Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069447 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 ... 63 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:23:07



28. Suvning ular bilan (tuya) o'rtasida taqsimlab qo'yilgani va har bir ichishga (navbat bilan) hozir bo'lish (lozimligi) haqida ularga xabar bergin!

29. So'ngra ular (Samud qabilasi) o'zlarining bir sheriklarini (tuyani so'yishga) chorlagan edilar, u ishga kirishdi va (tuyani) so'yib yubordi.

30. Bas, (ularga) Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday bo'ldi?!

31. Biz ularning ustiga bir qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi qo'raning cho'plari kabi (yakson) bo'ldilar.

32. Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?

33. Lut qavmi (u keltirgan) ogohlantirishlarni inkor etdi.

34. Darvoqe, Biz ularning ustiga (toshli) bo'ron yubordik. Illo, Lut oilasigagina (tong) saharda najot berdik.

35. (Bu) Bizning huzurimizdan bo'lmish ne'matdir. Shukr qilganlarni mana shunday mukofotlaymiz.

36. (Lut) Bizning (azob bilan) ushlashimizdan ularni (o'z qavmini) ogohlantirgan edi, (ammo) ular ogohlantirishlarga shubha bilan qaradilar.

37. Ular (Lutning) mehmon(lar)ini yo'ldan urmoqchi bo'ldilar. Bas, Biz ularning ko'zlarini ko'r qilib qo'ydik. Bas, Mening azobimni va ogohlantirishlarimni totib ko'ringlar.

38. Haqiqatan, erta tongda ularga ustivor azob keldi.

39. Bas, Mening azobimni va ogohlantirishlarimni totib (inkor etib) ko'ringlar.

40. Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

41. Fir'avn zodagonlariga ham ogohlantirishlar keldi.

42. lar Bizning mo''jizalarimizni inkor etganlaridan so'ng, Biz ularni kuchli va qudratli zot ushlashi bilan ushladik.

43. (Ey, Makka ahli,) sizlarning kofirlaringiz ana ulardan yaxshiroqmi yoki sizlar uchun (samoviy) kitoblarda oqlov (vasiqasi) bormi?!

44. Balki, ular: "Biz yenguvchi jamoatdirmiz", - deyishar?!

45. Yaqinda o'sha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar.


Izoh: Bu musulmonlarning Badr jangida erishajak g'alabalari haqida bashorat edi.
 
46. (Bugina emas,) balki ularga va'da qilingan vaqt Qiyomatdir. Qiyomat esa yanada halokatli va achchiqdir.

47. Albatta, jinoyatchilar gumrohlik va nodonlikdadirlar.

48. Ular yuz tuban hollarida do'zax sari sudraladigan Kunda (ularga): "Do'zax ta'sirini totib ko'ringlar!" - (deyilur).

49. Albatta, Biz har bir narsani o'lchov bilan yaratdik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:24:18



50. Bizning farmonimiz faqat birgina ("Bo'l", - degan so'z)dir. (Muddati) ko'z yumib ochgunchadir.

51. Biz sizlarning o'xshashlaringizni halok qildik. Bas, eslatma oluvchi bormi?

52. Ular qilgan har bir narsa bitiklarda (nomai a'mollarida)dir.

53. Har bir kichik va katta (ish Lavhul-Mahfuzda) bitilgandir.

54. Albatta, taqvodorlar jannatlarda va daryolar uzra

55. qodir Podshoh huzuridagi sadoqat maqomida bo'lurlar.


AR-RAHMON SURASI


Ar-Rahmon - Allohning go'zal ismlaridan biri. Surada Alloh taolo insoniyat va jinlarga bu dunyo va oxiratda ato etgan va etajak ne'matlaridan ba'zilarini eslatib, o'ttiz bor: "Bas, Rabbingizning qaysi bir ne'matlarini inkor etasizlar?!" - deb ularga xitob etgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Mehribon (Alloh)

2. Qur'onni ta'lim berdi.

3. (U) insonni yaratdi.

4. Unga bayonni (nutqni) ta'lim berdi.

5. Quyosh ham, oy ham (aniq) hisob bilan (joriydirlar).

6. Poliz ekinlariyu daraxtlar ham (Allohga) sajda qilur (bo'yin sunur).

7. Osmonni baland qilib qo'ydi va tarozini joriy qildi.

8. Toki, tarozida haddan oshmagaysizlar.

9. (Ey, insonlar, muomalada) vaznda adolat o'rnatinglar va tarozidan urib qolmanglar!

10. (U) Yerni odamlar uchun (tekis qilib) qo'ydi.

11. Unda meva va g'unchali xurmo daraxtlari bor.

12. Yana somonli donlar va rayhon (gullari bor).

13. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

14. U insonni (Odamni) sopol yangliq quruq loydan yaratdi.

15. Jin (va shaytonlarni) esa olovdan yaratdi.

16. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:26:01



17. (Alloh) ikki mashriqning (ya'ni, kun va oy chiqadigan tomonlarning) ham, ikki mag'ribning (kun va oy botadigan tomonlarning) ham Parvardigoridir.

18. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

19. U ikki dengiz (daryo)ni bir-birlari bilan uchrashadigan qilib (yonma-yon) oqizib qo'ydi.

20. (Ammo) u ikkisining o'rtasida bir to'siq bo'lib, ular (o'sha to'siqdan) oshib o'tmaslar.


Izoh: Adan ko'rfazi bilan Qizil dengiz tutashgan Bob al-Mandab bo'g'ozida va Atlas ummoni (Atlantik okeani) bilan Oq (O'rta Yer) dengiz tutashgan Jabali Toriq (Gibraltar) bo'g'ozida ikki dengiz suvi bir-biriga aralashmagan holda oqar ekan. Bu haqda 14 asr avval zikr qilinganligini bilgach, mashhur sayyoh kapitan Kusto ham Qur'oni Karimning ilohiy mo''jiza ekanligini tan oldi.

21. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

22. U ikkisidan (dengizdan) marvarid va marjon chiqur.

23. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

24. Uning dengizda (yelkanlari) tog'lar kabi baland ko'tarilgan kemalari ham bordir.

25. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

26. (Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir.

27. Ulug'lik va ikrom sohibi bo'lmish Rabbingizning "yuzi" bog'liy qolur.

28. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

29. Osmonlar va Yerdagi (barcha) jonzot (hojatlarini) Undan so'rar. U har kuni faoliyatdadir.


Izoh: Alloh taolo kecha va kunduzning har bir daqiqa va soniyasida biror ishni qilib turgan bo'ladi. Masalan, birovni kechiradi, birovning hojatini chiqaradi, kimningdir darajasini ko'taradi, kimnidir pastlatadi, nimanidir yaratadi, kimlarnidir dunyoga keltiradi, kimlarnidir vafot ettiradi. Bu oyati karima Alloh shanba kuni yoki yakshanba kuni dam oladi deydigan qavmlarning aqidasi qanchalik puch ekanligiga dalildir. Zero, Alloh taolo mabodo bir lahza dunyoni tasarruf etishdan to'xtasa, yeru osmon vayron bo'lib ketgan bo'lur edi.

30. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

31. Yaqinda (Qiyomatda) sizlar(ni hisob-kitob qilish) uchun foriq bo'lajakmiz, ey, insu jinlar!

32. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

33. Ey, jin va ins jamoasi! Agar sizlar (Allohning jazosidan qochib) osmonlar va Yer hududlaridan o'tib ketishga qodir bo'lsangizlar, o'tib ketaveringizlar! Sizlar kuch-qudratsiz sira o'tib keta olmassizlar!

34. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

35. (U Kunda) ustingizga olovdan iborat bir alanga va tutun yuborilurki, sizlar (unga qarshi) yordam topa olmassizlar.

36. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

37. Bas, qachonki, (Qiyomat qoyim bo'lgach,) osmon yorilib, (jahannam haroratidan) yog'kabi qizarib qolganida,

38. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

39. Ana o'sha Kunda na ins va na jindan (qilib o'tgan) gunohi to'g'risida so'rab o'tirilmas.

40. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:27:12



41. (Balki) jinoyatchi (osiy) kimsalar o'z belgilaridan tanilib, peshona sochi va oyoqlaridan tutilurlar (va jahannamga tashlanular).

42. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

43. Jinoyatchi (osiy)lar yolg'on deydigan jahannam mana shudir.

44. Ular o'sha (jahannam) bilan o'ta qaynoq suv o'rtasida aylanib tururlar.

45. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

46. Parvardigori (huzurida) turishdan (so'ralishdan) qo'rqqan kishi uchun ikki jannat (bog'li) bordir.

47. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

48. (U ikki jannat bog'li qalin) shox-novdalarga egadir.

49. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

50. U ikkisida ikki oqin chashma bordir.

51. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

52. U ikkisida barcha mevadan ikki navi bordir.

53. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

54. (Ahli jannat) astarlari shoyidan bo'lgan ko'rpachalar uzra yastangan hollarida (o'tirurlar). U ikki jannat mevasi yaqindir.

55. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

56. U (jannat)larda shunday ko'zlarini (begona erkaklardan) tiyuvchi (qiz)lar borki, ularga ilgari na ins va na jin tekkandir.

57. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

58. Ular (ning badanlari) go'yoki yoqut va marjondirlar.

59. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

60. Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir.

61. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

62. U ikkisidan quyiroqda yana ikki bog'l bordir.

63. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

64. Ikkisi (sersuv va sersoyalikdan) to'q yashildirlar.

65. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

66. U ikkisida (suvi) tinmay otilib turuvchi ikki chashma bordir.

67. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:29:15



68. U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir.

69. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

70. U (jannat)larda xushxulq va husndor (ayol)lar bordir.

71. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

72. (Ular) chodirlarda asraluvchi hurlardir.

73. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

74. Ularga ilgari na ins va na jin tekkandir.

75. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

76. (Jannat ahli) yashil yostiqlar va go'zal gilamlar uzra yastangan hollarida (o'ltirurlar).

77. Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne'matlarini inkor etasizlar?!

78. Ulug'lik va ikrom sohibi bo'lmish Rabbingizning ismi barakotlidir.


VOQEA SURASI.


Voqea - qiyomat nomlaridan biri.

Surada qiyomat qoyim bo'lganda ro'y beradigan mudhish hodisalar bayonidan boshlanib, oxiratda bandalarning oladigan mukofotlari, jannat ne'matlari, do'zax ahlining azob-uqubatlari tafsiloti bilan davom etadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qachonki, Qiyomat voqe (qoyim) bo'lganda -

2. uning voqe bo'lishining yolg'oni yo'qdir -

3. (u odamlarni) ostin-ustun etuvchidir.

4. Yer larzaga kelgan,

5. tog'lar titilib (to'zib),

6. to'zonga aylangan (bo'lur).

7. Sizlar esa uch toifa bo'lursizlar.

8. Bas, (u uchning birinchisi) o'ng tomon egalaridir. O'ng tomon egalari (bo'lmoq) ne (saodat)dir!

9. (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo'lmoq) ne (baxtsizlik)dir!


Izoh: Qiyomat kuni bu dunyoda qilgan yaxshi-yomon amallari yozilgan nomai a'mollari qaysi tarafidan berilishiga qarab taqdiri ma'lum bo'ladi Kitobi o'ng tomondan berilsa, bu uning baxtli ekaniga dalolat. Agar chap tomonidan yoki orqa tomonidan berilsa, uning baxtsiz ekanligiga ishoratdir.

10. (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o'zib-o'zib ketgan zotlardir.

11. Aynan o'shalar (Allohga) yaqin zotlardir

12. noz-ne'mat bog'larida

13. (O'zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko'pchilik,

14. keyingilar (Muhammad ummatlari)dan esa ozchilikdir.

15. (Ular oltindan) yasalgan so'rilarda,

16. yastangan hollarida bir-birlariga ro'baro' bo'lib (o'ltirurlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:30:57



17. Ustilarida esa mangu yosh bolalar aylanib yururlar

18. oqar chashmadan olinmish (mayli) qadahlar, ko'zalar va kosalar bilan.

19. U (may)lardan ularning boshlari ham oqrimas, mast ham bo'lmaslar.

20. Yana o'zlari tanlab oladigan meva bilan,

21. ishtahalari tortgan qush go'shtlari bilan ham (aylanib tururlar).

22. Yana (ular uchun) ko'zlari keng va tiniq hurlar ham bo'lurki,

23. ular xuddi yopiq marvarid misolidirlar.

24. (Bu) ular (dunyoda) qilib o'tgan amallarining mukofotidir.

25. Ular u joyda behuda va gunoh (so'z)ni eshitmaslar,

26. faqat "Salom-salom" so'zinigina (eshiturlar).

27. O'ng tomon egalari - o'ng tomon egalari (bo'lmoq) ne (saodat)dir!

28. (Ular) tikansiz butazorlarda,

29. tizilgan bananzorlarda,

30. yoyiq soya (osti)da,

31. oqizib qo'yilgan suv (bo'yi)da,

32. ko'plab meva (uzra)ki,

33. (ular) tuganmas va man etilmasdir.

34. Shuningdek, (ular) baland to'shalgan ko'rpachalar (usti)dadirlar.

35. Biz ularni (hurlarni) daf'atan paydo qildik (onadan tuqilmadilar).

36. So'ng ularni bokira qizlar qildik.

37. (Ular) jozibali va tengqurdirlar.

38. (Ular) o'ng tomon egalari uchundir.

39. (O'ng tomon egalari) avvalgi (ummat)lardan ham ko'pchilik,

40. keyingilaridan (Muhammad ummatlaridan) ham ko'pchilikdir.

41. Chap tomon egalari - chap tomon egalari (bo'lmoq) ne (baxtsizlik)dir! -

42. (Ular) Samum (shamoli) va qaynoq suv ichida,


Izoh: Samum - qattiq issiq shamol, garmsel.

43. qora tutun soyasi ostidaki,

44. na sovuqdir va na yoqimli.

45. Ular bundan ilgari (dunyoda) ishratchi edilar.

46. Yana ulkan gunoh (shirk) uzra ustivor edilar.

47.Yana aytar edilar: "Bizlar o'lib tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan ham qayta tiriltiriluvchimizmi?!

48. Avvalgi ota-bobolarimiz hammi?!"

49. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, avvalgilar ham, keyingilar ham

50. ma'lum Kundagi belgilangan vaqtda, albatta, to'planuvchidirlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:32:16



51. So'ngra sizlar, ey, (qayta tirilishni) inkor etuvchi gumrohlar,

52. albatta, (jahannam giyohi) Zaqqum daraxtidan yeguvchi,

53. undan qorinlarni to'ldiruvchidirsizlar.

54. So'ng uning ustiga qaynoq suvdan ichuvchi,

55. (ichganda ham) tashna tuyalar kabi ichuvchidirsizlar.

56. Mana shu jazo Kunidagi ularning "ziyofat"idir.

57. (Ey, insonlar,) sizlarni Biz yaratdik-ku! Bas, (yana qayta yarata olishimizni) tasdiq etmaysizlarmi?!

58. Sizlar (xotinlaringiz bachadoniga) to'kadigan maniy (urug')ni (o'ylab) ko'rdingizmi?

59. Uni sizlar (inson qilib) yaraturmisizlar yoki Biz yaratuvchimizmi?!

60. Sizlarning o'rtangizdagi o'limni ham Biz o'lchab qo'ygandirmiz. Bizdan o'zib ketilmas.

61. Biz (o'rningizga) sizlarga o'xshaganlarni almashtirib qo'yishga hamda sizlarni o'zlaringiz bilmaydigan holat - suratda qayta paydo qilishga ham (ojiz emasdirmiz).

62. Sizlar ilk bor paydo bo'lishlaringiz (qanday bo'lgani)ni bildingiz-ku! Bas, eslatma olmaysizlarmi?!

63. Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida o'ylab ko'rdingizmi?!

64. Uni sizlar undirurmisizlar yoki Biz undiruvchimizmi?!

65. Agar Biz xohlasak, uni quruq cho'p qilib qo'ygan bo'lur edik, sizlar esa ajablanib qolavergan bo'lur edingiz.

66. "Bizlar ziyon ko'ruvchilarmiz.

67. Balki, bizlar (rizqimizdan) mahrumdirmiz" (deb nadomatda qolgan bo'lur edingizlar).

68. Sizlar o'zlaringiz ichayotgan suvni (o'ylab) ko'rdingizmi?!

69. Uni bulutlardan sizlar yog'dirdingizmi yoki Biz yog'diruvchimizmi?!

70. Agar Biz xohlasak, uni sho'r va achchiq qilib qo'ygan bo'lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!

71. Sizlar yog'ayotgan olovni (o'ylab) ko'rdingizmi?!

72. Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?!

73. Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yo'lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo'ydik.

74. Bas, (Ey, Muhammad,) Ulug' Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!

75. Men yulduzlarning botish joylari bilan qasamyod eturman -

76. bu (qasam) agar bilsangizlar, albatta, buyuk qasamdir -.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:34:21



77. albatta, u Qur'oni karimdir

78. yashirin Kitobdagi (Lavhul-Mahfuzdagi).

79. Uni (Qur'onni) tahoratli kishilardan o'zgalar ushlamaslar.

80. (U) olamlar Parvardigori (tomoni)dan nozil qilingandir.

81. Bas, (ey, kofirlar,) sizlar shu So'zga (Qur'onga) beparvolik qilayapsizlarmi?!

82. Yana (Qur'onni) yolg'onga chiqarishingizni o'z rizqingiz qilib olayapsizlarmi?!

83. Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga yetganida,

84. holbuki, o'sha vaqtda sizlar qarab turursizlar.

85. Biz esa unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassizlar.

86. Bas, qani endi, sizlar jazolanmaydigan bo'lsangizlar,

87. va rostgo'y bo'lsangizlaru, o'shani (jonni) qaytara olsangizlar!

88. Bas, agar o'sha (vafot etgan zot Allohga) yaqinlardan bo'lsa,

89. (uning uchun) rohat, rayhon (bo'yi) va ne'matlar jannati bordir.

90. Endi, agar u o'ng tomon egalaridan bo'lsa,

91. bas, (ey, saodatli banda,) senga o'ng tomon egalaridan salom!

92. Bordi-yu, u (dinni) inkor etuvchi gumrohlardan (chap tomon egalaridan) bo'lsa,

93. bas, qaynoq suvdan iborat "ziyofat"

94. va do'zaxning toblashi bordir.

95. Albatta, bu (zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning o'zidir.

96. Bas, Ulug' Rabbingiz nomi bilan tasbeh ayting!


HADID SURASI


Hadid - temir. Suraning 25-oyatida temirning xislatlari ko'p ekani haqida so'z yuritilgan. Shuningdek, surada ilohiy ko'rsatmalar va aqidaviy ta'limotga doir oyatlar bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. U tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. U har narsaga qodirdir.

3. U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir.


Izoh: Allohning sifatlaridan ba'zilari keltirilmoqda. Avval, ya'ni, boshlanishi yo'q. Oxir, ya'ni, tugashi yo'q. U azaliy va abadiydir. Zohir, ya'ni, Uning borligi hamma narsadan bilinib turadi. Botin, ya'ni, Uni bu dunyoda beshta ma'lum sezgi a'zolari bilan ko'rib bo'lmas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:35:42



4. U osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh o'zra mustaviy bo'lgan zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, osmondan tushadigan narsalarni ham, unga (osmonga) ko'tariladigan (yaxshi amal va duolar kabi) narsalarni ham bilur. Sizlar qayerda bo'lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

5. Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. Ishlar faqat Allohga qaytarilur!

6. U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni biluvchidir.

7. (Ey, insonlar,) Allohga va uning payg'ambari (Muhammad)ga imon keltiringlar hamda U sizlarni xalifa qilib qo'ygan narsalardan (boyliklaringizdan) ehson qilinglar! Bas, sizlardan imon keltirgan va ehson qilgan zotlar uchun katta mukofot bordir.

8.Agar sizlar imon keltiruvchi bo'lsangizlar - payg'ambar sizlarni Rabbingizga imon keltirishga da'vat qilar ekan, ahdu paymoningizni olgach, nega sizlar Allohga imon keltirmayapsizlar?!


Izoh: Bu "Almiysoq" voqeasidir. Ya'ni, Alloh taolo dunyoga keluvchi barcha insonlarning ruhlarini ilk bor yaratib, ulardan: "Men Rabbingiz emasmanmi?!" - deb so'ragan. Shunda bo'lajak mo'minlarning ruhlari "Rabbimizsan" deb javob berishgan. Miysoq-ahd. Shu ahdga vafo qilish haqida so'z borayotir.

9. U O'z bandasi (Muhammad)ga sizlarni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan zotdir. Albatta, Alloh, sizlarga mehribon va rahmlidir.

10. Nega sizlar Alloh yo'lida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yer merosi yolg'iz Allohniki-ku! Sizlardan (Makka) fath bo'lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo'lmas. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan Ulug'roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go'zal (mukofot jannat) va'da qilgandir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

11. Allohga "qarzi hasana" (Uning yo'lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o'sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:38:46



12. Mo'min va mo'minalarning oldilarida va o'ng tomonlarida (amal) nurlari yurganini ko'radigan Kunni (eslang)! (O'sha Kunda ulargadeyilur:) "Sizlar uchun bugungi xushxabar - ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu qolinadigan jannatlardir. Bu ulkan yutuqning o'zidir!

13. U Kunda munofiq va munofiqalar imon keltirgan zotlarga: "Bizga qaranglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik", - desalar, (ularga:) "Ortingizga qaytib nur istanglar", - deyilur. So'ng ular (bilan mo'minlar) o'rtasida darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat (jannat), tashqarisida esa azob (do'zax) bo'lur.

14. Ular (mo'minlarga) "Biz (dunyoda) sizlar bilan birga emasmidik", - deb nido qilganlarida, (mo'minlar) derlar: "Ha, lekin sizlar o'zlaringizni fitnaga soldinglar va (bizlarga musibat yetishiga) ko'z tutdinglar hamda (dinimiz to'g'risida) shubhalandinglar va to Allohning amri (o'lim) kelgunicha xom xayollar sizlarni aldadi. Sizlarni Alloh haqida aldovchi (shayton) ham aldab qo'ydi".

15. Mana bugun sizlardan ham, (ey, munofiqlar,) kofir bo'lganlardan ham (azobdan qutulishlaringiz uchun) to'lov olinmas. Joylaringiz do'zaxdir! U sizlarning munosib joyingizdir! Naqadar yomon oqibat bu!

16. Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ng (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ulardan ko'plari fosiq (itoatsiz)dirlar!.

17. (Ey, mo'minlar,) bilinglarki, albatta, Alloh "o'lgan" yerni tiriltirur. Mana Biz aql yurgizishingiz uchun sizlarga (qudratimizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik.

18. Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga "qarzi hasana" berganlar uchun (sadaqalari) bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarilur va ular uchun yana sharafli mukofot bordir.

Qayd etilgan