Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069738 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 63 B


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:26:19



191. Ularni (mushriklarni) qayerda topsangiz, o'ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan (Makkadan) ularni chiqaringiz! Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular boshlamaguncha, Masjidi Haromda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Haramda) boshlasalar, u holda ularni o'ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir.

192. Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

193. Fitna bosilib, butun din Alloh uchun bo'lgunga qadar ular bilan urushingiz! Agar tinsalar, u holda zolimlardan boshqaga adovat qilishlik (Islomda) yo'q.

194. (Urush) man etilgan oy - (urush) man etilgan oy evazigadir (urush ochsalar, sizlar ham shu oyda urush ochaveringizlar), (toptalgan) hurmatlar (jazosi) - qasosdir. Kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham o'sha me'yorda tajovuz qiling! Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.

Izoh: Urush man etilgan hurmatli oy - Zul-qa'da oyi. Bu oyatning boshqacha tafsiri ham mavjud. Ya'ni, "Hijratning oltinchi yili hurmatli oyda umra uchun borganlaringizda, Makka mushriklari yo'llaringizni to'sib, umraga kelasi yili kelinglar, deganlaridan so'ng, yettinchi yili kelib, hurmatli oyda umrani ado etishlaringizda farq yo'qdir".

195. Alloh yo'lida (boyliklaringizdan) sarflangiz va o'z qo'llaringiz (baxillik qilish) bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko'radi.

Izoh: Bu oyatning avvalida baxillik qilish halokatga sabab bo'lishi uqtirilgan bo'lsa, oxirida ehson qiluvchi saxiy kishilarning Allohga mahbub ekanligi aytilmoqda.

196. Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting! Agar (kasallik yoki qaroqchilar tufayli) yo'lingiz to'silib qolsa, qurbingiz yetgan biror (bo'taloq, sigir, qo'y kabi) jonliq so'ying. (O'sha) qurbonlik o'z joyiga yetib bormagunicha, boshlaringizni (sochingizni) qirmang! Sizlardan kimdir (hajda) kasal bo'lsa yoki boshidan (bit yoki biror darddan) aziyat cheksa (sochini oldinroq oldirishi yoki qisqartirishi mumkin), bu bilan u ro'za yoki sadaqa yoxud qurbonlik bilan fidya (evaz) to'laydi. Qachonki, (mone'liklardan) xotirjam bo'lsangiz, so'ng (haj vaqtigacha) kimki umra qilib tamattu' qilsa (ehromdan vaqtincha chiqib olsa), muyassar bo'lgan qurbonlikni qilsin! Kim (bunga imkoniyat) topa olmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganlaringizdan keyin ro'za (tutsin!) O'sha rosa o'n kundir. Bu (hukmlar) oilasi (yashash joyi) Masjidi Haromda bo'lmaganlar uchundir. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, Alloh azobi shiddatli zotdir.

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:29:56



197. Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o'ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida ayolga yaqinlashishi, gunoh ishlar va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo'q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh biladi. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo'rqingiz), ey, oqillar!

198. Rabbingizdan (haj mavsumida tijorat bilan) fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo'qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash'ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni - garchi ilgari adashganlardan bo'lsangiz-da - haq yo'lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz!.

199. So'ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingizlar va Allohdan mag'firat so'rangizlar. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

Izoh: Bu yerdagi buyruq Makka ahliga qaratilgan, zero, ular odatda, Arafotda to'xtab o'tmasdan Muzdalifa degan yaqinroq joydan qaytar edilar.

200. (Hajga oid) ibodatlaringizdan forig' bo'lganlaringizdan keyin Allohni go'yo ota-bobolaringizni (madhiyalar bilan) yod etganlaringizdek, balki undan ham ziyodroq yod etingiz! Odamlar orasida shunday kimsa ham bo'ladiki, u: "Ey, Rabbimiz, bizga shu dunyoda bergin", - deydi. Vaholanki, unga oxiratda nasiba yo'qdir.

201. Yana shundaylari ham borki, ular: "Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do'zax azobidan asragin", - deydilar.

202. Aynan o'shalarga qilgan ishlaridan nasiba (savob) bordir. Alloh tez hisob (kitob) qiluvchidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:34:27



203. Sanoqli (ma'lum) kunlarda Allohni (ko'proq) zikr qilingiz!* Kimki ikki kunda shoshilsa (haj ishlarini tugatib ketsa), unga gunoh yo'q. Kim (uchinchi kungacha) kechiksa, unga ham gunoh yo'qdir, basharti taqvoli bo'lsa. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, sizlar, albatta, Uning huzuriga (qiyomatda) to'planursizlar.

Izoh: Sanoqli kunlar - tashriq kunlari. Ular hanafiy mazhabi bo'yicha Zul-hijja oyining 10,11,12 kunlari, shofe'iy mazhabida esa 11,12,13 kunlaridir.

204. Odamlar orasida shunday kimsalar borki, dunyo hayoti to'g'risidagi gapi Sizga qiziqarli bo'ladi. Dilidagi "imoni"ga Allohni guvoh qiladi, vaholanki, o'zi (Islomga) dushmanlarning ashaddiysidir.

205. (Oldingizdan) ketganida yerda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi.

206. Unga "Allohdan qo'rqqin" deyilsa, g'ururi uni gunoh ishlarga undaydi. Unga faqat jahannam bas kelur. Naqadar mudhish joy u!

Izoh: Bu oyat munofiq Axnas ibn Shariq xususida nozil bo'lgan. U Payg'ambar (a.s.)ga o'zini sodiqdek ko'rsatib, dilidagi yovuz g'arazlarini yashirgan paytda, Alloh taolo O'z Rasulini bundan ogoh qilgani to'g'risida xabar bermoqda.

207. Odamlar orasida Allohning roziligini istab, jonini beradigani ham bor. Alloh bandalarga mehribondir.

208. Ey, mo’minlar, yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir.   

209. Agar sizlarga hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin ham yanglishsangizlar, bilingizki, albatta, Alloh qudrat va hikmat sohibidir.   

210. Ular (haqni inkor etuvchilar) balkim, soyabon bulutlar ostida Alloh va farishtalar kelganda ish tugashini (qiyomatni) kutayotgandirlar. Barcha ishlar Allohga oshirilajak, albatta.   

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:37:44



211. Isroil avlodidan so'rang, ularga qanchalab aniq mo''jizalar beribmiz! Kim Allohning ne'mati kelgandan keyin uni o'zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Allohning jazosi qattiqdir.

212. Kufr yo'lidagilarga bu dunyo ziynatli qilib qo'yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo'lganlar ulardan balanddirlar. Alloh xohlagan kishilarga behisob rizq berur.

213. Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya'ni, Islomda) edilar. So'ng (ular buzilib ketgach,) Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg'ambarlarni yubordi. Yana ular bilan birga odamlar orasida chiqqan kelishmovchiliklarni hal etadigan hukmlarni chiqarsin deb (ilohiy) Kitob ham nozil qildi. Hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin, shu kitob berilganlarning o'zi hadlaridan oshib (hasad qilib,) u to'g'rida ixtilof qildilar. Lekin, Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O'z izni bilan haqqoniy yo'lga yo'lladi. Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyatga yo'llaydi.

Izoh: Bu oyatdagi "bir millat" iborasiga turli xil tafsirlar aytilgan. Birinchisi - Idris va Nuh (a.s.)lar zamonida odamlar bir xil kofir millat edilar. Ikkinchisi — Ibrohim (a.s.) zamonlarida ko'pchilik odamlar bir millat, ya'ni Islom dinida edilar. Yana boshqa tafsirda Odam (a.s.) davrida hamma musulmon edi. O'g'li Qobil o'z birodari Hobilni o'ldirgandan keyin kofirlar safi ko'paya boshlagan.

214. Yoki (ey, mo’minlar,) sizlardan ilgari o'tganlarning kuni (boshlaringizga) kelmay turib, jannatga (osongina) kiramiz, deb o'yladingizmi? Ularga balo va musibatlar kelib, shunchalik larzaga tushgan edilarki, hatto payg'ambar va imonli kishilar: "Allohning yordami qachon (kelar ekan)?" deganlar (betoqat bo'lishgan). Aslida esa Allohning yordami yaqindir.   

215. Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir".

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:42:24



216. Sizlarga (yov bilan) jang qilish farz qilindi, vaholanki, u sizlar uchun yoqimsizdir. Ehtimol, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o'zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsalaringiz esa (aslida) yomondir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.   

217. Sizdan "Shahri Harom"da jang qilish (hukmi) haqida so'raydilar. Ayting: "Unda jang qilish katta gunohdir. (Lekin, odamlarni) Alloh yo'lidan qaytarish, Unga kufr keltirish va (hojilarni) Masjidi Haromdan to'sish hamda aholisini quvib chiqarish Alloh nazdida yana ham kattaroq gunohdir. Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir. Ular imkon topsalar, to diningizdan qaytarmaguncha, sizlar bilan jang qilaveradilar. Sizlardan kimda-kim o'z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o'lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyoyu oxiratda behuda ketar. Ular do'zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar.


Izoh: Shahri Harom — hurmatli oy. Ya'ni, Rajab oyi. Rasululloh bu oy kirmasdan turib, Quraysh mushriklaridan iborat karvon yo'lini poylab, o'ch olish uchun bir guruh askarni yuborgan edilar. Ular Rajab oyi kirib qolganidan bexabar mushriklarga hujum qilib, mag'lubiyatga uchratganlar. Bu voqeadan keyin mushriklar ta'na qilishib: "Muhammad hurmatli oyda jang qildi. Alloh harom qilgan narsani halol deb bildi", - deganlarida, Alloh taolo mushriklarning qilmishlari musulmonlar yo'l qo'ygan bu kamchilikdan battar ekanligini bayon qilmoqda.

218. Imon keltirgan, (vatanlaridan) hijrat qilgan va Alloh (toati) yo'lida jiddu jahd qilgan kishilar - aynan o'shalar Allohning rahmatidan umid qilurlar. Alloh (esa) kechiruvchi va rahmlidir.   

219. Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida so'raydilar. Ayting: "U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ba'zi) foydalar bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir". Sizdan yana nimalarni ehson qilish to'g'risida so'raydilar. (O'zingizdan) ortganini, deb javob bering. Shunday qilib, Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad fikr yuritsangizlar


Izoh: Aroqning man etilishi birdaniga bir oyat bilan hal qilinmagan, balki to'rt bosqich bilan taqiqlangan. Birinchi bosqich Nahl surasining 67-oyatida xurmo va uzumdan olinadigan mast qiluvchi ichimliklarning halolligi haqida Makkada nozil qilingan. So'ngra Umar ibn Xattob (r.a.) va ba'zi boshqa sahobalar araq aql va boylikni ketkazuvchi ofat ekanidan Payg'ambar (a.s.)ga shikoyat qilganlaridan keyin Baqara surasining mazkur oyati vahiy qilingan. Uchinchi bosqich — Abdurahmon ibn Avf mast holda imomlik qilganlarida, oyatni qo'pol ravishda buzib qiroat qilgan. Shundan keyin Niso surasining 43-oyatida mast holatda namozga yaqinlashmaslik buyurildi. To'rtinchi oxirgi bosqich - Atbon ibn Molik degan sahoba uyida mehmondorchilikda mast bo'lib qolgan mehmonlar o'zaro urishib, janjallashib qolganlar. Shundan keyin Umar ibn Xattob (r.a.) Allohga iltijo bilan: "Ey, xudoyim, araq to'g'risida qoniqarli bir hukm nozil et!" - deb duo qilganlaridan keyin Moida surasining 90-oyatida araq ichish qat'iy man etildi.                                                                                                       Izoh(a): O'z ehtiyojidan ortgan boylikni ehson qilib yuborish ko'pchilikka qiyin ekanligini e'tiborga olib, Alloh taolo zakot oyatini nozil qildi. Shundan keyin bu oyat hukmi bekor bo'lib, boy odamlargina nisobga yetgan boyligining qirqdan bir qismini zakotga berishlari joriy etildi.

220. dunyo va oxirat haqida. Sizdan, shuningdek, yetimlar (haqlari) to'g'risida so'raydilar. Ayting: "Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsalaringiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir. Alloh buzg'unchi bilan isloh etuvchini (farqini) biladi. Agar Alloh xohlasa, sizlarni qiyinchilikka solib qo'ygan bo'lar edi. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir.

Izoh: Yetimlarning haqqini nohaq yo'l bilan yeyish yoki o'zlashtirish ulkan gunohlardan hisoblanishi oyat va hadislarda bayon etilgan. Niso surasining 10-oyatida bu xususda qattiq vaid (tahdid) bordir. 

Qayd etilgan


Muslimа  15 Noyabr 2007, 16:45:18



221. Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha, nikohingizga olmangiz. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo’mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Ular (mushriklar) do'zaxga chorlaydilar. Alloh (esa) o'z izni bilan jannatga va mag'firatga chorlaydi va eslatma olishlari uchun odamlarga o'z oyatlarini bayon etadi.

222. Sizdan hayz to'g'risida so'raydilar. Ayting: "U (er-xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangizlar! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringizlar (qovushaveringizlar). Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi".

223. Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz va o'zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, siz U bilan muloqot qiluvchidirsiz. Mo’minlarga (oxirat mukofotlari haqida) xushxabar bering (ey, Muhammad)!


Izoh: Bu oyati karimada Alloh taolo ayollarni ziroatgohga o'xshatadi. Darhaqiqat, ekinzorlarga qanaqa urug' ekilsa, o'sha urug' unib chiqadi. Dehqon hosil olish uchun o'z yerining xohlagan tomonidan kelib ishlov berib, don sepib, ko'chat o'tqazib dehqonchilik qilaverganidek, erlar ham o'z xotinlaridan farzand orttirish maqsadida xohlagan shaklda yaqinlik qilishi mumkin. Lekin 222-oyatda aytilganidek, faqat Alloh  buyurgan tarafdan kelish shartdir. Lekin bu degani faqat old tomonidan degani emas, balki qaysi tomondan bo'lsa ham ziroatgoh qasd qilinishi kerak. Alloh muloqotda bo'lishni eslatish bilan xotinga nisbatan Lut qavmining qiliqlarini qilmaslikka ishorat qilinmoqda.

224. Ezgu ish qilishingiz, taqvoda bo'lishingiz va odamlar o'rtasini isloh etishingiz borasidagi qasamlaringiz uchun Alloh (nomi)ni ko'ndalang qilavermangiz! Alloh eshituvchi va biluvchidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 09:12:35



225. Alloh sizlarni (faqat tilingiz uchida aytgan) behuda qasamlaringiz uchun javobgar qilmaydi. Balki, dillaringiz kasb etgan narsa (qasamlaringiz) uchun javobgar qilur. Alloh kechirimli va halimdir.

226. Xotinlaridan qasam bilan voz kechganlar uchun to'rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida) qaytsalar (joizdir), zero, Alloh, albatta, kechirimli va rahmlidir.

227. Bordiyu taloq qilishga azmu qaror qilgan bo'lsalar, (buni ham) Alloh eshituvchi va biluvchidir.


Izoh: Ya'ni, to'rt oyni o'tkazib yuborsalar, o'z-o'zidan taloq tushadi. To'rt oy o'tmay turib yaqinlik qilib qo'ysalar, tegishli kafforat (jarima) to'lanadi, lekin taloq tushmaydi. 

228. Taloq qilingan ayollar o'zlariga qarab, uch hayz muddati (o'tishini) kutib o'tiradilar. Agar ular Allohga va oxirat kuniga ishonsalar, bachadonlarida Alloh yaratgan narsa (homila yoki hayz)ni yashirishlari halol emas. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) xohlasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib olishga haqlidirlar. Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o'z me'yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

Izoh: Bir yoki ikki taloq qo'ygan erlar uch hayz muddati, ya'ni idda chiqqunga qadar so'z yoki harakat bilan qaytsalar, nikohni yangilamasdan turmushni davom ettirishlari mumkin. Ammo "boin" (qat'iy) taloq yoki uch taloq qo'ygan bo'lsa, bunda ikki masala bor. Birinchisi "boin" taloqda, ya'ni, taloq lafzini ishlatmasdan "qo'ydim", "menga haromsan", "Ket, sen bilan turmush qilmayman" kabi kinoyalar bilan bir yoki ikki taloqni niyat qilgan bo'lsa nikohni yangilab yarashib olish mumkin. Ikkinchi masala - uch taloq yoki undan ortiq qo'ygan bo'lsa, boin yoki rij'iy bo'lishidan qat'iy nazar, er-xotin o'rtasidagi shar'iy nikoh bekor bo'lib, birga turmush qurish mumkin bo'lmay qoladi. Bunday taqdirda, albatta, shariat peshvolariga murojaat qilib, maslahat olish zarur bo'ladi.                                                                Izoh(a): Ayollarga nisbatan erkaklarga jismonan va huquq jihatidan ustunlik berilgan. Masalan, meros olishda, guvohlikda, imomlikda, taloq qo'yishlik va boshqalarda.

229. Taloq ikki martadir. So'ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin). Ularga (xotinlaringizga) bergan narsalardan (mahrlaridan) biror narsani qaytarib olishlaringiz sizlarga halol emas, magar (er-xotin) Allohning (oila to'g'risidagi) buyruqlarini bajara olmaslikdan qo'rqsalar (bu undan mustasno). Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasligidan qo'rqsalaringiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q. Bu Allohning (belgilab qo'ygan) hadlaridir. Ulardan tajovuz qilmangizlar! Kim Allohning hadlaridan tajovuz qilsa, ana o'shalar zolimlardir.

Izoh: Bu evazni shariat tilida "xul'" deyiladi. Er ajralishni xohlamagan taqdirda xotini taloq so'rasa, evaz yoki badalni to'lab, erni ko'ndirish shariatda joriy etilgan.

230. Agar uni (uchinchi marta) taloq qilsa, (u ayol) to boshqa er bilan niqohlanmaguncha (va undan ham taloq olmaguncha), unga halol bo'lmaydi. Bas, agar (keyingi er) uni taloq qilsa, (qaraladi,) agar Allohning buyruqlarini bajara olishga ishonsalar, (avvalgi er bilan) turmushga qaytishlarida gunoh yo'qdir. Bular Allohning (belgilab qo'ygan) hadlaridir. Ularni anglaguvchi qavm (odamlar) uchun bayon qilur.

Izoh: Bu yerda nikohdan murod hanafiy mazhabi bo'yicha nikohdan keyin jinsiy yaqinlik, shofiiy mazhabida esa nikohning o'zi kifoya. 

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 09:19:27



231. Xotinlarni taloq qilganlaringizda (idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz! Allohning sizlarga bergan ne'matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni yodingizda tutingiz, Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir.

Izoh: Bu yerdagi hikmatdan murod Rasulullohning sunnat (hadis)laridir.

232. Xotinlarni taloq qilganlaringizda (idda) muddatiga yetgan bo'lsalar, (ey, ota-ona va qarindoshlari), ular o'zaro yaxshilikcha kelishib olgan bo'lsalar, erlariga (qayta) nikohlanishlarida ularga tazyiq o'tkazmangizlar! Sizlardan kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, (bu gaplar Unga) nasihat sifatida aytiladi. Bu (hukm) sizlar uchun eng beg'ubor va pok (hukm)dir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.

233. Onalar bolalarini to'la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni kamoliga yetkazishni istovchilar uchundir. Ularni (onalarni) me'yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortiq (mas'uliyat) yuklanmaydi. Bolalari tufayli ota ham, ona ham zarar ko'rmasin! Merosxo'rning zimmasida ham xuddi shunday (mas'uliyat) bor.* Agar ota-ona o'zaro kelishib, maslahat bilan (bolani sutdan) ajratmoqchi bo'lsalar, gunohkor bo'lmaydilar. Agar bolalaringizni (begona ayolga) emizdirmoqchi bo'lsangiz, haqqini me'yorida to'lab tursangiz, gunohkor bo'lmaysiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizkim, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.


Izoh: Ya'ni, mahram sanalmish merosxo'rlar zimmasiga marhumning yetim bolalari va xotinlarining ham nafaqasi tushadi.




Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 09:29:51



234. Sizlardan vafot etib xotinlarini (beva) qoldirgan bo'lsalar, (ular) to'rt oyu o'n kun o'zlarini kuzatib (idda saqlab) o'tiradilar. (Idda) muddatlarini o'tab bo'lsalar, ular o'z (turmushlari) xususida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizlar uchun (ey, mayyit egalari) gunoh yo'qdir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

Izoh: Ya'ni, shariat hududidan chiqmagan holda sovchilarga yoki kuyovlikka nomzod erkaklarga ko'rinishi, ularni surishtirish kabi ishlarga qo'l urish mumkin.

235. Bu kabi (tul) xotinlarga sovchilikni ishora qilishingizda yoki (aytmay) ichingizda pinhon saqlashingizda sizlar uchun gunoh yo'q. Alloh, u (xotin)larga (sovchilik haqida) gapirishingizni bildi. Lekin, ular bilan xufyona va'dalashmangiz! Faqat (ularga) yaxshi gap gapirishingiz (mumkin). To bitik (idda) o'z muddatiga yetmaguncha, nikoh bog'lashga azmu qaror qilmang va bilingizki, albatta, Alloh ichlaringizdagi narsani biladi. Bas, Undan ehtiyot bo'ling va yana bilib qo'yingizki, albatta, Alloh kechirimli va halimdir.   

236. Agar xotinlaringizni, qovushmay turib yoki ularga mahr belgilamay turib, taloq qilsangiz sizlar uchun gunoh yo'qdir. Lekin, ularni moddiy jihatdan ta'minlang; boy ham, kambag'al ham o'z hollariga qarab (ta'minlasin). Ezgulik qiluvchilar zimmasidagi burch (shudir).

237. Agar ularga mahrni belgilab, ammo qovushmay turib taloq qilgan bo'lsalaringiz, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (shu yarmidan ham) kechib yuborsa yoki nikoh o'z ixtiyorida bo'lgan zot (ya'ni, er o'ziga qaytib beriladigan yarim mahrdan) voz kechsa (mahrni mukammal to'lasa, joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir. O'zaro bir-biringizga fazl (muruvvat) qilishni unutmangiz. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 09:43:10



238. (Barcha) namozlarni, xususan o'rta namozni saqlanglar (o'z vaqtida o'qinglar) va (namozda) Allohga bo'yin sunib (kamtarlik bilan) turinglar!

Izoh: O'rta hamoz qaysiligi to'g'risida turli rivoyatlar mavjud. Uning asr namozi ekaniga dalillar ko'proq. Hanafiy mazhabida ham u asr namozi deb xulosa qilingan. 

239. Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). Bexavotir bo'lganingizda, bilmaganlaringizni sizlarga qanday o'rgatgan bo'lsa, xuddi shundek Allohni zikr etingiz (namozda).   

240. Sizlardan vafot etib xotinlarni qoldirganlar xotinlariga bir yilgacha (erining uyidan) chiqarilmay ta'minlanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o'zlari (ixtiyoriy ravishda) chiqib ketib, o'zlariga tegishli (ziynat, pardoz va sovchilarga ko'rinish kabi) yaxshi ishlarni qilishsa, sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

241. Taloq qilingan ayollarni me'yorida ta'minlash taqvodor (er)larning zimmalariga vojibdir.


Izoh: Nafaqa ayolning iddasi chiqqunga qadar to'lanadi.

242. Shu tariqa Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad aqlni ishlatsangizlar.

243. Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad), o'lishdan qo'rqib, o'z yurtlaridan chiqib ketgan minglab kishilarga Alloh: "O'linglar!" - dedi. So'ng (yana) ularni tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlarga fazlu karamlidir. Lekin, ko'p odamlar (bunga) shukr qilmaydilar.


Izoh: O'limdan qo'rqib, deganda jangdagi yoki vabo kasalligidan o'lish xavfidan qochish deb tafsir qilinadi. Bu Allohning ibratomuz ishlaridandir. Ya'ni, qochish bilan o'limdan qutulishning iloji yo'qdir. Bu qadimgi ummatlar qilmishidan ibratlanish uchun aytilgan qissadir.

244. Alloh yo'lida jang qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.

245. Allohga chiroyli qarz beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, (rizqni) tang va keng qiladigan Allohning o'zidir va Unga qaytarilajaksizlar.




Qayd etilgan