OLI IMRON SURASIImron-Maryamning otasi. Oli Imron-Imron oilasi demakdir. Bu surada Badr va Uhud janglari, Iso (a.s.) qissalari, Allohga shirk keltirishning eng qattiq gunoh ekanligi, shariat ahkomlari va boshqa ko'p ma'lumotlar bayon qilingan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman):1. Alif, Lom, Mim.
2. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. U tirik va abadiy turuvchidir.
3. (U) Sizga (ey, Muhammad,) Kitob (Qur'on)ni haqiqatan o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi holida nozil qildi. Tavrot va Injilni oldin nozil qilishi esa,
4. odamlarga hidoyat (manbai) bo'lishi uchun edi. (Endi esa) haq bilan nohaqlikni ajrim etuvchi (Qur'on)ni nozil qildi. Shubhasiz, Allohning oyatlarini inkor etuvchilarga shiddatli azob bordir. Alloh qudrat va intiqom sohibidir.
5. Darhaqiqat, na Yerda va na osmonda biror narsa Allohga maxfiy (noma'lum) emasdir.
6. U sizlarga bachadonlarda bo'lgan paytingizda xohlagan shaklni beradigan zotdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. U qudratli va hikmatlidir.
7. U Sizga Kitob (Qur'on)ni nozil qilgan zotdir. Unda shu Kitobning "onasi" sanalmish (ma'nosi) aniq oyatlar va (shu bilan birga) boshqa mutashobih (ma'nosi O'zidan o'zgaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo, dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vili (asl ma'nosi)ni faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa deydilar: "Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir". (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar. Izoh:Darhaqiqat, Qur'oni karimda ma'nosi aniq va ravshan oyatlar bilan bir qatorda ba'zan "mutashobih" - ishtibohli oyatlar, ya'ni, zohiriy va lug'aviy ma'nosini aytish mumkin bo'lmaydigan murakkab oyatlar ham mavjud. Masalan, Toho surasining 5-oyatida: "Rahmon bo'lmish zot Arsh uzra mustaviy bo'ldi", -deyiladi. Bu yerdagi "mustaviy bo'ldi" iborasini tik bo'ldi, to'g'ri bo'ldi, o'rnashdi, egalladi kabi mazmunda tarjima qilish mumkin bo'lsa-da, bulardan qaysi biri to'g'ri ekani yoki boshqa ma'nosi borligini faqat Allohning o'zi biladi. Bu kabi oyatlarni faqat ularga imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yish uchun nozil qilgan. Ularni tub mohiyatiga yetib borib, hayotga tatbiq etishga buyurilmaydi. 8. "Ey, Rabbimiz, bizni hidoyat yo'liga solganingdan keyin dillarimizni (to'g'ri yo'ldan) og'dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen (barcha ne'matlarni) ato etuvchidirsan.
9. Ey, Rabbimiz, albatta, Sen odamlarni beshak (keladigan) Kun (qiyomat)ga yig'uvchidirsan. Albatta, Alloh va'daga xilof qilmagay".