Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069071 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 B


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:20:31



40. Bas, mashriqlar va mag'riblarning Parvardigoriga qasamki, albatta, Biz qodirdirmiz

41. ulardan yaxshiroq (insonlarga) almashtirib qo'yishga. Bizdan (bu ishda) o'zib ketilmas.

42. Bas, (ey, Muhammad,) ularga qo'yib bering! Ular, to o'zlariga va'da qilinayotgan kunlariga yo'liqqunlaricha, (xom xayollariga) sho'ng'ib, o'ynab yuraversinlar!

43. U kunda ular go'yo (o'zlari sig'inadigan) butlarga qarab chopishayotgandek shoshilgan,

44. ko'zlari qo'rquvda, xorlik ularni egallab olgan hollarida qabrlaridan chiqib kelurlar. Mana shu ularga va'da qilib yurilgan Kundir.


NUH SURASI


Surada Nuh (a.s.)ning o'z qavmlarini imonga da'vat qilgan kezlarida ulardan ko'rgan jabru jafolari va oxiri tavfiq topmagan kofir qavmlarining tug'yoni avj olib ketgandan keyin ularning haqlariga duoi bad qilganlari to'g'risida oyatlar bayon etilgan. Rivoyatlarga ko'ra, Nuh (a.s.) 950 yil payg'ambarlik qilganlar. Axiri Alloh tomonidan to'fon balosi yuborilib, kufr va zulm egalari tamomila halok etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Haqiqatan, Biz Nuhni: "Qavmingni ularga alamli azob kelmay turib ogohlantirgin", - deb o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik.

2. U dedi: "Ey, qavmim, albatta, men sizlarga (yuborilgan) aniq ogohlantiruvchidirman.

3. Allohga ibodat qilinglar, Undan qo'rqinglar va menga itoat etinglar,

4. (shunda Alloh) sizlarni gunohlaringizdan o'tar va sizlarni belgilangan muddatgacha (ajalingiz yetgunicha tirik) qoldirar. Agar biluvchi bo'lsangizlar, Allohning muddati kelganda, aslo kechga qoldirilmas".

5. (U) dedi: "Ey, Rabbim, men qavmimni kecha-yu kunduz (imonga) da'vat etdim.

6. (Ammo) mening da'vatim ularga faqat (imondan) qochishni ziyoda qildi, xolos.

7. Darvoqe, har gal men ularni Sening mag'firatingga (din yo'liga) da'vat etsam, ular (eshitmaslik uchun) barmoqlarini quloqlariga tiqib, kiyimlariga o'ralib oladilar va (o'z kufrlarida) qattiq turib oladilar hamda (menga itoat etishga) kibr qiladilar.

8. So'ngra men ularni oshkora da'vat etdim.

9. So'ngra men ularga (o'z da'vatimni) (ochiq) e'lon ham qildim, pinhona qilib ham aytdim.

10. Bas, dedimki: - Rabbingiz (Alloh)dan mag'firat so'rangizlar, albatta, U o'ta kechirimli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:22:57



11. (Shunda U) ustilaringizga osmondan yomg'ir yog'dirur,

12. sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog'lar (ato) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur.

13. Nega sizlar Allohni ulug'lashni (ibodat qilishni) o'ylamaysizlar?!

14. Holbuki, U sizlarni bosqichma-bosqich yaratgan bo'lsa?!

15. Ko'rmadingizmi, Alloh yetti osmonni qanday ustma-ust qilib yaratdi.

16. Oyni ular ichida nur qilib, quyoshni esa chiroq qilib qo'ydi.


Izoh: Tafsirlarda yozilishicha, oy birinchi, quyosh esa to'rtinchi osmonlarda nur va ziyo taratib turadilar. Abdulloh ibn Abbos (r.a.)dan qilingan rivoyatda aytilishicha, oy ham, quyosh ham yuz (old) tomonlari osmonlarga, orqa tomonlari yerga qarab turar emish. Vallohu a'lam (Madorik tafsiri).

17. Alloh sizlarni (Odamni) yerdan undirdi (paydo qildi).

18. So'ngra (vafot etganlaringizda) sizlarni yana (yerga) qaytarur va (Qiyomatda) sizlarni yana chiqarur.

19. Alloh yerni sizlar uchun to'shak qildi,

20. toki undagi keng yo'llarda yurgaysizlar.

21. Nuh (yana) aytdi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, ular menga itoatsizlik qildilar hamda (topgan) mol-dunyosi va farzandlari o'ziga faqat ziyonni oshiradigan kimsalarga ergashib ketdilar".

22. ( Ular) juda katta makr qildilar.

23. (O'zlariga ergashgan kimsalarga:) "Sizlar o'z ilohlaringizni sira tark etmanglar! "Vad"ni ham, "Suvo'"ni ham, "Yag'us"ni ham, "Ya'uq"ni va "Nasr"ni ham sira tark etmangizlar!" - dedilar. [/b]

Izoh: Vad, Suvo', Yag'us, Ya'uq, Nasr - ular siqinadigan ma'buda - sanamlarning nomlaridir.

24. Darhaqiqat, ular (Nuh qavmining kofirlari) ko'p (kishilar)ni yo'ldan ozdirdilar. "(Ey, Rabbim,) zolimlarga faqat gumrohlikni ziyoda qilgin!" (dedi Nuh).

25. Ular o'z xato (gunoh)lari sababli g'arq qilinib, (suv balosidan so'ng yana) olovga kiritildilar. Bas, o'zlariga Allohdan o'zga yordam beruvchilarni topmadilar.


Izoh: Bu qabr azobiga dalolat qiladigan oyatlardandir.

26. Nuh aytdi: "Ey, Rabbim, yer yuzida kofirlardan birorta (tirik) yuruvchini qoldirmagin.

27. Chunki, Sen agar ularni qoldirsang, bandalaringni yo'ldan ozdirurlar va faqat, fosiq, noshukr(lar)ni tuqarlar.

28. Ey, Rabbim, meni, ota-onamni, uyimga mo’min holda kirgan kishilarni va barcha mo’minu mo’minalarni mag'firat etgin! Zolimlarga esa faqat halokatni ziyoda qilgin!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:25:05



JIN SURASI

Surada bir guruh jinlar toifasi Rasululloh huzuriga kelib, Qur'on tilovatini tinglab, so'ng imon keltirganlari, umuman jinlar bilan insonlar o'rtasidagi munosabatlar, ularning samoviy vahiylarga aloqasi va boshqa muhim ma'lumotlar o'z ifodasini topgan. Ma'lumki, Muhammad (a.s.) insonlarga ham, jinlarga ham barobar payg'ambar etib yuborilganlar. Binobarin, jinlar ichida ham mo’minlari va kofirlari, yaxshilari va yomonlari bor. Eng yovuzlarini shaytonlar deb ataladi. Jinlar olovdan, farishtalar nurdan yaratilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) ayting: "Menga vahiy qilindiki, jinlardan bir guruhi (Qur'on tilovatimni) eshitib, (o'z qavmlariga borib), dedilar: "Darhaqiqat, bizlar ajib bir Qur'onni eshitdik. 

2. U to'g'ri yo'lga hidoyat qiladi. Bas, darhol unga imon keltirdik. Bizlar (endi) Rabbimizga hech kimni sira sherik qilmasmiz. 

3. Albatta, buyukligi oliy bo'lmish Rabbimiz biror juft va yo farzand tutgan emasdir. 

4. Albatta, bizlarning ichimizdagi ablah (iblis) Alloh sha'niga ("Uning xotini va farzandi bor", - deb) tutruqsiz so'z aytar edi. 

5. Yana ins ham, jin ham Alloh sha'niga sira yolg'on so'zlamas, deb o'ylar edik.

6. Insdan bo'lmish (ayrim) kishilar jindan bo'lmish kimsalardan panoh tilashar, ularga esa yanada haddan oshishni ziyoda qilur edilar. 

7. Albatta, ular (insonlarning kofirlari) ham xuddi sizlar gumon qilganingizdek, Alloh biror kimsani qayta tiriltirmas, deb gumon qilganlar.

8. Bizlar (farishtalardan vahiyni eshitib olish uchun) osmonga daxldor bo'lgan edik, uning kuchli qo'riqchi (farishta)lar va (jinlarga otiluvchi uchar) yulduzlar bilan to'la ekanligini ko'rdik. 

9. Biz (ilgari) undan (osmondan ba'zi) joylarga (farishtalar so'zlarini) eshitib olish uchun o'tirib olar edik. Endi hozir (Muhammad payqambar bo'lgach,) kimki (qaysi jin) tinglamoqchi bo'lsa, o'zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni topar.

10. Biz yerdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga to'g'ri yo'lni iroda qilganmi, bilmasmiz.

11. Albatta, bizlarning oramizda yaxshilar ham bordir va (shuningdek) oramizda undan berilar (yomonlar) ham bordir. Bizlar (ilgari) turli-tuman yo'llarda edik. 

12. Bizlar yana (Qur'onni eshitganimizdan so'ng) bildikki, yer (yuzi)da Allohni ojiz qoldira olmasmiz va Undan (jazosidan) qochib qutila olmasmiz. 

13. Biz Hidoyatni (Qur'onni) eshitdigu unga imon keltirdik. Bas, kimki Parvardigoriga imon keltirsa, demak, u (yaxshiliklarning) kamayib qolishidan ham, (yomonliklarning) ortib ketishidan ham xavfi bo'lmas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:27:01



14.  Oramizda musulmonlar ham bor, (shuningdek) oramizda (yo'ldan) ozganlar ham bordir. Bas, kimki musulmon bo'lsa, demak, aynan o'shalar to'g'ri yo'lni maqsad qilib olibdilar. 

15. Ammo (yo'ldan) ozganlarga esa, bas, ular jahannamga o'tin bo'luvchi kimsalardir". 

16. Albatta, agar ular (To'g'ri) yo'lda ustivor turganlarida, albatta, Biz ularni serob qilgan bo'lur edik.

17. Bu bilan ularni sinagan bo'lur edik. Kimki Parvardigorining zikridan (Qur'ondan) yuz o'girsa, (U) uni qattiq azobga yo'llar. 

18. Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (majidlarda) Alloh bilan qo'shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangizlar! 

19. Yana Allohning bandasi (Muhammad) Unga ibodat qilib turganida, ular (jinlar Qur'on eshitish uchun) uning ustida g'uj-g'uj bo'lib yiqila boshladilar. 

20. (Ey, Muhammad kofirlarga) ayting: "Men faqat Rabbimgagina ibodat qilurman va Unga hech kimni sherik qilmasman".

21. Ayting: "Men sizlarga zarar va (yoki) to'g'ri yo'l (berish)ga molik emasdirman".

22. Ayting: "Albatta meni Alloh(ning azobi)dan biror kimsa himoya qila olmas va men Undan o'zga panoh ham topa olmasman. 

23. (Men) faqat Alloh tomonidan yetkazishga va Uning elchilik vazifalarigagina (egadirman). Kimki Alloh va Uning payqambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o'sha joyda mangu qolurlar. 

24. O'zlariga va'da qilinayotgan azobni ko'rganlaridan keyingina kimning yordamchisi zaifroq va sanog'i ham ozroq ekanini bilajaklar". 

25. (Ey, Muhammad, kofirlarga) ayting: "Sizlarga va'da qilinayotgan azob yaqinmi yoki Rabbim unga (uzoqroq) muhlat qilganmi, bilmasman."

26. (U) g'aybni biluvchidir. Bas, O'z g'aybidan biror kimsani xabardor qilmas. 

27. Faqat O'zi rozi bo'lgan (tanlagan) payqambarnigina (O'zining ba'zi qaybidan ogoh etar). Bas, albatta, U (Alloh) (har bir payg'ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi (farishta) yo'llar.

28. Toki (payg'ambarlar) Parvardigorlarining elchilik vazifalarini (ummatga) yetkazganliklarini bilish (sinash) uchun (shunday qilur). U (payg'ambarlar) huzuridagi (bor) narsani (ilmu amallarni) ihota qilib olgandir va (koinotdagi) har bir narsaning sanog'ini hisoblab qo'ygandir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:29:26



MUZZAMMIL SURASI

Muzzammil - o'ralib olgan, ya'ni, biror narsadan qo'rqqan kishi arablar odati bo'yicha kiyim yoki to'shaklariga o'ralib olishga harakat qilar ekan. Payg'ambarimiz (a.s.) ham mushriklarning bergan aziyatlaridan xafa bo'lib o'ralib yotganlarida, shu suraning oyatlari nozil bo'lgan deyiladi. Unda Rasul (a.s.)ga Alloh taolo tungi ibodat qoidalaridan ta'lim beradi. Tunni faqat uyqu bilan ham emas yoki faqat ibodat bilan ham emas, balki har ikkisiga ham ma'lum vaqt ajratish to'g'risida ko'rsatma beriladi. Surada vahiy "og'ir so'z" deb atalgan. Darhaqiqat, Qur'oni karimni Jabroil (a.s.) oyat-oyat, sura-sura shaklida Payg'ambar (a.s.)ga olib kelganlarida uni qabul qilib olish jarayoni qanchalik og'ir kechsa, ulardagi ahkomlarni hayotga tadbiq etish undan-da og'ir kechar edi. Surada aytilgan tilovat qoidalari, ya'ni, Qur'onni tajvid va tartil bilan aniq tilovat qilish mas'uliyati barcha mo’minlar uchun ham taalluqlidir.   

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, (kiyimlariga) o'ralib olgan kishi (Muhammad),

2. tunda (bedor bo'lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin).

3. Ya'ni, yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham bir oz kamaytiring.

4. Yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (yarmidan ko'prog'ida uxlang) va Qur'onni tartil bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!

5. Zero, Biz Sizga og'ir So'zni (Qur'onni) tushirajakmiz.

6. Albatta, kechasi (ibodat uchun bedor bo'lib) turish faoliyat jihatidan og'irroqdir, (lekin) so'z (so'zlash, qiroat qilish) jihatidan to'g'ri keladiganroqdir.

7.  Albatta, Siz uchun kunduzi davomli mashg'ulot bordir.

8. Rabbingizning nomini (mudom) yod eting va Unga butunlay ajraling!

9. (U) mashriq va mag'ribning Parvardigoridir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, Unigina vakil (homiy) qilib oling!

10. Ular (mushriklar) aytayotgan so'zlarga (ozorlariga) sabr qiling hamda ularni chiroyli tarzda tark eting!

11. (Sizni) inkor etuvchi (o'sha) ne'mat ahlini Menga qo'yib bering va ularga ozgina muhlat bering!

12. Haqiqatan, Bizning huzurimizda kishanlar va do'zax bordir.

13. Yana (tomog'dan) yaxshi o'tmaydigan (yiring va qon kabi) "taom" hamda alamli azob bordir.

14. U Kunda Yer va tog'lar larzaga kelar va tog'lar to'zib ketuvchi qumtepalarga aylanib qolur!

15. (Ey, Makka ahli,) Biz sizlarga xuddi Fir'avnga payg'ambar yuborganimiz kabi sizlarga guvohlik beruvchi payg'ambarni (Muhammadni) yubordik.

16. (O'shanda) Fir'avn (Muso) payg'ambarga itoatsizlik qilgach, Biz uni qattiq ushlash bilan ushladik.

17. Bas, agar sizlar kofir bo'lsangizlar, (o'z dahshati bilan) bolalarni qaritib, oqsochlarga aylantirib qo'yadigan Kun(ning azobi)dan qanday saqlanursizlar?!

18. U (dahshat) sababli osmon ham yoriluvchi, (Allohning) va'dasi amalga oshuvchidir.

19. Albatta, ushbu (oyatlar) eslatmadir. Bas, kim xohlasa, (u sababli) Parvardigori sari yo'l tutar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:31:34



20.   (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingiz Siz va Siz bilan birga bir toifa (sahobalaringiz) kechaning uchdan ikkisidan ozrog'ida, ba'zida uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo'lib, namozda) turishlaringizni bilur. Kecha va kunduz (miqdori)ni Alloh belgilar. U sanog'iga yeta olmaslaringizni bilib, tavbalaringizni qabul etdi. Endi (kechalari namozlaringizda) Qur'ondan oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringizlar. U sizlarning orangizda bemorlar bo'lishini, boshqalar Allohning fazli (rizqi)ni istab, yer yuzida safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo'lida jangga chiqib ketishlarini bildi. Bas, (qiynalmay Qur'ondan) oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringlar. Namozni to'kis ado etinglar, zakotni (o'z joyiga) beringlar va (miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga "qarzi hasana" beringlar! O'zlaringiz uchun taqdim qiladigan yaxshilikni (Qiyomat kuni) Allohning huzurida yanada yaxshiroq va ulug'roq mukofot holida topursizlar. Allohdan mag'firat so'ranglar! Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir.

 
MUDDASSIR SURASI


Muddassirning ma'nosi ham oldingi suradagi muzzammil ma'nosi bilan bir xildir. Surada Islom diniga da'vat etishda Payg'ambar (a. s.)ga yuklangan burch va vazifalar, bu yo'ldagi mashaqqatlarga sabr qilish zarurligi, qiyomatda bo'ladigan ishlar, jannat, do'zax, hisob-kitob, jannat ahli bilan do'zax ahli o'rtasidagi savol-javoblar va boshqa ilohiy o'gitlar mavjud.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, (liboslariga) burkanib olgan kishi (Muhammad),

2. turing-da, (insonlarni oxirat to'g'risida) ogohlantiring,

3. Rabbingizni ulug'lang,

4. liboslaringizni poklang,

5. butlardan yiroq bo'ling,

6. (berayotgan narsangizni) ko'p sanagan holingizda ehson qilmang,

7. Rabbingiz uchungina sabr qiling!

8. Qachonki, (qiyomat e'loni uchun) sur chalinganida,

9. ana o'sha kun qiyin kundir.

10. Kofirlarga oson bo'lmagan (kundir).

11. (Ey, Muhammad,) Men so'qqabosh qilib yaratgan kimsani O'zimga qo'yib bering!

12. Men unga keng-mo'l boylik berdim.

13. Hoziru nozir o'g'illarni ham.

14. Yana unga (hayot ne'matlarini) muhayyo qilib qo'ydim.

15. So'ngra u yana ziyoda qilishimni tama qilur.

16. Yo'q! Chunki, u oyatlarimizga qarshilik qiluvchi edi.

17. Yaqinda Men uni baland dovonga duchor qilajakman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:35:02



18. Chunki, u (Qur'on to'g'risida yomon) fikr yuritdi va hisobga olib qo'ydi.

19. Halok qilingur, qanday hisobga oldi?!

20. Yana halok qilingur, qanday hisobga oldi?!

21. So'ngra u (o'ylagan rejalariga) qaradi.

22. So'ngra (Qur'ondan ayb topa olmagach,) yuzini tirishtirdi va burishtirdi.

23. So'ngra (Haqdan) yuz o'girdi va kibr qildi.

24. Bas, dedi: "Bu (Qur'on) sehrning o'zidir.

25. Bu ayni basharning so'zidir".

26. Yaqinda Men uni Saqar (jahannam)da toblaydurman.

27. (Ey, Muhammad,) Saqarning nima ekanligini qayerdan ham bilar edingiz?!

28. U (biror kofirni) qoldirmas ham, qo'ymas ham (balki kuydirib, azob berur).

29. (U) terilarni qoraytirib kuydiruvchidir.

30. Uning ustida o'n to'qqiz (farishta qo'riqchilik qilur).


Izoh: 19 raqami, shuningdek, boshqa oyatlarda ham uchraydigan turli raqamlardan keyingi vaqtda har xil ilohiy mo''jizalarni kashf etishga urinishlar ro'y bermoqda. Biz oyatlar zimnida behad mazmun va ma'nolar borligini to'la tasdiq etgan holda bizgacha yozilgan ishonchli tafsirlarga taqlid qilgan holda raqamlardagi ilohiy sir-sinoatlar haqida ortiqcha so'z yuritmadik.

31. Biz faqat farishtalarni do'zax egalari (qo'riqchilari) qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanoqini (o'n to'qqizta) qildik. Toki kitob berilgan kimsalar aniq bilgaylar va imon keltirgan zotlarning imonlari yanada ziyoda bo'lgay hamda kitob berilgan kimsalar ham, mo''minlar ham (bu xususda) shak-shubha qilmagaylar. Yana dillarida maraz (munofiqlik) bo'lgan kimsalar va kofirlar: "Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?" - degaylar. Alloh O'zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo'ldan ozdirib qo'yar va O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Parvardigoringizning qo'shinlarini (farishtalarning adadi va sifatini) Uning O'zigina bilur. U (jahannam) insonlar uchungina bir eslatmadir.

Izoh: Tavrot va Injilda ham qo'riqchi farishtalarning soni 19 deb qayd etilganiga ishorat qilinmoqda.

32. Yo'q! Oyga qasam,

33. o'tib ketgan tunga qasam,

34. yorishib kelayotgan tongga qasamki,

35. albatta, u (jahannam) ulkan (balo)lardan biridir.

36. Insonlar uchun ogohlantiruvchi hamdir.

37. (Albatta,) sizlardan ilgarilayotgan yoki chekinayotgan kishilar uchundir. Izoh: Ilgarilayotgan, ya'ni ezgulik sari; chekinayotgan, ya'ni, kufr va yovuzlik sari.

38. Har bir jon (egasi) o'zi (dunyoda) qilgan amali bilan garovlidir.

39. Faqat o'ng tomon egalarigina

40. jannatlarda bir-birlari bilan savol-javob qilurlar

41. jinoyatchi (kofir)lar haqida

42. (Ular do'zax ahliga): "Sizlarni Saqarga nima kiritdi?" (deganlarida),

43. ular ayturlar: "Bizlar namozxonlardan emas edik,

44. miskin (bechora)ga taom beruvchi ham bo'lmadik.

45. Bizlar (behuda so'zlarga) sho'ng'iydiganlar bilan birga sho'nqir edik.

46. Jazo kuni (Qiyomat)ni yolg'onga chiqarar edik

47. to aniq narsa (o'lim) kelgunicha".

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:38:24



48. Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermas.

49. Nega ular eslatmadan yuz o'giruvchidirlar?!

50. Xuddi cho'chigan eshaklarga o'xshab

51. sherdan qochib.

52. Yo'q! Ulardan har bir kimsa o'ziga ochiq sahifalar berilishini istar.

53. Yo'q! Balki, ular oxiratdan qo'rqmaslar.

54. Yo'q! U (Qur'on) bir eslatmadir.

55. Bas, xohlagan kishi undan eslatma olur.

56. Ular faqat Alloh xohlaganidagina (Qur'ondan) eslatma olurlar. U (Alloh) taqvoga ahl (loyiq) va mag'firat ahli hamdir.


QIYOMAT SURASI


Surada qiyomat kuni bo'ladigan hodisotlar, qayta tirilishning haqligi, hisob-kitob, jazo va mukofotlar, dunyoparastlikning tanqidi, oxiratda Alloh o'zi tanlagan solih bandalariga diydorini ko'rsatishi, shirku kufrda o'tganlarning yuzlari qaro bo'lishi, o'lim achchig'i va boshqa muhim ma'lumotlar bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qiyomat kuniga qasamyod eturman.

2. Shuningdek, malomatchi nafsga qasamyod eturmanki, (qayta tirilib, hisob-kitob qilinursizlar)!

3. Inson uning (chirib ketgan) suyaklarini sira to'play (tiklay) olmasligimizni Bizdan gumon qilurmi?!

4. Yo'q, Biz uning barmoqlarini (ham tiklab) tekislab qo'yishga qodirmiz!

5. Balki, inson kelgusida fujur (gunoh ishlarni) qilishni istaydi.

6. "Qiyomat kuni qachon o'zi?" - deb so'raydi.

7. Bas, (Qiyomat dahshatlaridan) ko'z qamashganda,

8. oy ham tutilganda,

9. quyosh va oy birlashtirilganda,

10. ana o'sha Kunda inson: "(Jazodan) qochadigan joy qayerda?" - deb qolur!

11. Yo'q! Boshpana yo'qdir!

12. U Kunda yolg'iz Rabbing (huzurida) qaror topishgina bordir.

13. U Kunda insonga (dunyodalik choqida) qilib o'tgan va qoldirgan (barcha) narsalarning xabari berilur.

14. Balki, (U Kunda) inson (a'zolari) o'zining zarariga guvohlik beruvchidir.

15. Garchi (u) uzrlarini (o'rtaga) tashlasa ham.

16. (Ey, Muhammad, Qur'onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay qo'ya qoling.


Izoh: Odatda Payg'ambar (a. s.) Qur'on suralari va oyatlarini Jabroil (a. s.)dan qabul qilib olganlaridan keyin o'zlarini qiynab bo'lsada, yoddan chiqarmaslik uchun ko'p takrorlar edilar. O'aq taolo ul zotni bu mashaqqatdan ozod etdi. Binobarin, vahiyni bir eshitishlarida yod olish qobiliyati ato etildi.

17. Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir.

18. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o'qisak, Siz ham uni o'qishga ergashing!

19. So'ngra uni (Qur'onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:41:16



20. Yo'q! (Ey, Makka mushriklari,) balki sizlar naqd (dunyo)ni yaxshi ko'rasizlar.

21. Oxirat (Kuni)ni esa tark etasizlar.

22. U Kunda ba'zi yuzlar yashnovchi,

23. Parvardigorlariga boqib turuvchidir.

24. Yana u Kunda ba'zi yuzlar burishgan,

25. o'zlariga, albatta, noxushlik bo'lishini o'ylab (kutib) turarlar.

26. Darhaqiqat, (jon) halqumga yetgan,

27. (vafot etayotganga): "Dam soluvchi kishi bormi?" - deb qolingan,

28. (jon taslim qilayotgan kimsaning) o'zi (bu dunyodan) ajralish ekanini anglagan,

29. (jon berish qiyinligidan) oyoq - oyoqqa chalishib qolgan bir vaqtda

30. yolg'iz Rabbingiz (huzuri)ga haydalish bordir.

31. Na (Qur'on va payg'ambarni) tasdiq etdi (u) va na namoz o'qidi.

32. Balki, u (Qur'onni) yolg'on dedi va (imondan) yuz o'girdi.

33. So'ngra gerdayganicha o'z ahli tomon ketdi.

34. (Ey, ko'rnamak inson,) holingga voy sening, yana voy!

35. So'ngra holingga voy sening, yana voy!

36. Inson o'zini bekor tashlab qo'yiladi deb o'ylaydimi?!

37. Axir, u (bachadonga) to'kiladigan maniydan iborat bir (haqir) nutfa emasmidi?!

38. So'ngra laxta qon bo'ldi. Bas, (Alloh uni) yaratib, tikladi.

39. So'ngra undan juftlar - erkak va ayolni (paydo) qildi.

40. Ana shu (Alloh) o'liklarni tiriltirishga qodir emasmi?!


INSON SURASI


Surada Alloh taolo inson zotini yo'qdan bor qilgani, so'ngra ikki qarama-qarshi yo'nalishga ravona qilib qo'ygani, kufr va imon egalarining oqibatlari, Payg'ambar (a. s.)ga tasalli beruvchi o'gitlar va boshqa ilohiy ko'rsatmalar mavjud.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Aniqki, inson uzra qachondir tilga olgulik narsa bo'lmagan vaqt (muddat) kechgan.[/b]

Izoh: O'sha tilga olishga arzimas vaqt qaysiligi to'g'risida ikki xil tafsir bor. Birinchisi, bu vaqt Odam Atogacha o'tgan davr. Ikkinchisi, insonning ona qornida to jon kirgunicha kechgan vaqt.

2. Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko'ruvchi qilib qo'ydik.

3. Darhaqiqat, Biz uni (insonni) xoh u shukr qiluvchi (musulmon) bo'lsin va xoh noshukr (kofir) bo'lsin, yo'lga yo'lladik.

4. Albatta, Biz kofirlar uchun zanjirlar, kishanlar va alanga (do'zax)ni tayyorlab qo'yganmiz.

5. Albatta, yaxshilar (jannatda) mizoji kofur bo'lmish qadahdan (may) ichurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:43:03



6. Allohning bandalari ichadigan (bu) chashmani (o'zlari xohlagan joydan) chiqarib (oqizib) olurlar.

7. Ular (dunyoda o'z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi Kundan qo'rqurlar.

8. Taomni esa suyub tursalar-da, (o'zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar.

9. (Ular ayturlar): "Bizlar sizlarni faqat Alloh "yuzi" uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz.

10. Bizlar Rabbimiz (tomoni)dan bo'ladigan, (azobdan yuzlar) tirishib, burishib qoluvchi bir Kundan qo'rqurmiz".

11. Bas, Alloh ularni o'sha Kunning yomonligidan saqlar va ular(ning yuzlari)ga tarovat, (dillariga) surur baxsh etar.

12. Yana sabrlari sababli ularni jannat va (egnilariga) ipak (liboslar) bilan mukofotlar.

13. Ular u joyda so'rilarga yastangan hollarida o'tirurlar. U joyda quyosh (harorati)ni ham, zamharir (qish sovug'i)ni ham ko'rmaslar.

14. (Jannat) soyalari ularga yaqin va mevalari ham (uzishga oson bo'lishi uchun) egib qo'yilgan bo'lur.

15. Ularga kumush idishlar(da taomlar) va (o'zi kumushdan yasalgan bo'lsa-da, nafislikda) shisha bo'lib ketgan qadahlar(da sharoblar) aylantirilur.

16. Shisha bo'lganda ham kumushdan, (ularni soqiylar) o'lchab qo'yganlar.

17. (Jannat ahli) u joyda mizoji zanjabil bo'lmish qadahlarda ichirilurlar.

18. U yerdagi chashmaning nomi Salsabil deb atalur.


Izoh: Salsabil - o'timli, totimli (suv).

19. Ularning ustida mangu yosh g'ulomlar (xizmat qilib) aylanib tururlarki, ularni ko'rganingizda sochib yuborilgan durlar deb o'ylarsiz.

20. U joyga qaraganingizda, noz-ne'matlarni va katta hukmronlikni ko'rursiz.

21. Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularni pok sharob bilan sug'orur.

22. Albatta, bu sizlar uchun mukofot va sizlarning sa'y-harakatlaringiz (Alloh nazdida) maqbuldir.

23. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Qur'onni bo'lib-bo'lib nozil qildik.

24. Bas, Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling va ulardan (kofirlardan) biror gunohkor yo noshukrga itoat etmang!

25. Ertayu kech Rabbingiz nomini yod eting!

Qayd etilgan