Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 624848 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 63 B



Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:09:36



FOTIHA SURASI

Bu sura Qur'on nusxalarida Makkada nozil qilingan deb kelinayotgan bo'lsada, tafsir va hadislarda u Madinada ham takroran nozil qilingan, deyiladi. Shuning uchun ham bu suraning nomlaridan biri - "Sab'ul-masoniy", ya'ni "ikki bor nozil qilingan yetti oyat" demakdir.

Suraning o'nga yaqin nomlari bo'lib, ulardan eng mashhuri "Fotiha", ya'ni, "ochuvchi" - suralarning joylashishi bo'yicha avvalida qo'yilgani uchun unga shu nom berilgan. "Al-Hamdu" so'zi bilan boshlangani uchun bu nom bilan ham ataladi. Islom dini mafkurasi va ahkomlarini muxtasar shaklda o'zida mujassam etgani uchun "Ummul-Qur'on", ya'ni "Qur'onning onasi" nomi berilgan. Mazkur yetti oyatni sharhlab ba'zi mufassirlar bir necha jildlik asar yozib qoldirganlar.

"Bismillohir Rahmonir Rahim" oyati "Fotiha" surasining tarkibiga kiradimi yoki u keyin qo'shib qo'yilganmi degan masalada mujtahidlarning ba'zilari uni shu suradan deb sanaganlar. Boshqalar esa Qur'ondagi 113 ta sura boshlanishidagi hamma "Bismilloh"lar ham suralarining tarkibiy qismidan emas, balki ularni bir-biridan ajratib turuvchi - fosila sifatida joylashtirilgan, deganlar. "Bismilloh" oyati faqat bir joyda - Naml surasining 30-oyatida kelgan, deb ta'kidlaydilar.

Abu Hanifa (Imom A'zam) ham shu fikrda bo'lganlar. Shuning uchun Hanafiy mazhabiga mansub xattot va noshirlar tomonidan ko'chirilgan va chop etilgan Qur'on nusxalarida, xususan Turkiya va Pokistonda nashr etilgan nusxalarda "Fotiha" surasining boshida kelgan "Bismilloh"ga raqam qo'yilmaydi. Arab dunyosida chiqadigan Qur'onlarda esa unga birinchi raqam, "Fotiha" surasining birinchi oyatiga esa 2 raqamini qo'yadilar.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

2. Hamd olamlar Rabbi - Allohgakim,


Izoh: Hamd so'zi arabcha bo'lsada, musulmon xalqlari tilida ko'p ishlatilishi va uning mazmuni ham bir qadar tushunarli bo'lib ketgani uchun tarjimasiz o'zi berildi. Aslida hamd - bu maqtov demakdir. Lekin bu maqtov Allohgagina xosdir. Ya'ni, Allohdan boshqaga hamd so'zini ishlatilmagani ma'qul. Zero, hamd - bu maqtaluvchidagi yaxshi sifatlarni har qancha ta'rif va tavsif qilsa ham ozlik qilishini anglatadi. Insonni maqtaganda esa madh so'zini ishlatgan ma'qul. Zero, madh - bu maqtaluvchida mavjud bo'lmagan yaxshi sifatlarni ham qo'shib maqtashdir. Oyatdagi "olamlar"dan murod butun mavjudotdir.

3. (U) mehribon, rahmli

4. va jazo kuni (qiyomat)ning egasidir.

5. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so'raymiz!

6. Bizni shunday to'g'ri yo'lga boshlaginki,

7. (u) Sen in'om (hidoyat) etganlarning yo'lidir


Izoh: Alloh in'om etgan kishilar - payg'ambar, siddiq va shahidlardir.

g'azabga uchragan va adashganlarning emas!

Izoh: Allohning g'azabiga uchraganlar - Muso qavmining itoatsizlaridir (Baqara surasi, 61-oyatga qaralsin). Adashganlar esa - Iso qavmining, "Allohning farzandi bor" deydiganlaridir.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:09:59



BAQARA SURASI

Baqara sigir demakdir. Surada Muso alayhissalom qavmi orasida noma'lum shaxs tomonidan bir kishi o'ldirilganda, Alloh taolo bir sigir so'yib, uning bir bo'lagi bilan o'likni ursinlar, deb buyuradi. Shu buyruqni bajarishganda murda tirilib, o'z qotili kimligini aytib beradi. Shu sababli sura sigir nomi bilan atalgan. Bu Qur'ondagi eng yirik sura bo'lib, unda e'tiqod (Islom mafkurasi), ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq va idda kabi masalalar bayoni bilan bir qatorda Muso alayhissalom, Fir'avn va Isroil avlodi o'rtasidagi mojarolar o'z aksini topgan.
 
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
 
1. Alif, Lom, Mim.

Izoh: Alif, Lom, Mim. Qur'onda 27 ta sura shu kabi hijo (alifbo) harflari bilan boshlanadi. Ularni "Hurufi muqattaot", ya'ni, tarkibdan ajratilgan harflar deb ataladi. Bu harflarning mazmuni yoki nimalarning alomati ekanligi to'g'risida bahs yuritish man etilgan. Ularning ma'nosini faqat Allohning O'zi biladi deb e'tiqod qilish zarurdir. Lekin ba'zi mufassirlar o'z tafsirlarida ularni izohlashga ham uringanlar.

2. Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim,

3. ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir.

4. Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir.

5. Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:10:44



6. Haqiqatan, kufr (imonsizlik)ni tanlaganlar - ularni ogohlantirsangiz ham, ogohlantirmasangiz ham, ularga baribir - imon keltirmaydilar.

7. Ularning dillari va quloqlariga Alloh muhr urib qo'ygan. Ko'zlarida esa parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir).

8. Odamlar orasida shundaylar ham borki, ular "Biz Allohga va oxiratga imon keltirdik", - deydilar. Vaholanki, o'zlari mo'min emaslar.

9. Ular (bu bilan) Allohni va imon keltirganlarni aldamoqchi bo'ladilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda o'zlarinigina aldaydilar.

10. Ularning dillarida xastalik (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. (Mo'minmiz, deb) yolg'on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir.

11. Ularga: "Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmanglar!", - deyilsa, ular: "Albatta, biz asl islohchilarmiz", - deydilar.

12. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar.

13. Ularga: "Sizlar ham (ana u) odamlardek imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz (shu) nodonlarga o'xshab imon keltiramizmi?!" - deydilar. Ogoh bo'lingki, ularning o'zlari nodondirlar, lekin (buni o'zlari) bilmaydilar.


Izoh: Bilol, Suhayb kabi qullar va boshqa ba'zi bechorahol kishilar imon keltirganlarida, munofiqlar ularga haqorat nazari bilan boqib, ularning safiga qo'shilishdan or qilganlar.

14. Imon keltirgan kishilarga duch kelib qolganlarida: "Biz ham imon keltirdik", - deydilar. O'z shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganlarida esa: "Biz, albatta, sizlar bilan birgamiz, faqat biz (mo'minlarni) mazax qiluvchilarmiz, xolos", - deydilar.

15. Alloh ularni "mazax qiladi" va ularning shu (haddan oshgan) tug'yonlarida adashib yurishlariga qo'yib beradi.


Izoh: Allohning "mazax qilishi" ularning qilmishlariga yarasha jazo berishidir. Tug'yon holatlarida davom etishlari esa berilajak jazoning ortishiga sabab bo'ladi. Alloh ularni shu holatda davom ettirishi ularning zararigadir.

16. Hidoyat (to'g'ri yo'l) o'rniga zalolat (noto'g'ri yo'l)ni sotib olganlar o'shalardir, (lekin) bu savdolari foyda qilmadi va haq yo'lga yuruvchi ham bo'lmadilar.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:11:18



17. Ular bamisoli bir olov yoqqan kimsa (yo'lovchi)ga o'xshaydilar: olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexos) nurlarini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko'rolmaydigan holda qoldirgani kabidir.

18. (Ular) kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular zinhor (hidoyatga) qaytmagaylar.


Izoh: Ularning karligi - haq gaplarni tinglamasliklari, soqovliklari - haq gapni gapirmasliklari, ko'rliklari esa haq narsani ko'rib, tasdiq etmasliklaridir.

19. Yoki (yana bir o'xshatish) osmondan jala keltiruvchi bulut kabiki, unda zulmat, momaqaldiroq va chaqmoq bo'lib, (ular ostida) yashin tegib o'lishdan qo'rqib, barmoqlarini quloqlariga tiqib olurlar. Alloh esa kofirlarni (har tomondan) qurshab oluvchidir.

20. Chaqmoq ularning ko'zlarini ko'r qilgudek bo'ladi. (U) har gal yoritganida (ozgina) yurib oladilar, ularga qorong'i tushirganida esa (joylarida) turib qoladilar. Agar Alloh xohlasa edi, ularni quloq va ko'zlaridan (momaqaldiroq ovozi va chaqmoq yorug'ligi bilan) judo qilgan bo'lur edi. Zero, Alloh har narsaga qodirdir.

Izoh: Munofiqlar to'g'risida nozil qilingan oyatlarda Alloh taoloning ularga nisbatan aytgan qattiq gaplari chaqmoqqa o'xshatilmoqda.

21. Ey, insonlar, sizlarni va sizlardan oldingilarni taqvoli bo'lishlaringiz uchun yaratgan Rabbingizga ibodat qilingiz!

22. U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar undirdi. Bas, bilib turib Allohga (ibodatda) boshqa (soxta ma'buda)larni tenglashtirmangiz!

23. Agar bandamiz (Muhammad)ga tushirgan narsamiz (Qur'on)dan shubhada bo'lsangiz, bas, siz ham unga o'xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring - agar rostgo'y bo'lsangiz.

24. Bordiyu (bu ishni) qilmasangiz - zinhor qila olmaysiz ham - u holda yonilg'isi odamlar va toshlardan iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningiz!

Izoh: Odamlar va toshlar, ya'ni kofirlar va toshdan yasalgan sanamlar. Demak, sanam va butlarga sig'inuvchilar o'z ma'budalari bilan birga yonishlari tasvirlanmoqda.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:11:57



25. Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

Izoh: Jannat ahli noz-ne'matlardan har gal tanovul qilganlarida, ularning bir xillik va oliy sifatlikda bir-biridan farqsiz holda ko'rib, "bu oldinroq yegan narsalarimizning o'zi-ku," - deb taajjub qilar ekanlar. Ikkinchi xil tafsiri shuki, jannatdagi noz-ne'matlarning tashqi ko'rinishi xuddi foniy dunyodagiga o'xshash bo'lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Tanovul qilmay turib: "Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o'zi-ku!" - der ekanlar.

26. Alloh chivin, balki undan ham yuqori narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi. Imonli kishilar-ku, u (masal)ni haqiqatan ularning Rabbi tomonidan (yuborilgan) haqiqat deb biladilar. Kofirlar esa: "Bu masal bilan Alloh nima demoqchi, o'zi?" - deydilar. U (masal) bilan Alloh ko'plarni adashtiradi va u bilan ko'plarni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qiladi. Lekin, (Alloh) u bilan faqat fosiq kimsalarni adashtiradi,

Izoh: Bu oyat ikki xil ta'vil etiladi. Birinchidan - Alloh chivin va undan katta narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi, deb ham tushunish mumkin. Ikkinchidan - chivin va undan ham kichik narsa misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi.

27. qaysiki, (ular) Alloh ahdini uning bitimidan keyin buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer (yuzi)da buzg'unchilik qiladigan kimsalardir. Ular, albatta, ziyon ko'ruvchilardir.

Izoh: Bog'lanishiga buyurgan narsalar deganda, qavm-qarindoshlar bilan bog'lanib, ularga silai rahm qilish, mo'min-musulmonlar bilan yaxshi munosabatda bo'lish, payg'mbarlarni ayirmay hammasiga barobar imon keltirish kabi ishlar nazarda tutiladi.

28. O'lik ekaningizda sizni tiriltirgan, so'ng sizga (yana) o'lim beradigan, keyin sizni tiriltirgach, siz huzuriga qaytariladigan Allohni qanday inkor etasiz?!

29. U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi. So'ngra samo sari "turdi-da," uni yetti osmondan iborat qilib qo'ydi. U barcha narsani biluvchi (dono)dir.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  12 Noyabr 2007, 18:12:35



30. Eslang, (ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: "Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman", - deganida, (ular) aytdilar: "Unda (Yerda) buzg'unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to'kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: "Men sizlar bilmagan narsani bilaman".

Izoh: Odamzot yaratilsa, u yer yuzida buzg'unchilik ishlarini qilishini farishtalar qayerdan bilishdi, degan tabiiy savolga "Madorik" tafsirida shunday javob qilinadi: ularga Odam haqida Alloh taoloning o'zi xabar berib, uning sifatlarini ham bayon qilgan yoki "Lavhul-mahfuz" dan o'qib, bilib olganlar yoxud odamzotni ham jinlarga taqqoslashgan, zero, Odam Ato yaratilishidan ilgari jinlar yaratilganda, ular itoatsizlik bilan ko'pyovuz ishlarni qilgan ekanlar. Farishtalar insni jinga taqqoslab, mazkur e'tirozni bildirganlar.

31. (Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o'rgatdi. So'ng ularni farishtalarga (birma-bir) ko'rsatib dedi: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!"

32. (Ular) dedilar: "Zoti poking haqqi, bizda O'zing bildirganingdan o'zga ilm yo'qdir. Albatta, Sen ilm va hikmat egasidirsan".

33. (Alloh) aytdi: "Ey, Odam, ularga nomlari bilan aytib ber". Ularga nomlari bilan aytib berganida, (U) dedi: "Men osmonlar va Yer sirlarini, sizlar oshkor qilayotgan va yashirib yurgan narsalaringizni bilurman, demaganmidim?!"

34. Eslang, (ey, Muhammad,) Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, kibr qildi va kofirlardan bo'ldi.


Izoh: Bu oyatni "kofirlardan edi" deb tarjima qilish ham mumkin. Unda "Iblis - Allohning bilishicha - oldindan qalbida kufrni yashirib yurar edi",- degan ma'no chiqadi.

35. Biz yana aytdik: "Ey, Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz".

Izoh: Ta'qiqlangan daraxt-uzum yo anjir yoki olmo yoxud bug'doy ekani haqida rivoyatlar bor.

36. Bas, shayton ikkisini (vasvasa bilan) undan toydirib, turgan joylaridan (jannatdan) chiqardi. Biz (ularga) aytdik: "Bir-biringizga (kelajak zurriyotingiz bilan o'zaro) dushman bo'lib, (Yerga) tushingiz! Ma'lum vaqtgacha (ajal yetguncha) sizlar uchun Yerda barqarorlik va (undan) foydalanish (bordir).

37. Bas, Odam Rabbidan (tavbaga doir) kalimalarni qabul qilganidan so'ng (Alloh) uning tavbasini ijobat etdi. Albatta, U tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdir.

Qayd etilgan


Muslimа  14 Noyabr 2007, 16:54:22



38."U yerdan (jannatdan) hammangiz tushingiz", - dedik. Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, hidoyatimga ergashganlarga xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaydilar.

Izoh: Bu yerda ikkita so'zni izoh qilish lozim. Biri - "hammangiz". Odam bilan Havo ikki kishi bo'lsa, nega ularga ko'plik shakli ishlatildi, deyilsa, javobiga tafsirlarda u ikkisidan keyinchalik paydo bo'ladigan avlodu zurriyotlari nazarda tutilganligi aytiladi. Ikkinchisi - "jannatdan chiqingiz!" deyilmasdan, "tushingiz!" deyilishidan jannatning yuqorida ekanligiga ishorat etilgan. Do'zax pastda bo'lgani uchun unga "kirish" so'zidan ko'ra, "tushish" lafzi ko'p ishlatilishi ham shu e'tibor bilandir.

39.Kofir bo'lgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar, aynan o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular unda (do'zaxda) abadiy qolurlar.   

40. Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni eslangiz, ahdimga vafo qilingiz, toki Men ham sizlarning ahdingizga vafo qilay va Mendangina qo'rqingiz!

Izoh: Isroil avlodi kimlar? Isroil Ya'qub alayhissalomning laqabi. Arab tilida Banu Isroil deyiladi. Yahudiylarga nisbatan shu iborani ishlatish odat bo'lgan

41.O'zlaringizdagi narsa (Tavrot va Injil)ni tasdiq etuvchi holda nozil qilgan narsam (Qur'on)ga imon keltiringiz. Uni birinchi bo'lib inkor etuvchi bo'lmangiz. Oyatlarimni ozgina bahoga sotmangiz va Mendangina qo'rqingiz

42. Haqni nohaqlik bilan qorishtirmangiz hamda bila turib, haqiqatni yashirmangiz.

Izoh: Haqiqatni yashirganlari - qo'llaridagi Tavrotda yozilgan Muhammad alayhissalomning sifatlari yozilgan oyatlarni yo'q qilib yuborganliklaridir. Yahudiylar oxirgi payg'mbar o'zlaridan chiqmasdan arablardan chiqqanligiga hasad qilib, shunday yomon ishlarga qo'l urganlar.

43. Namozni mukammal ado etingiz, zakot beringiz va ruku' qiluvchilar bilan birga ruku' qilingiz.

44. Kitob (Tavrot va Injil)ni o'qib turib, odamlarni yaxshilikka buyurasizlar-u, o'zlaringizni unutasizlarmi?! Aqlni ishlatmaysizlarmi?!

45. (Allohdan) sabr va namoz ila yordam so'rangizlar. Darhaqiqat, u (namoz) og'irdir. Illo, itoatlilarga (og'ir) emas.

46. Ular (itoatlilar) Rabbilariga (oxiratda) yuzma-yuz bo'lishlarini va Unga qaytajaklarini (haq deb) bilurlar.

47. Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni va sizlarni olamlar uzra afzal qilganimni eslangiz.

Izoh: O'z zamonlaridagi boshqa kishilardan ustun qilgani haqida eslatmoqda. Ya'ni, ularga ilm, imon, amali solih kabi sifatlar ato etgani va ular ichidan payg'mbarlar va odil podshohlarni chiqargani, ular shunday yaxshi holatdan yomon holatga o'zgarib ketganlarini tanqid qilmoqda.

48. Biror jon biror narsada boshqa jonning o'rniga o'tmaydigan, undan shafoat ham qabul qilinmaydigan va (gunohlari uchun) badal ham olinmaydigan hamda ularga yordam berilmaydigan kundan (qiyomat kunidan) qo'rqingiz!

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 10:59:45



49.Sizlarni (Muso qavmini) og'ir azoblar bilan qiynagan, o'g'illaringizni qatl etib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir'avn navkarlaridan qutqarganimizni ham eslangiz. Bunda Rabbingizdan sizlarga ulkan sinov bordir.

50. Sizlar sababli dengizni (o'n ikkiga) bo'lib, sizlarni qutqarganimiz, ko'z o'ngingizda Fir'avn lashkarini g'arq qilganimizni ham eslangiz.

Izoh: Dengizdan o'n ikkita yo'l ochib, Muso lashkarini o'tkazib yuborganidan keyin, ularni quvib kelayotgan Fir'avn lashkari dengiz o'rtasigacha kirib kelishgach, Alloh taolo suvni yurgizib yuborgani va Fir'avn o'z lashkari bilan g'arq bo'lib, halok bo'lganini bayon etmoqda. Nima uchun aynan o'n ikkita yo'l ochildi, degan tabiiy savol tug'iladi. Javobiga tafsirlarda Isroilga mansub o'n ikki "sibt" - avlod bo'lgan. Shu adadning e'tibori bilan o'n ikki raqami qayd etilgan, deyiladi. Muso alayhissalom o'z qavmi suv so'raganda ham toshni urib, o'n ikki chashma chiqarganlari shu munosabat bilandir.

51. Muso bilan qirq kecha va'dalashganimiz, undan (huzurimizga ketganidan) keyin, sizlar (o'zlaringizga) zulm qilgan holingizda buzoqqa sig'inganingizni eslangiz.

52. So'ngra, o'shandan keyin ham shukr qilarsiz, deb, sizlarni afv etdik.

53. To'g'ri yo'lga tusharsizlar, deb, Musoga Kitob (Tavrot)ni va (haq bilan nohaqni ajratuvchi) Furqonni berganimizni eslangiz.

54. Musoning o'z qavmiga: "Ey, qavmim, sizlar buzoqqa sig'inish bilan o'zingizga zulm qildingiz. Endi o'zingizni (bir-biringizni) o'ldirish bilan Yaratuvchingizga tavba qilingiz. Yaratuvchingiz nazdida shu (qatl) sizlar uchun yaxshiroqdir", - degan so'zini eslang. Shunday qilib, Alloh tavbangizni qabul etdi. Albatta, U kechirimli va rahmlidir.

55. "Ey, Muso, Allohni oshkora ko'rmagunimizcha, senga hech ham ishonmaymiz" - deyishingiz bilan ko'z o'ngingizda sizlarni chaqmoq urganini ham eslangiz.

56. So'ngra shukr qilursizlar, deb, o'lganingizdan keyin yana sizlarni tiriltirdik.

57. Shuningdek, ustingizga bulutlarni soyabon qildik, samoviy noz-ne'matlar va (pishirilgan) bedanalar nozil etib, "Sizlarga rizq sifatida berilgan pok narsalarni yenglar" (dedik). Ular (Isroil avlodi) Bizga zulm qilmadilar, balki o'zlarigagina zulm qildilar.

Izoh: Samoviy noz-ne'matlar deb tarjima qilingan bu so'zning arabchasi Qur'onda "mann" lafzi bilan keltiriladi. Ruscha "manna", ya'ni un.    

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 11:21:51



58. Biz sizlarga: "Ushbu qishloqqa (Qudsga) kiringizlar va unda xohlagan joylaringizda lazzatlanib, yeb-ichingizlar. Darvozadan sajda qilgan holingizda kirib, (Allohga) "afv et" denglar, (shunda) Biz xatolaringizni kechiramiz va ezgulik qiluvchilarga (ajru savobni ham) ziyoda qilurmiz", - deganimizni eslangiz.

59. Shunda zolim kimsalar ularga aytilgan so'zni boshqa so'zga almashtirdilar. Bas, qilgan bu buzg'unchiliklari tufayli Biz zulm qilganlar ustiga osmondan jazo tushirdik.

Izoh: Ularga "hitta" so'zini aytish buyurilganda, ular "hinta" deb masxara qilishgan. Ya'ni, kechirim so'rangiz deyilsa, ular bug'doy ber deb, Allohning buyrug'iga muxolif ish qilishgan.

60.  Eslang (ey, Isroil avlodi,) Muso o'z qavmi uchun suv so'raganida, "Asoingni toshga ur" dedik. Bas, undan (toshdan) o'n ikki chashma otilib chiqdi. (O'n ikki urug'dan) har bir guruh o'z suvini bilib (taqsimlab) oldi. "Allohning rizqidan yeb-ichingizlar, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangizlar".

61. Yana eslang, "Ey, Muso, biz bir (xil) taom (yeyish)ga sabr qila olmayapmiz. Rabbingdan duo qilib so'ra, bizga Yer (o'zidan) undirib chiqaradigan bodring, sarimsoq, mosh-loviya, piyoz kabi sabzavotlardan yetishtirib bersin", - deganingizda, u: "Yaxshi narsani past narsaga almashtirmoqchimisizlar, (biror) shaharga tushingiz ,(u yerda) sizlar uchun so'ragan narsangiz bor", - degan edi. Ularga (bu noshukrliklari tufayli) xorlik va miskinlik bitib qo'yildi hamda Allohning g'azabiga uchradilar. Bunga ularning Alloh oyatlarini inkor qilganlari va payg'mbarlarni nohaq qatl etganlari sabab bo'ldi. Yana boshqa sababi esa ularning itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir.    

Qayd etilgan