YIGIRMA OLTINCHI JUZ’
*************************
33. (Mana endi) ularga qilib o'tgan yomonliklari fosh bo'ldi va o'zlari masxara qilib yurgan (azob)lari ularni o'rab oldi.
34. (Ularga) deyiladi: "Sizlar mana shu kuningizdagi uchrashuvni unutganingizdek, Biz ham bugun sizlarni "unuturmiz". Sizlarning joyingiz do'zaxdir va sizlar uchun (azobdan qutqaruvchi) yordamchilar ham yo'qdir.
35. Bunga sabab - sizlar Allohning oyatlarini masxara qilib olgan edingizlar va sizlarni dunyo hayoti aldab qo'ygan edi. " Bas, ular bugun undan (do'zaxdan) chiqarilmaslar va ulardan (yaxshi amallarga) qaytishga ham imkoniyat berilmas.
36. Bas, osmonlar Parvardigori, Yer Parvardigori, (butun) olamlar Parvardigori - Allohga hamd!
37. Osmonlar va Yerdagi barcha buyuklik yolg'iz Unikidir! U qudratli va hikmatli zotdir.
AHQOF SURASI"Ahqof" so'zining ma'nosi qumtepalar demakdir. Surada payg'ambarlardan Hud (a. s.)ning Yaman qumtepaliklarida yashovchi Od qabilasi bilan o'rtalarida o'tgan mojarolar, ularning Alloh tomonidan jazolanishlari, Muhammad (a. s.)ning o'z ummatlarining baxt-saodati yo'lida chekkan jafolari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z ifodasini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ho, Mim.
2. (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
3. Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi narsalarni faqat haq (hikmat) va (qiyomatgacha deb) belgilangan muddat bilan yaratdik. Kofir bo'lgan kimsalar esa o'zlari ogohlantirilgan narsadan yuz o'giruvchidirlar.
4. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (butlaringiz) haqida xabar beringiz - menga ko'rsatinglarchi, ular yerdan nimani yaratganlar?! Yoki ular uchun osmonlar(ni yaratish)da sheriklik bormi?! Agar rostgo'y bo'lsangizlar, menga ushbu (Qur'on)dan ilgari (nozil bo'lgan) biror kitobni yoki biror ilmiy asarni (hujjatni) keltiringlar!"
5. Allohni qo'yib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o'sha (mushrik)larning duolaridan g'ofildirlar.