A'ROF SURASIAnfol - o'ljalar.
A'rof - jannat bilan do'zaxni ajratib turadigan maydon, arasot. Bu maydonda jannatga ham do'zaxga ham loyiq topilmagan kimsalar ma'lum muddat, ya'ni, vaqti-soati kelib, Alloh taolo ularni jannatga ravona qilishiga umid bog'lab tururlar. Surada Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb va Muso payg'ambarlarning qissalari, tavhid, imon-e'tiqod, qiyomat, hisob-kitob masalalari va boshqa muhim ma'lumotlar beriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Mim, Sod.
2. (Bu Qur'on) Sizga nozil qilingan Kitobdir. U bilan (ummatingizni) ogohlantirishingizda ko'ksingizda undan tanglik (shak) bo'lmasin. U (Qur'on) mo'minlar uchun eslatma hamdir.
3. Rabbingizdan sizlarga nozil qilingan narsa (Qur'on ta'limoti)ga ergashingiz, undan boshqa "do'stlar"ga ergashmangiz! Eslatmadan juda kam ta'sirlanmoqdasizlar.
4. Qanchadan-qancha qishloq (ahli)ni halok qildik - ularga azobimiz tun yoki kun uyqusida ekanliklarida keldi.
5. Ularga azobimiz kelganda duolari: "Biz o'zimiz zolim edik", - deyishdan o'zga bo'lmadi.
6. Albatta, (payg'ambar) yuborilganlar bilan ham, payg'ambarlar bilan ham savol-javob qilurmiz.
7. Ularga, albatta, (qilmishlarini) bilgan holda so'zlab berurmiz. Biz g'oyib emasmiz.
8. O'sha kuni vazn (amallarni o'lchab tortishlik) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og'ir kelsa, aynan o'shalar tolei yor kishilardir.
9. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o'shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o'zlariga ziyon qilganlardir.
10. Albatta, sizlarni Yerda qaror toptirdik va unda sizlar uchun maishiy vositalarni (paydo) qildik. (Lekin) juda oz shukr qilursizlar.
11. Albatta, (Biz) sizlarni (Odam Atoni) yaratdik, so'ngra sizlarga (unga) suvrat berdik, so'ngra farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - dedik. (Ular) sajda qildilar, illo Iblis sajda qiluvchilardan bo'lmadi.