Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069144 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 63 B


Muslimа  16 Noyabr 2007, 14:43:06



OLI IMRON SURASI


Imron-Maryamning otasi. Oli Imron-Imron oilasi demakdir. Bu surada Badr va Uhud janglari, Iso (a.s.) qissalari, Allohga shirk keltirishning eng qattiq gunoh ekanligi, shariat ahkomlari va boshqa ko'p ma'lumotlar bayon qilingan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman):

1. Alif, Lom, Mim.

2. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. U tirik va abadiy turuvchidir.

3. (U) Sizga (ey, Muhammad,) Kitob (Qur'on)ni haqiqatan o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi holida nozil qildi. Tavrot va Injilni oldin nozil qilishi esa,

4. odamlarga hidoyat (manbai) bo'lishi uchun edi. (Endi esa) haq bilan nohaqlikni ajrim etuvchi (Qur'on)ni nozil qildi. Shubhasiz, Allohning oyatlarini inkor etuvchilarga shiddatli azob bordir. Alloh qudrat va intiqom sohibidir.

5. Darhaqiqat, na Yerda va na osmonda biror narsa Allohga maxfiy (noma'lum) emasdir.

6.  U sizlarga bachadonlarda bo'lgan paytingizda xohlagan shaklni beradigan zotdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. U qudratli va hikmatlidir.

7. U Sizga Kitob (Qur'on)ni nozil qilgan zotdir. Unda shu Kitobning "onasi" sanalmish (ma'nosi) aniq oyatlar va (shu bilan birga) boshqa mutashobih (ma'nosi O'zidan o'zgaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo, dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vili (asl ma'nosi)ni faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa deydilar: "Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir". (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar.


Izoh:Darhaqiqat, Qur'oni karimda ma'nosi aniq va ravshan oyatlar bilan bir qatorda ba'zan "mutashobih" - ishtibohli oyatlar, ya'ni, zohiriy va lug'aviy ma'nosini aytish mumkin bo'lmaydigan murakkab oyatlar ham mavjud. Masalan, Toho surasining 5-oyatida: "Rahmon bo'lmish zot Arsh uzra mustaviy bo'ldi", -deyiladi. Bu yerdagi "mustaviy bo'ldi" iborasini tik bo'ldi, to'g'ri bo'ldi, o'rnashdi, egalladi kabi mazmunda tarjima qilish mumkin bo'lsa-da, bulardan qaysi biri to'g'ri ekani yoki boshqa ma'nosi borligini faqat Allohning o'zi biladi. Bu kabi oyatlarni faqat ularga imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yish uchun nozil qilgan. Ularni tub mohiyatiga yetib borib, hayotga tatbiq etishga buyurilmaydi.

8. "Ey, Rabbimiz, bizni hidoyat yo'liga solganingdan keyin dillarimizni (to'g'ri yo'ldan) og'dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen (barcha ne'matlarni) ato etuvchidirsan.

9. Ey, Rabbimiz, albatta, Sen odamlarni beshak (keladigan) Kun (qiyomat)ga yig'uvchidirsan. Albatta, Alloh va'daga xilof qilmagay".





Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 14:45:53



10. Kofir bo'lganlarning mol-mulklari ham, farzandlari ham ularni aslo Alloh (azobi)dan qutqara olmaslar. Do'zaxning yonilg'isi o'shalardir.

11. (Ularning holi) xuddi Fir'avn zodagonlari va ulardan oldin o'tgan (kofir)lar holi kabidir: ular oyatlarimizni yolg'onga chiqarishgach, Alloh ularni gunohlari (kufrlari) tufayli jazolagan edi. Alloh jazosi shiddatli zotdir.

12. Kofir bo'lganlarga ayting: "Sizlar (bu dunyoda) mag'lub bo'lursizlar va (oxiratda) jahannamga jam qilinursizlar. Naqadar yomon joy u!"

13. Sizlar uchun (ey, Makka mushriklari,) ikki to'qnashgan guruh (voqeasi)da ibrat bor. Qaysiki, ulardan biri Alloh yo'lida jang qiluvchi, ikkinchisi esa kofir edi. Ular (mushriklar) ko'ziga ular (musulmonlar) ikki barobar ko'p bo'lib ko'rindi. Alloh xohlagan kishilarni O'z yordami bilan qo'llab-quvvatlaydi. Albatta, bunda ko'z egalari uchun ibrat bordir.


Izoh:So'z Badr jangi to'g'risida ketmoqda. Bu jangda musulmonlar soni Makka mushriklaridan kam bo'lishiga qaramasdan g'alaba qozonganlar.

14. Odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva va ekinlarga nisbatan mehr qo'yish ziynatli qilib qo'yildi. Bular (aslida) dunyo hayotining (o'tkinchi) matohidir. Allohning huzurida esa (bundan) chiroyli joy (jannat) bordir.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 14:49:47



15. Ayting (ey, Muhammad): "Sizlarga bulardan ham yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan bog'lar, pok xotinlar va Allohning rizosi bor. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir".

16. (Ular): "Ey, Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do'zax azobidan asra!" - deydilar.

17. (Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog'larida Allohdan mag'firat so'raydiganlardir.

18. Adolatda (barqaror) turib, Alloh guvohlik beradi: "Allohdan o'zga iloh yo'qdir". Farishtalar va ilm egalari ham (buni ta'kidladilar). (Albatta,) qudratli va hikmatli Allohdan o'zga iloh yo'qdir.

19. Albatta, Alloh nazdida (maqbul) din Islom (dini)dir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)ga ma'lumot (tavhid va Muhammad to'g'risidagi vahiy) kelgandan keyin hasad yuzasidan o'zaro ixtilof (inkor) qilishga o'tdilar. Kim Allohning oyatlarini inkor etsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh tez hisob-kitob qiluvchi zotdir.

20. Agar Siz bilan (din haqida) bahslashsalar, "(Men) va menga ergashganlar o'zimizni Allohga bo'yin sundirdik", - deb ayting! So'ng, ahli kitoblar va (kitob berilmagan) savodsiz (mushrik arablar)dan: "Islomga kirdingizmi?" - deb so'rang. Agar Islomga kirsalar, demak, to'g'ri yo'lni topibdilar. Agar bosh tortsalar, bas, Sizning burchingiz, faqat (ularga haqiqatni) yetkazib qo'yishdir. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir.

21. Allohning oyatlarini inkor etadigan, payg'ambarlarni nohaq qatl qiladigan va adolatga chaqiruvchi kishilarni o'ldiradigan kimsalarga alamli azob haqida "bashorat" bering!

22. Qilgan amallari bu dunyo va oxiratda behuda ketadigan va ularga yordamchilar ham bo'lmaydigan kimsalar ana o'shalardir.


Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 14:53:49



23. Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad,) Kitob (Tavrot ilmi)dan nasiba berilgan kimsalar o'z oralarida hakamlik qilish uchun Allohning Kitobiga chaqirilganlaridan keyin ularning bir guruhi yuz o'girib ketdilar?!

24. Bu (yuz o'girishlari)ning sababi - "Bizga do'zax o'ti faqat sanoqli kunlardagina tegadi", - degan gaplaridir. O'zlari to'qigan uydirma gaplari ularni dinda aldab qo'ydi.


Izoh:Ularning buzuq e'tiqodlariga binoan, ular do'zaxda 40 kun yoki 7 kun jazolanar emishlar.

25. Ularni shubhasiz (keladigan) Kun (qiyomat)ga to'plaganimizda va har bir jonga zulm qilinmagan holda o'z amallariga yarasha to'la jazo va mukofot berilganda, (hollari) ne kechar?!

26. Ayting: "Ey, hukmronlik egasi - Alloh, Sen xohlagan kishiga hukmronlik ato etursan va xohlagan kishingdan hukmronlikni tortib olursan, xohlagan kishingni aziz qilursan va xohlagan kishingni xor etursan. Yaxshilik Sening qo'lingdadir. Albatta, Sen hamma narsaga qodirsan.

27. Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan. O'likdan tirikni chiqarursan va tirikdan o'likni chiqarursan hamda xohlagan kishingga behisob rizq berursan".


Izoh:O'likdan tirikni chiqarish deganda bir tomchi jonsiz shahvat suvidan jonzotni yaratishi, tuxumdan jo'ja chiqarishi yoki kofirdan mo'min farzandni paydo qilishi, shuningdek, tirikdan o'likni chiqarish deganda mazkurlarning aksini tushunish kerak bo'ladi.

28. Mo'minlar turganida mo'minlar kofirlarni do'st tutmasinlar! Kim shunday qilsa, Allohga hech qanday daxli qolmas. Magar, ulardan ehtiyot bo'lish uchun (yuzaki muomala qilsangiz) mumkindir. Alloh sizlarni "O'zidan" ogohlantiradi. Alloh (huzuri)ga, albatta, qaytish bordir.

29. Ayting: "Ko'ksingizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Alloh uni bilur. Osmonlaru Yerdagi narsalarni (ham U) bilur. Alloh hamma narsaga qodirdir.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 14:57:49



30. Har bir jon o'zi qilgan yaxshi va yomon amallari (ko'z o'ngida) hozir qilingan Kun (qiyomat)da ular (yomon amallari) bilan uning o'rtasi uzoq masofa bo'lishini orzu qiladi. Alloh sizlarni "O'zidan" ogohlantiradi. Alloh bandalarga mehribondir.

31. Ayting (ey, Muhammad): "Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir".

32. Ayting: "Alloh va payg'ambarga itoat etingiz!" Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas.

33. Albatta, Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron avlodlarini olamlar uzra (payg'ambarlik uchun) tanladi

34. (ularni) bir-birlaridan zurriyot etib. Alloh eshituvchi va bilimdon zotdir.


Izoh: Ya'ni ularning ota-bobolari bir nasldan tarqalgan suloladir. Masalan, Muso bilan Horun Imrondan, Imron Yashardan, Yashar Qohasdan, Qohas Lovaydan, Lovay Ya'qubdan, Ya'qub Ishoqdan. Shuningdek, Iso Maryamdan, Maryam Imrondan, Imron Mosondan, Moson Yahudoga borib yetadi, Yahudo esa Ya'qub o'g'illaridandir. Ularning hammasi Ibrohim Xalilullohga zurriyotdir. Shuningdek, Muhammad (a.s.) ham Ibrohim (a.s.)ning Ismoil nomli o'g'illariga zurriyotdirlar. Ikkinchi tafsiri shuki, ular bir-birlariga din yuzasidan zurriyot sanaladilar. Zero, hammasining dini ham tavhidga asoslangan ilohiy dindir.

35. Eslang (ey, Muhammad,) Imronning xotini: "Ey, Rabbim, men qornimdagi narsani (homilani dunyo ishlaridan) ozod etib, Senga nazr qildim. (Uni) mendan qabul et! Albatta, Sen eshituvchi va bilimdon zotdirsan", - deb duo qildi.

36. Ko'zi yorigach, dedi: "Ey, Rabbim, men qiz tug'dim", - vaholanki, Alloh uning nima tuqqanini yaxshiroq bilardi. Axir, (u kutgan) o'g'il bu qizdek (xislatli) bo'lmasdi. - "Men unga Maryam deb ism qo'ydim va unga hamda zurriyotiga quvg'in etilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni Sendan so'rayman".

37. Bas, Parvardigori uni (Maryamni nazrlikka) husni qabul etib, yaxshi parvarish qildi va Zakariyo qaramog'iga topshirdi. Har gal Zakariyo (Maryamning) oldiga - mehrobga kirganida, oldida rizq (muhayyo) turganini ko'rar edi. U: "Ey, Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?" - deb so'rasa, (Maryam): "Bular Alloh huzuridan. Albatta, Alloh O'zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur", - deb javob berar edi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 15:01:24



38. O'sha joyda Zakariyo Rabbiga iltijo qildi: "Rabbim, menga (ham) o'z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan".

39. So'ngra, mehrobda turib namoz o'qiyotganida, farishtalar unga nido qildilar: "Alloh senga Yahyo (ismli farzand) xushxabarini berur va u Allohning so'zini tasdiq etadigan, (o'z qavmiga) peshvo bo'lib, (shahvatlardan) o'zini tiyadigan solih payg'ambarlardan (bo'lur)".

40. (U dedi): "Rabbim, o'zim keksaygan, xotinim esa tug'mas bo'lsa, menga o'g'il qayoqdan bo'lsin?" (Alloh) dedi: "Shunday, (lekin) Alloh xohlagan ishini qilur".

41. (U) dedi: "Rabbim, menga (homiladan darak beruvchi) biror belgi bergin". (Alloh) aytdi: "Senga belgi shuki, uch kun imo-ishoradan tashqari odamlarga gapira olmaysan. Rabbing zikrini ko'p qil va ertayu kech tasbeh ayt!"


Izoh:Uning tili Allohga zikr va tasbeh aytishga bemalol kelar, odamlar bilan gaplashishga esa soqov bo'lib qolar edi.

42. Farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh seni (fazli uchun) tanlab oldi va (yomon ishlardan) pokladi hamda seni butun olam ayollaridan mumtoz etdi.

43. Ey, Maryam, Rabbingga itoat et, sajda qil va ruku' qiluvchilar bilan birga ruku' qil!" - deganlarini eslang!

44. (Ey, Muhammad,) g'ayb xabarlaridan bo'lmish bu (qissa)ni Sizga vahiy qilmoqdamiz. Zero, Maryamga qaysilari kafil bo'lsin (aniqlash) uchun qalamlarini (qur'a niyatida) tashlaganlarida ular huzurida bo'lmagansiz, (shu xususda) nizolashganda ham ular huzurida bo'lmagansiz.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 15:11:51



45. Eslang, farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh senga O'zining "kalimasi" xushxabarini beradikim, uning ismi Iso Masih ibn Maryam bo'lib, dunyoyu oxiratda obro'li va (Allohga) yaqinlardandir.

46. Odamlarga go'daklik chog'ida ham, voyaga yetganda ham gapiradigan, solih bandalardan bo'lur", - dedilar.


Izoh:Iso Masihning qiyomatga yaqin osmondan Yerga tushib odamlar bilan gaplashishiga shu oyatni dalil sifatida keltiradilar.

47. (Maryam) dedi: "Rabbim, menga inson (qo'li) tegmagan bo'lsa, qayoqdan menga farzand bo'lsin?" Alloh aytdi: "Shunday, (lekin) Alloh O'zi xohlagan narsasini (xohlagan tarzda) yarataveradi. Qachon biror ishni iroda qilsa, faqatgina unga "Bo'l!" desa, bas, u bo'laveradi".

Izoh:Iso (a.s.)ning bir nomi "Allohning kalimasi"dir. Zero, ul zot Allohning bir kalimasi, ya'ni "Bo'l!" - degan so'zi bilan paydo bo'lganlar.

48. Unga (Isoga Alloh) yozishni, (ilmu) hikmatni, Tavrot va Injilni ta'lim beradi.

49. Shuningdek, uni Isroil avlodiga payg'ambar (qilib yuboradi va u aytadi): "Men sizlarga Rabbingiz huzuridan (payg'ambarligimga dalolat qiluvchi) mo''jiza bilan keldim; men sizlarga loydan qush shaklini yasab, unga dam ursam, u Allohning izni bilan (rostakam) qush bo'ladi. Ko'r va pesni tuzataman. Allohning izni bilan o'liklarni tiriltiraman hamda sizlarning yeyayotgan va zaxirada saqlayotgan narsalaringizni aytib beraman. Agar mo'min bo'lsangizlar, albatta, bu ishlarda sizlar uchun alomat bordir.

50. (Men) o'zimdan oldingi (nozil etilgan) Tavrotni tasdiqlash va sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilib berish uchun keldim. Yana, sizlarga Rabbingizdan hujjat keltirdim. Shunday ekan, Allohdan qo'rqingiz va menga itoat qilingiz!   

51. Darhaqiqat, Alloh mening Rabbim va sizning ham Rabbingizdir. Unga ibodat qilingiz! To'g'ri yo'l shudir."



Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 15:58:36



52. Iso ulardan kufrni sezgach, aytdi: "Alloh sari (borishimda) menga yordamchilar kim?" Havoriylar aytdilar: "Biz Alloh (dinining) yordamchilarimiz. Allohga imon keltirdik va Allohga (bo'yin sunuvchi) musulmon ekanimizga guvoh bo'lgin (ey, Iso!)

53. Ey, Rabbimiz, nozil qilgan narsangga imon keltirdik va Payg'ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni shahodat keltiruvchilar bilan birga (qo'shib) yozgin!"   

54. Ular (yahudiy kofirlari Isoning qatli borasida) makr qildilar. Alloh ham "makr" qildi. Alloh makkorlarning yaxshisidir.


Izoh:Allohning "makri" bu yerda ularning makri muqobiliga beradigan jazosidir. Zero, Allohni makkor deb sifatlash joiz bo'lmagan bo'lur edi.

55. Alloh aytdi: "Ey, Iso! Men seni vafot ettiruvchi*, huzurimga ko'taruvchi, inkor etganlardan seni poklovchi (xalos etuvchi) hamda senga ergashganlarni qiyomat kunigacha kofirlardan yuqori qo'yuvchidirman.* So'ngra, Menga qaytursizlar. O'shanda sizlar ixtilof qilgan (kelisha olmagan) narsalar borasida o'rtangizda hakamlik qilurman.

Izoh:Bu oyatdagi "vafot ettiruvchi" iborasini turli xil tafsir qilganlar. Binobarin, Iso (a.s.)ni Alloh o'z huzuriga tirigicha ko'targanmi yoki haqiqatan ham vafot ettirib, so'ng ko'targanmi degan savolga tadqiqotchi ulamolarning ba'zilari: "Bu yerdagi vafot so'zi uyqu ma'nosidadir. Uni oldin uxlatib qo'yib, so'ng ko'targan yoki vafot ettirishi osmonga chiqqanlaridan keyindir" - desalar, boshqa tafsir sohiblari jonsiz holda ko'tarilganlar deb ta'kidlaydilar. Biz - hanafiylarning aqidamiz bo'yicha, Iso (a.s.) tirik holda ko'tarilganlar, deymiz. Oyatni esa: "Ey, Iso! Men seni o'z ajaling bilan vafot ettiruvchiman, ularning qatli bilan emas", - deb ta'vil qilamiz. Izoh(a): Ushbu oyatda nasroniy dini ham qiyomat kunigacha boqiy qolishiga ishorat bordir.

56. Bas, kofir bo'lganlarni dunyo va oxiratda shiddatli azob bilan azoblayman. Ular uchun yordamchilar bo'lmas.

57. Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga esa (Alloh) mukofotni mukammal berur. Alloh zolimlarni yoqtirmas".   

58. Bu Sizga tilovat qilayotganimiz oyatlar va hikmatli zikrlardandir.

59. Albatta, Isoning (otasiz tug'ilish) misoli, Alloh nazdida bamisoli Odam (Ato) kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so'ngra unga "Bo'l!" dedi, bas, (u) bo'ldi. 

60. (Bu) Haq (So'z) Rabbingizdandir. Bas, shubha qiluvchilardan bo'lmang!

61. Sizga kelgan shu (haqqoniy) bilimdan keyin (nasroniylardan) kim Siz bilan (Iso) to'g'risida bahslashmoqchi bo'lsa, (unday kimsalarga) ayting: "Kelinglar, o'g'illarimiz bilan o'g'illaringizni, xotinlarimiz bilan xotinlaringizni, o'zimiz bilan o'zlaringizni chorlab, so'ng (birgalikda) iltijo qilamiz, bas, yolg'onchilarga Alloh la'natini tilaymiz".


Izoh:"Madorik" tafsirida aytilishicha, Nijron qabilasining yepiskopi Oqib boshchiligida nasroniylar uchrashuv belgilangan joyga yaqinlashganlarida payg'ambarimiz nabiralari - Hasan, Husan va Fotima qizlari bilan kelayotganini ko'rishadi. Shunda Oqib o'z izdoshlariga: "Ey, nasroniylar jamoasi! Ortingizga qaytaveringiz! Men biz bilan bahslashish uchun kelayotgan shunday zotlarni ko'rayapmanki, ular agar Allohdan tog'ni ko'chirishni so'rasalar ham ijobat bo'lur", - deb qaytib ketishgan ekan.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Noyabr 2007, 16:31:21



62. Albatta, bu rost qissadir. Allohdan o'zga iloh yo'q. Allohning O'zigina qudrat va hikmat egasidir.

63. (Shunda ham) agar yuz o'girsalar, albatta, Alloh buzg'unchilarni (yaxshi) biluvchidir.

64. Ayting (ey, Muhammad): "Ey, kitob ahli (yahudiylar va nasroniylar), biz bilan sizning o'rtamizda (ahamiyati) barobar bo'lgan bir so'zga kelingiz - yolg'iz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo'yib bir-birlarimizni iloh qilib olmaylik!" Agar (bu taklifdan) yuz o'girsalar, (sizlar ularga): "Guvoh bo'linglarki, biz musulmonlarmiz", - deb aytingiz!

65. Ey, ahli kitoblar, nima uchun Ibrohim haqida (u bizning dinimizda bo'lgan deb) bahslashasizlar? Axir, Tavrot bilan Injil undan keyin nozil bo'lgan-ku! Aqlni ishlatmaysizmi?!   

66. Ey, siz (ahli kitoblar) - o'zingiz biladigan narsalar (Muso va Iso) haqida (bilib-bilmay) bahslashdingiz. Nega endi bilmagan narsangiz (Ibrohim dini) haqida bahslashasiz? Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar.   

67. Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham bo'lmagan, balki to'g'ri yo'ldan toymagan (hanif) musulmon bo'lgan va mushriklardan bo'lmagan.

68. Odamlar ichida Ibrohimga yaqinrog'i - unga ergashganlar, ushbu payg'ambar (Muhammad) va mo'minlardir. Alloh (esa) mo'minlarning do'stidir.   

69. Ahli kitoblardan bir toifasi sizlarni (to'g'ri yo'ldan) yanglishtirishni istaydilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda faqat o'zlarinigina yanglishtiradilar.   

70. Ey, ahli kitoblar, nima uchun Allohning (Tavrotdagi Muhammad haqida kelgan) oyatlarini inkor etasiz, vaholanki, o'zlaringiz unga guvohsizlar?!   

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 10:18:54



71. Ey, ahli kitoblar, nima uchun o'zingiz bila turib haqni nohaqlikka aralashtirasiz va haqiqatni yashirasiz?!

72. Ahli kitoblardan bir toifasi (bir-birlariga shunday) deyishdi: "Mo'minlarga nozil qilingan narsa (Qur'on)ga kunning boshida imon keltirib, oxirida uni inkor etinglar, shoyad (shunda) ular (ham imonlaridan) qaytsalar.


Izoh:Ya'ni sizlarga taqlid qilib ular ham o'z dinlaridan qaytsalar ajab emas, degan ma'noda bir-birlariga tavsiya etdilar. Bu qiblaning Ka'ba tomonga o'zgarishi xususida edi. Ahli kitoblar shu uslub bilan musulmonlarni chalg'itmoqchi bo'lganlar.

73. Diningizga ergashganlardan boshqalarga ishonmangizlar". Ayting (ey, Muhammad): "To'g'ri yo'l - bu Allohning yo'li". (Ahli kitoblar davom etib dedilar): "Toki biror kishiga sizlarga berilgan ma'lumot berilmasin yoki Parvardigoringiz huzurida sizlar bilan hujjatlashib yurmasin". Ayting: "Albatta, fazl Allohning "qo'li"dadir. Uni xohlagan kishilariga berur. Alloh fazli keng, bilimdon zotdir.

74. Rahmatini (payg'ambarlik yoki Islomni) O'zi xohlagan kishiga beradi. Alloh buyuk fazl egasidir.   

75. Ahli kitoblar orasida shundayi (ham) borki, unga katta miqdordagi pulni omonat bersang, senga (xiyonatsiz yana) qaytaradi. Lekin, shundayi (ham) borki, unga bir dinor (pul)ni omonat bersang, to ustida qattiq turib olmaguninggacha, senga qaytarib bermaydi. Buning sababi: "Omiylar (arab musulmonlar)ga bizga (darajamizga yetishga)cha yo'l bo'lsin", - deyishlaridir. Ular bila turib, Alloh haqida yolg'on gapiradilar.


Izoh:Bu oyat omonatga xiyonat qilmaydigan, keyinroq Islomga kirgan yahudiy Abdulloh ibn Salom hamda xiyonatkor Fanhos ibn Ozuro haqida nozil bo'lgan.

76. Aslida esa kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo'lsa, albatta, Alloh taqvodorlarni sevadi.

77. Allohga bergan ahdlari va qasamlarini ozgina bahoga almashtiradigan kimsalar uchun oxiratda hech qanday nasiba yo'qdir. (Qiyomat kunida) Alloh ularga gapirmaydi, (rahmat nazari bilan) boqmaydi va ularni oqlamaydi ham. Ular uchun alamli azob bordir.

Qayd etilgan