Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069404 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 ... 63 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:04:46



36. Ulardan (Quraysh kofirlaridan) oldin ulardan quvvatliroq qanchalab avlodni halok qildik. Bas, o'shalar najot bormikan, deb shaharlarni kezib yurdilar.

37. Albatta, bunda (o'yg'oq) qalb egasi bo'lgan yoki o'zi hozir bo'lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir.

38. Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsani olti kunda yaratdik va Bizga hech qanday charchoq yetgani yo'q.

39. Bas, (ey, Muhammad,) ular (kofirlar) aytayotgan so'zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o'qing)!

40.  Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting!


Izoh: Ushbu va oldingi 39-oyatlarda besh vaqt namozlarning vaqtlariga ishorat bordir. Masalan, "Quyosh chiqishidan ilgari" jumlasi bomdod namozining vaqtiga, "Botishidan avval" jumlasi peshin bilan asr vaqtlari, 40-oyatdagi "Kechaning bir qismida" jumlasi shom bilan xuftan namozlarining vaqtlarini bildiradi. (Madorik tafsiri).

41. Jarchi (Isrofil farishta) yaqin bir makondan turib jar soladigan Kunda (unga) quloq tuting!

42. U Kunda ular (barcha xaloyiq) u (dahshatli) qichqiriqni chinakamiga eshiturlar. Bu (qabrlardan) chiqish Kunidir.

43. Albatta, Biz (barcha jonzotni) tiriltirurmiz va o'ldirurmiz. Qaytish esa Biz saridir.

44. U kunda ularning ustidagi yer yorilib, (ular) shoshgan hollarida (chiqib kelurlar). Bu faqat Bizgagina oson bo'lgan to'plashdir.

45. Biz ular (kofirlar) aytayotgan gaplarni yaxshi bilurmiz. (Ey, Muhammad,) Siz ularning ustida (imonga) zo'rlovchi emassiz. Bas, ushbu Qur'on bilan Mening tahdidimdan qo'rqadigan kishilarga nasihat qiling!


VAZ-ZORIYOT SURASI


Zoriyot - haydovchilar demakdir. Ya'ni, bulutlarni haydab yuruvchi shamollar. Alloh shu so'z bilan qasamyod etgani sababli suraning o'zidan olib unga nom etib qo'yilgan. Surada oxiratda ro'y beradigan voqealardan Alloh taolo O'z bandalarini ogoh etib, bu dunyoda ezgu amallarni qilib borishlik bilan unga hozirlik ko'rish lozimligi ta'kidlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qasamyod etaman (bulutlarni) haydab yuruvchi (shamol)larga,

2. yuk (yomg'ir) tashuvchi (bulut)larga,

3. (suv yuzida) yengil suzuvchi (kema)larga

4. va (Alloh buyurgan) ish(lar)ni taqsimlovchi (farishta)largaki,

5. sizlarga va'da qilinayotgan narsa (qayta tirilish), shubhasiz, rostdir

6. va albatta, (Qiyomat kunida hisob-kitob qilingandan keyin) jazo (va mukofot) ham voqe bo'luvchidir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:06:00



7. (Yulduzlar harakat qiladigan) yo'llar egasi bo'lmish osmonga qasamki,

8. albatta, sizlar (ushbu Payg'ambar xususida) qarama-qarshi so'z uzradirsizlar!

9. Undan (Qur'ondan va Payg'ambardan) burilgan (baxtsiz) kimsa og'ib ketur.

10. (O'sha) yolg'onchilarga o'lim!

11. Ular (jaholat) girdobida adashib yuruvchi kimsalardir.

12. (Ular) jazo (qiyomat) kuni qachon bo'lishini so'rarlar.

13. (U Kun) ular do'zaxda sinaladigan Kundir.

14. (O'shanda ularga aytilur): "Sinovingizni totinglar! Sizlar (dunyodalik paytingizda) shoshtirgan narsa mana shudir!"

15. Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlar uzra bo'lurlar.

16. Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo'lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar.

17. (Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar.

18. Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar.

19. Ularning mol-mulklarida soil va mahrum (muhtoj) kishilar uchun (ajratilgan) haq (ulush) bo'lar edi.

20. (Ey, insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir.

21. O'zlaringizda ham. Axir, ko'rmaysizlarmi?!

22. Osmonda esa sizlarning rizqlaringiz (yomg'ir) va sizlarga va'da qilinayotgan narsa (jannat) bordir.

23. Bas, osmon va Yerning Parvardigoriga qasamki, albatta, u (va'da) xuddi sizlarning so'zlashingiz kabi (haq va rost)dir!

24. (Ey, Muhammad,) Sizga Ibrohimning aziz mehmonlari haqidagi xabar keldimi?

25. O'shanda ular (Ibrohim) huzuriga kirib: "Salom", - deyishganda, u ham: "Salom. (Bular) notanish qavm-ku", - dedi. .

26. So'ngra u asta oilasi oldiga chiqib, bir semiz buzoqni (so'yib, pishirib) keltirdi.

27. Uni ularga yaqin qilib, "(Taomdan) yemaysizlarmi?" - dedi.

28. (Lekin ovqatga qo'l cho'zishmagach,) ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: "Qo'rqmagin. (Biz farishtalar taom yemaymiz)", - dedilar va (Ibrohimga) bir dono o'g'il (tug'ilishi)
xushxabarini berdilar.

29. Shunda (Ibrohimning) xotini qichqirgancha keldida, (ajablanganidan) o'zining yuziga urib: "(Axir, men) tug'mas kampir(man)ku!" - dedi.

30. Ular aytdilar: "Parvardigoring mana shunday, dedi. Albatta, Uning O'zi hikmat va bilim sohibidir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:07:25

YIGIRMA YETTINCHI JUZ’
*************************



31. (Ibrohim) dedi: "Ey, elchilar, yumushlaringiz nedir?"

32. Aytdilar: "Bizlar bir jinoyatchi qavmga (Lut qavmiga) yuborildik.

33. Loy sopolidan qilingan toshni ular uzra yog'dirishimiz kerak.

34. Parvardigoring nazdida haddan oshuvchi kimsalar uchun (har bir toshga) belgi qo'yilgan (nomlari yozib qo'yilgan). "

35. Bas, Biz u joydagi mo''minlardan bo'lmish kishilarni chiqarib yubordik.

36. U joyda bir xonadondan (Lut xonadonidan) o'zga musulmonlarni topmadik.

37.Biz (kofirlarni halok qilganimizdan so'ng) alamli azobdan qo'rqadigan zotlar uchun u joyda alomat qoldirdik.

38. Muso (qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz uni aniq hujjat bilan Fir'avn oldiga yuborgan edik.

39. U o'z arkoni (davlati)ga suyanib, imon keltirishdan yuz o'girdi va: "(Muso) sehrgar yoki majnun", - dedi.

40. Bas, Biz uni ham, qo'shinlarini ham ushlab, ularni dengizga otdik (g'arq qilib yubordik). U malomatga loyiqdir.

41. Od (qabilasi qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, Biz ularning ustiga yaxlit (foydasiz) bo'ronni yuborgan edik.

42. U (bo'ron) nimaning ustidan o'tsa, albatta, uni (halok etib), xuddi chirigan suyaklardek qilib qo'yar edi.

43. Samud (qabilasining qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, ularga (man etilgan tuyani so'yib yuborganlarida) "bir vaqtgacha (ya'ni, uch kungacha tiriklik ne'matidan) bahramand bo'lingiz", - deyilgan edi.

44. Bas, ular Parvardigorning amri (itoati)dan kibr qilishgach, qarab turgan hollarida ularni chaqmoq urdi.

45. Bas, ular (qochish uchun o'rinlaridan) turishga ham qodir bo'lmadilar va (hech kim tomonidan) yordam beriluvchi ham bo'lmadilar.

46. (Mazkur qavmlardan) oldin Nuh qavmini ham (halok qilgandirmiz). Chunki, ular fosiq (itoatsiz) qavm edilar.

47. Osmonni Biz "qo'llar" bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz.

48. Yerni esa (yoyib) to'shab qo'ydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyuvchidirmiz!

49. Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik.

50. (Ey, Muhammad, ularga ayting): "Bas, Allohga (imon keltirish uchun) qochinglar! Albatta, men sizlar uchun U zot(ning azobi)dan aniq ogohlantiruvchidirman.

51. Alloh bilan birga yana boshqa iloh bor, demanglar! Albatta, men sizlar uchun U(ning azobi)dan anig' ogohlantiruvchidirman".

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:09:15



52. Xuddi shuningdek, ulardan (Makka mushriklaridan) avvalgi (kofir)larga (biror) payg'ambar kelsa, ular ham, albatta, uni sehrgar yoki majnun, der edilar.

53. Ular o'sha (so'z)ni bir-birlariga vasiyat qilib qoldirganmilar? Yo'q! Ular tug'yonga ketgan qavmlardirlar!

54. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ulardan yuz o'giring! Endi Siz malomat qilinuvchi emassiz.

55. Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur.

56. Men jin va insni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim.

57. Men ulardan biror rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini ham istamasman.

58. Zero, Allohning O'zi (barcha xaloyiqqa) rizq beruvchi, quvvat sohibi va qudratlidir.

59. Bas, zolim (kofir)lar uchun, shubhasiz, xuddi (ilgari o'tgan kofir) do'stlarining nasibalari kabi (azobdan) nasiba bordir. Bas, ular Meni(ng azobimni) qistamay qo'ya qolsinlar!

60. Bas, kofir bo'lgan kimsalarga va'da quilinayotgan Kunlarida ularning hollariga voy!


TUR SURASI


Tur - tog' nomi. Muso (a. s.) Alloh bilan shu tog'da so'zlashgan. U Misr arab respublikasining Sinay yarim orolida joylashgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qasamyod etaman Tur (tog'i) bilan,

2. satrlangan Kitob (Qur'on) bilanki,

3. (u) ochiq sahifadadir;

4. yana Baytul-Ma'mur bilan,


Izoh: "Baytul-Ma'mur"ning mazmuni obod uy demakdir. Undan murod osmondagi bir dargohdirkim, beadad farishtalar unga kelib-ketib turadilar. Demak, farishtalar bilan obod uy degani bo'lur.

5. baland ko'tarilgan tom (osmon) bilan

6. va to'lqinlangan dengiz bilan-ki,

7. Rabbingizning azobi, shubhasiz, voqe bo'luvchidir!

8. Uni daf etuvchi (kuch) yo'qdir.

9. U Kunda osmon aylanur.

10. Tog'lar ham (samoda to'zon kabi) sayr qilur.

11. Ana o'sha Kunda (payg'ambarlarni) inkor etuvchilar holiga voy!

12. Ular (zalolatga) cho'mib, beparvo o'ynab yuradigan kimsalardir.

13. U Kunda ular jahannam olovi sari haydalurlar.

14. Va ularga deyilur): "Sizlar yolg'on deb yurgan do'zax mana shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:10:41



15.Qani, bu ham sehrmi yoki sizlar ko'rmayapsizlarmi?!

16. Unda toblaningiz! Endi (uning azobiga) xoh sabr qilinglar, xoh sabr qilmanglar- sizlarga barobardir! Sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan qilmishlaringiz jazosini olursizlar".

17. Taqvodor zotlar esa bog'lar va ne'matlar ichradirlar.

18. Parvardigorlari ato etgan narsalar bilan shod-xurramdirlar. Parvardigorlari ularni do'zax azobidan saqlagandir.

19. (Ularga aytilur): "Sizlar qilib o'tgan (yaxshi) amallaringiz sababli bemalol yenglar va ichinglar!

20. Qator so'rilarda yastangan hollaringizda". Biz ularga keng, qora ko'zli hurlarni juft qilib berurmiz.

21. O'zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o'sha) zurriyotlarini qo'shib, ularga qilgan amallaridan biror narsani ham kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o'zi qilgan ishi bilan garovlangandir.

22. Yana Biz ularni ko'ngillari istaydigan meva va go'sht bilan quvvatlantirurmiz.

23. Ular u joyda (shunday sharob) kosalarini talashib (qo'lma-qo'l) qilib ichurlarki, unda na behuda gap va na gunoh ish bo'lur.

24. Ularning ustida go'yo (sadaf ichida) yashiringan gavhardek (pok va xushsurat) g'ulomlar aylanib (xizmat qilib) yurar.

25. Ular bir-birlariga qarab, savol-javob qilishurlar.

26. Ayturlar: "Haqiqatan, bizlar ilgari (dunyoda) oilamiz orasida (Alloh azobidan) qo'rquvchi edik.

27. Mana, Alloh bizlarni mamnun etdi va bizlarni "samum" (do'zax shamoli)dan saqladi.

28. Darhaqiqat, bizlar ilgari (dunyoda) Unga duo qilar edik. Albatta, Uning O'zi marhamatli va rahmlidir".

29. Bas, (ey, Muhammad,) (insonlarga) eslatma beravering, chunki Siz Rabbingizning ne'mati sababli kohin (folbin) ham, majnun ham emasdirsiz.

30.  Balki, ular (mushriklar): "(Muhammad) shoirdir. Bizlar unga zamon hodisotlari (yetishi)ni kutarmiz", - derlar?!

31. Ayting: "Kutaveringlar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardandirman".

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:15:29


 
32. Balki, ularni "aqllari" mana shunga buyurar?! Yoki ular tug'yonga ketgan qavmdirlar?!

33. Balki, ular: "(Muhammad Qur'onni) o'zi ichidan to'qib olgan",- derlar?! Yo'q, ular imon keltirmaslar!

34. Bas, agar rostgo'y bo'lsalar, o'zlari ham o'sha (Qur'on)ga o'xshash biror so'z (kitob) eltirsinlarchi?!

35. Yoki ular hech narsadan (ya'ni, Yaratuvchisiz) yaralib qolganmilar?! Yoki ular o'zlari yaratuvchimilar?!

36. Yoki osmonlar va Yerni ham ular yaratganmilar?! Yo'q, ular ishonmaslar!

37. Yoki ularning huzurlarida Rabbingizning xazinalari bormi?! Yoki ular (butun borliqni) boshqarib turuvchimilar?!

38. Balki, ularda (chiqib, farishtalarning so'zlarini) eshitib oladigan narvon bordir?! U holda ularning eshitib oluvchisi aniq hujjat keltirsin!

39.  Yoxud qizlar (farishtalar) Unga-yu, o'g'illar sizlargami?

40.  (Ey, Muhammad,) balki Siz ulardan (payg'ambarligingiz uchun) haq so'rayotgandursizki, ular (o'sha) to'lovdan qiynalgandirlar?!

41. Yoki ularning huzurlarida g'ayb (ilmi) bo'lib, ular (undan ko'chirib) yozib olayotirlarmi?!

42. Balki, ular (Sizni halok qilish uchun) biror hiyla qilmoqchidirlar?! U holda o'sha kofir bo'lgan kimsalarning o'zlari "hiyla"ga giriftor bo'lurlar.

43. Yoxud ular uchun Allohdan o'zga iloh bormi?! Alloh ularning shirklaridan pokdir!

44. Agar ular (ustilariga) osmonning bir parchasi tushayotganini ko'rsalar ham "Bu qalin bulutdir", - derlar.

45. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ularni, to o'zlari halok qilinadigan kunlariga ro'baro' bo'lgunlaricha, qo'yib bering!

46. U Kunda ularning hiylalari hech foyda bermas va ularga yordam ham berilmas.

47. Albatta, zolim (kofir) bo'lgan kimsalar uchun bundan (Qiyomatdan) ilgari (dunyoda) ham azob(lar) bordir. Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar.

48. (Ey, Muhammad,) Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling! Zotan, Siz Bizning ko'z o'ngimizda (himoyamizda)dirsiz! (Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting!

49. Shuningdek, kechadan (vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o'girgach (botgach), (saharda) ham Unga tasbeh ayting.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:17:19



NAJM SURASI

Surada kelgan eng ajib ma'lumotlardan biri - bu me'roj kechasining tasviridir. Ya'ni, Muhammad (a. s.) Makkadan to Masjidi Aqsogacha, so'ng u yerdan osmonlar uzra parvoz qilib, Alloh buyurgan joygacha samoviy sayr qilgan kechalari haq ekanligiga ushbu surada qat'iy dalillar mavjud.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Botib ketayotgan yulduzga qasamki,

2. sizlarning sohibingiz (ya'ni Muhammad) zalolatga ketgani ham yo'q, yo'ldan ozgani ham yo'q!

3. (Qur'onni) o'z havosi (xohishi) bilan so'zlamas.

4. U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir.

5. Unga (tilovatni) shiddatli quvvatga ega bo'lmish zot (Jabroil) ta'lim bermishdir.

6. (U) iqtidorli (farishta)dir. Bas, u turdi.

7. O'zi oliy ufqda edi.

8. So'ngra yaqinlashib, pastladi.

9. Bas, (Muhammadga) ikki kamon oralig'idek yoki (undan ham) yaqinroq bo'ldi.

10. Bandasi (Muhammad)ga Alloh tushirgan vahiyni keltirdi.

11. Ko'ngil ko'rgan narsasida yolg'onchi bo'lmadi.

12. Endi sizlar, (ey, mushriklar, Payg'ambar) ko'rib turgan narsasi ustida u bilan tortishurmisizlar?!

13. Qasamki, (Muhammad Jabroilni) ikkinchi bor ko'rdi.

14. (Jannat) chekkasidagi Nilufar oldida.

15. Ma'vo jannati ham o'sha (Nilufar)ning oldidadir.

16. O'shanda Nilufarni o'ragan narsa (Allohning fayzi) o'rab olgan edi.

17. (Payg'ambarning) ko'zi (chetga) og'gani ham yo'q, o'z haddidan oshgani ham yo'q.

18. Darhaqiqat, u (o'sha soatda) Parvardigorining buyuk alomatlarini ko'rdi.

19. (Ey, mushriklar,) ko'rdingizmi (sanamlaringiz) - "Lot, "Uzzo"ni

20. va yana uchinchilari bo'lmish "Manot"ni?

21. Erkak (jinsi) sizlarniki-yu, ayol (jinsi) U zotnikimi?!


Izoh: Ya'ni Alloh taolo mushriklarning so'zlaridan olib o'zlariga raddiya qilmoqda. Darhaqiqat, ularning buzuq e'tiqodi bo'yicha mabodo Alloh farzand tutmoqchi bo'lganda edi, qizlarni emas o'g'il farzand tutgan bo'lmasmidi?! Buni xayolga ham keltirib bo'lmaydi. Zero, Allohning xoh farzand, xoh boshqa narsaga ehtiyoji bor deb hisoblash shirkdir.

22. U holda bu adolatsiz taqsim-ku?!

23. U (nom)lar faqat sizlar o'zlaringiz va ota-bobolaringiz qo'yib olgan nomlardir. Alloh ular (ma'budaligi) haqida biror hujjat tushirgan emas. U (mushrik)larga Parvardigorlari tomonidan hidoyat (Qur'on) kelib turgan holda ular faqat gumonga va havoyi nafslarigagina ergashmoqdalar.

24. Yoki insonga orzu qilgan narsasi bo'laverdimi?!

25. Bas, oxirat ham, dunyo ham yolg'iz Allohnikidir.

26. Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham - Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha - foyda bermas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:17:47



27.Darvoqe, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalar farishtalarni ayol nomi bilan ataydilar.

28. Holbuki, ular uchun bu haqda biror bilim (hujjat) yo'qdir. Ular faqat gumon (taxmin)ga ergashurlar, xolos. Gumon esa, aslo haqiqat o'rniga o'tmas.

29. Bas, (ey, Muhammad,) Bizning eslatmamizdan yuz o'girib ketgan va faqat dunyo hayotinigina istagan kimsalardan voz keching!

30. Ularning "ilm"dan yetgan joylari mana shudir. Albatta, Rabbingizning O'zi Uning yo'lidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topganni ham yaxshi biluvchidir.

31. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsalar faqat Allohnikidir! U yomonlik (gunoh) qilib o'tgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolagay va ezgu amal qilgan zotlarni go'zal (savob, jannat) bilan mukofotlagay.

32. Ular (jannat ahli) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq yuradigan zotlardir. Albatta, Rabbingiz mag'firati keng zotdir. U (Odamni) Yerdan (tuproqdan) paydo qilgan paytidanoq va sizlar onalaringiz qornida homila bo'lgan paytingizdanoq sizlarni yaxshi biluvchidir. Bas, sizlar o'zlaringizni oqlamay qo'yaqolinglar! U taqvodor kishilarni yaxshi biluvchidir.

33. (Ey, Muhammad,) ko'rdingizmi, kim yuz o'girib ketdi,

34. va ozgina mol berib, (keyin shart qilingan molni berishni) to'xtatdi?!


Izoh: Bu yerda tanqid qilinayotgan shaxs Makka mushriklaridan Valid ibn Mug'ira bo'lib, boshqa bir mushrik agar Islomga kirmasang oxiratdagi gunohlaringni o'z bo'ynimga olaman, lekin falon miqdorda menga haq to'laysan, deb shartlashgan. Valid rozi bo'lib, pulni bir qismini berib, qolgan qismini bermagan. Oyatda ana o'shalarning ahmoqona urinishlari tasvirlangan.

35. Uning huzurida g'ayb ilmi bormidiki, u (undan kelajakni) ko'ra olsa?!

36. Yoki (u) Muso sahifalaridagi narsalardan bexabarmi?!

37. Yoki vafodor zot - Ibrohimning (sahifalaridan) hammi?!

38. (Ularda yozilgan ediki:) hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jonning) yukini (gunohini) ko'tarmas.

39. Insonga faqat o'zi qilgan harakatigina (mansub) bo'lur.

40. Uning qilgan sa'yi (harakati) yaqinda (Qiyomatda) ko'rinur.

41. So'ngra u to'la jazo (yoki mukofot) olur.

42. Albatta, oxirgi manzil yolg'iz Rabbingiz oldiga (bormoqlik)dir.

43. Albatta, kuldirgan ham, yig'latgan ham Uning O'zidir.

44. Albatta, o'ldirgan ham, tiriltirgan ham Uning O'zidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:20:00



45. U erkak va ayol - juftlarni yaratgandir

46. shitob chiqadigan nutfa (maniy)dan.

47. Albatta, (o'lganidan so'ng) ikkinchi bor paydo qilish ham faqat Uning zimmasidadir.

48. Albatta, boy qilgan ham, badavlat qilgan ham Uning O'zidir.

49. Albatta, She'ro (yulduzi)ning Parvardigori ham Uning O'zidir.


Izoh: She'ro - U samoda javzo yulduzidan keyin ko'rinadigan yulduz bo'lib, Xuzoa qabilasi unga sig'inar edilar.

50. Haqiqatan, U avvalgi Od (qabilasi)ni halok etdi.

51. Yana Samud (qabilasi)ni ham. Bas, (ulardan birortasini tirik) qoldirmadi.

52. Yana U ilgari Nuh qavmini ham (halok qilgan edi). Chunki ularning o'zlari o'ta zolim va tug'yonga ketgan kimsalar edilar.

53. Yana U zot ostin-ustin bo'lgan qishloqni (Lut qavmini) ham (halok etgan).

54. Uni o'ragan narsa (yog'ilgan toshlar) bilan o'rab tashladi.

55. Bas, (ey, inson,) Parvardigoringning qaysi ne'matlari haqida shubha qilursan?!

56. Bu (Muhammad) ham avvalgi ogohlantiruvchilardan bir ogohlantiruvchidir.

57. Yaqin bo'luvchi (Qiyomat) yaqin qoldi.

58. Uning uchun Allohdan o'zga ochuvchi (biluvchi) yo'qdir.

59. (Ey, mushriklar,) hali sizlar mana shu So'zdan (Qur'ondan) ajablanayapsizlarmi?!

60. Yig'lamasdan, kulayapsizlarmi?!

61. G'ofillik hollaringda-ya?!

62. Bas, Allohga sajda va ibodat qilingizlar!


Sajda oyati.


QAMAR SURASI

Qamar - oy. Surada oyning ikkiga bo'linib, mo''jiza yuz bergani haqida oyatlar bo'lgani uchun nomi shunday ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1.Qiyomat yaqinlashdi. (Mana) oy ham bo'lindi.

2. Agar ular (Quraysh kofirlari biror mo''jiza ko'rsalar,) yuz o'girurlar va "(Bu) davom etayotgan sehr-ku!" derlar.


Izoh: Makka mushriklari Payg'ambar (a. s.)ga "Agar osmondagi oyni ikkiga bo'lsang, senga ishonamiz", - dedilar. Rasululloh (s. a. v) Allohdan iltijo qilib so'raganlarida, shu mo''jiza yuz bergan. Lekin baribir ular buni ham sehrga yo'yganlar va kufru shirklarida davom etganlar.

3. Ular (payg'ambarni) inkor etdilar va havoyi-nafslariga ergashdilar. Har bir ish qarorini topuvchidir.

4. Ularga (tarixiy) xabarlar kelgan va ularda (yovuzlikdan) taqiq bor edi.

5. (U) yetuk hikmat bo'lsa-da, ogohlantirishlar foyda bermadi.

6. (Ey, Muhammad,) endi Siz ulardan yuz o'giring! Chaqiruvchi (Isrofil) notanish bir narsaga (hisob-kitobga) chaqiradigan Kunda

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:21:21



7. (ular) ko'zlari (qo'rquvdan) quyiga boqlg'an hollarida, go'yo to'zigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib kelurlar!

8. Chaqiruvchi tomoniga shoshganlaricha borar ekanlar, kofirlar: "Bu og'ir Kundir", - derlar.

9. Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi ham (Uni) inkor etgan edi. Ular bandamiz (Nuh)ni yolg'onchiga chiqarishib: "(U) bir majnun", - dedilar va u (payg'ambarlik ijrosidan) to'sib qo'yildi.

10. Shunda u Parvardigoriga: "Men mag'lubdirman, yordam qilgin!" - deb duo qildi.

11. Biz osmon darvozalarini (tinimsiz) quyiluvchi suv bilan ochib yubordik.

12. Yana yerdan buloqlar chiqarib yubordik. Bas, (osmon va Yer) suvi taqdir qilib qo'yilgan bir ish uzra uchrashdilar.

13. Uni (Nuhni) esa taxtalaru mixlar yasamasida (kemada) ko'tardik.

14. U (kema) Bizning "ko'zlarimiz" o'ngida (himoyamizda) suzar. (Bu) inkor qilingan kishi (Nuh) uchun mukofotdir.

15. Biz uni (To'fon asoratini) bir alomat qilib qoldirdik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

16. Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?!

17. Haqiqatan, Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

18. Od (qabilasi ham payg'ambarni) inkor etdi. Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday bo'ldi?!

19. Biz ularning ustiga davomli nahs (shum) kunida bir dahshatli bo'ronni yubordik.


Izoh: Shavvol oyining oxirgi chorshanbasidan boshlab bir hafta.

20. (U) odamlarni sug'uriluvchi xurmo (daraxti) tanalaridek sug'urib ketar edi.

21. Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?!

22. Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

23. Samud (qabilasi ham) ogohlantirishlarni inkor etdi.

24. Bas, aytdilar: "Bizlar o'zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo'lurmiz-ku!

25. Bizlarning oramizdan o'shanga eslatma (vahiy) tashlanibdimi?! Yo'q, u kazzob va kibrlidir".

26. Ular tongla (oxiratda) kim kazzob va kibrli ekanini bilib olurlar.

27. Biz ularni sinash uchun bir tuya yuboruvchidirmiz. Bas, (ey,Solih,) sen (ularni) kuzat va (aziyatlariga) sabr qilib tur!

Qayd etilgan