlar va Yer hukmdorligi Allohnikidir. Qiyomat qoyim bo'ladigan Kuni - ana o'sha Kunda buzg'unchilar ziyon torturlar.

28. (U Kunda) barcha ummatni (dahshat va iztirobdan) tiz cho'kkan holda ko'rursiz. Har bir ummat o'z nomai a'moliga chaqirilur, (so'ng ularga deyilur): "Bugun qilib o'tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar.

29. Mana bu kitobimiz (nomai a'molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlar qilib yurgan amallaringizni (ushbu nomai a'molga) ko'chirib yurar edik".

30. Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, ularni Parvardigor O'z. rahmati (jannati)ga doxil qilur. Bu aniq yutuqning o'zidir.

31. Endi, kofir bo'lgan kimsalarga kelsak, (ularga aytilur): "Axir, sizlarga Mening oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, sizlar kibrlandingizlar va jinoyatchi qavm bo'ldingizlar"

32. Qachonki, (sizlarga:) "Darhaqiqat, Allohning va'dasi rostdir, Qiyomat shubhasiz (keluvchi)dir", - deyilsa, sizlar: "Biz Qiyomat nima ekanini bilmaymiz, faqat gumon qilamiz, xolos. Biz (Qiyomat bo'lishiga) aniq ishonuvchi emasmiz", - dedingizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:43:12

YIGIRMA OLTINCHI JUZ’
*************************



33. (Mana endi) ularga qilib o'tgan yomonliklari fosh bo'ldi va o'zlari masxara qilib yurgan (azob)lari ularni o'rab oldi.

34. (Ularga) deyiladi: "Sizlar mana shu kuningizdagi uchrashuvni unutganingizdek, Biz ham bugun sizlarni "unuturmiz". Sizlarning joyingiz do'zaxdir va sizlar uchun (azobdan qutqaruvchi) yordamchilar ham yo'qdir.

35. Bunga sabab - sizlar Allohning oyatlarini masxara qilib olgan edingizlar va sizlarni dunyo hayoti aldab qo'ygan edi. " Bas, ular bugun undan (do'zaxdan) chiqarilmaslar va ulardan (yaxshi amallarga) qaytishga ham imkoniyat berilmas.

36. Bas, osmonlar Parvardigori, Yer Parvardigori, (butun) olamlar Parvardigori - Allohga hamd!

37. Osmonlar va Yerdagi barcha buyuklik yolg'iz Unikidir! U qudratli va hikmatli zotdir.


AHQOF SURASI


"Ahqof" so'zining ma'nosi qumtepalar demakdir. Surada payg'ambarlardan Hud (a. s.)ning Yaman qumtepaliklarida yashovchi Od qabilasi bilan o'rtalarida o'tgan mojarolar, ularning Alloh tomonidan jazolanishlari, Muhammad (a. s.)ning o'z ummatlarining baxt-saodati yo'lida chekkan jafolari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z ifodasini topgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.

3. Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi narsalarni faqat haq (hikmat) va (qiyomatgacha deb) belgilangan muddat bilan yaratdik. Kofir bo'lgan kimsalar esa o'zlari ogohlantirilgan narsadan yuz o'giruvchidirlar.

4. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (butlaringiz) haqida xabar beringiz - menga ko'rsatinglarchi, ular yerdan nimani yaratganlar?! Yoki ular uchun osmonlar(ni yaratish)da sheriklik bormi?! Agar rostgo'y bo'lsangizlar, menga ushbu (Qur'on)dan ilgari (nozil bo'lgan) biror kitobni yoki biror ilmiy asarni (hujjatni) keltiringlar!"

5. Allohni qo'yib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o'sha (mushrik)larning duolaridan g'ofildirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:44:40



6. (Qiyomat kuni) insonlar (hisobot uchun) jam qilinganda, o'sha (butlar) ularga (mushriklarga) dushman va ularning ibodat qilganlarini ham inkor etuvchi bo'lurlar!

7. Qachon ularga Bizning oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, kofir bo'lgan kimsalar Haq (Qur'on) to'g'risida u o'zlariga kelgan vaqtidayoq: "Bu aniq sehrdir", - dedilar.

8. Yoki ular: ("Qur'onni Muhammadning) o'zi to'qigan", - deydilarmi?! Ayting: "Agar uni o'zim to'qigan bo'lsam, u holda, sizlar men uchun Alloh (azobi)dan biror narsa(ni daf qilish)ga ega bo'la olmassizlar. U sizlar ko'pirtirayotgan narsani (uydirma gaplaringizni) juda yaxshi biluvchidir. Uning O'zi men bilan sizlarning o'rtangizda yetarli guvohdir. U mag'firatli va rahmli zotdir".

9. (Ey, Muhammad,) ayting: "Men payg'ambarlarning yangisi (birinchisi) emasman. Men (kelajakda) na o'zimga va na sizlarga nima qilinishini bilmasman. Men faqat o'zimga vahiy qilinadigan narsaga ergashurman. Men faqat aniq ogohlantiruvchidirman".

10. Ayting: "(Ey, mushriklar,) xabar beringiz-chi, agar (ushbu Qur'on) Allohning huzuridan bo'lsa-yu, sizlar unga kofir bo'lsangizlar va Isroil avlodidan bo'lgan bir guvoh ham u (Qur'on)ning o'xshashiga guvohlik berib, imon keltirsa-yu, sizlar (imon keltirmay) kibr qilganlaringiz nimasi?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmas".

11. Kofir bo'lganlar imon keltirganlar haqida: "Agar (bu Qur'on) yaxshi bo'lganida (anavi yalangoyoqlar) unga bizlardan ilgari bormagan bo'lur edilar", - dedilar. Ular o'zlari u (Qur'on) bilan hidoyat topishmagach: "Bu eski uydirmadir", - derlar.

12. U (Qur'on)dan ilgari Musoning peshvo va rahmat bo'lmish Kitobi (Tavrot) bor edi. Bu. (Qur'on) arabiy lisondagi (oldingi ilohiy kitoblarni) tasdiqlovchi bir Kitobdir. U zolim (kofir) bo'lganlarni (oxirat azobidan) ogohlantirish va ezgulik qiluvchilarga (jannat haqida) bashorat sifatida (nozil qilingandir).

13. "Albatta, Rabbimiz - Alloh", - deb, so'ngra (To'g'ri yo'lda) ustivor bo'lgan zotlar uchun xavf yo'qdir va ular qayg'u ham chekmaslar.

14. Aynan o'shalar jannat ahli bo'lib, u joyda mangu qolurlar. (Bu) ular qilib o'tgan amallarining mukofotidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:45:32



15. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorligi va uni (sutdan) ajratishi (muddati) o'ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to'lganida: "Ey, Rabbim, menga va otaonamga in'om etgan ne'matingga shukr qilishga va O'zing rozi bo'ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman", - deydi.

Izoh: Oyatda 40 yoshning qanchalik ahamiyatga ega ekanligiga ishora qilinmoqda. Rasulullohning 40 yoshlarida payg'ambar bo'lishlari ham bejiz emas. Oyatda ota-onaga yaxshilik qilish, ularni rozi qilib duolarini olishga ham da'vat qilingan. Shu bilan birga ota-ona va farzandlar haqqiga ham duoi xayrlar qilib turish lozimligi aytilgan.

16. Aynan o'shalar shunday zotlardirki, Biz ulardan qilgan chiroyli amallarini qabul qilurmiz va jannat egalari qatorida ularning yomonliklaridan o'tib yuborurmiz. (Bu) ularga va'da qilib yurilgan haqqoniy va'dadir.

17. Yana bir kimsa borki, ota-onasiga: "Uh, sizlarga! Sizlar menga (qayta tirilib, qabrdan) chiqarilishimni va'da qilyapsizlarmi?! Holbuki, mendan ilgari ham avlodlar o'tgan-ku (ular tirildimi)?!" - der. U ikkisi Allohdan madad tilagan hollarida (o'g'illariga qarab): "Halok bo'lgur, imon keltirgin! Allohning va'dasi haqdir" (desalar), u: "Bu faqat avvalgilarning afsonlaridir", - der.

18. Ana o'shalar shunday kimsalardirki, ularga o'zlaridan ilgari o'tgan insu jindan iborat (kofir) ummatlar qatorida (kechgan) So'z (azob) haq bo'lgandir. Albatta, ular ziyon ko'ruvchilardir.

19. Hamma uchun qilgan amallari sababli darajalar bordir. (Alloh) ularga qilgan amallari (mukofoti va jazolari)ni mukammal berur va ularga zulm qilinmas.

20. Kofir bo'lgan kimsalar do'zaxga duchor qilinadigan Kunda (ularga deyilur): "Sizlar o'z huzur-halovatlaringizni dunyodagi hayo-tingizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib bo'ldingiz. Endi, bugun u yerda nohaq kibr qilganlaringiz va fosiq bo'lganlaringiz sababli, xorlik azobi bilan jazolanursizlar".

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:46:41



21. (Ey, Muhammad,) Od (qabilasi)ning birodarini (Hudni) eslang! O'shanda u o'zining qum-tepalardagi qavmini:"Sizlar Allohgagina ibodat qilinglar! Men, haqiqatan, sizlarga ulug' Kunning azobidan qo'rqarman", - deb ogohlantirgan edi. Vaholanki, undan oldin va keyin ham ogohlantiruvchilar (payg'ambarlar) o'tgandir.

22. Ular: "Sen bizlarni xudolarimizdan burish uchun keldingmi?! U holda agar rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga va'da qilayotgan narsangni (azobni) keltirgin-chi?"-dedilar.

23. U aytdi: "(azob haqidagi)bilim faqat Alloh huzuridadir. Men sizlarga o'zim elchi qilib yuborilgan (din)ni yetkazurman. Lekin men sizlarni johil qavm ekaningizni ko'rmoqdaman".

24. Bas, qachonki, ular o'sha (azob)ni o'z vodiylariga qarab kelayotgan bir (qora) bulut holida ko'rishgach: "Bu bizlarga yomg'ir keltiruvchi bulutdir", - dedilar. Yo'q, u o'zlaringiz qistagan narsa bo'rondir-ki, unda alamli azob bordir.

25. U Parvardigorining amri bilan barcha narsani vayron qilur. Bas, (u bo'ron kelib), tong otganida faqat ularning (qoldiq) maskanlarigina ko'zga tashlanar edi. Biz jinoyatchi qavmni mana shunday jazolaymiz.

26. Holbuki, (ey, Makka ahli,) Biz ularni (boylik va quvvatda) sizlarni qodir qilmagan narsalarga qodir qilgan edik va ularga quloq, ko'z va dillar (ato) qilgan edik. (Lekin) ular Allohning oyatlarini inkor etganlari uchun ularga quloq-ko'zlari ham, dillari ham biror foyda bermadi va ularni o'zlari masxara qilib yurgan narsalari o'rab oldi.

27. (Ey, Makka ahli,) Biz sizlarning atrofingizdagi qishloq (shahar)larni halok qildik. Biz ularga shoyad (yaxshi yo'lga) qaytsalar, deb oyatlarni batafsil bayon qilgan edik.

28. Axir, o'zlari Allohni qo'yib, (Allohga) yaqin qiladigan "xudo"lar, deb tutgan (sig'ingan) narsalari ularga yordam bersalar bo'lmasmidi?! Yo'q, ulardan g'oyib bo'lib qolishdi! Bu ularning uydirmalari va (Alloh sha'niga) to'qigan bo'htonlaridir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Avgust 2008, 09:47:36



29. (Ey, Muhammad,) eslang, huzuringizga bir guruh jinlarni Qur'on tinglasinlar, deb yuborgan edik. Bas, qachonki, ular hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): "Jim bo'linglar", - dedilar. Bas, qachonki, (tilovat) tugatilgach, ular o'z qavmlari oldiga ogohlantiruvchi bo'lgan hollarida qaytib ketdilar.

30. Ular dedilar: "Ey, qavmimiz, darhaqiqat, biz Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (ilohiy kitob)larni tasdiq qiluvchi Haq (din)ga va To'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitobni (Qur'onni) tingladik.

31. Ey, qavmimiz, Allohning da'vatchisi (Muhammad)ni qabul qilinglar va unga imon keltiringlar, (shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qilur va sizlarga alamli azobdan panoh berur.

32. Kim Allohning da'vatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida qochib qutuluvchi emasdir va uning uchun (Allohdan) o'zga "do'stlar" ham yo'qdir. Ana o'shalar aniq zalolatdadirlar".

33. Axir, ular (oxiratni inkor etuvchilar) osmonlar va Yerni yaratgan, ularni yaratishda charchamagan Alloh o'liklarni tiriltirishga ham qodir ekanligini (o'ylab) ko'rmadilarmi?! Yo'q! Albatta, U barcha narsaga qodirdir.

34. Kofir bo'lgan kimsalar do'zaxga duchor qilinadigan Kunda (ularga): "Ushbu (azob) haq emas ekanmi?!" (deyilganida), ular: "Yo'g'-ye, Rabbimizga qasamki, (haq ekan)", - derlar. (Shunda Alloh) aytur: "Bas, kofir bo'lganingiz sababli (mana shu) azobni totinglar!"

35. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ham matonatli payg'ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang! Ular o'zlariga va'da qilinayotgan azobni ko'radigan Kunda go'yo (bu dunyoda) faqat kunduzdan bir soatgina turgandek bo'lib qolurlar! (Bu Alloh tomonidan) bir bayonotdir. Bas, faqat fosiqlar qavmigina halok qilinur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:51:48



MUHAMMAD SURASI

 Surada janob Payg'ambarimiz Muhammad (a. s.)ning ismi shariflari zikr etilgani uchun unga shu nom berilgan. Surada mo’minlar bilan kofirlar o'rtasida kechgan qurolli to'qnashuvlarda rioya etishlik lozim bo'lgan qonunqoidalar, Allohning dini yo'lida xolis xizmat qilish, munofiqlikning yomon oqibatlari, Allohga va Rasuliga itoat qilishning fazlu fazoillari va boshqa ilohiy tavsiyalar tasvirlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarning amallarini (Alloh) zoye ketkazur.

2. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Muhammadga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) - holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir - imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o'chirur va ishlarini o'nglar.

3. Bunga sabab - kofir bo'lganlarning nohaq (yo'l)ga ergashganlari, imon keltirganlarining esa Parvardigorlari (tomoni)dan bo'lmish haq (Qur'on yo'li)ga ergashganlaridir. Alloh insonlarga ularning misollarini mana shunday bayon qilur.

4. Bas, (ey, mo’minlar,) qachonki, sizlar (jang maydonida) kofir bo'lganlar bilan to'qnashganlaringizda, bo'yinlariga uringiz (o'ldiringiz)! Bas, qachonki, ularni qirg'inga tutib asir olgach, arqonlar bilan bog'langiz! So'ng yo (ularni ozod qilib) marhamat ko'rsatursizlar, yo (qo'yib yuborib) fidya (tovon) olursizlar. Toki urush yuklarini qo'ygunicha (to'xtagunicha, sizlarga buyruq) mana shudir. Agar Alloh xohlasa, ular ustidan (jangsiz ham) g'alaba qilur edi, lekin U sizlarning ayrimlaringizni ayrimlaringiz bilan imtihon qilish uchun (sizlarni jangga buyurdi). Alloh yo'lida o'ldirilganlarning amallarini (U) sira zoye ketkizmas.


Izoh: Hijratning uchinchi yilida Madina shahri hududidagi Uhud tog'i etagida musulmonlar bilan Makka mushriklari o'rtasida kechgan jangga oid oyatlar.

5. Ularni (jannat yo'liga) hidoyat qilur va ishlarini isloh etur.

6. Ularni (Alloh) O'zi ta'riflagan jannatga kiritur.

7. Ey, imon keltirganlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (dinining rivoji uchun harakat qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur.

8. Kofir bo'lgan kimsalar uchun esa halokat bo'lur va (Alloh) ularning amallarini zoye ketkazur.

9. Bunga sabab ularning Alloh nozil qilgan narsalarni (Qur'on va undagi hukmlarni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning amallarini behuda ketkazur.

10. Axir, ular yer yuzida sayr (sayohat) qilishib, o'zlaridan avvalgi (imonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi? Alloh ularni yakson etdi-ku! Kofirlar uchun ham xuddi o'sha (oqibat)larning o'xshashi bo'lur.

11. Bunga sabab imon keltirganlar Allohning do'sti (homiysi) ekani va kofirlarga esa hech qanday homiy yo'q ekanidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:52:35



12. Albatta, Alloh imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kofir bo'lgan kimsalar esa (dunyo lazzatlaridan) foydalanib, chorva hayvonlari yeganidek yeb-ichurlar va do'zax ularning joylaridir.

13. (Ey, Muhammad,) Sizni haydab chiqargan shahar (Makka ahli)dan ko'ra (aholisi) quvvatliroq bo'lgan qanchadan-qancha shaharni halok qilganmiz. Bas, ularga biror yordamchi bo'lmagan.

14. Axir, Parvardigori tomonidan (aniq) hujjatga (Qur'onga) ega bo'lgan kishi (Siz va mo’minlar) bilan qilgan yomon ishi o'ziga chiroyli ko'ringan va havoyi nafsiga ergashgan (kofir) barobar bo'lurmi?!

15. Taqvoli zotlar uchun va'da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat daryolar ham, ta'mi o'zgarmas sutdan iborat daryolar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo'lmish daryolar ham va musaffo asaldan iborat daryolar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag'firat bordir. (Ana shunday zotlar) do'zaxda mangu qoladigan va qaynoq suv bilan sug'orilganda ichaklarini tilka-pora qilib tashlaydigan (kofir)lar kabi bo'lurmilar?!

16. (Ey, Muhammad,) ularning (munofiqlarning) orasida shunday kimsalar ham borki, ular Sizga quloq solib turadi-da, huzuringizdan chiqqach, ilm ato etilgan zotlardan (masxara sifatida): "Hozirgina (Muhammad) nima dedi?" - deb so'rarlar. Ana o'shalar Alloh dillarini muhrlab qo'ygan va o'zlarining havoyi nafslariga ergashgan kimsalardir.

17. Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur.

18. Ular(munofiqlar) endi faqat to'satdan qiyomat kelib qolishinigina kutmoqdalar. Darvoqe, uning alomatlari keldi. Bas, ularga (qiyomat) kelgan vaqtida, ularning eslatma olishlari qanday (mumkin) bo'lur?!

19. Bas, (ey, Muhammad,) Allohdan o'zga iloh yo'q ekanini biling va o'z gunohingiz uchun hamda mo’min va mo’minalar(ning gunohlari) uchun mag'firat so'rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:53:19



20. Imon keltirgan zotlar: "(Jihodga buyurilgan) biror sura nozil qilinganida edi", - derlar. Bas, qachonki, qat'iy bir sura nozil qilinib, unda jang zikr etilsa, dillarida maraz bo'lgan kimsalarning Sizga xuddi o'limdan (qo'rqib) behush bo'lib qolgan kimsaning qarashidek qarashayotganini ko'rasiz. (Holbuki,) ularga loyiq narsa

21. itoat etish va yaxshi so'z (so'zlash) edi. Endi, qachonki, ish (jang) muqarar bo'lganda, agar ular Allohga sodiq (rostgo'y) bo'lganlarida, albatta, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi.

22. Agar (imondan) bosh tortsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzarsizlar.

23. Unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) "kar", ko'zlarini "ko'r" qilib qo'ygandir.

24. Axir, ular Qur'on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?!

25. Haqiqatan, o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana ortlariga (kufrga) qaytib ketgan kimsalarga (bu ishlarni) shayton chiroyli qilib ko'rsatdi va ular uchun (puch orzularni) uzaytirib qo'ydi.

26. Bunga (kufrga qaytishlariga) sabab - ularning Alloh nozil qilgan narsani (Qur'onni) yomon ko'rgan kimsalarga: "Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat etamiz", - deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan (sir)larini bilur.

27. Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!.

28. Bunga sabab ularning Allohni g'azablantirgan narsaga (munofiqlikka) ergashib, Uning rizoligini (kofirlarga qarshi jang qilishni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning (qilgan yaxshi) amallarini behuda ketkazdi.

29. Balki, dillarida maraz (nifoq) bo'lgan kimsalar Alloh ularning (dillaridagi) adovatlarni oshkor qilmas, deb o'ylagandirlar?!

Qayd etilgan