Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069423 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 63 B


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:27:15



135. Ey, imon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o'zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo'lsa-da, Alloh uchun (to'g'ri) guvohlik beringizlar! U (guvohlik beriluvchi) boy bo'ladimi, kambag'al bo'ladimi, Alloh u ikkisiga yaqinroqdir. Bas, adolatli bo'lishlaringiz uchun havoyi nafsga berilib ketmangizlar! Agar (tillaringizni) bursangizlar yoki (guvohlikdan) bosh tortsangizlar, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.   

136. Ey, imon keltirganlar! Allohga, Payg'ambariga, (shu) Payg'ambariga nozil qilgan Kitob (Qur'on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga imon keltiringizlar! Kimki Allohni, farishtalarini, kitoblarini, payg'ambarlarini va oxirgi Kunni inkor etsa, demak, u juda uzoq (qattiq) adashibdi.   

137. Darhaqiqat, imon keltirib, so'ngra kufrga ketgan, keyin yana imon keltirib, so'ngra yana kofir bo'lgan, so'ngra kufrlari ortib borganlarga (nisbatan) Alloh sira mag'firat etadigan va to'g'ri yo'lga soladigan emasdir.

138. Munofiqlar uchun alamli azob borligi haqida ularga "bashorat" berib qo'ying!

139. (Ular) mo'minlarni qo'yib, kofirlar bilan do'st tutinadilar. O'sha (kofir)lardan kuch-quvvat izlaydilarmi?! Bor kuch-qudrat Allohniki-ku!

140. Alloh sizlarga Kitobda: "Allohning oyatlari inkor etilayotgani va mazax qilinayotganini eshitsangiz, to boshqa gapga o'tmagunlaricha, ular bilan birga o'tirmangiz!"- deb, (oyat) nozil qilgan edi. Albatta, sizlar unda (birga o'tirganda), ular bilan (gunohda) tengsiz. Albatta, Alloh barcha kofirlar va munofiqlarni jahannamga jam qiluvchidir.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:31:35



141. Ular sizlarni kuzatib turadilar: agar sizlarga Allohdan fathu zafar (g'alaba) bo'lsa, "sizlar bilan birga emasmidik? (O'ljadan bizga ham beringlar)", - deyishadi. Bordiyu (g'alabadan) kofirlar nasibador bo'lishsa: "Sizlardan ustun turgan va sizlarni mo'minlardan himoya qilgan biz emasmi?" - deyishadi. Ular haqida Allohning (O'zi) qiyomat kuni hukm chiqaradi. Alloh kofirlar uchun mo'minlarga qarshi sira yo'l bermaydi.

142. Darhaqiqat, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo'ladilar. Holbuki, Alloh ularni "aldab qo'yuvchidir". Namozga tursalar ham dangasalik bilan odamlar ko'rsinga turadilar va Allohni juda kam esga oladilar.

143. Ular o'rtada sarsondirlar: na u yoqlik emaslar va na bu yoqlik. Kimniki Alloh adashtirsa, unga sira yo'l (chora) topa olmaysiz.

144. Ey, imon keltirganlar! Mo'minlar qolib, kofirlar bilan do'st tutinmangiz! Allohga o'zingizga qarshi aniq hujjat paydo qilmoqchimisiz?!

145. Albatta, munofiqlar do'zaxning eng tubida (bo'lur)lar. Ularga (biror) yordamchi topmaysiz.   

146. Illo, tavba qilib o'zlarini tuzatgan, Alloh bilan bog'lanib, dinlarini Alloh uchun xolis qilganlar, aynan ular mo'minlar bilan birga bo'lurlar. Mo'minlarga esa Alloh buyuk mukofot ato etur.

147. Agar shukr qilsangiz va imon keltirsangiz, Alloh sizlarni azoblab nima ham qiladi?! Alloh shukrni qabul etuvchi va biluvchi zotdir.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:35:51

OLTINCHI JUZ’
*************************



148. Alloh yomonlikni so'z bilan oshkora aytishlikni suymaydi. Zulm qilingan kishi bundan mustasno*. Alloh eshituvchi va biluvchidir.

Izoh:Ya'ni birovning qilgan yomonligidan nolib, uni yomonlik qilgan odamning o'ziga yoki boshqalarga gapirib shikoyat qilish yoxud o'ch olishga urinishni Alloh xush ko'rmaydi.

149. Yaxshilikni oshkora qilsangiz ham, pinhona qilsangiz ham yoki yomonlikni afv etsangiz ham, albatta, Alloh afv etuvchi va qudratli zotdir.   

150. Allohga va payg'ambarlariga kufr keltiruvchilar, Alloh bilan payg'ambarlari o'rtasini uzishni xohlovchilar, biriga ishonamiz, biriga ishonmaymiz, deb o'rtacha yo'l tutuvchilar,

151. ana o'shalar haqiqiy kofirlardir. Kofirlarga esa xor etuvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz.

152. Allohga va payg'ambarlariga imon keltirgan, ulardan birortasini ajratib qo'ymaganlar esa, aynan ularga mukofotlarini, albatta, berur. Alloh kechirimli va rahmlidir.

153. Ahli kitoblar Sizdan osmondan kitob tushirishingizni so'raydilar. Musodan ham bundan kattaroq narsani so'rab: "Bizga Allohni ochiq ko'rsat!" - deyishgan edi. Shunda (bu) zulmlari sababli ularni chaqmoq urgan edi. So'ngra (aniq) hujjatlar kelgandan keyin buzoqni (ma'bud qilib) olishdi. Shuni ham kechirdik va Musoga aniq saltanat (hujjat) berdik.   

154. Ahdlari (olinishi) uchun tepalariga Tur (tog'i)ni ko'tarib turdik va ularga: "Darvozadan sajda qilgan holingizda kiring", - dedik. Yana ularga: "Shanba kuni (sinovi)da haddan oshmang", - dedik va ulardan qattiq ahd oldik.



Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:39:53



155. Ahdni buzganlari, Allohning oyatlarini inkor etganlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirganlari va "Dillarimiz berk" deganlari sababli (ularni jazoladik). Yo'q! Balki, kufrlari tufayli Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ygandir. Shuning uchun ozchilikdan tashqarilari imon keltirmaydilar.

156. Yana kufrlari va Maryam (sha'ni)ga aytgan ulkan bo'htonni gapirganlari sababli,


Izoh:Maryam sha'niga ular zinokor deb tuhmat qilganlar.

157. shuningdek, Allohning payg'ambari Iso Masih ibn Maryamni biz o'ldirdik, degan gaplari tufayli (jazoladik). Holbuki, uni o'ldirganlari ham, osganlari ham yo'q. Faqat (boshqa bir kishi Isoga) o'xshatib qo'yildi, xolos. Albatta, uning to'g'risida bahslashganlar u haqda shubhadadirlar. Ularda gumonga ergashishdan boshqa biror (to'g'ri) ma'lumot yo'q. Aniqki, uni o'ldirmaganlar.

158. Balki, uni Alloh O'z huzuriga ko'tardi. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

159. Hech bir ahli kitob yo'qki, o'limidan oldin unga imon keltirmasa. Qiyomat kuni esa u (Iso) ularga qarshi guvoh bo'ladi. 

160.  Yahudiy bo'lganlarning zolimliklari va ko'p (kishilar)ni Alloh yo'lidan to'sganlari sababidan ularga (oldin) halol qilingan narsalarni* harom qilib qo'ydik.


Izoh:An'om surasining 146-oyatiga qaralsin.

161. (Yana boshqa) sabablari - ularning ustama (foiz) olishlari va odamlarning mol-mulklarini nohaq yeganlaridir. Ulardan kofirlariga alamli azobni tayyorlab qo'yganmiz.

162. Lekin, ular (yahudiylar) orasida ilmda mustahkam bo'lganlar hamda Sizga nozil qilingan narsaga va Sizdan ilgari nozil qilingan narsaga imon keltiradigan mo'minlar, xususan, namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado etuvchilar, Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar ham borki, aynan ularga, albatta, ulkan mukofot ato eturmiz.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:43:05



163. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Nuhga va undan keyingi payg'ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi Sizga ham vahiy yubordik. Shuningdek, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi, Iso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga esa Zabur berdik.

164. (Bir qator) payg'ambarlar haqida qissalarni Sizga ilgari aytdik. (Ayrim) payg'ambarlar qissalarini esa aytganimiz yo'q. Alloh Muso bilan (bevosita) gaplashdi.

165. Payg'ambarlar (kelgan)dan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo'lmasin deb payg'ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik). Alloh qudrat va hikmat egasidir.   

166. Lekin, Alloh Sizga nozil qilgan narsa (Qur'on)ga O'z ilmi bilan guvohlik beradi. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Alloh (O'zi) yetarli guvohdir.   

167. Albatta, kofir bo'lgan va Allohning yo'lidan to'sganlar uzoq (qattiq) adashgandirlar.

168. Albatta, kofir bo'lgan va zolimlik qilganlarni Alloh kechirmaydi va (to'g'ri) yo'lga hidoyat qilmaydi.   

169. Aksincha, (ularni) jahannam yo'liga (ravona qilur). U yerda esa abadiy qolurlar. Bu (ish) Allohga osondir.   

170. Ey, odamlar! Payg'ambar sizlarga Rabbingizdan haq (Islom)ni keltirdi. Bas, imon keltiringiz. (Shunda) o'zingiz uchun yaxshi bo'lur. Bordiyu inkor etsangiz, bas, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat sohibidir.   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:46:12



171. Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! Albatta, Iso Masih ibn Maryam faqat Allohning payg'ambari va Uning Maryamga tashlagan "So'zi" hamda Uning tomonidan (kelmish) ruhdir, xolos. Bas, Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltiringiz! "Uchta" demangiz! Qaytingiz - o'zlaringizga yaxshi bo'lur! Albatta-albatta, Alloh yagona ilohdir! U farzandli bo'lishdan pokdir. Osmonlardagiyu Yerdagi narsalar Unikidir. Alloh (O'zi) yetarli vakildir.

172. Masih Allohga banda (qul) bo'lishdan sira or qilmaydi, muqarrab (Allohga yaqin) farishtalar ham. Kimki Unga banda bo'lishdan or qilsa va kibrlansa, (U) ularning barchasini, albatta, O'z huzuriga jam qilajak.   

173. Ana o'shanda imon keltirib, solih amallarni qilganlarga mukofotlarini to'la berish bilan birga, yana O'z fazlidan ularga ziyodalik ato qilur. Ammo, or qilgan va kibrli bo'lganlarni alamli azob bilan jazolagay. O'zlari uchun Allohdan boshqa na do'st topadilar va na yordamchi.   

174. Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg'ambar va mo''jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur'on ) ham nozil etdik.   

175. Allohga imon keltirgan va Unga bog'langanlarni (U) O'zining rahmati va fazliga musharraf etgay va ularni to'g'ri yo'lga yo'llagay.   

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:51:29



176. (Ey, Muhammad,) Sizdan fatvo so'raydilar. Ayting: "Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo'lmagan odam to'g'risida (shunday) fatvo beradi: agar farzandsiz bo'lgan bir erkak halok bo'lsa (o'lsa), agar singlisi (qolgan) bo'lsa, qoldirgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo'lmasa, u (akasi) merosxo'r bo'lur. Agar (singillar) ikkita bo'lsa, ularga (aka) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi (tegur). Agar (merosxo'rlar) aka-uka va opa-singillar bo'lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur). Yanglishib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (meros hukmlarini O'zi) bayon etadi. Alloh har bir narsani biluvchidir.

MOIDA SURASI

Moida - dasturxon demakdir.

   Surada Islom mafkurasiga oid masalalar, shar'iy hukmlar, haj, umra, tahorat, nikoh, jinoyat, jazo, ichkilik, qimor hukmlari, payg'ambarlar qissasi va boshqa muhim ma'lumotlar bayon etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz! Sizlar uchun chorva (xonaki) hayvonlar (go'shti) halol qilindi. Sizlarga (nomlari) o'g'ilajak (hayvonlar) bundan mustasno. Ehrom (haj ibodati)da bo'lganlaringizda ov qilishni halol deb sanamagaysiz. Albatta, Alloh iroda qilgan narsaga hukm qilur.

2. Ey, imon keltirganlar! Allohning (hajga doir) shiorlarini, Harom oy (haj oylari)ni, qurbonliklarni, (ularga taqib qo'yilgan) taqinchoqlarni, Parvardigorlarining fazli va roziligini topish niyati bilan Baytul-Harom (Ka'ba)ga boruvchilarni (ularga qarshilik qilishni) halol deb hisoblamangiz!* Halol (qilingan holat)ga chiqqanlaringda esa, ov qilaveringiz. Sizlarni Masjidul-Haromdan to'suvchi qavmning adovati tajovuz qilishingizga undamasin! Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir.




Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:53:37



3. O'limtik, qon, cho'chqa go'shti, Allohdan o'zganing nomi aytib so'yilgan, bo'g'ilib o'lgan, urib o'ldirilgan, yiqilib o'lgan, suzishdan o'lgan va yirtqich hayvon (qisman) yegan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (shar'an) so'yganingiz (haloldir). Yana, but-sanamlarga atab so'yilgan hayvonlar (go'shti) va fol cho'plaridan qismatingizni istashingiz (ham harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir. Bugunga kelib, endi kofirlar diningiz (mag'lubiyati)dan noumid bo'ldilar. Shuning uchun ulardan qo'rqmangiz, Mendan qo'rqingiz! Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim. Kimki, gunohga moyilligidan emas, balki ocharchilikda (mazkur man etilgan narsalardan yeyishga) majbur bo'lsa, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

4. Sizdan (o'zlariga) halol qilingan narsalar haqida so'raydilar. Ayting: "Sizlarga pokiza narsalar va Alloh sizlarga bildirganidan sizlar o'rgatgan yirtqichlar (keltirgan ovlar) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun tutgan (ovlar)idan "Bismilloh"ni aytib yeyaveringiz va Allohdan qo'rqingizlar. Zero, Alloh hisobi tez zotdir.

5. Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir. Zinokorlik va maxfiy o'ynash qilib olish uchun emas, balki mahrlarini bersangiz, mo'mina ayollarning iffatlilari va sizlardan oldin Kitob berilganlarning iffatli ayollari (ham haloldir). Kimki, imondan kufrga qaytsa, (qilgan savobli) ishi, albatta, zoye bo'lur va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 14:56:07



6.  Ey, imon keltirganlar! Namoz (o'qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo'llaringizni tirsaklarigacha yuvingizlar, boshlaringizga mash tortingizlar va oyoqlaringizni to'piqlarigacha (yuvingizlar)! Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningizlar (cho'milingizlar)! Agar bemor yoki safarda bo'lsangiz, yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo'lsangizu, (lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo'llaringizga surting! Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko'rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne'mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangizlar*.

Izoh: Tahorat farzlaridan sanalmish qo'l va oyoqlarni yuvishda ularning qaysi joyigacha suv yetishi shart degan nizoli masala bor. Oyatda "qo'llaringizni tirsaklarigacha, oyoqlaringizni to'piqlarigacha" deyilgan. Abu Hanifa (r.a.) shu "gacha" qo'shimchasini "bilan" deb tafsir qilganlar va tirsak va to'piqlar ham qo'shib yuvilishini farz deb hisoblaydilar. Imom Molik, Zufar, Sha'biy, Ibn Jarir at-Tabariy kabi olimlar esa tirsak va to'piqlar yuvilishi farz doirasiga kirmaydi, deganlar. Har ikki tomon ham o'z dalillariga egadirlar.  Tahoratda niyat hukmiga kelsak, Abu Hanifa (r.a.): "niyat tahoratda farz emas", - deganlar. Imom Shofe'iy (r.a.) esa: "u farz",- deydilar. Boshga mash tortish farzida ham mujtahid ulamolar o'rtasida ixtilof mavjud. Hanafiy mazhabida boshning to'rtdan biriga mash tortish farzdir. Molikiy mazhabida boshning hammasiga mash tortish farzdir. Shofeiy mazhabida boshning ozgina qismiga, hatto sochning uch tolasi uzra mash tortsa ham farzni ado etgan hisoblanadi. Ularning barchalari ham mo''tabar va maqbul dalillar bilan o'z hukmlarini isbotlaganlar. Bu oyatda tayammum qilish to'g'risida ham so'z yuritilgan. Tayammum - bu suv bo'lmaganda, toza tuproq yoki changga yoxud toza matohga ikki qo'l kaftlari bilan bir zarb urib, yuzga surtish va yana bir zarb urib, ikki qo'lning tirsaklari bilan qo'shib silab chiqishdir.

7. Allohning sizlarga bergan ne'matini va "Eshitdik va bo'yin sundik" deb bitishgan ahdingizni eslangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ko'ngillar zoti (siri)ni biluvchidir.

8. Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingizlar: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir. 

9. Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga Alloh kechirim va ulkan mukofot va'da qildi.

Qayd etilgan


Muslimа  20 Noyabr 2007, 15:50:27



10. Kufrga ketgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar esa, ana o'shalar jahim (duzax) ahlidirlar.

11. Ey, imon keltirganlar! Allohning sizlarga (bergan) ne'matini eslangiz: bir qavm (kishilari) sizlarga qo'l ko'tarish (hujum qilish)ni niyat qilganida, qo'llarini sizlardan qaytargan edi. Allohdan qo'rqingiz! Mo'minlar faqat Allohga tavakkul qilsinlar!


Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishiga bir necha sabablar aytilgan. Ulardan biri Rasululloh, Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali bilan Bani Qurayza qabilasiga ikki musulmon xunini undirish masalasi bilan keladilar. Ular hiyla ishlatib, mehmon qilish bahonasi bilan ularni bir yerga o'tqizib qo'ygach, Amr ibn Jahhosh ismli bir munofiq katta toshni olib, Rasulullohning boshlariga urmoqchi bo'lganda, Alloh taolo Jabroil (a.s.) orqali Rasulini ogoh etgan va najot bergan.

12. Alloh Isroil avlodidan ahd oldi va Biz ulardan o'n ikki yo'lboshchini yubordik. (So'ngra) Alloh dedi: "Darhaqiqat, Men sizlar bilan birgaman. Agarda namozni mukammal ado etsangiz, zakot bersangiz, payg'ambarlarimga imon keltirsangiz va ularni sharaflab, madad bersangiz hamda (savobli ishlar qilib,) Allohga chiroyli "qarz" bersangiz, albatta, gunohlaringizni kechaman va ostidan anhorlar oqadigan bog'lar (jannat)ga kiriturman. Shundan keyin ham sizlardan kimki kufrga ketsa, to'g'ri yo'ldan beshak ozgan bo'lur."

13. O'z ahdlarini buzganliklari sababligina ularni la'natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo'ydik. So'zlarning o'rinlarini o'zgartiradilar, ularga eslatilgan narsadan bir (katta) qismini unutdilar. Mana, ulardan bir ozginasi mustasno bo'lib, (qolganlari) xiyonat qilayotganini mudom kuzatayapsiz. Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.

Qayd etilgan