Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 587882 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 63 B


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:19:38



71. Yana (ularga hech qanday) fitna (jazo) yetmaydi, deb hisobladilar va oqibatda "ko'r va kar" bo'lib qoldilar. So'ngra Alloh ularni kechirgandan keyin ham ko'plari (yana) "ko'r" va "kar" bo'lib qoldilar. Alloh (esa) ular qilayotgan ishlarni ko'rib turuvchidir.

72.  "Alloh bu - Masih ibn Maryam", - deganlar kofir bo'ldilar. Masih ularga dedi: "Ey, Isroil avlodi! Rabbim va Rabbingiz (bo'lmish) Allohga ibodat qilingiz!" Kimki Allohga shirk keltirsa, albatta, unga Alloh jannatni harom qilur va borar joyi do'zaxdir. Zolimlarga (esa) yordamchilar bo'lmas.

73. "Alloh Uchtaning (Alloh, Maryam va Isoning yoki Ota, O'g'il va Muqaddas Ruhning) biridir", - deganlar (ham) kofir bo'ldilar. Yagona Ilohdan boshqa iloh yo'qdir. Agar aytayotgan (gap)laridan qaytmasalar, ular orasidan kofir bo'lganlariga alamli azob yetishi muqarrardir.

74. Nahot Allohga tavba qilib, Undan kechirim so'ramaydilar?! (Axir,) Alloh kechirimli va rahmli-ku?!

75. Masih ibn Maryam faqat rasul (Alloh elchisi)dir. Undan oldin (ham) rasullar o'tgan bo'lib, Onasi siddiqa (imonda sodiq ayol)dir. Ikkisi ham (boshqa insonlar kabi) taom yer edilar. Qarang, u (odam)larga hujjatlarni qanday aniq bayon etayapmiz. So'ngra qarangki, (ular) haqiqatdan qayoqqa qarab og'ayaptilar?!

76. Ayting: "Alloh qolib, sizlarga na zarar va na foyda (keltirish)ga ega bo'lmagan narsalarga ibodat qilasizmi?" Alloh - U eshituvchi va biluvchidir.

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:24:07

YETTINCHI JUZ’
*************************



77. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!"

78. Isroil avlodidan kofir bo'lganlari Dovud va Iso ibn Maryam tili bilan la'natlandilar. Bunga itoatsizliklari va tajovuzkor bo'lishlari sabab (bo'ldi).

79. (Yana ular) qilib yurgan munkar (noshar'iy) ishlardan bir-birlarini qaytarmas edilar. Qilib yurgan ishlari naqadar yomon!

80. Ularning aksariyatini kofirlar bilan do'stlashganlarini ko'rasiz. Nafslari ularga orttirgan narsa naqadar yomon bo'ldiki, ularga (nisbatan) Allohning g'azabini keltirdi. Ular shu azobda abadiydirlar.

81. Agar ular Allohga, Payg'ambarga va unga nozil qilingan narsalarga imon keltirgan bo'lganlarida, o'shalarni o'zlariga homiy qilib olmagan bo'lur edilar. Lekin, ularning ko'plari fosiqdirlar.

82. Imon keltirganlarga (nisbatan) eng ashaddiy adovatda bo'luvchilar yahudiylar va shirk keltirganlar ekanini ko'rasiz. Imon keltirganlarga nisbatan yaqinroq do'st - "Biz nasroniylarmiz" deganlar ekanini (ham) ko'rasiz. Buning sababi - ular ichida ruhoniy va rohiblarning borligi va ularning kibrga berilmasligidir.


Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:28:22



83. Rasul (Muhammad)ga nozil qilingan narsa (Qur'on)ni eshitganlarida, uning haqligini anglayotganlaridan ko'zlari yoshga to'layotganini ko'rasiz. Aytadilar: "Ey, Rabbimiz! Imon keltirdik. Bizni shahodat ahli bilan birga yozgin!

84. Allohga va bizga kelgan haq (payg'ambar)ga qanday ham imon keltirmaylikki, o'zimiz Rabbimizdan solihlarga qo'shib (jannatga) kiritishini umid qilayotgan bo'lsak?!"


Izoh: Habashiston hukmdori Najoshiy huzuriga bir guruh mazlum musulmonlar kelib, panoh so'rashgan paytda, nasroniy diniga e'tiqod qiluvchi Najoshiy atrofida turgan mushriklar guvohligida muhojirlardan: "Kitobingizda Maryam to'g'risida nima deyilgan?" - deb so'ragan. Shunda Ja'far ibn Abi Tolib Maryam va Toho suralaridan Maryam haqidagi oyatlarni o'qib bergan. Najoshiy zimdan imon keltirib, ko'z yoshi qilgan. Oyatda shu voqeaga ishora qilinmoqda.

85. Aytgan (shu) gaplari tufayli Alloh ularni ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bilan mukofotlagay va u yerda abadiy qolurlar. Bu chiroyli ish qiluvchilarning mukofotidir.

86. Kofir bo'lganlar va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar - ana o'shalar do'zax ahlidirlar.

87. Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo'ygan narsalarni haromga chiqarmangizlar va haddan oshmangizlar! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni sevmaydi.

88. Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halolu poklarini tanovul qilingizlar va o'zlaringiz imon keltirgan Allohdan qo'rqingizlar!

89. Qasamlaringizdagi behuda so'zlar uchun Alloh sizlarni javobgar qilmaydi, balki sidqidildan bog'lagan qasamlar (buzilgani) uchun sizlarni javobgarlikka tortadi. Buning kafforati (jarimasi) - oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o'rtacha miqdorida o'nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki (bularni) topa olmasa, uch kun ro'za tutish (mumkin). Ana shu ichgan (va buzgan) qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni asrangiz! Alloh sizlarga O'z oyatlarini shunday bayon qiladi, toki shukr qilgaysizlar.

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:31:31



90. Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz.

91. Shayton may va qimor (yordami)da o'rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar tiyiluvchimisizlar?

92. Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz! Agar bosh tortsangiz, bilib qo'yingizki, Rasulimiz (zimmasi)da faqatgina aniq yetkazib qo'yishlik (yuklatilgan)dir.

93. Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun - agar shirkdan saqlanib, imonda va savobli ishlarda davom etsalar, so'ngra (may va qimordan) saqlanib, (haromni harom deb) imon keltirsalar, so'ngra (barcha harom va shubhalardan) saqlanib, (odamlarga) ezgulik qilsalar - yeb-ichgan (oldingi harom) narsalarida gunoh yo'qdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.

94. Ey, imon keltirganlar! Alloh O'zidan g'oyibona (ko'rmasdan) qo'rqadiganlarni bilish uchun sizlarni (ehromdagi hollaringda) qo'llaringiz va nayzalaringiz yetganicha olinadigan narsa bilan ovda sinaydi. Shundan keyin kimki haddan oshsa, unga alamli azob (bordir).

95. Ey, imon keltirganlar! Ehromda bo'la turib, ovni o'ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasddan o'ldirsa, jazo - xuddi (xonaki) hayvon o'ldirish bilan barobardir: u (ham bo'lsa) Ka'baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo'lib, unga o'zlaringdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur yoki (jazosi) kafforat: miskinlarni ovqatlantirish yoki o'sha barobarida ro'za tutishdir. (Bularning hammasi) qilmishi uvolini totib ko'rishi uchundir. Alloh o'tgan (ov jinoyatlari)ni kechirdi. Kimki (yana ovga) qaytsa, Alloh undan o'ch olur. Alloh qudratli va intiqom egasidir.

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:37:09



96. O'zingiz va sayyoh (o'tkinchi)lar foydalanishi uchun sizlarga dengiz ovi va taomi (baliqlari) halol qilindi. Biroq, modomiki, ehromda ekansizlar, sizlarga quruqlik ovi harom qilindi. Huzuriga qaytishlaringiz aniq bo'lgan Allohdan qo'rqingiz!

97. Ka'ba, ya'ni, Baytul-Haromni, shuningdek, hurmatli oyni, qurbonlikni va (unga doir) belgilarni Alloh odamlar uchun (muhim) maqom qilib qo'ydi. Bu - Allohning osmonlar va Yerdagi narsalarni bilishi va Alloh har narsada bilimdon ekanini bilib qo'yishingiz uchundir.


Izoh: Hurmatli oy - haj oyi, ya'ni, Zil-hijja oyidir. Balkim barcha hurmatli oylar muroddir. Ya'ni Rajab, Zil-qa'da, Zil-hijja, Muharram oylari.

98. Yana, bilib qo'yingizki, Allohning jazosi shiddatli hamda Alloh kechirimli va rahmlidir.

99. Rasul zimmasida faqat (Alloh buyruqlarini odamlarga) yetkazib qo'yish (yuklatilgan)dir. Alloh oshkor qilgan (ish)laringiz va yashirgan (ish)laringizni bilur.

100. Ayting: "Garchi nopok narsaning ko'pligi seni ajablantirsa ham, nopok narsa pok narsa bilan teng bo'lmaydi". Allohdan qo'rqingizlar, ey, aql egalari, toki tole topursizlar!

101. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga (javobi) ayon qilinsa, sizlarga xush kelmaydigan narsalar haqida (savol) so'ramangizlar! Qur'on (oyatlari) nozil bo'lib turgan kezlarda ular haqida so'rangiz, (javobi,) albatta, ayon qilinadi. Ularni (oldingi so'raganlaringizni) Alloh kechirdi. Alloh kechirimli va halimdir.

102. U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm so'ragan edi. So'ngra o'sha narsalarga (nisbatan) kofir bo'lib qolgan edilar.


Izoh: Bu yerda Isroil avlodining qilmishlariga ishorat qilinmoqda.

103. Alloh na "bahiyra", na "soiba", na "vasila" va na "homiy" (kabi odatlar)ni (qilishga amr) qilmagan. Lekin kufrdagi kishilar Alloh nomidan yolg'on to'qiydilar va (ularning) aksariyati aqllarini ishlatmaydilar.

Izoh: Bahira - tuyaning erkak tug'ilgan beshinchi bolasi. Uning qulog'ini teshib xoli qo'yib yuborishar edi. Uni so'yish ham man etilar edi. Soiba - safardan salomat qaytilsa yoki kasallikdan forig' bo'linsa, bir tuyani bahira kabi xoli qo'yib yuborishar edi. Shunday tuyaga soiba der edilar. Vasila - Qo'y yetti bor tuqqach, yettinchisi erkak bo'lsa, so'yib yer edilar. Agar urg'ochi bo'lsa, podaga qo'shib yuborardilar. Shu podaga qo'shilgan qo'yning oti vasiladir. Homiy - o'n marta tuqqan chorva hayvonini minmasdan, yuk yuklamasdan, yaylovga erkin qo'yib yuborilar edi. Shu himoyalangan jonivorni homiy der edilar. Bularning hammasi johiliyat davridan qolgan noshar'iy asoratlar ekani haqida Alloh ogohlantirmoqda.

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 14:42:21



104. Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga va Rasul (hukmi)ga kelinglar (havola qilinglar)", - deyilsa, (ular): "Ota-bobolarimizni qaysi narsa (odat) uzra topgan bo'lsak, o'sha bizga kifoya", - deyishadi. Ota-bobolari biror (haq) narsani bilmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lsalar-chi?!

105. Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizga qarangizlar! Modomiki, hidoyat topgan ekansiz, adashganlar sizlarga zarar keltira olmaydi. Qaytar joyingiz Allohning huzuridir. O'shanda Alloh sizlarni qilgan ishlaringizdan xabardor qilur.

106. Ey, imon keltirganlar! Birortangizga o'lim kelganda, vasiyat paytida o'rtalaringizdagi guvohlik: o'zlaringizdan (musulmonlardan) ikkita odil kishi (bo'lsin!) Yer yuzi bo'ylab safarda bo'lganingizda, sizlarga o'lim musibati yetsa, boshqa (ajnabiy)lardan ikkitasi (guvoh bo'lsin!) Ularni namozdan keyin ushlab turasizlar va shubhalansangizlar, ular Alloh (nomi) bilan qasamyod qiladilarki, "agar qarindosh bo'lsa ham uni (qasamni) ozgina bahoga almashtirmaymiz va Allohning bu guvohligini yashirmaymiz. Aks holda, beshak, gunohkorlardan bo'lib qolurmiz", - deb.

107. Agar u ikkisining gunoh (noto'g'ri guvohlik) sodir etganlari fosh bo'lib qolsa, ularning o'rinlariga (merosga) haqlilardan boshqa ikkita munosibroq kishi (guvohlikka o'tsin). (Ular ham) Alloh (nomi) bilan qasamyod qiladilarki, "bizning guvohligimiz, albatta, u ikkisining guvohligidan loyiqroqdir va  (adolatdan) tajovuz qilmaymiz. Aks holda biz, albatta, zolimlardan bo'lib qolurmiz", - deb.

108. Ana shu - guvohlikni o'z vajhidek (aslidek) berishlariga yoki qasamlardan keyin yana qayta qasam ichilishdan qo'rqishlariga yaqinroq (tadbir)dir. Allohdan qo'rqingiz va eshitingiz! Alloh fosiqlar qavmini hidoyat qilmagay.

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 15:04:35



109. Alloh payg'ambarlarni yig'ib, "Qanday javob oldingiz?" - deb so'raydigan Kuni (ular): "Bizda ilm yo'q. Faqat Sen O'zing g'oyib (narsa)larning allomasidirsan", - deydilar.

110. Eslang, Alloh: "Ey, Iso ibn Maryam! Senga va onangga bergan ne'matimni yodingga ol, qaysiki, Seni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladim, odamlarga beshikda va voyaga yetganingda gapirding. Senga yozuvni, hikmatni, Tavrot va Injilni ta'lim berdim. Mening iznim bilan loydan qush shaklini yasading. So'ngra unga dam urganingda, u Mening iznim bilan (chinakam tirik) qushga aylandi. Mening iznim bilan ko'r va pesni tuzatding. Mening iznim bilan o'liklarni (qabrlaridan tirik holda) chiqarding. Shuningdek, Isroil avlodiga hujjatlarni keltirganingda, seni ular (g'azabi)dan asraganimni esla. Ularning kofirlari: "Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas", - degan edilar.

111. Havoriylarga: "Menga va Rasulim (Iso)ga imon keltiringlar", - deb vahiy yuborganimda, ular: "Imon keltirdik. Bizning ixlosli (mo'min) ekanligimizga O'zing guvoh bo'l!" - deganlarini (ham) yodingizga keltiring!

112. Havoriylar: "Ey, Iso ibn Maryam! Rabbing bizga osmondan bir dasturxon nozil qila oladimi?" - deganlarida, (Iso): "Agar mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqingizlar!" - deganini (ham) eslang!

113. Ular dedilar: "Biz undan (dasturxon ziyofatidan) yeb, ko'nglimiz xotirjam bo'lishini va sening rostgo'yligingni bilib, (so'ngra) unga (dasturxonga) guvohlik bermoqchimiz".

Qayd etilgan


Muslimа  21 Noyabr 2007, 15:07:40



114. Iso ibn Maryam dedi: "Ey, Rabbimiz - Alloh! Bizga osmondan (bir) dasturxon tushirginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram hamda Sendan (bizga) mo''jiza bo'lsin. Bizni (undan) rizqlantir! Sen rizqlantiruvchilarning yaxshisidirsan".

115. Alloh dedi: "Men uni sizlarga tushiruvchiman. (Lekin) kimki (shundan) keyin (ham) kufrga ketsa, uni shu qadar azoblaymanki, butun olamda hech kimni unday azoblamagan bo'lurman".

116. Alloh: "Ey, Iso ibn Maryam! Odamlarga, sen Allohni qo'yib, meni va onamni ikki iloh qilib olinglar, deb aytdingmi?" - deganida, (Iso) dedi: "Ey, Pok zot! Haqqim yo'q narsani aytishim joiz emasdir. Agar uni aytgan bo'lsam, Sen uni bilgan bo'larding. Sen dilimdagini bilursan, Men "dilingdagini" bilmasman. Albatta, Sen O'zing g'oyib narsalarning bilimdonidirsan.

117. Men ularga faqat O'zing buyurganlaringni, ya'ni: "Rabbim va Rabbingiz - Allohga ibodat qilingiz", - deb aytdim. Ular orasida bo'lgan onlarimda, ularga guvoh bo'lib turdim. Meni "vafot" ettirganingda esa, Sening O'zing ular ustidan kuzatuvchi bo'lding. Sen har narsaga guvohdirsan.


Izoh: Bu oyatdagi vafot ettirishdan murod tirik holda osmonga ko'tarishdir.

118. Agar ularni azoblasang, albatta, ular (O'z) bandalaring. Bordiyu ularni kechirsang, albatta, Sen O'zing qudrat va hikmat egasidirsan".

119. Alloh dedi: "Bu kun sodiq (mo'min)larga sodiqligi foyda beradigan kundir". Ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bordir. (Ular) u yerda abadiy bo'lurlar". Ulardan Alloh rozi va ular Allohdan rozi bo'lurlar. Bu buyuk yutuqdir.

120. Osmonlar va Yerning hamda ulardagi borliqning hukmronligi Allohga xosdir. U har narsaga qodirdir.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 11:24:45



AN’OM SURASI

An'om - chorva mollari.

  Ular haqida bir necha oyatlar bo'lgani uchun sura shu nom bilan nomlangan. Surada Islom aqidasi asoslari, shariat ahkomlari, oilaviy masalalar, jihod ahkomlari, g'ayridinlarga doir ko'rsatmalar, qiyomat, oxirat, payg'ambarlar, dunyo va hayot mohiyatiga taalluqi ma'lumotlar o'z ifodasini topgan. Sura to'laligicha Makkada nozil qilingan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamd osmonlar va Yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir. So'ngra kufrga ketganlar Parvardigorlariga (soxta ma'budalarni) tenglashtirmoqdalar.

2. (U) Sizlarni (Odam Atoni) loydan yaratib, so'ngra ajal (muddati)ni hal qilgan zotdir. Belgilangan ajal (qiyomat bo'lish vaqti va boshqa hisoblar) ham Uning huzuridadir. (Shundan) keyin (ham) sizlar shak qilmoqdasizlar.

3. U osmonlarda ham, Yerda ham Allohdir. Sir tutganu oshkor qilgan narsalaringizni bilur. Qilayotgan ishlaringizni (ham) bilur.

4. Ularga (Makka mushriklariga) Parvardigorlarining dalillaridan (qanday bir) dalil kelmasin, (baribir) undan yuz o'giruvchi bo'ldilar.

5. Ularga haqiqat (Qur'on) kelishi bilan uni yolg'onga chiqardilar. Ularga o'zlari mazax qilib yurgan narsa (Qur'on)ning xabarlari tez orada kelib qolur.

6. Ulardan oldin necha avlodni halok etganimizni ko'rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg'ir)ni yog'dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo'ydik. So'ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa avlodni keltirdik.

7. Bordiyu Sizga (ey, Muhammad,) qog'ozga (yozilgan) bitikni tushirsagu uni qo'llari bilan siypalab ko'rganlarida ham (baribir) kufrga ketganlar: "Bu aniq sehrdan boshqa (narsa) emas", - degan bo'lur edilar.

8. Yana ular: "Unga biror farishta tushsa edi", - dedilar. Agar farishta tushirsak, ish hal bo'lur edi. So'ngra ularga muhlat berib o'tirilmas edi.



Qayd etilgan


Muslimа  22 Noyabr 2007, 14:56:04



9. Bordiyu uni (Payg'ambarni) farishta qilganimizda ham, uni erkak (kishi suratida) qilgan va ularga qorong'u (gumon) bo'lgan narsani (yana) qorong'uligicha qoldirgan bo'lar edik.

Izoh: Ya'ni tushirilgan farishtani erkak suratida qilganimizdan keyin ular yana: "bu farishta emas", - deb qaysarlik qilgan bo'lur edilar.

10. Sizdan oldingi payg'ambarlar ham istehzo (mazax) qilingan. So'ngra ularni masxara qilganlarni o'sha mazax qilgan narsalari (ya'ni, haqiqat) qamrab oldi (halok etdi).

11. Ayting: "Yerni sayr qilib (aylanib) chiqinglar. So'ngra (payg'ambarni) yolg'onchiga chiqarganlarning (oxir-)oqibati ne bo'lganini ko'ringlar!"

12. Ayting: "Osmonlar va Yerdagi bor narsa kimniki?" Ayting: "Allohniki". (U) O'ziga rahmatni (bor mavjudotga rahm-shafqat qilishni) yozdi (va'da qildi). Sizlarni, albatta, Qiyomat kuniga jam qilajak. Bunda shak yo'qdir. O'zlariga (nisbatan) ziyonkor bo'lganlar (bunga) imon keltirmaydilar.

13. Kecha va kunduzda sokin turuvchi narsalar (ham) Unikidir. U eshituvchi va biluvchidir.

14. Ayting: "Osmonlaru Yerni ixtiro etgan, (o'zgalarga) yedirib, O'zi yemaydigan - Allohdan o'zgani do'st tutayinmi?!" Ayting: "Darhaqiqat, men musulmonlarning birinchisi bo'lishga buyurildim. Aslo mushriklardan bo'lmangiz! (deb ham)"

15. Ayting: "Albatta, men agar Rabbimga nofarmonlik qilsam, ulug' Kunning azobidan qo'rqaman".

16. O'sha kuni kimdan u (azob) chetlatilsa, demak, (Alloh) unga rahm qilibdi. Bu aniq yutuqdir.

17. Agar Alloh Sizga biror zarar (musibat) yetkazsa, Undan o'zga uni bartaraf etuvchi yo'qdir. Agar Sizga biror xayrlik yetkazsa, (bilingki,) U hamma narsaga qodirdir.

18. Bandalari ustidan U g'olibdir. U hikmatli va xabardordir.

Qayd etilgan