BESHINCHI JUZ’
*************************
24. Yana, erli xotinlar (nikohi ham harom qilindi), magar qaramog'ingizdagi joriyalar(bundan mustasno)*. Bu (mazkurlarning hammasi) Allohning bitigi (farzi)dir. Ana shulardan boshqa ayollarga zinokorona emas, (balki) mollaringiz (mahr) bilan uylanishingiz sizlarga halol qilindi. Ular bilan (nikoh orqali) yaqinlik qilishingiz bilanoq, belgilangan mahrlarini beringiz. (Mahr) belgilangandan keyin o'zaro kelishsangiz (xotin o'z mahridan kechsa), sizlar uchun gunoh yo'qdir. Albatta, Alloh ilm va hikmat egasidir. Izoh: Joriyasini nikohlab olmoqchi bo'lgan kishi uning iddasi chiqishini kutadi. Zero, odatda joriyalar janglarda yengilgan kofir erlarini tashlab kelgan bo'ladi. Shuning uchun homilali bo'lishligi ehtimolidan iddaga buyurilgan.25. Sizlardan kimda-kim ozod-mo'mina ayollarga uylanish imkoniyatiga ega bo'lmasa, qo'l ostingizdagi mo'mina joriyalardan biriga (uylanaversin). Alloh imoningizni biluvchiroqdir. Sizlar biringiz biringizdandirsiz (ya'ni, siz ham, joriyalar ham bir insonsiz). Bas, ulardan o'zlarini tutgan, fohishalik qilmaydigan va maxfiy o'ynashlari yo'qlariga xojalarining ruxsati bilan uylanaveringiz va mahrlarini me'yorida beringiz. Erga tekkanlaridan keyin, agar buzuqlik qilsalar, ularga ozod ayollarga (beriladigan) jazoning yarmi (berilur). Bu (joriyalarga uylanish) qiyinchilik (buzilib ketish)dan qo'rqqanlaring uchundir. Agar (joriyaga uylanishdan) sabr qilsangiz, o'zingiz uchun yaxshiroqdir. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
26. Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) bayon qilish, sizlarni ilgari o'tgan (haq yo'ldagi) zotlarning yo'llariga hidoyat etish va tavbalaringizni qabul qilishni xohlaydi. Alloh dono va hakimdir.