Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 636339 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 63 B


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:49:48



6. Darhaqiqat, sizlar uchun - Alloh va oxirat Kunidan umidvor bo'lgan kishilar uchun - ularda (mazkurlarda) go'zal namuna bordir. Kimki yuz o'girib ketsa, bas, albatta, Alloh (har narsadan) behojat va hamdga loyiq zotdir.

7. Ehtimol, Alloh sizlar bilan sizlar dushman tutib yurgan kimsalar o'rtasida - (ularni Islomga kiritib) do'stlik paydo qilib qo'yar. Alloh qodirdir. Alloh kechirimli va rahmlidir.

8. Dinlaringiz to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo'lishlaringizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar.

9. Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to'g'risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o'z diyorlaringizdan (haydab) chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalar bilan do'stlashishlaringizdan qaytarur. Kimki ular bilan do'stlashsa, bas, ana o'shalar zolim kimsalarning o'zidir.

10. Ey, mo'minlar, qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo'minalar hijrat qilib kelsalar, sizlar ularni imtihon qilib ko'ringlar! Alloh ularning (dillaridagi) imonlarini yaxshi biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo'mina ekanliklarini bilsangizlar, u holda ularni kofirlarga qaytarmanglar! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir, ularga sarflagan mahrlarini erlariga (qaytarib) beringlar! Qachonki, ularga (erlariga) mahrlarini bersangizlar, ularni nikohlaringizga olishda sizlarga gunoh yo'qdir. (Shuningdek), sizlar ham kofiralarning qo'llarini tutmanglar!* O'zlaringiz sarflagan mahrni talab qilinglar va ular ham sarflagan mahrlarini (mo'minlardan) talab qilsinlar! Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o'rtangizda hukm qilur. Alloh ilm va hikmat sohibidir.


Izoh: Ya'ni kofira xotinlaringiz kofirlar bilan qolishni istasalar, qarshilik qilmangizlar. Izoh(a): "Bu Allohning hukmidir" oyatigacha mahrni qaytarib olishga doir hukmlar mansux bo'lgan, ya'ni amaldan qoldirilgan. (Madorik tafsiri).

11. Agar juftlaringizdan birortasi kofirlar tomoniga o'tib ketsa-yu, (mahrini uning eriga qaytarmasalar) so'ng sizlar jazolasangizlar (va o'lja olsangizlar,) u holda juftlari (kofirlar tomoniga o'tib) ketgan kishilarga ular sarflagan mahr miqdorini beringlar va o'zlaringiz imon keltiruvchi bo'lgan Allohdan qo'rqinglar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:50:47



12. Ey, Payg'ambar, qachonki, Sizning oldingizga mo'minalar kelishib, Sizga o'zlarining Allohga biror narsani sherik qilmasliklariga, o'g'irlik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, o'z bolalarini o'ldirmasliklariga, qo'llari va oyoqlari orasida to'qib oladigan buhtonni keltirmasliklariga* hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmasliklariga qasamyod qilsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag'firat so'rang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. Izoh: Bu oyatdagi bo'hton to'qishdan murod boshqadan tuqilgan bolani o'z eriga sendan deb o'tkazishdir.

13. Ey, imon keltirganlar, Allohning g'azabiga duchor bo'lgan qavm bilan do'stlashmangizlar! Xuddi barcha kofirlar qabr egalari (qayta tirilishlari)dan noumid bo'lganlaridek, ular ham oxiratdan noumid bo'lgandirlar.


SAF SURASI


Saf - saf tortish, qator turish.

Surada Muso va Iso (a. s.)larning o'z qavmlaridan ozorlanishlari, Alloh yo'lida jihod qilish va boshqa muhim ma'lumotlarni o'qiysiz.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. Ey, imon keltirganlar, sizlar nega o'zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!

3. Sizlarning o'zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz, Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir.

4.Albatta, Alloh O'zining yo'lida go'yo tutash binolardek saf tortib, jang qiladigan zotlarni sevar. Eslang, Muso o'z qavmiga: "Ey, qavmim, nega sizlar menga Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambari ekanimni bila turib, ozor berursizlar?" - degan edi.

5. Bas, qachonki, ular (Haq yo'lidan) og'ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og'dirib qo'ydi. (Zotan), Alloh fosiqlar qavmini hidoyat etmas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:51:49



6. Eslang, Iso ibn Maryam: "Ey, Isroil avlodi, men Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambaridirman. (Men) o'zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o'zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg'ambar haqida xushxabar beruvchiman", - degan edi. Bas, qachonki, (Iso) ularga (payg'ambar ekaniga) hujjat (mo''jiza)larni keltirgach, ular "bu aniq sehr", - dedilar.

7. O'zi Islomga da'vat qilinayotganda (uni qabul qilish o'rniga) Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas.

8. Ular Allohning nurini (Islomni) og'izlari (behuda gaplari) bilan o'chirmoqchi bo'lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar ёqtirmasalarda, O'z nurini (dinini) kamolga yetkazuvchidir.

9. U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir.

10. Ey, imon keltirganlar, sizlarni alamli azobdan qutqaradigan bir "tijorat"ga boshlayinmi?

11. (O'sha "tijorat" shuki) - Alloh va Uning payg'ambariga imon keltirursizlar va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilursizlar. Mana shu, agar bilsangizlar, o'zlaringiz uchun yaxshi (ish)dir.

12. (Agar shunday qilsangizlar, Alloh) sizlarning gunohlaringizni mag'firat qilur hamda sizlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga va abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur. Bu esa ulkan yutuqdir.

13. (Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne'matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo'lajak g'alaba va yaqin(da ro'y beruvchi) fathdir*. (Ey, Muhammad,) mo'minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing!


Izoh: U Makka fathidir. Bu voqea hijratning sakkizinchi yili ro'y berdi. Ya'ni, Makka ahli qurolli to'qnashuvsiz o'z ixtiyorlari bilan Islomga kirdilar.

14. Ey, imon keltirganlar, Allohning yordamchilari bo'lingiz! Xuddi Iso ibn Maryam havoriylarga: "Allohga (ya'ni, uning diniga da'vat qilishimda) kim mening yordamchilarim bo'lur?" - deganidek. Havoriylar aytdilar: "Biz Allohning (diniga) yordam beruvchilarmiz". Bas, Isroil avlodidan bir toifa (Isoga) imon keltirdi. Va bir toifa kofir bo'ldi. Bas, Biz imon keltirgan zotlarni dushmanlaridan kuchli qildik, bas, ular g'olib bo'ldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:53:00



JUM'A SURASI

Surada bir necha muhim ma'lumotlar qatorida jum'a namozining ahamiyati, unga azon aytilganda, savdoni to'xtatib uning sari ravona bo'lish lozimligi, Tavrot va Injilga amal qilmagan ahli kitoblar tanqidi va boshqa eslatmalar aks ettirilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa (mutlaq) podshoh, (nuqsonlardan) pok, qudrat va hikmat sohibi bo'lmish Allohga tasbeh aytur.

2. U (Alloh) omiylar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar.

3. (Alloh uni) yana ulardan boshqalarga - ularga yetisha olmagan (dunyoga keyin keladigan insonlarga ham yubordi). U qudrat va hikmat sohibidir.

4. Bu Allohning fazlidirki, uni O'zi xohlagan kishilarga berur. Alloh ulug' fazl sohibidir.

5. Tavrot yuklatilgan (berilgan), so'ngra uni ko'tara olmagan (unga amal qilmagan) kimsalarning misoli xuddi kitoblarni ko'tarib ketayotgan eshakka o'xshaydi. Allohning oyatlarini inkor etgan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas.

6. (Ey, Muhammad,) ayting: "Ey, yahudiy bo'lganlar, agar sizlar (boshqa) odamlarni emas, faqat o'zlaringizni Allohning do'stlari deb da'vo qilsangizlar - agar (shu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar - o'limni orzu qilinglar-chi?"

7. Qo'llari (o'zlari) qilib qo'ygan ishlari (Tavrotga xilof qilmishlari) sababli hech qachon (o'limni) orzu qila olmaslar. Alloh zolimlarni biluvchidir.

8. Ayting: "Sizlar qochayotgan o'lim, albatta, sizlarga yo'liquvchidir! So'ngra sizlar yashirin va oshkora narsalarni biluvchi (Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, U zot sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berur".

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:54:27



9. Ey, imon keltirganlar, qachonki, jum'a kunidagi namozga (azon) chaqirilsa, darhol Allohning zikri sari harakatga tushingizlar va savdo-sotiqni tark qilingizlar! Agar biladigan bo'lsangizlar, mana shu (ish) o'zlaringiz uchun yaxshidir.

10. Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringizlar! Allohni ko'p yod etingizlar, shoyad (shunda) najot topursizlar.

11. Qachonki, ular biror tijoratni yoki o'yin-kulgini ko'rib qolsalar, o'shanga qarab tarqalib ketib, Sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark eturlar. Ayting: "Alloh huzuridagi narsa (mukofotlar) o'yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir. Alloh rizq beruvchilarning yaxshirog'idir".


Izoh: Darhaqiqat, bu bo'lgan voqea ekanligi rivoyatlarda sobitdir. Qaysiki, Madinada jum'a namozi oldidan Rasululloh minbarda xutba aytib turganlarida tijoratchilar karvoni yuk bilan kelib qoladi. Buni sezgan namozxonlarning ko'pchiligi namozni tark etib, karvon sari ketib qoladilar. Mana shu nuqsonni Alloh Taolo tanbeh uchun eslatmoqda.


MUNOFIQUN SURASI

Suraning nomi uning mazmuniga dalolat qilib turibdi. Unda munofiqlar tanqididan boshqa ilohiy eslatma va nasihatlar ham mavjud.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) munofiqlar huzuringizga kelib: "Guvohlik beramizki, Siz, albatta, Allohning pay'g'ambaridirsiz", - derlar. Siz Uning payg'ambari ekanligingizni Alloh albatta bilur va Alloh munofiqlarning haqiqatan yolg'onchi ekanliklariga ham guvohlik berur.

2. Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sdilar. Ularning qilib yurgan amallari naqadar yomondir!

3. Bunga sabab ularning (tillarida) imon keltirib, so'ngra (dillarida) kofir bo'lganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qo'yildi. Endi ular (haqiqatni) anglay olmaslar.

4. Ularga qarasangiz, ularning gavdalari Sizni ajablantirur, so'zlaganlarida esa so'zlariga beixtiyor quloq solursiz. Ular go'yo (devorga) suyab qo'yilgan (chirik) ёg'ochlarga o'xshaydilar. Ular har bir qichqiriq (ovoz)ni ustilariga (tushayotgan balo va ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot bo'ling! Ularni Alloh ursin! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar o'zi?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:55:16



5. Qachonki, ularga: "Kelinglar, Allohning payg'ambari sizlar uchun mag'firat so'rasin!" - deyilsa, albatta, ular boshlarini burib keturlar va ularni kibrlangan hollarida yuz o'girishlarini ko'rarsiz.

Izoh: Bu oyatlar mashhur munofiq Abdulloh ibn Salul haqida nozil qilingan. U muhojirlarni haqorat qilib, so'ngra qilmishidan tongan. Rasululloh huzuriga borib uzr so'rashdan bosh tortgan. Kibru havosi va g'ururi bunga yo'l qo'ymagan.
 
6. (Ey,Muhammad,) Siz ular uchun mag'firat so'radingizmi yoki mag'firat so'ramadingizmi - ularga barobardir - Alloh ularni sira mag'firat qilmas. Albatta, Alloh fosiqlar qavmini hidoyat etmas.

7. Ular (o'zlarining tobelariga): "Allohning payg'ambari huzuridagi kishilarga ehson qilmanglar, toki ular tarqalib ketsinlar", -deydigan kimsalardir. Holbuki, osmonlar va Yer xazinalari faqat Allohnikidir. Lekin, munofiqlar (buni) anglamaslar.

8. Ular: "Qasamki, agar Madinaga qaytsak, albatta, kuchlilar kuchsizlarni undan (haydab) chiqarur", - derlar. Holbuki, kuch-qudrat faqat Allohniki, Uning payg'ambariniki va mo'minlarnikidir. Lekin, munofiqlar (buni) bilmaslar.

9. Ey, mo'minlar, na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg'itib qo'ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi kimsalardir.

10. Sizlarning (har) biringizga o'lim kelganda: "Ey, Rabbim, meni ozgina (hayotda) qoldirsang, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo'lsam", - deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz!

11. Alloh biror jonni ajali kelganida kechga qoldirmas. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:56:13



TAG'OBUN SURASI

Tag'obun - bir-birini muomalada aldashdir. Surada qiyomat kuni va qayta tirilishning haqligi, bu dunyoning bevafo va muvaqqatligi, Payg'ambarga itoat qilishga da'vat va boshqa ilohiy ko'rsatmalar o'z ifodasini topgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. Hukmronlik faqat Unikidir va hamd yolg'iz Unga xosdir. U har narsaga qodirdir.

2. U sizlarni yaratgan zotdir. Bas, sizlardan (ba'zilaringiz) kofir va sizlardan (ba'zilaringiz) mo'mindir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

3. U osmonlar va Yerni Haq (hikmat) bilan yaratdi va sizlarga surat (shakl) berdi - suratlaringizni go'zal qildi. Qaytish faqat Uning huzurigadir.

4. U osmonlar va Yerdagi (bor) narsani bilur. Alloh dillardagi sirlarni biluvchidir.

5. (Ey, Makka kofirlari,) sizlarga oldin kofir bo'lib, so'ng (shu dunyodayoq) o'z ishlarining ziyonini totgan kimsalarning xabari kelmadimi?! Yana ularga (oxiratda) alamli azob ham bordir.

6. Bunga sabab, ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida, ular: "Bizlarni (o'zimizga o'xshagan) bashar (avlodlari) hidoyat qiladilarmi?!" - deyishib, kofir bo'lganlari va (imondan) yuz o'girib ketganlaridir. (Shunda) Alloh behojat ekanini ko'rsatdi. Alloh behojat va hamdga loyiq zotdir.

7. Kofir bo'lgan kimsalar o'zlarini hech qachon qayta tirilmaymiz, deb gumon qildilar. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Yo'q! Rabbimga qasamki, albatta, qayta tiriltirilursizlar, so'ngra, albatta, sizlarga qilgan amallaringizning xabari berilur. Bu Allohga osondir".

8. Bas, sizlar Allohga, Uning payg'ambariga va Biz nozil qilgan Nur (Qur'on)ga imon keltiringlar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

9. (Alloh) sizlarni to'playdigan "to'planish Kuni"ni (eslangiz)! Bu (odamlar) o'zaro aldanib qoladigan Kundir. Kimki Allohga imon keltirgan va yaxshi amal qilgan bo'lsa, (Alloh) uning yomonlik (gunoh)larini o'chirur va uni ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy qolinadigan jannatlarga kiritur. Bu esa ulkan mukofotdir.

 

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:56:54



10. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ana o'shalar do'zax ahli bo'lib, o'sha joyda mangu qoluvchidirlar. Naqadar yomon oqibat bu!

11. (Insonga) biror musibat yetgan bo'lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (yetur). Kimki imon keltirsa, U uning qalbini to'g'ri yo'lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir.

12. Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga bo'ysuningiz! Bas, agar (itoatdan) bosh tortsangiz, u holda (bilingizki), Bizning payg'ambar zimmasida faqat (vahiylarimizni sizlarga) aniq yetkazish bor, xolos.

13. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, mo'minlar faqat Allohgagina tavakkul qilsinlar!

14. Ey, mo'minlar, albatta, xotinlaringiz va farzandlaringizdan sizlar uchun dushman (chiqadiganlari) ham bordir. Bas, ulardan ehtiyot bo'linglar! Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag'firatli va rahmlidir.

15. Sizlarning mol-mulklaringiz va farzandlaringiz faqat bir sinovdir. Ulug' mukofot esa Allohning huzuridadir.

16. Bas, toqatlaringiz yetganicha Allohga taqvoda bo'lingizlar, (nasihatga) quloq tutingizlar va itoat etingizlar hamda ehson qilingizlar, (mana shu) o'zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Kimki o'z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, aynan o'shalar iqbollidirlar.

17. Agar sizlar Allohga "qarzi hasana" bersangizlar (muhtojlarga ehson qilsangizlar), U sizlarga bir necha barobar qilib qaytarur va (gunohlaringizni) mag'firat qilur. Alloh minnatdor va halimdir.

18. (U) yashirin va oshkora ishlarni biluvchi, qudrat va hikmat sohibidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:57:43



TALOQ SURASI

Eridan ajralgan, ya'ni, taloq qilingan ayol qancha idda o'tirishi, uni to iddasi chiqqunga qadar joy va nafaqa bilan ta'minlab turish erning burchi ekanligi, Payg'ambarimizning o'z ummatlariga nisbatan jaholat zulmatidan imon nuri sari yetaklab chiquvchi xaloskor ekanliklari va boshqa ilohiy nasihatlar bu suradan joy olgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, Payg'ambar, qachonki, sizlar (mo'minlar) xotinlaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (poklik paytlarida) taloq qilinglar va iddani sananglar! Rabbingiz - Allohdan qo'rqinglar! (Idda tugaguncha) ularni (yashab turgan) uylaridan (haydab) chiqarmangizlar va ular ham o'zlaricha chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh (buzuqlik yoki idda o'tmay chiqib ketish kabi) ishni qilsalargina (uylaridan chiqarilurlar). Bu Allohning chegaralaridir. Kimki, Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o'tsa, demak, u o'ziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol, Alloh bu (taloq)dan keyin biror ishni paydo qilar.

2. Bas, qachonki, (idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolinglar yoki yaxshilik bilan (haqqi-mahrlarini berib) ajrashinglar. Va (yarashayotgan yoki ajralishayotganda) o'zlaringizdan (musulmonlardan) ikki adolatli guvohni hozir qilinglar va guvohlikni Alloh uchun mukammal ado etinglar! Bu (hukm)dan faqat Allohga va oxirat Kuniga imon keltiruvchi kishi pand olur. Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo'lini (paydo) qilur.

3. Yana, uni o'zi o'ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O'zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh O'zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (o'lchov) qilib qo'ygandir.

4. Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko'rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangizlar, bas, (bilingizki,) ularning iddalari uch oydir, yana (haligacha hayz ko'rmaganlarning (iddalari) ham. Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo'yishlari (ko'z yorishlari)dir. Kimki Allohga taqvo qilsa, (Alloh) uning ishini oson qilur.

5. Bu Allohning sizlarga nozil qilgan amridir. Kimki Allohga taqvo qilsa, uning yomonlik (gunoh)larini o'chirur va uning mukofotini buyuk qilur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:58:29



6. Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o'zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringlar va ularni (turgan joylaridan) siqib chiqarish maqsadida ularga zarar yetkazmanglar! Agar ular homilador bo'lsalar, u holda, to homilalarini qo'ygunlaricha, ularga nafaqa berib turinglar! Bas, agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar, u holda ularning haqlarini beringlar! (Emizish xususida) yaxshilik bilan o'zaro kelishib olinglar! Agar (kelisha olmasdan) tang holga tushsangizlar, bas, u (ota) uchun (bolasini) boshqa (bir ayol) emizur.

7. Boy kishi o'z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag'al) bo'lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O'zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag'allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur.

8. Qanchadan-qancha qishloq (shahar)lar borki, o'z Parvardigorlari va Uning payg'ambarlari amridan bosh tortgandirlar, bas, Biz ularni qattiq hisob-kitob qilganmiz va xunuk azob bilan azoblaganmiz.

9. Bas, u (qishloq-shaharlarning ahli) o'z qilmishlarining uvolini totdilar va bu ishlarining oqibati ziyon ko'rish bo'ldi.

10. Alloh ularga (oxiratda ham) qattiq azobni tayyorlab qo'ygandir. Bas, ey, imon keltirgan aql egalari, Allohdan qo'rqinglar! Darvoqe, U zot, sizlarga Zikrni (Qur'on)ni nozil qildi.

11. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga Allohning bayon etuvchi oyatlarini tilovat qiladigan payg'ambarni (Muhammadni yubordi). Kimki Allohga imon keltirsa va solih amal qilsa, (Alloh) uni ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy qolinadigan jannatlarga kiritur. Haqiqatan, Alloh uning uchun go'zal rizq (jannat rizqini ato) etgan bo'lur.

12. Alloh yetti osmonni va Yerdan ham o'shancha miqdorni (yetti qavatni) yaratgan zotdir. (Allohning) amri (farmoni) ularning (osmon va Yer) o'rtasida nozil bo'lib turar. Toki sizlar Allohning barcha narsaga qodir ekanini va Alloh barcha narsani (O'z) bilimi bilan ihota qilib olganini bilishlaringiz uchun (U shunday qildi).

Qayd etilgan