Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 659500 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 B


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:47:31



26. Yana kechaning bir qismida ham Unga sajda qiling va uzun tunda unga tasbeh ham ayting!

27. Albatta, ana u (kofir)lar naqd (dunyo)ni suyurlar va ortlaridagi og'ir Kunni (Qiyomatni) esa qo'yurlar.

28. Biz ularni yaratdik va (barcha) a'zolarini mustahkam qildik va xohlagan vaqtimizda (ularni halok qilib, o'zlariga o'xshashlarini almashtirib qo'yurmiz.

29. Albatta, bu (sura) bir eslatmadir. Bas, kim xohlasa (uni qabul qilib), Parvardigori tomonga yo'l olur.

30. (Ey, insonlar,) xohishlaringiz faqat Alloh xohlasagina ro'yobga chiqur. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasidir.

31. U xohlagan kishilarni O'z rahmatiga (jannatiga) kiritur. Zolimlar uchun esa alamli azobni tayyorlab qo'ygandir.


MURSALOT SURASI


Mursalot - estirilgan (shamol) Surada qiyomat kuni haq ekanini isbotlash uchun Alloh taolo ma'lum mavjudotlar nomiga qasamyod etadi. Undagi oyatlarda insonning yaratilib, dunyoga kelishi, dunyoda yashashlikdan asosiy maqsad esa oxirat uchun hozirlik ko'rish ekani, hozirlik ko'rish o'rniga foniy dunyo maishati yo'lida oxiratini sotib qo'yganlarning holiga voy bo'lishi ajib uslublar bilan ifoda etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qasamyod etaman, paydar-pay esdiriladigan (shamol)larga,

2. quturadigan (bo'ron)larga,

3. (bulutlarni) yoyib yuboradigan,

4. (haq bilan nohaqlikni) ajratib beradigan,

5. eslatma olib tushib,

6. (mo'minlarni) uzr (mag'firat) qilish yo (kofirlarni) ogohlantirishga (xizmat qiladigan farishtalarga)ki,

7. albatta, sizlarga va'da qilinayotgan narsa (Qiyomat va hisob-kitob) voqe bo'luvchidir!

8. Bas, qachonki, yulduzlar (nurlari) so'ndirilgach,

9. osmon (qobig'i) ochilgach,

10. tog'lar (qumlar kabi) sochilgach

11. va payg'ambarlarga belgilangan vaqt kelgach (Qiyomat qoyim bo'lur).

12. (Payg'ambarlar o'z qavmlari bilan hisoblashishlari) qaysi Kunga belgilangan o'zi?!

13. Ajrim Kuniga (albatta).

14. (Ey, inson,) Ajrim Kuni nima (ekanligini) sen qayerdan ham bilursan?!

15. U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!

16. Axir, Biz avvalgi (osiy ummat)larni halok qilmadikmi?!

17. So'ngra keyingilarni ham ularga qo'shurmiz!

18. Jinoyatchi (kofir)larni mana shunday (halok) qilurmiz!

19. U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:48:58



20. Axir, Biz sizlarni bir haqir suvdan yaratmadikmi?!

21. So'ngra u (suvni - nutfa)ni puxta qaror (topadigan joy)da qilib qo'ymadikmi?!

22. (Ya'ni, ona qornida) ma'lum muddatgacha.

23. Bas, Biz (undan insonni yaratishga) qodir bo'ldik. Naqadar qudratlidirmiz!

24. U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!

25. Axir, Biz yerni yig'uvchi qilib qo'ymadikmi

26. tiriklarni ham, o'liklarni ham?!

27. Yana Biz (Yerda) baland tog'larni (paydo) qildik va sizlarga (tog'lardan oqib tushadigan) chuchuk suvni ichirdik.

28. U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!

29. (U Kunda kofirlarga deyilur): "Sizlar (dunyodalik paytingizda) yolg'on deb yurgan narsaga (endi) boringlar!

30. Uch bo'lakli soyaga boringlar!

31. Hech qanday salqinlik bermaydigan va alangani ham to'smaydigan ("soya"dir u).

32. Darvoqe, u (jahannam) qasrdek (ulkan) alangalarni otur.

33. (Ular) xuddi sariq tuyalarga o'xshar.

34. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

35. Bu (Kun) ular so'zlay olmaydigan

36. hamda ular uchun uzr aytishlariga ham izn berilmaydigan Kundir!

37. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

38. Bu Ajrim Kunidir! (Ey, bu Kunni yolg'on degan kimsalar, mana) Biz sizlarni ham, avvalgilarni ham jamladik.

39. Bas, agar sizlarda (do'zaxdan qutqaradigan) biror hiyla bo'lsa, Menga o'sha hiylangizni ko'rsatingizlar!

40. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

41. Taqvodor zotlar esa (u Kunda), albatta, soya-salqinlar va chashmalarda

42. va ko'ngillari istagan mevalar ichida bo'lurlar.

43. (Ularga deyilur): "Qilib o'tgan (yaxshi) amallaringiz sababli (jannat ne'matlarini) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringizlar".

44. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.

45. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

46. (Ey, kofirlar,) ozgina vaqt yeb, foydalanib qolinglar! Zero, sizlar jinoyatchidirsizlar.

47. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

48. Qachon ularga: "Ruku' qilinglar, (namoz o'qinglar)", deyilsa, ruku' qilmaslar.

49. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

50. Axir, ular (Qur'ondan) keyin (shunday aziz Kitobga imon keltirmasdan) qanday so'zga imon keltirurlar?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:50:58

O’TTIZINCHI JUZ’
*************************



NABA' SURASI

Naba' - xabardir.

Surada Ulug' xabar, ya'ni, qiyomat to'g'risida bahslashayotgan Makka mushriklariga aniq javoblar beriladi. Yana unda Alloh taolo O'z qudrati va hikmati bilan yaratgan borliq, koinot va mavjudotlar, qiyomat kunining shiddati, jannatdagi rohat-farog’at va boshqa muhim ma'lumotlar bayon etilgan. Suraning oxirgi oyatida imonsiz o'tganlarning qiyomat kuni qanchalik pushaymon qilishlari, hatto tuproq bo'lib ketishni orzu qilishlari ta'sirli shaklda tasvirlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Mushriklar) bir-birlaridan nima haqida so'rashmoqdalar?!

2. Ulug’ xabar haqida.

3. Qaysiki, u haqda ular (doimo) tortishuvchidirlar.

4. Yo'q, (ularning gumonlari behudadir). Ular yaqinda (bu xabarning haq ekanini) bilib olajaklar.

5. So'ngra, yana yo'q! Bilib olajaklar!

6. Biz Yerni to'shak qilib qo'ymadikmi?!

7. Tog'larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo'ymadikmi?!

8. Biz sizlarni juft-juft qilib yaratdik.

9. Uyqularingizni (badan va asablaringiz uchun) orom qildik.

10. Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik.

11. Kunduzni esa, tirikchilik (vaqti) qildik.

12. Tepalaringizda yetti (qavat) mustahkam (osmonni) bino qildik.

13. Yana charaqlab turuvchi chiroqni (quyoshni paydo) qildik.

14. Yana Biz siqib chiqaruvchi (bulut)lardan duv-duv suv (yomg'ir) yog’dirdik.

15. Toki, u sababli don va nabotot (undirib) chiqarurmiz.

16. Shuningdek, qalin bog’larni ham.

17. Albatta, Ajrim Kuni (hisob-kitob uchun) belgilangan vaqtdir.

18. U Kunda sur chalinur, bas, sizlar to'p-to'p bo'lib (mahshargohga) kelursizlar.

19. Osmon ham ochilib, (farishtalar uchun) darvozalarga aylanib qolur.

20. Tog’lar ham (joylaridan) jildirilur. Bas, u sarobga aylanib qolur.

21. Albatta, jahannam poylovchi,

22. haddan oshganlar uchun qaytish joyidir.

23. (Ular) u joyda uzoq zamonlar (abadul-abad) qoluvchidirlar.

24. U joyda sovuqlik va ichimlikni totmaslar

25. Faqat qaynoq suv va yiringnigina (toturlar).

26. (Mana shu qilmishlariga) loyiq jazodir.

27. Chunki, ular (Qiyomatdagi) hisob-kitobdan umid qilmas edilar.

28. Oyatlarimizni butunlay inkor etar edilar.

29. Holbuki, Biz barcha narsani hisob-kitob qilib, (yozib) qo'ygandirmiz.

30. Bas, (ey, kofirlar, azobimizni) totib ko'ringlar! Endi sizlarga faqat azobnigina ziyoda qilurmiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:53:22



31. Albatta, taqvodor zotlar uchun (jannatda) yutuq bordir.

32. Ya'ni bog’lar va uzumlar,

33. (yosh va husnda) tengqur, bo'liq siynali (hur qiz)lar

34. va (sharob) to'la qadahlar bordir.

35. Ular u joyda biror behuda va yolg’on so'z eshitmaslar.

36. (Bu) Rabbingiz (tomoni)dan bo'lmish mukofot va hisob(-kitob)dir.

37. (U) osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsaning Parvardigori Mehribon zotdir. Undan (izn bo'lmaguncha) so'zlashuvga ega bo'lmaslar.

38. Ruh (Jabroil) va (barcha) farishtalar saf tortib turadigan Kunda (odamlar) gapirmaslar, faqat Mehribon zot izn bergan kishigina (so'zlar) va (faqat) rost so'zlar.

39. Bu haq (va rost) Kundir. Bas, kim xohlasa, Parvardigori tomon qaytadigan yo'lni tutar.

40. (Ey, Makka kofirlari,) darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin(da voqe bo'ladigan) azobdan ogohlantirdik. U Kunda (har bir) kishi o'zi qilib o'tgan narsani (ya'ni barcha yaxshi-yomon amallarini) ko'rar va kofir kimsa: "Eh, koshki edi tuproq bo'lsam", - der.


Izoh: Pushaymon qilgan kofirning bu so'zidan ikki xil ma'no olish mumkin. Birinchisi - Koshki tuproq bo'lsam, ya'ni dunyoda ilk bor yaratilganimda inson emas, balki tuproq qilib yaratilganimda, shu kunlarga qolmas edim, demoqchidir. Ikkinchisi, koshki do'zaxga mahkum bo'lishimdan ilgari tuproqqa aylanib ketsamu, azobdan qutulsam, demoqchidir.


NOZIOT SURASI

Noziot — sug’uruvchilar. Bu yerda tanadan jonni sug‘urib oluvchi farishtalar muroddir. Surada qiyomat qoyim bo'lish jarayoni, Muso (a. s.) bilan Fir'avn o'rtasida o'tgan mojarolar, bu dunyoning foniy ekani kabi ilohiy o'gitlar bilan birga Payg’ambar (a. s.)ning dillariga tasalli berilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Kofirlarning jonlarini badanlari) qa'ridan sug’urib oladigan (farishta)larga qasam,

2. (mo'minlarning jonlarini osonlik bilan) chiqarib oladigan (farishta)larga qasam,

3. (osmondan) suzib tushuvchi,

4. (o'z vazifalarini ado etishda) o'zib yuruvchi

5. (Alloh buyurgan barcha) ish tadbirini tuzib turuvchi (farishta)larga qasamki, (albatta, qayta tirilib, hisobot berursizlar)!

6. U Kunda larzaga keluvchi (sur) larzaga keladi.

7. Ortidan ergashuvchi (ikkinchi bor sur ovozi) ergashur.

8. U Kunda dillar qo'rquvga tushuvchidir.

9. Ko'zlar esa (dahshatdan) so'nib qoluvchidir.

10. Ular (bu dunyoda) derlar: "Haqiqatan ham bizlar (o'lgach) avvalgi holatimizga qaytariluvchimizmi?

11. Chirik suyaklarga aylanib qolgan vaqtimizda-ya?"

12. Ular (istehzo bilan): "Unday bo'lsa, bu (bizlar uchun) rosa ziyon qiluvchi qaytish-ku!" - deydilar.

13. Bas, (u qaytish) faqat birgina qichqiriqdir (surning ikkinchi marta chalinishidir).

14. So'ngra ular birdan (tirilib) yer ustida bo'lib qolurlar.

15. (Ey, Muhammad,) Sizga Musoning xabari keldimi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:55:29



16. Qaysiki, Parvardigori unga muqaddas Tuvo vodiysida (shunday) nido qilgan ediki:

17.- (Ey, Muso,) Fir'avnning oldiga borgin, zero, u haddidan oshdi.

18. Bas, (unga) ayt: "Sening (kufrdan) poklanishga xohishing bormi?

19. Men seni Parvardigoring (yo'liga) hidoyat qilsam, bas, sen (U zotdan) qo'rqsang" .

20. (So'ng Muso) unga bir ulkan mo''jiza ko'rsatdi.

21. (Fir'avn) uni yolg’onga chiqardi va (Allohga) itoatsizlik qildi.

22. So'ngra shoshganicha (Musodan) yuz o'girib ketdi.

23. So'ngra (o'z odamlarini) to'pladi va jar soldi:

24. "Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman", - dedi.

25. Bas, Alloh uni oxir at va dunyo azobi bilan ushladi.


Izoh: Dunyodagi azobi uning dengizga g’arq qilinishi, oxiratdagisi esa do'zax azobidan iboratdir.

26. Albatta, bu (qissa)da (Allohdan) qo'rqadigan kishilar uchun ibrat bordir.

27. (Ey, mushriklar,) sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonnimi?! (Bilasizki,) Alloh uni bino qildi,

28. shiftini baland qilib, tikladi.

29. Yana u (osmon)ning tunini qorong’u qilib, (undan) kunduzini chiqardi.

30. Shundan keyin Yerni (tuyaqush tuxumi shaklida) yoyib - tekis qildi.

31. Undan suviyu, o'tloqlarini chiqardi.

32. Tog’larni esa o'rnashtirdi.

33. (Bularning barchasi) sizlarga va chorva hayvonlaringizga manfaat bo'lsin deb (qilingandir).

34. Bas, qachon katta balo (Qiyomat) kelganida —

35. inson o'z qilmishini eslab qoladigan Kunda,

36. ko'radigan (har bir) kishiga do'zax namoyish qilinganida,

37. bas, o'shanda kimki (dunyoda) tug’yonga ketgan

38. va dunyo hayotini (oxiratdan) ustun qo'ygan bo'lsa,

39. u holda, faqat jahannamgina (unga) joy bo'lur!

40. Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo'rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo'lsa,

41. bas, faqat jannatgina (unga) joy bo'lur.

42. (Ey, Muhammad, mushriklar) Sizdan Qiyomat qachon qoyim bo'lishi haqida so'rarlar.

43. Siz qayoqdasiz-u, uni zikr qilish (aytib berish qayoqda)?!

44. Uning intihosi faqat Rabbingizga (borib to'xtar).

45.Siz faqat undan qo'rqadigan kishilarni ogohlantiruvchisiz.

46. Ular u (Qiyomat)ni ko'rgan Kunda (bu dunyoda) go'yo bir oqshom yoki choshgoh payticha turgandek bo'lurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 08:58:08



ABASA SURASI

Abasa-yuzini burishtirdi, xo'mraydi degan ma'nolarni anglatadi. Sura avvalida Rasululloh huzurlariga Abdulloh ibn Ummi Maktum nomli bir ko'zi ojiz musulmon kelib, diniy savol so'ramoqchi bo'lganlarida, uni malol olib, iltifot qilmay, Makka zodagonlarini da'vat qilish bilan band bo'lganlari uchun Allohdan olgan tanbehlari bayon etilgan. Sura davomida insonning yaratilishi, yashashi va vafot etishi, u iste'mol qiladigan noz-ne'matlar, Qiyomat kunidagi odamlarning g’am-tashvishlari, hamma o'zi bilan ovora bo'lib qolishi, yaxshilarning yuzlari yorug’, yomonlarning yuzlari esa shuvit bo'lishi kabi ma'lumotlar beriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o'girdi.

2. Zero, uning huzuriga ko'zi ojiz odam kelgan edi.


Izoh: Bu kelgan odam Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ko'zi ojiz kishi edi. U Rasulullohning band ekanliklarini sezmay o'zining savollariga javob olishga harakat qiladi. Undan malollangan Payg’ambarimiz (a. s.)ning yuzlari burishdi va savollariga javob ham bermadilar. Bu muomala Haq taologa xush kelmadi va mazkur oyatlar bilan tanbeh berdi. Tanbehni ham: "Yuzingni burishtirding" demasdan, "Yuzini burishtirdi", -deb uchinchi shaxs siyg’asida aytdi. Bu esa uncha qattiq botmaydi. Rasulullohning o'zlari oliy xulq egasi bo'laturib, bir ko'zi ojiz odamga shunday xunuk muomala qildilarmi, degan savol tuqilishi mumkin. Yo'q, aslo! Birinchidan, o'zlari Makka zodagonlarini hidoyat sari yo'naltiraolamanmikan, deb umid bilan harakat qilib turganlarida birov kelib ishidan chalg’itgan holatni tasavvur qilib ko'ring. Boshqa har qanday odam ul zotning o'rnida bo'lganida ham uni jerkib tashlagan bo'lur edi. Lekin Rasul (a. s.) yuzlarini burishtirish bilan kifoyalandilar. Buni u a'mo kishi payqagani ham yo'q. Lekin ulug’larning ozgina sahvu xatosi ham boshqalarga nisbatan katta hisoblanadi. Binobarin, Haq Taolo O'z habibini ogohlantirib qo'ydi. Chunonchi, tasavvufda bir ibora bor: "Oddiy yaxshi odamlarning savobli ishlari Allohga yaqin zotlarning gunohlari bilan barobardir".
 
3. (Ey, Muhammad,) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol, u (Sizdan foydalanib, o'z gunohlaridan) poklanar

4. yoki eslatma olar-da, so'ng bu eslatma unga foyda berar?!

5. Ammo, boy kimsaga esa,

6. bas, Siz (e'tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz.

7. Holbuki, uning (o'z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi.

8. Endi, oldingizga yugurib

9. (Allohdan) qo'rqqan holida kelgan kishi esa,

10. bas, Siz undan chalg’imoqdasiz.

11. Yo'q, (bunday qilmang)! Albatta, ular (Qur'on oyatlari) ayni eslatmadir.

12. Bas, kim xohlasa, (uni) yod etar.

13. (U oyatlar Alloh nazdida) mukarram sahifalarda

14. (ya'ni,) qadri baland, pokiza (sahifalarda)

15. kotib (farishta)lar qo'llaridadir.

16. (Ular) karamli va itoatlidirlar.

17. Halok bo'lgur inson bunchalar kofir bo'lmasa!

18. (Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o'zi?!

19. (Bir haqir) nutfadan yaratib, so'ng uni (tuqilish vaqtini) belgilab qo'ydi.

20. So'ngra unga (tuqilishda) yo'lni oson qildi.

21. So'ngra unga o'lim berib, qabrga kiritdi.

22. So'ngra O'zi xohlaganda, uni yana qayta tiriltirur.

23. Yo'q! U buyurgan narsani sira ado etmadi.

24. Endi inson o'zining taomiga (ibrat ko'zi bilan) boqsin!

25. Biz (osmondan) suvni mo'l yog’dirdik.

26. So'ngra yerni (giyohlar undirib) yordik.

27. So'ngra Biz unda donlarni undirdik,

28. uzum va ko'katlarni,

29. zaytun va xurmolarni,

30. qalin daraxtzor bog’larni,

31. mevayu giyohlarni ham.

32. Bular sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaatdir.

33. Bas, qachonki, (quloqlarni) kar qiluvchi (qichqiriq) kelganda (sur ikkinchi marta chalinganda),

34. o'sha Kunda kishi o'z birodaridan qochur.

35. Yana onasi va otasidan ham,

36. xotini-yu, o'g’illaridan ham (qochur).

37. (Chunki) u kunda ulardan har bir kishi uchun o'ziga yetarli tashvish bo'lur.

38. U Kunda (ba'zi) yuzlar yorug’,

39. kuluvchi va xurram (bo'lur).

40. u kunda (boshqa bir) yuzlar uzra g’ubor bo'lur.

41. U (yuz)larni qarolik qoplar.

42. Ana o'shalar (fisqu) fujur qiluvchi kofirlarning o'zidirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:00:17



TAKVIR SURASI

Takvir - o'rab qo'yish. Bu yerda quyoshni o'rab qo'yilishi muroddir. Surada Qiyomat qoyim bo'lganda, quyosh o'rab yig’ishtirib qo'yilishi, yulduzlar, tog’lar, dengizlar va boshqa katta-kichik mavjudotlarda ro'y beradigan o'zgarishlar tasvirlanadi. Shuningdek, hisob-kitob jarayoni va boshqa ajib hodisalar surada o'z bayonini topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Quyosh o'rab qo'yilganida,

2. yulduzlar ham (o'z falaklaridan) to'kilganida,

3. tog’lar ham (o'z joylaridan) jildirilganida,

4. (qornidagi bolasi) o'n oylik bo'g’oz tuyalar ham bo'sh qo'yib yuborilganida,

5. vahshiy hayvonlar ham (bir joyga) to'planib qolganida,

6. dengizlar kuydirilganida,

7. ruhlar (qaytadan jasadlarga) juftlanganida,

8. tiriklay ko'milgan (har bir) qizdan so'ralganida,

9. ne gunohi uchun o'ldirilgan, deb.

10. Yana sahifalar (nomai a'mol) ochilganida,

11. osmon (Yer ustidan) sidirib olinganida,

12. do'zax (kofirlar uchun) qizdirilganida,

13. jannat (taqvodorlarga) yaqin qilinganida,

14. (ana o'sha Kunda har bir) jon o'zi (shu Kun uchun) hozirlab kelgan narsani(yaxshi-yomon amallarini) bilur!

15. Bas, qayta-qayta chiqib (ko'rinib) turuvchi (yulduzlar)ga,

16. (beshta) yashirinuvchi sayyoralarga,


Izoh: Besh sayyora yulduzlar - Mirrix, Zuhal, Atorud, Zuhra, Mushtariy.

17. o'z zulmati bilan kelib-ketayotgan kechaga va

18. (otayotgan) tongga qasamki,

19. albatta, u (Qur'on) bir ulug’ elchi (Jabroil)ning so'zidir.

20. (U) quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali,

21. u joyda (farishtalar tomonidan) itoat etiluvchi va ishonchli zot (ya'ni, Jabroil)dir.

22. Sizlarning sohibingiz (Muhammad) majnun emasdir.

23. Darhaqiqat, u (Jabroil)ni ochiq ufqda ko'rdi.

24. U (Muhammad) g’aybga (vahiyga) baxil ham emasdir.


Izoh: Vahiyga baxil emasliklari kelgan har bir vahiyni, oyat va surani darhol musulmonlarga bekamu ko'st yetkazishlari, murakkab joylarini esa izohlab berishlaridir.

25. U (Qur'on) quvilgan (mal'un) shaytonning so'zi emasdir.
 
26. Bas, sizlar (uni inkor etib) qayoqqa ketmoqdasizlar?!

27. U (Qur'on), haqiqatan, (butun) olamlar uchun eslatmadir.

28. Orangizdagi to'g’ri bo'lishni xohlagan kishilar uchun (albatta).

29. Sizlar faqat (butun) olamlar Parvardigori bo'lmish Alloh xohlasagina (to'g’ri bo'lishni) xohlarsizlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:02:06



INFITOR SURASI

Infitor - yorilish. Bu yerda osmonning yorilishi, ya'ni, qiyomatdagi ro'y beradigan hodisalardan ba'zilari bu surada keltiriladi. Unda oxiratda inson o'zi qilgan yaxshi-yomon amallaridan so'ralishi, bu dunyoda qilinadigan har bir ish - harakat insonning nomai a'moliga farishtalar tomonidan yozilib turishi va jazo kuni haqida ma'lumotlar mavjuddir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmon yorilganida,

2. yulduzlar (har tomonga) sochilganida.

3. dengizlar qo'shilib to'siqlar ochilganida,

4. qabrlar ag’darilganida (Qiyomat qoyim bo'lganida),

5. (har bir) jon o'zi (dunyoda) qilib o'tgan va qoldirgan (barcha) narsalarni (amallarini) bilur!

6. Ey inson, seni karamli Parvardigoring haqida (Unga ibodat qilma deb) nima aldab qo'ydi?!

7. U seni yaratib, so'ng (barcha a'zolaringni) tiklab, so'ng (qomatingni) rost qilib qo'ygan zot-ku!

8. U seni O'zi qaysi suratni xohlagan bo'lsa (o'sha suratda) tarkib toptirdi-ku!

9. Yo'q! Balki, sizlar jazo (Kuni)ni yolg’on der-sizlar.

10. Holbuki, sizlarning ustingizda (har bir ishingizni) yod oluvchi (farishtalar) bor.

11. (Ular) yozuvchi ulug’ zotlardir.

12. (Ular) sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar.

13. Albatta, yaxshilar (mo'minlar) ne'mat (jannat)dadirlar.

14. Fojirlar esa do'zaxdadirlar.

15. Ular unda Jazo kuni (Qiyomat)da toblanurlar.

16. Undan (do'zaxdan) g’oyib bo'luvchi (qutiluvchi) emasdirlar.

17. (Ey, Muhammad,) jazo Kuni nima ekanini Sizga ne ham anglatur?!

18. So'ngra (yana) jazo Kuni nima ekanini Sizga ne ham anglatur?!

19. U Kunda hech bir jon (boshqa) bir jon uchun biror narsa qilishga ega bo'lmas! U Kuni barcha ish Allohnikidir.



MUTAFFIFUN SURASI

Suraning nomi "urib qoluvchilar" degan ma'noni anglatadi. Ya'ni, tarozi va o'lchovdan urib qolib, xaridor haqqiga xiyonat qilishning og’ir gunoh ekani bu surada eng diqqatga sazovor va ajib uslubda bayon qilingan. Surada yaxshilar va yomonlarning qilgan amallari yozilgan bitiklarning qayerda saqlanishi, qiyomat voqealari va qator ilohiy o'gitlarni o'qiysiz.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (O'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!

2. Ular odamlardan (biror narsani) o'lchab olgan vaqtlarida to'la qilib oladigan,

3. ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir.

4. Ular qayta tiriluvchi ekanliklarini o'ylamaydilarmi

5. Ulug’ kun (Qiyomat)da -

6. odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida tik turadigan (hisob-kitob beradigan) kun-da?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:05:45



7. Yo'q! Albatta, fojirlarning nomai a'mollari, albatta, Sijjiynda bo'lur.

8. (Ey, Muhammad,) Sijjiyn nima ekanini qayerdan ham bilursiz?

9. (U) bitilgan kitobdir.


Izoh: Sijjiyn - fosiq va fojir kishilarning qilgan ishlari yozilib turadigan kitob bo'lib, u yetti qavat yer ostida saqlanadi.

10. U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!

11. Ular jazo (Qiyomat) Kunini inkor etadigan kimsalardir.

12. U (Kun)ni gunohga botgan har bir tajovuzkorgina inkor etar.

13. Qachonki, (unday kimsaga) oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: "(Bu) avvalgilarning afsonalari", - der.

14. Yo'q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o'zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir.

15. Shubha yo'qki, ular o'sha (Qiyomat) Kunida Parvardigorlari (diydori)dan to'siluvchidirlar.

16. So'ngra, albatta, ular do'zaxda toblanuvchidirlar.

17. So'ngra (ularga): "Mana shu sizlar yolg’on deb yurgan narsadir", - deyilur.

18. Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a'mollari, albatta, Illiyyundadir.

19. (Ey, Muhammad,) Illiyyun nima ekanini qayerdan ham bilursiz?!

20. (U) bitilgan kitobdirki,

21. unga (Allohga) yaqin (farishta)lar guvoh bo'lurlar.


Izoh: Illiyyun esa, yaxshi, solih kishilarning qilgan ishlari yozilib turadigan kitob bo'lib, u yettinchi osmonda saqlanadi.

22. Albatta, yaxshilar (mo'minlar jannat) ne'matlari ichradirlar.

23. Ular so'rilarda, (ne'matlarga) boqurlar.

24. Ularning yuzlarida ne'matlarning tarovatini tanirsiz (ko'rursiz).

25. Ularga (jannatda) muhrlangan maydan ichirilurki,

26. u (may)ning muhri mushkdir. Bas, musobaqachilar mana shu (ne'mat) yo'lida musobaqa qilsinlar!

27. U (may)ning mijozi tasnimdandir.

28. (Tasnim Allohga) yaqin (banda)lar ichadigan bir chashmadir.

29. Darvoqe, jinoyatkor (kofir)lar imon keltirgan zotlardan (masxara) qilib kular edilar.

30. Qachonki, ularning oldidan o'tsalar, birbirlariga ko'z qisishib, imo-ishora qilardilar.

31. Qachonki, uylariga qaytsalar, (qilmishlaridan) zavqlanib qaytardilar.

32. Qachonki, ularni (mo'minlarni) ko'rsalar, "Ana ular, shubhasiz, yo'ldan ozgan kimsalardir", -derdilar.

33. Holbuki, ular (mo'minlarning) ustiga qo'riqchi qilib yuborilgan emasdilar.

34. Endi bugun imon keltirganlar kofirlardan kulurlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:07:26



35. Ular (jannatdagi) so'rilarda (kofirlar holiga) boqib (o'tirurlar).

36. Kofirlar qilmishlarining jazosini oldilarmi?!


INSHIQOQ SURASI


Suraning nomi o'zidan olingan bo'lib, yorilish degan ma'noni bildiradi. Zero, surada qiyomatda osmon yorilib, ko'p alomatlar ro'y berishi bayon etilgan. Bu sura inson doimiy ravishda harakatda bo'lib, yo ezgu yoki yovuz ishlar bilan band bo'lishi, oxiratda shu ishlari bo'yicha savol-javob bo'lishi va azob-uqubatlar bilan bir qatorda solih bandlar uchun ulug’ mukofotlar tayyorlab qo'yilgani haqidadir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmon yorilganda,

2. (bu bilan u) Parvardigori (amri)ga quloq tutganda va (shu amrga) loyiq topilganda,

3. (shuningdek) Yer yoyilganda,

4. o'z ichidagi (jasadlarni) chiqarib tashlab, bo'shab qolganda

5. va u Parvardigori (amri)ga quloq tutganda va (shu amrga) loyiq topilganda (har bir inson Allohga hisobot berur).

6. Ey, inson, albatta, sen mehnat-mashaqqatlar chekib Rabbingga (ya'ni, Uning mukofot yoki jazosiga) boruvchisan, bas, (so'ngra) U zotga yo'liquvchisan.

7. Bas, kimning nomai a'moli o'ng tomonidan berilsa,

8. bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak,

9. va o'z(ining jannnatdagi) ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak.

10. Ammo, kimning nomai a'moli orqa tomonidan berilsa,

11. bas, (o'ziga) o'lim tilab qolajak

12. va do'zaxda toblanajak.

13. Darvoqe, u (dunyodalik paytida) ahli oilasid shodu xurram edi,

14. o'zini hech qachon (Parvardigor huzuriga) qaytmasman deb o'ylar edi.

15. Yo'q! Parvardigori uni, shubhasiz, ko'rib turuvchi edi.

16. Bas, qasamyod etaman (quyosh botayotgan paytdagi) shafaqqa,

17. tun va u qamrab olgan (barcha) narsaga

18. hamda to'lin oygaki,

19. albatta sizlar bosqichma-bosqich (yashab) kelursizlar!

20. Bas, nega ular imon keltirmaydilar?!

21. Ularga Qur'on qiroat qilinganda, (Yaratganga) sajda qilmaydilar?! (Sajda oyati)

22. Aksincha, kufrga ketganlar (bu kabilarni) inkor eturlar.

23. Alloh esa ular ichlarida yashirib yurgan narsalarini yaxshi biluvchidir.

24. Bas, (ey, Muhammad,) ularga alamli azob "xushxabari"ni bering!

25. Ammo, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas mukofot bordir.

Qayd etilgan