NISO SURASINiso - ayollar.
Bu surada asosan oila, turmush, meros masalalari, yetimlarga munosabat, er-xotin huquqlari, fahsh va zino ishlarining zararlari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z aksini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz! Shuningdek, o'rtalaringizdagi o'zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo'rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir.
2. (Voyaga yetgan) yetimlarga mol-mulklarini (qaytarib) beringiz, pok narsani nopok narsaga almashtirmangiz! Ularning mollarini o'z mollaringizga qo'shib ham yemangiz! Zero, bu katta gunohdir.
3. Agar yetimlarga (nisbatan) adolatli bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, sizlar uchun (nikohi) halol bo'lgan ayollarga, ikkita, uchta, to'rttadan uylanaveringizlar. Bordiyu (ular o'rtasida) odil bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, bir ayolga (uylaning) yoki qo'l ostingizdagi cho'rilar (bilan kifoyalaning). Shu (adolatdan) og'ib ketmasligingizga yaqinroqdir. Izoh: Ma'lumki, Muhammad (a.s.) payg'ambar bo'lib kelmaslaridan oldingi johiliyat davrida ayollar huquqi poymol qilinar edi. Bir erga o'nlab ayollar cho'ridek tutqin edi. Uning ustiga tez-tez bo'lib turadigan janglarda erkaklar qurbon bo'lib ketar, tul ayollar soni esa ortib borar edi. Ijtimoiy hayotdagi bu muammoni Islom dini odilona hal etish yo'lini ko'rsatib berdi. Imkoniyatiga qarab, to to'rt nafargacha ayolga uylanish mumkinligi, ular o'rtasida odillik qilishga ko'zi yetmasa, bittadan ortiq uylanmaslik zarurligi uqtiriladi. Lekin bu ruxsatni suiiste'mol qilish mutlaqo durust emas. Ya'ni imkoniyati moddiy jihatdan yetarli bo'lishining o'zi ko'pxotinlik uchun yetarli shart o'rnini bosa olmaydi. Balki bu yerda birinchi oila a'zolarining axloqiy va ma'naviy jihatlariga salbiy ta'sir ko'rsatmasligini ham e'tiborga olish kerak bo'ladi. Bundan tashqari shariat hukmlari bilan birga musulmon odam o'zi yashab turgan jamiyatdagi shart-sharoitlar, davlat qonunchiligi va boshqa mahalliy urf va an'analarni ham rioya qilish shartdir. Aks holda, gunoh va jinoyatlar sodir etishga bandaning o'zi sababchi bo'lib qolishi mumkin. 4. Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringizlar.
5. (Qaramog'ingizdagi) aqli norasolarga Alloh sizlarga (hayot) turumi qilib qo'ygan mollaringiz (yetimlarning omonat mollari)ni berib qo'ymangiz, balki o'sha (mollar)dan yediring, kiydiring hamda ularga yaxshi gapiring!
6. Yetimlarni, to balog'at yoshiga yetgunlaricha, imtihon qilib (jinsiy holatini tekshirib) turinglar: voyaga yetganliklarini sezsangiz, (omonat) mol-mulklarini o'zlariga topshiringlar! Ularni isrof qilib va (ulg'ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo'lsa, (yetim molidan) saqlansin. Agar kambag'al bo'lsa, yaxshilikcha (me'yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o'zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringlar. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchidir.