Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069764 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 63 B


Muslimа  20 Noyabr 2007, 13:43:23



75. Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida va "Ey, Rabbimiz, aholisi zolim bo'lgan ushbu shahardan bizni chiqargin, bizga O'z huzuringdan bir do'st bergin va bizga O'z huzuringdan bir yordamchi ato etgin!" - deyayotgan bechora erkak, ayol va bolalar (ozodligi) uchun jang qilmaysizlar?!

76. Imon keltirganlar Alloh yo'lida jang qiladilar. Kofirlar (esa) Tog'ut (shayton) yo'lida jang qiladilar. (Sizlar) shaytonning do'stlariga qarshi jang qilinglar! Albatta, shaytonning makri zaifdir.   

77. "Qo'llaringizni (jangdan) tiyib, (hozircha) namoz o'qib, zakot berib turingiz!" deyilgan (kishi)larni ko'rmadingizmi? Ularga jang farz qilingach esa, bir qismi xuddi Allohdan qo'rqqandek yoki undan ham ko'proq odamlardan qo'rqa boshladilar va aytdilarki: "Ey, Rabbimiz! Nega bizga jangni farz qilding? Bizni (ajalimizni) ozgina muddatga kechiktirsang bo'lmasmidi?" Ayting: "Dunyo matosi (lazzati) ozdir. Taqvoli kishiga esa oxirat yaxshidir. Xurmoning dumicha ham (Alloh tarafidan) zulm qilinmaysizlar".

78. Qayerda bo'lsangiz ham o'lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal'alar ichida bo'lsangiz ham. Ularga biror yaxshilik yetsa, "Bu - Allohdan", - deydilar. Agar ularga biror noxushlik yetsa, "Bu - Sizdan", - deb aytadilar. "Hammasi Allohdandir", - deng (ularga). Bu qavm kishilariga nima bo'ldiki, gapni anglay olmaydilar?!   

79. Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u o'zingizdandir. Sizni odamlarga payg'ambar qilib yuborganmiz. Guvohlikka (esa) Alloh (O'zi) yetarlidir.


Izoh: Bu oyatdagi "Sizga" deb qilinayotgan xitob faqat Payg'ambar (a.s.) ga emas, balki hammaga tegishlidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 13:47:14



80. Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo'riqlovchi qilib yuborganimiz yo'q.   

81. "Itoat (etamiz)" deydilar, lekin huzuringizdan chiqqanlarida, ularning bir toifasi Siz aytgan gapning teskarisiga til biriktiradilar. Alloh (ularning) til biriktirishlarini yozib qo'ygan. Siz esa, ulardan yuz o'girib, Allohga tavakkul qiling. Alloh vakillikka kifoyadir.   

82. Qur'on (oyatlarining ma'nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o'zganing huzuridan (kelgan) bo'lsa edi, unda ko'p ixtiloflarni topgan bo'lur edilar.

83. Ularga (jang maydonidan) omonlik yoki xavfli ish (xabari) kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar uni Payg'ambarga yoki o'zlaridan bo'lgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o'shalardan (so'rab) bilaverar edilar. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmasa edi, ozchilikdan tashqari, (ko'plaringiz) shaytonga ergashib ketgan bo'lar edingiz.

84. Bas, Alloh yo'lida jang qiling! (Siz) O'zingizdan boshqalar uchun javobgar emassiz. Mo'minlarni (jangga) undang, shoyad (shunda) Alloh kofirlarning shiddatini so'ndirsa. Allohning shiddati eng keskin va jazosi ashaddiydir.

85. Kimda-kim yaxshi shafoat ila (birovni) himoya qilsa, unga ham o'sha (himoyasi)dan nasiba (savob) bo'lur. Kimda-kim yomon shafoat ila  (birovni) himoya qilsa, unga ham o'sha (himoyasi)dan nasiba (gunoh) bo'lur. Alloh har narsaga qodirdir.   

86. Qachon sizlarga biror salomlashish bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki o'sha (ibora)ni qaytaringlar. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchidir.


Izoh: Hadisi sharifda aytilganidek, salom beruvchi "Assalomu alaykum" desa, "Va alaykum assalomu va rahmatulloh" deb alik olinadi. Agar u "Assalomu alaykum va rahmatulloh" deb salom bersa, "Va alaykum assalomu va rahmatullohi va barakotuh" deb alik olinadi. Shunday qilinganda, oyatda buyurilgandek, chiroyliroq qilib alik olingan bo'ladi. Salom beruvchi "va barakotuh" qo'shimchasini ham qo'shsa, alik oluvchi ham o'sha qo'shimchadan nariga o'tmasligi lozim. Mazkur oyatda bunga ishorat bor. Salom odoblaridan piyodaga suvora (ulovdagi odam), ko'pchilikka ozchilik, o'tirgan yoki o'rnidan turganga yurgan kishilar salom berish kabilarga rioya etish tavsiya etiladi. Lekin kichikdan oldin katta yoshdagi odam kamtarlik uchun salom bersa bu fazilatdir. Salom berishlik sunnat, alik olishlik esa farz ekanligi mazkur oyati karima mazmunidan olingan.   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 13:50:02



87. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) sizlarni, albatta, qiyomat kuniga yig'ajakkim, unda shubha yo'qdir. Kim ham Allohdan to'g'riso'zroq ekan?!   

88. Sizlarga ne bo'ldikim, munofiqlarga nisbatan ikki guruh (bo'lib oldingizlar)?! Holbuki, Alloh ularni qilmishlari tufayli (oldingi hollariga) qaytardi. Alloh adashtirgan kimsalarni hidoyatga solmoqchimisizlar? Kimni Alloh adashtirgan bo'lsa, unga sira yo'l topa olmaysiz.


Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishiga sabab bir guruh munofiqlarning Badr jangiga chiqish uchun Rasulullohdan ruxsat olib jang qilish o'rniga borib mushriklar safiga qo'shilib ketishlari bo'lgan. Musulmonlar ular to'g'risida o'zaro ixtilof qilishib ba'zilari ularni kofir desa, boshqalari musulmon deb turganlarida, ushbu oyat bilan qat'iy xulosaga kelingan.   

89. Ular o'zlari kofir bo'lganlaridek, sizlar ham kofir bo'lib, (ular bilan) barobar bo'lishlaringni istaydilar. To Alloh yo'lida hijrat qilmagunlaricha, ulardan (hech kimni) do'st tutmangizlar! Agar bosh tortsalar, ularni qayerda topsangiz, tutib o'ldiringizlar! Ulardan hech bir do'st va yordamchi tutmangiz!

90. Faqat oralaringizda ahdlashuv bo'lgan qavmga kelib qo'shilgan yoki sizlar bilan yoxud o'z qavmi bilan urushaverib, dillari tang bo'lgach, huzurlaringizga (qaytib) kelganlar (bundan mustasnodir). Agar Alloh xohlasa, ularni ustilaringga hukmron qilib qo'ygan va ular, albatta, sizlarga qarshi jang qilgan bo'lur edilar. Agar sizlardan chetlanib, sizlarga qarshi jang qilmay, sulhni taklif qilsalar, Alloh ularga qarshi sizlar uchun yo'l bermaydi.   

91. Yana (ulardan) boshqa (munofiq)larni ham uchratasizlarki, ular sizlardan ham xotirjam, o'z qavmlaridan ham xotirjam bo'lishni xohlaydilar. Qachon bir fitna (kufr)ga burib qo'yilsalar (chaqirilsalar), o'zlarini unga oturlar. Agar ular sizlardan chetlanmasalar, sulhni (ham) taklif qilmasalar va qo'llarini ham (sizlarga qarshi urushishdan) tiymasalar, ularni tutib, qayerda topsangiz o'ldiraveringiz! Ana o'shalar ustidan sizlarga aniq hukmronlik berib qo'ydik.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 13:54:30



92. Mo'min (ikkinchi bir) mo'minni faqat yanglishibgina o'ldirib qo'yishi mumkin. Kimda-kim mo'minni yanglishib o'ldirgan bo'lsa, (uning zimmasiga) bir mo'min qulni ozod qilish va u (marhum)ning oilasiga - agar kechib yubormasalar - xun to'lash (farzdir). Agar (marhum) sizga dushman qavmdan bo'lib, o'zi mo'min bo'lsa, bir mo'min qulni ozod qilish (buyuriladi). Agar u sizlar bilan ular o'rtasida sulh (tuzilgan) qavmdan bo'lsa, uning oilasiga xun to'lash va bir mo'min qulni ozod qilish (buyuriladi). Kimda-kim (qul) topmasa, Allohdan kechirim so'rab, ikki oy muttasil ro'za tutish (bilan kifoyalanadi). Alloh bilimli va hikmatlidir.

Izoh: Ya'ni xun to'lash bilan birga ikki oy muttasil ro'za tutadi. Muttasil deganda bir kun tutib, ikkinchi kun tutmay emas, balki 60 kun uzluksiz tutish bir qul ozod qilganning o'rniga o'tadi.

93. Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay.

94. Ey, imon keltirganlar! Alloh yo'lida (jang uchun) safarga chiqsangiz, aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan kishiga bu dunyo foydasini ko'zlab: "Mo'min emassan", - demangiz! Allohning huzurida ko'p o'ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (mo'minligingizni sir tutadigan) edingiz, (so'ngra) sizlarga Alloh ne'mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir.


Izoh: Bir necha sahobalar Madina tashqarisiga chiqqanlarida bir guruh mushriklarga duch keladilar. Sahobalardan qo'rqib tarqab ketishganda, Mirdos ismli mushrik qolib ularga salom beradi va Imon kalimasini aytadi. Shunga qaramay uni o'ldirib, narsalarini o'lja qilib keltirgan Zayd (yoki Miqdod)ni Rosul alayhis-salom qattiq koyiydilar.


Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 13:59:24



95. Beuzr bo'la turib (uyida) o'tiruvchi mo'minlar bilan Alloh yo'lida mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilar teng bo'lmaydilar. Alloh mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilarni (uyida) o'tiruvchilardan (ko'ra) ortiq darajali qildi. Hammasiga ham Alloh chiroyli (savob) va'da qildi. Alloh ulkan mukofot (taqsimi)da o'tiruvchilardan ko'ra mujohidlarni buyuk ajr bilan afzal etdi.

Izoh: "Haj" surasining 39-40- oyatlariga muvofiq, Makka mushriklaridan qattiq aziyat chekkan musulmonlarga, Madinaga kelib qaror topganlaridan keyin ulardan qasos olishga Alloh tomonidan ruxsat etiladi. Jihod so'zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jaxd, ca'y-harakat, ijtihod, kurash ma'nolarida ham keladi. 

96. Undan (berilmish) darajalar, mag'firat va rahmat (ham shular jumlasidandir). Alloh kechiruvchi va rahmlidir.   

97. Albatta, o'zlariga (hijratdan bosh tortib) zulm qiluvchilarning jonini olgan farishtalar (ularga): "Qaysi holda bo'ldingizlar?" - desalar, ular: "Yer yuzida bechorahol edik", - deb aytadilar. (Farishtalar): "Allohning yeri unda hijrat qilishlaring uchun (yetarlicha) keng emasmidi?" - deydilar. Ana o'shalarning joyi jahannamdir. Naqadar noxush joy u!

98. Faqat biror chora-tadbirga qodir bo'lmagan va (hijratga) yo'l topa olmaydigan nochor erkak, ayol va bolalar borki,

99. aynan o'shalarni, shoyad Alloh afv etsa. Alloh afv etuvchi, kechiruvchi zotdir.

100. Kimda-kim Alloh yo'lida hijrat qilsa, yer (yuzi)da ko'p boshpana va kenglik topadi. Har kim Alloh va Uning payg'ambari sari hijrat qilib, (o'z) uyidan chiqsayu, so'ngra (yo'lda) unga o'lim yetsa, albatta, uning mukofoti Alloh zimmasidadir. Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

101. Yer (yuzi) bo'ylab safar qilganingizda, agar kofirlarning sizlarga fitna (hujum) qilishidan qo'rqsangiz, namozni qasr (qisqa) qilishingizda sizlar uchun gunoh yo'qdir. Kofirlar sizlarga aniq dushmandir.


Izoh:Safarga chiquvchilarga shariati Islomiya qator yengilliklar beradi. Ulardan biri to'rt rak'atli farz namozlarni ikki rak'atli qilib qisqartirishdir. Bunga "qasr" deyiladi. Uch rak'atli shom namozi qisqartirilmaydi. Yana safarda vitr va bomdod namozlarining sunnatidan boshqa sunnat namozlar ham o'qilmaydi. Safarda Ramazon oyining ro'zasini ham tutmasdan, keyin qazosini tutishga ruxsat etiladi.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:02:11



102. Har qachon Siz (ey, Muhammad), ular (sahobalaringiz) orasida bo'lib, namozlariga imomlik qilsangiz, (ularni ikki qismga bo'ling!) ulardan bir qismi Siz bilan birga (namozga) tursin! (Ikkinchi qism) qurollarini olsin (va yovdan mudofaa qilib tursin). Sajda qilishgach (ya'ni, bir rak'at o'qishgach), ortingizga (qo'riqlash uchun) borib tursinlar. O'qimagan qism kelib, Siz bilan (namozni) o'qisin! Yana, ehtiyot choralarini ko'rib, qurollarini (qo'lga) olsinlar. Kofirlar sizlar qurol va anjomlaringizdan g'aflatda bo'lgan paytingizda birdaniga hamla qilishni xohlaydilar. Agar yomg'irdan aziyat cheksangiz yoki bemor bo'lsangizlar, qurollaringizni (yechib) qo'ysangiz, sizlarga gunoh bo'lmas. (Ammo) ehtiyot choralaringizni ko'rib qo'ying! Albatta, Alloh kofirlar uchun xorlovchi azobni tayyorlab qo'ygandir.

103. Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng, turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doimo) Allohni yod eting! (Yov xavfidan) xotirjam bo'lsangiz, namozni (mukammal) ado etingiz. Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz etib) bitilgandir. 

104. Qavm (yov)ning iziga tushishda sustlik qilmangiz! Agar (urushdan) azob chekayotgan bo'lsangiz, ular ham xuddi sizlardek azob chekmoqdalar. Sizlar Allohdan ular umid qilmagan narsani umid qilasizlar*. Alloh bilim va hikmat egasidir.


Izoh:Ular umid qilmagan narsalar turiga shahidlik va jannat ne'matlari kiradi.

105. Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Xoinlarga esa homiy bo'lmang!   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:05:52



106. Yana, Allohdan kechirim so'rang. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.   

107. O'zlariga xiyonat qiluvchilar haqida tortishib o'tirmang. Albatta, Alloh xiyonatchi va jinoyatchi bo'lgan kimsani sevmaydi.


Izoh:Bu oyat madinalik To''ma ibn Ubayriq degan shaxs xususida nozil qilingan. U o'z qo'shnisining sovutini o'g'irlab, boshqa xonadonga yashirib qo'yadi. Rasululloh huzurida uni oqlaganlarida ularga ishonib To''mani himoya qilganlar. Oyatda xiyonatchilar qoralanib, Payg'ambar (a.s.) orqali barcha musulmonlarga xiyonatchi va jinoyatchilar yonini olmaslikka chaqirilmoqda.

108. (Jinoyatlarini) odamlardan yashiradilar, (lekin) Allohdan yashira olmaydilar. (Alloh) rozi bo'lmaydigan gaplar rejasini xufyona tuzayotganlarida (ham) U ular bilan birga edi. Alloh ularning qilmishlarini qamrab oluvchidir.   

109. Ey, sizlar! (Bu) dunyo hayotida-ku ularning yonini oldingiz. Qiyomat kunida ularni kim himoya qilib, yonlarini olur yoki ularga kim vakil bo'lur?!   

110. Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o'z joniga jabr qilsa, so'ngra Allohdan kechirim so'rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi.   

111. Har kim gunoh (ish) qilsa, faqat o'zining zarariga qilgan bo'lur. Alloh bilim va hikmat egasidir.   

112. Har kim biror xatolik yoki gunoh ishga qo'l ursa-yu, so'ngra unda begunoh odamni ayblasa, albatta, bo'hton va aniq gunohni (bo'ynida) ko'targan bo'lur.

113. Agar Sizga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, ularning bir toifasi Sizni adashtirishga azmu qaror qilgan edilar. Ular o'zlarinigina adashtiradilar. Sizga esa biror zarar yetkazmaydilar. Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir.


Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:15:30



114. Ularning ko'pgina shivir-shivirlarida - agar sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yoxud odamlar o'rtasini isloh qilishga buyurmagan bo'lsa - yaxshilik yo'qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz.

115. Kimda-kim hidoyat unga aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa, mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda toblaymiz. Naqadar noxush joy u!

116. Albatta, Alloh Unga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o'zga (gunohlar)ni (O'zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (yo'ldan) juda uzoqqa adashibdi.


Izoh: "Ahli sunnat va jamoat", ya'ni, biz musulmonlarning aqidamizga ko'ra, musulmon odam kattami, kichikmi gunoh qilsa, kofir bo'lmaydi, balki gunohkor bo'ladi. Gunohni esa kechirish yoki kechirmaslik Allohning ixtiyoridadir. Kechirilmaydigan gunoh - bu shirk va kufrdir. Mazkur oyat shu aqidaga asos bo'la oladi.

117. Ular (mushriklar) Allohni qo'yib, faqat ayollar (Lot, Uzzo va Manot otli but-sanamlar)ga sig'inadilar yoki isyonkor shaytonga sig'inadilar.   

118. Alloh uni (shaytonni) la'natladi. (U) dedi: "Albatta, bandalaringdan belgilangan ulushimni olurman,

119. ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho'ktiraman. Buyursam ular hayvonlar qulog'ini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o'zgartiradilar". Kimki Allohni qo'yib shaytonni do'st tutsa, demak, u aniq ziyon qilibdi.


Izoh:Alloh yaratgan narsani o'zgartirish deganda erkaklik va ayollik jinslarini, qiyofasini o'zgartirish, odamzotni bichish kabilar kiradi. Alloh taolo insoniyatni turli millat, xilma-xil shakl va rangda yaratgan hamda ushbu ilohiy andoza to qiyomatgacha davom etishini iroda qilgan. Ba'zi shakkok kimsalarning o'z milliy xususiyatlaridan voz kechishlari ilohiy ta'limotga zid ekanligi mazkur oyat va uning tafsirlarida o'z ifodasini topgan.   

120. Ularga (shayton) va'da beradi, ularni hoyu havasga soladi. Shayton ularga g'urur (vasvasasi)dan o'zga narsani va'da qilmaydi.   

121. Ana o'shalarning joyi jahannamdir. Undan xalos topa olmaydilar.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:18:52



122. Imon keltirib, solih ishlarni qilganlarni (esa) ostidan anhorlar oqadigan jannat bog'lariga kiriturmiz - ular u yerda abadiy qolib yasharlar. Bu Allohning haqqoniy va'dasidir. Allohdan so'zi to'g'riroq kimdir?!   

123. (Bu) - sizlarning orzularing bilan ham emas, ahli kitoblarning orzulari bilan ham (erishadigan narsa) emasdir. Kimki yomonlik qilsa, o'sha (yomonlik) bilan jazolanur. O'ziga Allohdan o'zga na biror do'st topadi va na biror yordamchi.

124. Kimki, u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol - mo'minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmoning dumicha ham zulm qilinmagay.   

125. Ezgu ish qiluvchi holida yuzi (o'zi)ni Allohga bo'yin sundirgan va to'g'ri yo'l (sanalmish) Ibrohim diniga ergashgan kishidan boshqa kimning dini chiroylidir?! Alloh esa, Ibrohimni do'st tutgandir.   

126. Osmonlar va Yerdagi borliq Allohnikidir. Alloh har narsani ihota etuvchi (qamrab oluvchi)dir.

127. Sizdan (ey, Muhammad,) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: "Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur hamda Kitob (Qur'on)da tilovat qilinadigan (oyatlar) ham: yetim ayollar, ular uchun farz qilingan narsa (mahr)ni bermasdan nikohingizga olishga qiziqishingiz, zaif bolalar va yetimlarga nisbatan adolatli turishingiz (haqida). Nimaiki yaxshilik qilsangiz, Alloh, albatta, uni biluvchidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:23:00



128. Qaysi bir xotin eridan (unga nisbatan) ko'ngilsizlik yoki voz kechishdan qo'rqsa, ikkalasi o'rtalarini isloh qilib olishlarida ularga gunoh yo'qdir. Sulh (ajralishdan) yaxshiroqdir. Nafslarga baxillik (qizg'anchiqlik) bitilgan. Agar (xotinlaringizga) yaxshilik (chiroyli muomala) qilsangiz va Allohdan qo'rqsangiz, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.   

129. Har qancha istasangiz ham xotinlaringiz o'rtasida adolatli (hammasiga bir xil munosabatda) bo'la olmaysiz. Bas, (biriga) butunlay berilib ketib, (ikkinchisini) muallaq holda tashlab qo'ymangiz! Agar (ular bilan munosabatingizni adolat asosida) tuzatsangizlar va taqvoli bo'lsangizlar, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.   

130. Agar ikkisi (er-xotin biror sabab bilan) ajralishib ketsa, Alloh (ularning) har birini o'z kengligidan (rizqi bilan) ta'minlab qo'yadi. Alloh (karami) keng va hikmat sohibidir.


Izoh:Qandaydir sabab bilan turmushi buzilgan er-xotinlar uchun ushbu oyat tasalli beradi. Zero, Allohning o'zi va'da qilayaptiki, shunday holatga tushganlarni O'zining fazlu karami bilan moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlaydi.   

131. Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir. Sizlardan oldingi Kitob berilganlarga va sizlarga ham, Allohdan qo'rqinglar, deb vasiyat qilganmiz. Agar kufrni ixtiyor etsangizlar, bas, albatta, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh behojat va hamd egasidir.   

132. Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh yetarli vakildir.

133. Agar (U) xohlasa, ey, insonlar, sizlarni ketkazib (yo'q qilib), boshqalarni keltiradi. Alloh bunga qodirdir.

134. Kimki bu dunyo savobini istasa, (bilib qo'ysinki,) Alloh huzurida ham bu dunyoning, ham oxiratning savobi bordir. Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.

Qayd etilgan